O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi 575-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 7-maydagi PQ-3699-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 23-iyul,
566-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-iyuldagi 566-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda Inspeksiya deb ataladi) xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.
2. Inspeksiya xodimlarining mehnatga haq to‘lash fondi quyidagilardan iborat:
a) lavozim maoshi;
b) quyidagi miqdordagi oylik ustamalar:
alohida mehnat sharoitlari uchun darajali unvonlarga ega bo‘lgan xodimlarga lavozim maoshi (tarif stavkasi)ning 50 foizi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari, Inspeksiyaning boshqa xodimlariga lavozim maoshining 100 foizi miqdorida oylik ustama. Mazkur ustamalar qonun hujjatlarida belgilangan rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha haq va ustamalarni hisoblashda Inspeksiya xodimlarining lavozim maoshi tarkibiga kiritiladi;
lavozim maoshining 40 foizi miqdorida ustama (mehnatni rag‘batlantirish koeffitsiyenti);
darajali unvon uchun lavozim maoshiga 20 foizdan 50 foizgacha miqdorda ustama;
darajali unvonlarga ega bo‘lgan xodimlarga — ko‘p yillik mehnati uchun lavozim maoshiga 5 foizdan 40 foizgacha miqdorda ustama.
Shuningdek, har oylik ustamalarga:
Inspeksiyaning boshqa boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga ko‘p yillik mehnati uchun ustama haq to‘lash prokuratura xodimlari uchun belgilangan miqdorda amalga oshiriladi. Bunda, ustama miqdorini belgilashda xodimning umumiy ish staji inobatga olinadi;
o‘rnatilgan tartibda maxsus toifalar uchun lavozim maoshiga 10, 20 va 30 foizi miqdordagi ustama haq ham kiradi;
v) darajali unvonlarga ega bo‘lgan xodimlarga tasdiqlangan Yagona tarif setkasi tarif koeffitsentini bir yarim baravari miqdorida Inspeksiyani rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan lavozim maoshiga haq to‘lash;
g) quyidagilarni o‘z ichiga oladigan rag‘batlantiruvchi va boshqa to‘lovlar:
xodimlar faoliyatini individual baholash asosida xizmat vazifalarini vijdonan va tashabbuskorlik bilan bajarganligi hamda ishdagi yuksak yutuqlari uchun xodimlarni yilda ikki oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida mukofotlash;
bayramlar, muhim va yubiley sanalari, ko‘p yillik hamda bekamu ko‘st xizmati (mehnati) uchun, pensiyaga chiqishi munosabati bilan mukofotlash;
mehnatga haq to‘lash fondining 15 foizi hisobidan shakllantiriladigan Moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi mablag‘lari hisobidan shaxsiy ustamalar;
ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdordagi oylik to‘lovlar;
Inspeksiya xodimlariga — yo‘lkira xarajatlarini qoplash uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdordagi oylik to‘lovlar, xizmat avtotransporti biriktirilgan xodimlar bundan mustasno;
yilda bir marta oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida moddiy yordam ko‘rsatish;
d) xodimning asoslangan arizasiga asosan yuqori turuvchi tuzilma rahbarining roziligi bilan mehnatga haq to‘lash fondiga ajratilgan mablag‘lar doirasida quyidagi hollarda qo‘shimcha tarzda moddiy yordam ko‘rsatilishi mumkin:
yaqin qarindoshlari vafot etganda — o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasiga asosan;
alohida ehtiyoj tug‘ilganda (baxtsiz hodisa, to‘y va boshqa marosimlar munosabati bilan, uzoq muddatli kasallik sababli maxsus davolanish va sog‘liqni qayta tiklash uchun, shuningdek, oiladagi og‘ir moddiy ahvol sababli va boshqa holatlar).
Ovqatlanish va yo‘lkira xarajatlari uchun oylik to‘lovlarning eng kam oylik ish haqi ikki baravaridan yuqori miqdorini belgilash, shuningdek, moddiy rag‘batlantirish fondi miqdorini ko‘paytirish Inspeksiyani rivojlantirish jamg‘armasi Kengashining qarori bilan amalga oshiriladi.
3. Inspeksiya xodimlarini moddiy rag‘batlantirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
mukofotlash;
lavozim maoshiga shaxsiy ustamalar to‘lash;
moddiy yordam ko‘rsatish.
