Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-dekabrdagi PQ-3439-son qarori)
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-maydagi 390-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-dekabrdagi PQ-3439-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R.Xolmurodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-mart,
194-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-martdagi 194-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar
1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb ataladi):
yagona davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun masʼul vakolatli davlat organi;
moliya institutlari (boshqaruvchi ofisi) bilan markazlashtirilgan holda oʻzaro hamkorlik boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.
Qoʻmita oʻz faoliyati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi”.
2. 6-bandga quyidagi mazmundagi xatboshilar qoʻshilsin:
“tegishli moliya institutlari bilan oʻzaro hamkorlikni amalga oshirish;
moliya institutlari bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari, respublika hududlarini rivojlantirish uchun moliya institutlarining jalb etiladigan zayomlari, kreditlari va grantlaridan yanada samarali foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
moliya institutlari, loyihalarni amalga oshirish guruhlari, ekspertiza organlari ishtirokida loyihalarning amalga oshirilishi uchun masʼul vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, shu jumladan loyiha, tender va kontrakt hujjatlari boʻyicha ekspert xulosalarining oʻz vaqtida taqdim etilishini nazorat qilish”.
3. 7-bandning:
yettinchi xatboshidagi “chet ellik investorlar bilan” soʻzlari “moliya institutlari va chet ellik investorlar bilan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“moliya institutlari bilan hamkorlik, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari, respublika hududlarini rivojlantirish uchun moliya institutlarining jalb etiladigan zayomlari, kreditlari va grantlaridan oqilona foydalanish boʻyicha “yoʻl xaritalari” va dasturlarini ishlab chiqadi, shuningdek, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ishlab chiqiladigan “yoʻl xaritalari” va dasturlarini kelishadi”;
b) “e” kichik bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“loyihalarni amalga oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini, respublika hududlarini rivojlantirish dasturlariga kiritilgan vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi”;
v) “j” kichik bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“moliya institutlari missiyalarining amaliy uchrashuvlari jadvallarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi”.
4. 9-bandga:
quyidagi mazmundagi oʻn sakkizinchi — yigirma uchinchi xatboshilar qoʻshilsin:
“moliya institutlari bilan oʻzaro hamkorlik jarayonida yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan kiruvchi-chiquvchi hujjatlar, memorandumlar, protokollar va boshqa hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan boshqaruvchi ofisi vakolatiga kiradigan axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
zarurat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tanlov tartib-taomillarini oʻtkazishni, loyiha va tender hujjatlarining yuqori sifatini taʼminlagan holda ularni ekspertizadan oʻtkazish muddatlarini tezlashtirish, shuningdek, moliya institutlari mablagʻlarini ular bilan kelishgan holda tegishli loyihalar komponentlari oʻrtasida qayta taqsimlash toʻgʻrisida takliflar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va loyiha tashabbuskorining qoʻshma taqdimnomasi asosida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar boʻyicha davlat taraqqiyot dasturiga aniqliklarni tegishli rivojlanish konsepsiyasi doirasida Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasining moliya institutlaridagi doimiy vakillarini tasdiqlash va ularni lavozimdan ozod etish;
moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish uchun masʼul vazirliklar, idoralar va loyihalarni amalga oshirish guruhlari mansabdor shaxslarining hisobotlarini eshitish, loyihalar ijrochilarini taklif etgan holda ularning oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish”;
oʻn sakkizinchi xatboshi tegishli ravishda yigirma toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2018-y., 09/18/194/0890-son)