Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Termiz davlat universitetining Denov filialini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-apreldagi PQ-4681-sonli “Surxondaryo viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalarda taraqqiyotga erishish borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Biroq shunga qaramasdan, markazdan uzoqda joylashgan va borish qiyin boʻlgan joylarda bu borada hali oʻz yechimini kutayotgan masalalar mavjud.
Jumladan, joylarda umumiy oʻrta va maktabgacha taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish, bolalarni maktabga tayyorlash darajasini oshirish, taʼlim va tarbiya jarayoniga zamonaviy taʼlim dasturlarini tatbiq etish, yoshlarning intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirish boʻyicha zamonaviy talablardan kelib chiquvchi vazifalarni uddalay oladigan malakali pedagog kadrlarga ehtiyoj katta.
Xususan, Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning atrofidagi Shoʻrchi, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun va Qumqoʻrgʻon tumanlarida 132 ta maktabgacha taʼlim muassasalarida 1200 nafardan ziyod tarbiyachi, 424 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarida 5177 nafar oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchi faoliyat koʻrsatmoqda. Bugungi kunda maktabgacha taʼlim muassasalari uchun 266 nafar, umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun 352 nafar oliy maʼlumotli mutaxassislarga ehtiyoj sezilmoqda.
Hududdagi taʼlim muassasalarining birinchi navbatda maktabgacha taʼlim, boshlangʻich taʼlim, matematika, informatika va rus tili fanlaridan pedagoglarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, qishloq joylardagi taʼlim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash hamda jahon tajribasini hisobga olgan holda, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy maʼlumotli pedagog kadrlar tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Surxondaryo viloyati hokimligining Surxondaryo viloyati Denov tumanida Termiz davlat universitetining Denov filialini (keyingi oʻrinlarda Filial deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:
taʼlim muassasalari uchun yuqori malakali pedagog kadrlarni milliy va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni taʼminlash;
pedagogik taʼlim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilgʻor xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlarni olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etish;
taʼlim muassasalari talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda, tegishli taʼlim yoʻnalishlari hamda mutaxassisliklar boʻyicha oʻquv-uslubiy adabiyotlarni yaratish;
oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida pedagogika sohasidagi yetakchi respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filial ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017/2018 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisida” 2017-yil 5-maydagi PQ-2955-son qarori talablariga muvofiq Surxondaryo viloyatidagi taʼlim muassasalari ehtiyojlarini inobatga olgan holda, Filialning 2017/2018 oʻquv yili uchun talabalar kontingentini Surxondaryo viloyatida doimiy yashayotgan (doimiy propiska qilingan) Termiz davlat universiteti va boshqa turdosh oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirib, mazkur oliy taʼlim muassasalariga toʻplagan ballari eng yuqori ballning 30% dan (68,0 balldan) kam boʻlmagan, Filial uchun toʻlov kontrakt asosida mos taʼlim yoʻnalishlari abituriyentlari hisobidan shakllantirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi ballar ketma-ketligiga rioya etgan holda tegishli taʼlim yoʻnalishlari kesimidagi test natijalari qaydnomalarini chop etsin va belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun Filialga yetkazsin.
2018/2019 oʻquv yilidan boshlab, Filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilansin.
4. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda Filialning 2017/2018 oʻquv yili qabul kvotalari hamda oʻqishga tavsiya etiladiganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Surxondaryo viloyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
5. Termiz davlat universiteti Denov filialining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Filial (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy boʻlinmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriga zarur hollarda, Filialning tuzilmasiga oliy taʼlim muassasasi uchun oʻrnatilgan normativlarga muvofiq xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Filial Termiz davlat universitetining yuridik shaxs maqomidagi tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2018-yil 10-martgacha:
Filialning ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
1-kurs yuklamasini 2018-yilning iyul oyi yakuniga qadar bajarish boʻyicha moslashtirilgan maxsus oʻquv reja va dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Filialda oʻquv-metodik jarayonlarning tashkil etilishini taʼminlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni oʻquv-laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Filial axborot-resurs markazini tayanch oliy taʼlim muassasasi tomonidan oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
2017/2018 oʻquv yilida Filialga talabalikka qabul qilingan abituriyentlar oʻqishni bitirgandan soʻng Surxondaryo viloyatidagi doimiy yashash joyida oʻn yil mobaynida tegishli taʼlim muassasalarida ishlab berishlari (aniq ish joyi koʻrsatilgan) toʻgʻrisida tuman hokimligi, oliy taʼlim muassasasi va jismoniy shaxs (abituriyent) oʻrtasida belgilangan tartibda uch tomonlama shartnomalar tuzilsin.
7. Surxondaryo viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining:
Denov tumani, Erkli yurt koʻchasi, 360-uyda joylashgan Denov xizmat koʻrsatish kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududlari bilan birga Filialga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;
Denov xizmat koʻrsatish kasb-hunar kolleji tugatilayotgan Termiz davlat universiteti qoshidagi Denov 3-son akademik litseyi binosida faoliyat koʻrsatishi toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Surxondaryo viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mazkur bandda koʻrsatilgan bino va inshootlarning belgilangan tartibda qabul qilinishi va topshirilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturining 2019-yil va keyingi yillar uchun parametrlarini shakllantirishda Filialning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda jihozlash loyihalarini belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
Filialni saqlash xarajatlari 2018-yilda “Maorif” sohasi boʻyicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida, 2019-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi;
Filialning dastlabki faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq xarajatlar Termiz davlat universitetining budjetdan tashqari, oʻqitishning kontrakt shaklidan tushadigan mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
10. Quyidagilar Filialning faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
11. Filialga 2 ta, shu jumladan 1 ta xizmat va 1 ta maxsus yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Filialni onlayn maʼruza hamda masofaviy taʼlim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilmasi bilan taʼminlash, shuningdek, yuqori tezlikdagi internet hamda elektron taʼlim milliy tarmogʻiga ulash choralarini koʻrish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
13. Surxondaryo viloyati hokimligi respublika oliy taʼlim muassasalaridan Filialga faoliyat yuritish uchun taklif etilgan professor-oʻqituvchilarni uy-joy bilan taʼminlash, uzoq muddatli, imtiyozli ipoteka kreditlarini ajratish choralarini koʻrsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov va Surxondaryo viloyati hokimi E.O. Turdimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-mart,
171-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-martdagi 171-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Termiz davlat universiteti Denov filialining
TUZILMASI
Filial (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy boʻlinmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 09/18/171/0855-son)