Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (8-son MBMS) “Xususiylashtirish maqsadida mulk qiymatini baholash”ning 52-bandiga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 1-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2025-3]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2020-yil 1-maydagi 01/11-15/62-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartini tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3239, 04.06.2020-y.) asosan 2020-yil 5-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-454-son “Soliq va budjet siyosatining 2018-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining 2009-yil 6-oktabrdagi 01/19-18/20-son qarori (roʻyxat raqami 2025, 2009-yil 28-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 44-son, 474-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (8-son MBMS) “Xususiylashtirish maqsadida mulk qiymatini baholash”ning 52-bandiga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais R. GULYAMOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-fevral,
01/19-10/09-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2018-yil 5-fevraldagi 01/19-10/09-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (8-son MBMS) “Xususiylashtirish maqsadida mulk qiymatini baholash”ning 52-bandiga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. “b” kichik bandning sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agar yangi aniqlangan obyektlar va balans qiymatiga ega boʻlmagan obyektlar baholanishi lozim boʻlsa, eskirish miqdori baholovchi tomonidan ekspertiza asosida baholash sanasidagi haqiqiy holatidan kelib chiqib belgilanadi;”.
2. “j” kichik bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“agar ular buxgalteriya hisobining milliy standartlari bilan belgilangan aktivlar va majburiyatlarni tan olish mezonlariga javob bermasa, ularning qiymati toʻlanadigan foyda soligʻi (muddati kechiktirilgan daromad uchun) yoki mazkur soliqdan tejalgan summa (muddati kechiktirilgan xarajatlar uchun) boʻyicha hisoblanadi.
Toʻlanadigan soliq summasi yoki uning tejash summasi ushbu soliqning amaldagi stavkasini muddati kechiktirilgan xarajatlar va daromadlarning balans qiymatiga koʻpaytirish yoʻli bilan hisoblanadi;”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2018-y., 10/18/2025-3/0833-son)