Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda uning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PF-133-sonli “Maʼmuriy islohotlar doirasida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy yoʻlning samarali davom ettirilishi mamlakatda keng koʻlamli islohotlarni va demokratik oʻzgarishlarni muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarishda, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini mustahkamlashda va aholi farovonligining oshishini taʼminlashda eng muhim omil hisoblanadi.
Ochiq tashqi siyosatning faollashuvi natijasida xorijiy mamlakatlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashda salmoqli natijalarga erishildi, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar sezilarli darajada kengaydi, xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlik va xorijdagi vatandoshlarimiz bilan muloqot oʻrnatildi, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar hal etilmoqda.
Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi ishlarning amaldagi holatini tahlil qilish, birinchi navbatda, davlatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va ilgari surish borasida qoʻyilgan vazifalarni samarali bajarishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator jiddiy muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda. Xususan:
birinchidan, amaldagi normativ-huquqiy baza diplomatik xizmatning barcha masalalarini toʻliq tartibga solmaydi, toʻplangan huquqiy va amaliy tajribani toʻliq aks ettirmaydi, shuningdek, zamon talablariga mos kelmaydi;
ikkinchidan, tashqi siyosiy idoraning tashkiliy-shtat tuzilmasi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy sohalardagi strategik vazifalarni hal etish uchun mavjud resurslarni samarali safarbar qilishga yoʻnaltirilmagan;
uchinchidan, davlat organlarining Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari bilan oʻzaro hamkorligining, shuningdek, xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik hamkorlikni rivojlantirish masalalarida samarali va muvofiqlashtirilgan ishlarni olib borishning aniq belgilangan mexanizmlari mavjud emas;
toʻrtinchidan, tashqi siyosiy idoraning ishlarini axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash va rejalashtirish qisman amalga oshirilmoqda, tashqi siyosatning ustuvorligi boʻyicha ishlab chiqilayotgan takliflar mamlakat tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish masalalarini lozim darajada hisobga olmayapti;
beshinchidan, mamlakatdagi keng koʻlamli oʻzgarishlar va respublikaning xalqaro tashabbuslari haqida jahon hamjamiyatini xabardor qilish ishlari sust tashkil etilgan boʻlib, mamlakatning ijobiy imidjini yaratish va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash vazifalari samarali bajarilishiga toʻsqinlik qilmoqda;
oltinchidan, konsullik muassasalari faoliyatida koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining tezkorlik va sifat darajasi, Oʻzbekistonning xorijdagi jismoniy va yuridik shaxslarining huquq va qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishini taʼminlash, ogʻir sharoitga tushib qolgan fuqarolarga yordam koʻrsatish darajasi qoniqarsiz ahvolda qolmoqda;
yettinchidan, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan tizimli muloqot yoʻlga qoʻyilmagan, respublikani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar loyiha hamda dasturlarni amalga oshirishda ularning salohiyatidan foydalanilmayapti;
sakkizinchidan, kadrlar siyosatining samarasizligi, shuningdek, tashqi siyosiy idora xodimlarining moddiy ragʻbatlantirilishi va ijtimoiy himoyalanishining past darajada ekanligi yuqori malakali diplomatik tarkibni shakllantirish imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklamoqda, diplomatik xizmatning obroʻsini tushirmoqda va malakali mutaxassislarning sohani tark etishiga sabab boʻlmoqda;
toʻqqizinchidan, ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yetarli darajada joriy etilmasligi ustuvor vazifalarni hal etishga toʻsqinlik qilmoqda, tezkor tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy munosabat bildirishni, shuningdek, “raqamli diplomatiya” vositalarini rivojlantirish imkonini bermayapti.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi vazifalariga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini isloh etishning eng muhim yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
birinchidan, Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyati va tashkiliy-shtat tuzilmasining normativ-huquqiy asoslarini “iqtisodiy diplomatiya”ni rivojlantirishga urgʻu bergan holda qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish;
ikkinchidan, respublikaning yagona tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirishda Tashqi ishlar vazirligining muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish, shuningdek, tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ushbu yoʻnalishdagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilab qoʻyish va ajratish;
uchinchidan, Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyatiga mamlakatimiz mahsulotlari, ishlari (xizmatlari) eksportini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, investitsiyalar, ilgʻor texnologiyalar va turistlar oqimini mamlakatga jalb etishga yoʻnaltirilgan yangicha yondashuv va usullarni joriy etish;
toʻrtinchidan, eng avvalo, milliy va xorijiy ekspertlar jamoalari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik va ilmiy doiralar bilan muntazam hamda maqsadli axborot almashish ishlarini kuchaytirish orqali Oʻzbekistonning ijobiy xalqaro nufuzini shakllantirishda “ommaviy diplomatiya” vositalarini faol qoʻllash;
beshinchidan, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlari amalda himoya qilinishini taʼminlash mexanizmlarini shakllantirish va amalga oshirish, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan har tomonlama muloqotni qoʻllab-quvvatlash, ularni savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ijtimoiy loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishga faol jalb qilish;
oltinchidan, ichki idoraviy rejalashtirish va nazorat qilishning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish, hisobot berish tartibi va shakllarini soddalashtirish, Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini shakllantirish;
