O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI O‘ZBEKISTONNING TARAQQIYOT ISTIQBOLINI BELGILASh QO‘MITASINING FAOLIYATI MASALALARI
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi (“O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi) faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 1992-yil 7-avgustdagi 367-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida” 1992-yil 13-fevraldagi Farmoniga muvofiq hamda respublikaning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashning milliy dasturlarini shakllantirish va ro‘yobga chiqarish hamda bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tish sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini belgilashning rolini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi huquqlar berilsin:
respublikaning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish taraqqiyot istiqbollarini belgilash va parametrlarini aniqlash sohasida respublika iqtisodiy organlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, konsernlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy boshqaruv organlarining faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
Vazirlar Mahkamasining ko‘rib chiqishi uchun respublikaning bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tishi dasturlari, yirik iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy-texnikaviy muammolarni hal qilish loyihalarini, aholining turmush darajasi va ijtimoiy muhofazasini oshirishga oid davlat siyosatini shakllantirish, investitsiya, pul muomalasini tartibga solish va moliya-kredit mexanizmini takomillashtirish, xalq xo‘jaligi tuzilmalarini qayta qurish borasidagi takliflarni kiritish;
xorijiy investorlar ishtirokida yirik investitsiya dasturlari prognozlari ekspertizasini o‘tkazish va ularni Vazirlar Mahkamasining tasdig‘iga kiritish, xorijiy investitsiyalardan belgilangan maqsadda va samarali foydalanishni nazorat qilish;
statistika organlari, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va mahalliy boshqaruv organlaridan, shuningdek, idoraviy bo‘ysunishlaridan qat’i nazar, birlashmalar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan o‘z vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan statistik ma’lumotlar va materiallarni olish;
muhim xalq xo‘jaligi muammolarini ishlab chiqish va ko‘rib chiqish bo‘yicha idoralararo komissiyalar va kengashlar tuzish;
respublikaning istiqboldagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish prognozlarini, parametrlarini ishlab chiqishga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasini, ilmiy-tadqiqot, texnologik, loyiha-konstruktorlik tashkilotlarini, oliy o‘quv yurtlari va boshqa muassasalarni, shuningdek, ayrim olimlar va yirik mutaxassislarni jalb etish;
o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida me’yoriy va metodik hujjatlarni tasdiqlash, noshirlik faoliyatini amalga oshirish.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi markaziy apparatining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi markaziy apparati xodimlarining 180 nafardan iborat (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni hisobga olmagan holda), tegishli ish haqi fondiga ega bo‘lgan cheklangan miqdori belgilansin.
Qo‘mitaga Qo‘mita raisining besh nafar o‘rinbosariga, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosarga hamda shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan 9 kishidan iborat hay’atga ega bo‘lishga ruxsat berilsin.
Xizmat maqomi, moddiy-maishiy ta’minot, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari vazirlarga, Raisning o‘rinbosarlari — vazirning birinchi o‘rinbosarlariga tenglashtirilsin.
4. O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi Raisiga:
Qo‘mita markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga belgilangan xodimlar soni va ish haqi fondi doirasida o‘zgartishlar kiritish;
Qo‘mita markaziy apparati faoliyatining yo‘nalishi va tuzilmasi o‘zgarishi munosabati bilan markaziy apparatdan bo‘shatiladigan xodimlar uchun ishga joylashish davrida, lekin uch oydan ko‘p emas, ularning avvalgi ish joyida olgan lavozim maoshlarini saqlab qolish huquqi berilsin.
5. O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi tashkil etilganligi munosabati bilan:
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida mavjud viloyatlar va Toshkent shahar reja komissiyalari negizida 20—30 kishidan iborat ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish va joylashtirishni prognozlash va iqtisodiyotni muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqarma tashkil etilsin. Belgilab qo‘yilsinki, aytib o‘tilgan hududiy boshqarmalar hokimliklarning va O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi bo‘ysunishida bo‘ladi hamda ularga hisob berib turadi;
nohiyalar, shaharlardagi nohiyalar va shaharlar hokimlari huzurida mavjud nohiya va shahar reja komissiyalari xodimlari soni va mablag‘lari hisobidan nohiya, shahar iqtisodiyoti rivojlanishini muvofiqlashtirish bo‘yicha 3—8 kishilik bo‘limlar tashkil etilsin. Bu hududiy organlarga metodik rahbarlik qilish O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
6. Qo‘mita faoliyati yo‘nalishini hisobga olgan holda, uning ilmiy va axborot bilan ta’minlanish darajasini oshirish maqsadida unga qarashli ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qaytadan tashkil etilsin. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot qo‘mitasining hisoblash markazi bor bo‘lgan Iqtisodiyot va normativlar ilmiy-tadqiqot instituti hamda Axborot va texnik-iqtisodiy tadqiqotlar ilmiy-tadqiqot instituti negizida O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasining Iqtisodiyot ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilsin.