Inspeksiya xodimlarini moddiy rag‘batlantirish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
2-bob. Inspeksiya xodimlarini mukofotlash tartibi
4. Xizmat vazifalarini vijdonan va tashabbuskorlik bilan bajarganligi hamda ishdagi yuksak yutuqlari uchun shaxsiy bir martalik to‘lov shaklida Inspeksiya boshlig‘ini mukofotlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan, Inspeksiyaning boshqa xodimlarini — uning boshlig‘i tomonidan amalga oshiriladi.
3-bob. Lavozim maoshlariga oylik shaxsiy ustamalar to‘lash tartibi
5. Lavozim maoshlariga oylik shaxsiy ustamalar:
Inspeksiya boshlig‘iga — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan;
Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlari, markaziy apparat xodimlari va hududiy boshqarmalar boshliqlariga — Inspeksiya boshlig‘i tomonidan;
Inspeksiyaning tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlariga — Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari boshliqlari tomonidan;
hududiy tuzilmalar xodimlariga nisbatan tegishli hududiy boshqarma (bo‘lim) boshliqlari tomonidan belgilanadi.
6. Ish sifati yomonlashganda, topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilmaganda, mehnat va ijro intizomi buzilganda lavozim maoshiga belgilangan ustamalar bekor qilinishi yoki kamaytirilishi mumkin.
4-bob. Moddiy yordam ko‘rsatish tartibi
7. Mehnatga haq to‘lash fondini shakllantirishda yil hisobiga oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida moddiy yordam ko‘rsatish uchun mablag‘lar nazarda tutiladi.
8. Xodim vafot etganda, moddiy yordam (agar xodim vafot etgan yilda bevosita unga moddiy yordam ko‘rsatilmagan bo‘lsa) uning turmush o‘rtog‘iga, turmush o‘rtog‘i yo‘qligida — u bilan birga yashovchi voyaga yetgan farzandlariga yoki qonuniy vakillariga (vasiylar va homiylarga) yoxud voyaga yetmagan bolalarini (bolalikdan nogironlarni — yoshidan qat’i nazar) farzandlikka olganlarga, shuningdek, agar xodimlar nikohda turmagan va farzandlari bo‘lmagan hollarda, xodimning qaramog‘idagi shaxslarga yoki ota-onalariga teng ulushda to‘lab beriladi.
9. Xodimning asoslangan arizasiga asosan yuqori turuvchi tuzilma rahbarining roziligi bilan xodimlarga mehnatga haq to‘lash fondiga ajratilgan mablag‘lar doirasida, quyidagi hollarda qo‘shimcha tarzda moddiy yordam ko‘rsatilishi mumkin:
yaqin qarindoshlari vafot etganda — o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasiga asosan;
alohida ehtiyoj tug‘ilganda (baxtsiz hodisa, to‘y va boshqa marosimlar munosabati bilan, uzoq muddat kasallik sababli maxsus davolanish va sog‘liqni qayta tiklash uchun, shuningdek, oiladagi og‘ir moddiy ahvol sababli va boshqa holatlar).
10. Xodimlar xarajatlarini qoplash, moddiy yordam miqdori va uning to‘lanishi xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligiga bog‘liq bo‘lmaydi.
5-bob. Inspeksiya xodimlarining ish haqi va ularni moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish manbalari va hajmlari
11. Inspeksiya xodimlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha tadbirlar:
xarajatlar smetasida nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasini rivojlantirish jamg‘armasining o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan mablag‘lari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
12. Inspeksiya xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan quyidagi mablag‘lar nazarda tutiladi:
yagona tarif setkasi bo‘yicha tasdiqlangan razryadlarga muvofiq lavozim maoshi;
xodimlarni mansab maoshlariga alohida mehnat sharoitlari uchun har oylik ustamalar;
40 foiz miqdorida mehnatni rag‘batlantirish koeffitsiyenti;
darajali unvon uchun lavozim maoshiga 20 foizdan 50 foizgacha miqdorda ustama;
darajali unvonlarga ega bo‘lgan xodimlarga — ko‘p yillik mehnati uchun lavozim maoshiga 5 foizdan 40 foizgacha miqdorda ustama;
Inspeksiyaning boshqa boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga ko‘p yillik mehnati uchun ustama haq to‘lash prokuratura xodimlari uchun belgilangan miqdorda amalga oshiriladi. Bunda, ustama miqdorini belgilashda xodimning umumiy ish staji inobatga olinadi;
yilda ikki oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida mukofot;
yilda oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida moddiy yordam;
15 foizlik Moddiy rag‘batlantirish fondi.
13. Inspeksiya xodimlariga boshqa to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasini rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 09/18/566/1562-son)