yettinchidan, diplomatik kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, rotatsiyasini taʼminlash hamda istiqbolli zaxirasini shakllantirishning ilgʻor va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish orqali Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida kadrlar siyosatini tubdan qayta koʻrib chiqish;
sakkizinchidan, diplomatik xizmat organlari xodimlarining moddiy ragʻbatlantirilishi va ijtimoiy himoya qilinishini yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish;
toʻqqizinchidan, davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish, shuningdek, global axborot maydonida mamlakatimiz manfaatlarini ilgari surish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilish orqali Tashqi ishlar vazirligi tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida:
a) Tashqi iqtisodiy hamkorlik bosh boshqarmasi va uning tuzilmasiga kiruvchi:
Xorijiy investitsiyalar va moliyaviy-texnikaviy koʻmak vositalarini jalb qilish boshqarmasi;
Eksport va tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish boshqarmasi;
Hukumatlararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi;
Turizmni rivojlantirish sohasidagi xalqaro hamkorlik boshqarmasi;
b) Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati negizida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi;
v) Konsullik boshqarmasi negizida Konsullik-huquq departamenti;
g) Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar boʻlimi;
d) Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻlimi va uning tarkibida Murojaatlarni qabul qilish sektori (call-center);
e) Diplomatik servis xizmati negizida Diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosi;
j) “Jahon” axborot agentligi negizida “Dunyo” axborot agentligi va Media-markaz;
z) Tarjimonlar byurosi;
i) Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi negizida Tahlil va prognozlashtirish markazi;
k) Tashqi ishlar vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy boʻlimlari tashkil etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi PF-5733-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 06/19/5733/3216-son)
4. Tashqi ishlar vazirligining xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekistonning diplomatik va konsullik muassasalarini rivojlantirish Respublika jamgʻarmasi negizida Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik xizmati organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi tuzilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Tashqi ishlar vazirligi yagona tashqi iqtisodiy yoʻlni amalga oshirish, mamlakatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyati ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyati muvofiqlashtirilishini 1-ilovadagi* sxemaga muvofiq amalga oshiradi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa davlat tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga uning tashqi iqtisodiy sohadagi asosiy vazifalari amalga oshishida amaliy yordam koʻrsatilishini, shu jumladan sifatli ishlangan maʼlumotnomalar, hujjatlar va materiallarni oʻz vaqtida taqdim etgan holda taʼminlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
diplomatik vakolatxona rahbari oʻzi ishlab turgan davlatda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy yoʻlni samarali davom ettirish, mamlakat manfaatlarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ilgari surishni taʼminlaydigan Oʻzbekiston Respublikasining oliy rasmiy vakili hisoblanadi;
oliy maʼlumotga ega boʻlgan, davlat va chet tillarini yaxshi biladigan, tegishli ishbilarmonlik, maʼnaviy va kasbiy fazilatlarga ega boʻlgan, shuningdek, tarix, madaniyat sohalarini, milliy anʼanalar va urf-odatlarni, Oʻzbekiston Respublikasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlarning mazmun-mohiyatini chuqur biladigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi diplomatik vakolatxona rahbari boʻlishi mumkin;
oʻzlari ishlab turgan mamlakatdagi Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik xodimlari va davlat organlari rasmiy vakillari idoraviy mansubligi va hisobdorligidan qatʼi nazar diplomatik vakolatxonaning rahbariga soʻzsiz boʻysunadi va zimmasidagi vazifalarni bajarishda oʻz faoliyatini u bilan muvofiqlashtiradi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi amaliyotiga quyidagilar kiritilsin:
a) respublikani rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini hisobga olib, xorijlik sheriklarning savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy va ilmiy-texnik imkoniyatlaridan, ular bilan hamkorlik darajasi va koʻlamidan, ularning xalqaro munosabatlar tizimidagi roli va oʻrnidan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan asosiy xorijiy sheriklar bilan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini doimiy asosda ishlab chiqish.
Belgilansinki, tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari vazirlik va idoralarning amaliy faoliyatida, shu jumladan, xorijiy sheriklar bilan aloqalarda mezon boʻlib xizmat qiladi;
b) tashqi iqtisodiy faoliyatga (mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportini rivojlantirish, investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish, turistlar oqimini kengaytirish) va axborot-tushuntirish ishlariga alohida eʼtibor qaratgan holda, xorijiy mamlakatlar bilan faol va tizimli ishlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari yillik “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va qabul qilish;
v) Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalariga yuboriladigan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni nazarda tutgan holda “tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari — Tashqi ishlar vazirligi — xorijdagi muassasa — Tashqi ishlar vazirligi, tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari” prinsipi asosida idoralararo kadrlar rotatsiyasi;
g) erishilgan natijalar va mavjud kamchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga maʼlumot berish uchun har oyda tashqi ishlar vaziri tomonidan xorijiy muassasalar rahbarlarining oʻzi ishlab turgan davlat va xalqaro tashkilot bilan hamkorlik qilish boʻyicha zimmasidagi vazifalarni va tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”ni amalga oshirish jarayoni toʻgʻrisidagi shaxsiy hisobotlarini eshitib borish.
8. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oʻrta muddatli istiqbolda asosiy xorijiy sheriklar bilan Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari 2-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga* muvofiq.
* 1 — 3-ilovalar berilmaydi.
Vazirlik va idoralar rahbarlari Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarida va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar va vazifalar oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlasin.
9. Belgilab qoʻyilsinki, Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi va Media-markazi, Tahlil va prognozlashtirish markazi, Tarjimonlar byurosi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
a) tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan respublikaning yagona tashqi iqtisodiy siyosatini amalga oshirish holatini muntazam ravishda tahlil qilsin va tahlil natijalarini har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
(10-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF–5650-sonli Farmoni tahririda)
b) Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Diplomatik xizmat toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri), “Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) qonunlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin;
v) Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
ishlab turilgan mamlakatda yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, tovarlar, ishlar (xizmatlar) qiymati indeksatsiyasini, shuningdek, valyuta kursining oʻzgaruvchanligini oʻrganish asosida Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari xodimlarining ish haqlarini oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalariga uzoq muddatli xizmat safariga yuborilgan xodimlarning lavozim maoshlari miqdorlarini besh yilda kamida bir marta qayta koʻrib chiqish amaliyotini joriy qilish boʻyicha takliflar kiritsin;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-oktabrgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy sheriklar oʻrtasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalardagi oʻrta va uzoq muddatli manfaatlariga asoslangan ikki tomonlama hamda koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi (yangi tahriri) loyihasini kiritsin;
d) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish, shu jumladan, joylarga chiqish orqali ularni tanqidiy oʻrganish yakunlari boʻyicha takliflarni kiritsin;
e) bir oy muddatda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini quyidagilarni nazarda tutgan holda kiritsin;
ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda taʼlim sifatini oshirish, shuningdek, mamlakatning zamonaviy tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda Universitet faoliyatining dolzarb vazifalari va yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish;
manfaatdor idoralarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda amaliyotda talab qilinadigan mutaxassislarining aniq maqsadni koʻzlab tayyorlanishini taʼminlash, shuningdek ular orasidan diplomatik kadrlarning istiqbolli zaxirasini shakllantirish maqsadida bakalavriatda oʻqish muddatini va bakalavriatga qabul qilish kvotalarini kamaytirish;
“Xalqaro iqtisodiyot va menejment” hamda “Xalqaro jurnalistika” mutaxassisliklari boʻyicha bakalavrlar tayyorlashning yangi yoʻnalishlarini joriy qilish;
Universitetda xorijiy mamlakatlar delegatsiyalariga xizmat koʻrsatish va rasmiy tadbirlar oʻtkazishni yuqori tashkiliy darajada taʼminlaydigan professional tarjimon va gidlarni tayyorlash boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish;
xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish istiqbollarini prognoz baholash bilan fundamental ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish orqali Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatini tizimli tahlil qilishda Universitetning rolini kuchaytirish.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini har chorakda Vazirlikning markaziy apparati va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari rahbarlari va xodimlari, vazirlik va idoralar, soha tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari ishtirokida videokonferensaloqa rejimida tanqidiy koʻrib chiqsin;
poytaxt hududida yer uchastkalari ajratilishini va Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi elchilari uchun uy-joylar va Tashqi ishlar vazirligining diplomatik xodimlari uchun toʻrtta koʻp kvartirali uy qurilishini hamda ularning 2019-yilning oxiriga qadar foydalanishga topshirilishini taʼminlasin;
mahalliy davlat hokimiyati organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari uchun xorijiy sheriklar bilan muzokara jarayonini, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik taqdimotini tashkil etish masalalari boʻyicha hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning boshqa masalalari boʻyicha, shu jumladan, joylarga borish orqali seminar va treninglar oʻtkazilishini tashkil qilsin.
12. “Ipoteka-bank” ATIB, “Asaka-bank” ATB, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2016-yil 22-noyabrdagi PQ–2660-sonli va “2017 — 2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2017-yil 23-oktabrdagi PQ–3350-sonli qarorlarida nazarda tutilgan shartlar asosida elchilar va Tashqi ishlar vazirligi diplomatik xodimlari uy-joy hamda koʻp kvartirali uylarda kvartira sotib olishi uchun imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish tavsiya etilsin.
13. Tashqi ishlar vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) bir haftalik muddatda Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlarni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi nizomini tasdiqlashni nazarda tutadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin;
b) ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmonga muvofiqlashtirsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 1994-yil 25-fevraldagi PF-769-sonli Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi V.V. Maxmudov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-aprel,
PF-5400-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2018-y., 06/18/5400/1023-son, 30.05.2019-y., 06/19/5733/3216-son)