7. O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi bir oy muddat ichida:
Vazirlar Mahkamasining ko‘rib chiqishi uchun, Qo‘mitaning yangi funksiyalari va faoliyati yo‘nalishlarini hisobga olgan holda, Qo‘mita to‘g‘risidagi Nizom loyihasini kiritsin;
Iqtisodiyot ilmiy-tadqiqot instituti to‘g‘risidagi Nizomni, uning xodimlari soni va tuzilmasini tasdiqlasin. Institut faoliyatining ilmiy yo‘nalishi, ilmiy xodimlarni moddiy rag‘batlantirish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilsin, rahbarlik qilish darajasi oshirilsin.
8. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasiga bog‘lik “Hayot va iqtisod” (“Jizn i ekonomika”) jurnalini ta’sis etish va nashr qilish huquqi berilgan.
9. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1988-yil 26-avgustdagi 300-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari B. S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday amalga oshirilayotganligi 1992-yil may oyida ko‘rib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 17-fevral,
66-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI O‘ZBEKISTONNING TARAQQIYOT ISTIQBOLINI BELGILASh QO‘MITASINING MARKAZIY APPARATI
TUZILMASI
Rais
Raisning birinchi o‘rinbosari — ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni va tashqi iqtisodiy aloqalarni prognozlash kompleksi rahbari
Respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va xalq xo‘jaligi balansi parametrlarini prognozlash yig‘ma bo‘limi
Bozor iqtisodiyotini shakllantirishni tahlil etish bo‘limi
Mintaqalar iqtisodiyoti rivojlanishi istiqbollari va ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish bo‘limi
Tashqi iqtisodiy aloqalarning rivojlanishini prognozlash bo‘limi
Eksport imkoniyatlarini prognozlash va eksport-import bo‘yicha mahsulot yetkazib berishlarni boshqarib borish bo‘limi
Ikkinchi bo‘lim
Rais o‘rinbosari — sanoat, yoqilg‘i-energetika resurslari rivojlanishini va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishni prognozlash kompleksi rahbari
Sanoat ishlab chiqarishi rivojlanishini prognozlash yig‘ma bo‘limi
Yoqilg‘i-energetika kompleksi rivojlanishini prognozlash bo‘limi
Mashinasozlikni rivojlantirishni prognozlash bo‘limi
Mineral-xomashyo resurslarini, kimyo va metallurgiyaning rivojlanishini prognozlash bo‘limi
Xalq iste’moli mollari va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish va prognozlash bo‘limi
Rais o‘rinbosari — dehqonchilik sanoati kompleksi rivojlanishini prognozlash kompleksining rahbari
Balanslar va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi rivojlanishini prognozlash bo‘limi
Dehqonchilik sanoati kompleksi qayta ishlash tarmoqlarini istiqbolli rivojlantirishni muvofiqlashtirish bo‘limi
Dehqonchilik sanoati kompleksi rivojlanishini investitsiyalash bo‘limi
Ekologiya va tabiatdan oqilona foydalanish bo‘limi
Rais o‘rinbosari — ijtimoiy rivojlanish va aholini himoya qilish kompleksi rahbari
Ijtimoiy rivojlanishni prognozlash, aholining ish bilan ta’minlanishi va ijtimoiy himoya qilinishini boshqarish bo‘limi
Iste’mol bozorini, pul muomalasini prognozlash va boshqarish bo‘limi
Xalq ta’limi va madaniyat bo‘limi
Sog‘liqni saqlashning rivojlanishini muvofiqlashtirish va prognozlash bo‘limi
Rais o‘rinbosari — investitsiyalarni va fan-texnika taraqqiyotini prognozlash kompleksi rahbari
Investitsiyalar va fan-texnika taraqqiyotini prognozlash yig‘ma bo‘limi
Qurilish industriyasi va pudrat ishlari bozorini boshqarish bo‘limi
Binokorlik materiallari sanoati, yog‘och-taxta tayyorlash va yog‘ochga ishlov berishning rivojlanishini prognozlash bo‘limi
Uy-joy-kommunal qurilishning rivojlanishini muvofiqlashtirish bo‘limi
Transport, informatika va aloqa tizimining rivojlanishini muvofiqlashtirish va istiqbollari bo‘limi
Ishlar boshqarmasi
Kadrlar bo‘limi
Tasarrufidagi tashkilotlar:
Iqtisodiyot ilmiy-tadqiqot instituti
“Hayot va iqtisod” (“Jizn i ekonomika”) jurnali tahririyati