Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Neft-gaz tarmogʻi tashkilotlarining aktivlaridan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Oʻzbekneftgaz” AJ tashkilotlarining moliyaviy-iqtisodiy holatini mustahkamlash va yaxshilash, neft-gaz tarmogʻi tashkilotlarining ixtisosli boʻlmagan va foydalanilmayotgan aktivlaridan maqsadli foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda neft-gaz tarmogʻi tashkilotlari deb ataladi), Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:
neft-gaz tarmogʻi tashkilotlarining 1-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha foydalanilmayotgan va ixtisosli boʻlmagan aktivlarini ommaviy savdolarda xususiy mulkka sotish;
ushbu qarorga 1-ilovada nazarda tutilgan aktivlarni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ilgari qabul qilingan qarorlariga muvofiq sotilishi kerak boʻlgan aktivlarni, ular ommaviy savdolarga qoʻyilgan kundan boshlab uch oy mobaynida sotilmagan taqdirda, tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, kichik sanoat zonalarida yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlariga toʻlovlarni oʻn yilgacha muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati bilan bozor qiymati boʻyicha sotish;
neft-gaz tarmogʻi tashkilotlarining 2-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha aktivlarini qoldiq (balans) qiymati boʻyicha ulardan keyinchalik samarali foydalanish uchun davlat mulki sifatida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga operativ boshqaruvga berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
* 1-2-ilovalar rus tilidagi matnida berilgan.
2. Belgilansinki:
ushbu qarorga 1-ilovada nazarda tutilgan aktivlar ushbu qaror qabul qilingunga qadar ijara shartnomalari asosida foydalanishga berilgan taqdirda, ijaraga oluvchi ijaraga olinadigan aktivni sotib olishda ustunlik huquqiga ega boʻladi;
aktivlar tadbirkorlik subyektlariga aktivlar bozor qiymatining kamida oʻn besh foizini oldindan toʻlash va toʻlovlarning qolgan qismini har yili teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga berilayotgan ushbu qarorga 2-ilovaga muvofiq aktivlardan foydalanish va ularni saqlash boʻyicha xarajatlar mahalliy budjetlar mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3. “Oʻzbekneftgaz” AJ:
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda ushbu qarorga 1-ilovada nazarda tutilgan aktivlarni baholash va ommaviy savdolarga qoʻyish jadvallarini tasdiqlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda ushbu qarorga 2-ilovada nazarda tutilgan aktivlar keyinchalik “Oʻzbekneftgaz” AJning ustav kapitalidagi (fondidagi) davlat ulushi, shuningdek, neft-gaz tarmogʻi tashkilotlarining ustav kapitallaridagi (fondlaridagi) davlat ulushi va “Oʻzbekneftgaz” AJ va uning aksiyadorlik jamiyatlari ulushi berilayotgan aktivlarning qoldiq (balans) qiymatiga kamaytirilgan holda tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga berilishini taʼminlasinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 25-avgust,
685-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2018-y., 09/18/685/1797-son; 27.05.2019-y., 09/19/431/3187-son; 30.05.2019-y., 09/19/442/3211-son; 05.05.2021-y., 09/21/266/0417-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)