O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Sirdaryo viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda oqilona foydalanishini ta’minlash, shu asnoda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va mahalliy aholining daromadlarini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 18-martdagi “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi PF-4516-sonli Farmoniga asosan Jizzax viloyatida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi o‘rinlarda “Jizzax” EIZ deb ataladi) Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani filiali tashkil etilgani va uning chegaralari tasdiqlangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi o‘rinlarda “Sirdaryo” EIZ deb ataladi) “Jizzax” EIZ Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi filiali va Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi kichik sanoat zonasi negizida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
3. Quyidagilar “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:
Sirdaryo viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalangan holda mahalliy mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqobatbardosh, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirish;
meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, to‘qimachilik, poyabzal va charm-galantereya, ekologik jihatdan xavfsiz kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy investitsiyalarni, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish;
erkin iqtisodiy zona korxonalari o‘rtasida hamda boshqa mahalliy korxonalar bilan mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish asosida mahalliy xomashyo va materiallardan yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
“Sirdaryo” EIZ hududida ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek, ushbu hududda sifatli logistika xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;
erkin iqtisodiy zonalarning soha kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etishda va ularning erkin iqtisodiy zonada joylashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashida qatnashish.
4. Sirdaryo viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining ma’muriy kengashi (G‘.G‘. Mirzayev) Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Sirdaryo” EIZning chegaralariga aniqlik kiritish, keyinchalik kengaytirish bo‘yicha takliflarni ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-oktabrdagi PQ-3356-son “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashiga kiritilishini ta’minlasin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
“Sirdaryo” EIZ tarkibiga kiritilgan yer maydonlari “Sirdaryo” EIZ direksiyasining bevosita tasarrufida bo‘ladi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktabrdagi PF-233-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.10.2022-y., 06/22/233/0915-son)
“Sirdaryo” EIZning faoliyat yuritish muddati 30 yilni tashkil etadi va bu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin;
“Sirdaryo” EIZ faoliyat yuritadigan muddat davomida uning hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
“Sirdaryo” EIZ ishtirokchisi maqomi elektron onlayn-auksion savdo natijasiga ko‘ra “Sirdaryo” EIZ direksiyasi tomonidan beriladi;
(5-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktabrdagi PF-233-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.10.2022-y., 06/22/233/0915-son)
sobiq Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi kichik sanoat zonasi ishtirokchilariga nisbatan, ushbu maqomni avval olgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-martdagi “Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida kichik sanoat zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi PQ-2860-sonli qarorida ko‘zda tutilgan imtiyoz va yengilliklar saqlanib qolinadi.
6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ hamda respublika va hududiy darajadagi muhandislik-kommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchilar erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kommunikatsiyalarga, ularni “Sirdaryo” EIZning hududigacha belgilangan tartibda kafolatli ulanishini ta’minlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda har yili kelgusi yillar uchun rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishda belgilangan tartibda ularga “Sirdaryo” EIZning muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar kiritilishini nazarda tutsin.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. “Sirdaryo” EIZ faoliyatini operativ boshqaruv funksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-maydagi “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5032-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan “Sirdaryo-farm” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasiga yuklatilsin va uning nomi “Sirdaryo” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasiga o‘zgartirilib, xodimlari soni 3 nafardan 5 nafarga oshirilsin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-sentabrdagi PF-5809-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 06/19/5809/3687-son)
9. Belgilansinki, “Jizzax” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasining va “Jizzax” EIZ ishtirokchilarining Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi “Jizzax” EIZning filiali bo‘yicha huquq va burchlari belgilangan tartibda “Sirdaryo” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasi va “Sirdaryo” EIZ ishtirokchilariga o‘tadi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 26-oktabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-4853-son Farmonining 3-, 4- va 5-bandlari qoidalari “Sirdaryo” EIZ ishtirokchilariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-4931-sonli Farmonining 8-bandi qoidalari “Sirdaryo” EIZ direksiyasiga tatbiq etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Sirdaryo viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashi bilan birgalikda:
bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda Sirdaryo viloyatining mavjud mineral-xomashyo resurslarini inobatga olgan holda, “Sirdaryo” EIZ hududida import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish bo‘yicha aniq takliflar — “yo‘l xarita”lari ishlab chiqilishini ta’minlasin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmuradov va Sirdaryo viloyati hokimi G‘.G‘. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-aprel,
PF-5412-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-apreldagi PF-5412-sonli Farmoniga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi 2013-yil 18-martdagi PF-4516-sonli Farmoniga kiritiladigan o‘zgartirishlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi 2013-yil 18-martdagi PF-4516-son Farmoniga kuyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:
a) 1-bandning beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
b) 6-bandning birinchi xatboshi kuyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Jizzax viloyat hokimligi Jizzax viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashining qarorlariga asosan “Jizzax” EIZda loyihalarni amalga oshiruvchi investorlar uchun belgilangan tartibda quyidagilarni ta’minlasin”;
v) 7-banddagi “Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimligi” so‘zlari “Jizzax viloyati hokimligi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.04.2018-y., 06/18/5412/1061-son; 05.09.2019-y., 06/19/5809/3687-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 06/21/36/1175-son; 13.10.2022-y., 06/22/233/0915-son)