Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining
buyrugʻi
Kasb-hunar kollejlari bazasida boʻsh ish oʻrinlari va oʻz biznesini boshlashga koʻmaklashish yarmarkalarini oʻtkazish boʻyicha namunaviy reglamentni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 21-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2973]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PQ-3001-son “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Kasb-hunar kollejlari bazasida boʻsh ish oʻrinlari va oʻz biznesini boshlashga koʻmaklashish yarmarkalarini oʻtkazish boʻyicha namunaviy reglament ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-dekabr,
57-B-son
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2017-yil 29-dekabrdagi 57-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Kasb-hunar kollejlari bazasida boʻsh ish oʻrinlari va oʻz biznesini boshlashga koʻmaklashish yarmarkalarini oʻtkazish boʻyicha
NAMUNAVIY REGLAMENT
Mazkur Namunaviy reglament Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PQ-3001-son “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq kasb-hunar kollejlari bazasida boʻsh ish oʻrinlari va oʻz biznesini boshlashga koʻmaklashish yarmarkalarini (bundan buyon matnda yarmarka deb yuritiladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yarmarka tashkilotchisi — yarmarkani tashkil etish va oʻtkazish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan tashkilot (tashkilotlar);
yarmarka ishtirokchilari — kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari, ishsizlar, boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlgan tashkilotlar, mini texnologiyalarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi va boshqa tashkilotlar, tijorat banklari, shuningdek yarmarkada ishtirok etish istagini bildirgan boshqa jismoniy va yuridik shaxslar.
2. Yarmarka Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalariga muvofiq tashkil etiladi.
3. Yarmarkalar mazkur Namunaviy reglament asosida yarmarka tashkilotchisi tomonidan tasdiqlanadigan yarmarka oʻtkazish reglamenti asosida oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yarmarka tashkilotchisi tomonidan tasdiqlanadigan yarmarka oʻtkazish reglamenti qonunchilik hujjatlariga hamda mazkur Namunaviy reglamentga zid boʻlmasligi lozim.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari tomonidan har yili 15-yanvarga qadar tegishli hududdagi tumanlar kesimida yarmarkalarni oʻtkazish boʻyicha reja-jadval ishlab chiqiladi. Reja-jadval tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanadi hamda 20-yanvarga qadar tegishli tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) yuboriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
5. Yarmarkalarni oʻtkazish boʻyicha reja-jadval asosida Markaz tomonidan tegishli mahalliy ijroiya hokimiyati organi bilan birgalikda yarmarka tashkil etilishidan kamida bir oy oldin yarmarkani tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Dasturda yarmarka tashkilotchisi, yarmarka oʻtkaziladigan joyning manzili, yarmarka oʻtkazish sanasi, vaqti, yarmarka ishtirokchilari haqidagi maʼlumot koʻrsatiladi.
2-bob. Yarmarka oʻtkazishni tashkil etish
6. Yarmarka tashkilotchisi yarmarka tashkil etilishidan kamida 15 kun oldin tegishli hududdagi boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlgan tashkilotlar, turli mini texnologiyalarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi (agar mavjud boʻlsa) va boshqa tashkilotlar hamda tijorat banklariga yarmarkada ishtirok etishlari yuzasidan rasmiy xat orqali taklifnoma yuboradi.
7. Yarmarkada qatnashish istagini bildirgan tashkilotlar yarmarka boshlanishidan kamida 5 kun oldin yarmarka tashkilotchisiga tegishlicha boʻsh ish oʻrinlari haqidagi maʼlumotni, mavjud mini texnologiyalar, tijorat krediti turlari shuningdek oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan shaxslarni qiziqtiradigan boshqa maʼlumotlarni taqdim qiladi.
Yarmarka tashkilotchisi taqdim etilgan maʼlumotlarga asosan yarmarkada ishtirok etish istagini bildirgan tashkilotlar boʻyicha ularning faoliyat sohasini koʻrsatgan holda roʻyxat shakllantiradi.
8. Yarmarka oʻtkaziladigan kundan kamida 10 kun oldin yarmarka tashkilotchisi tomonidan ommaviy axborot vositalarida yarmarka oʻtkaziladigan joyning manzili, yarmarka oʻtkaziladigan sana va vaqt hamda murojaat etish uchun telefon raqamlari koʻrsatilgan xabar eʼlon qilinadi.
9. Yarmarkani oʻtkazish bilan bogʻliq barcha tashkiliy masalalarni (yarmarka oʻtkaziladigan binoni tozalash, zarur mebel va boshqa anjomlar bilan jihozlash) hal qilish yarmarka tashkilotchisi zimmasiga yuklatiladi.
10. Yarmarka tashkilotchisi yarmarka oʻtkazilayotgan joyda barcha ishtirokchilar tanishishlari uchun qulay boʻlgan joylarda yarmarkada ishtirok etayotgan tashkilotlar haqidagi maʼlumotlar hamda yarmarkani oʻtkazish reglamenti joylashtirilishini taʼminlaydi.
3-bob. Yarmarkani oʻtkazish
11. Yarmarka tuman (shahar) markazlaridagi tadbirlarni tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan binolarda oʻtkaziladi.
12. Yarmarka soat 9.00 dan 18.00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida oʻtkaziladi. Haftaning yakshanba kunida yarmarka oʻtkazilmaydi.
13. Yarmarka ishtirokchilarining yarmarkaga kirishi — bepul hisoblanadi.
14. Yarmarka oʻtkazish vaqtida yarmarka ishtirokchilariga:
jamoat xavfsizligi, odamlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdiruvchi, yarmarkani tashkil qilish va oʻtkazishning belgilangan tartibini buzuvchi yoki bunday xatti-harakatlarni sodir qilishga undovchi harakatlarni bajarish;
yarmarka oʻtkazilayotgan joyga sovuq, oʻqotar, gazli yoki boshqa qurollar, pirotexnika buyumlari, oʻq-dorilar, oson alangalanadigan va zaharli moddalar, sanchuvchi, kesuvchi va boshqa predmetlarni, shuningdek foydalanilishi odamlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirishi yoki fuqarolar va tashkilotlarga moddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan maxsus tayyorlangan yoki moslashtirilgan predmetlarni olib kirish;
yarmarka oʻtkazilayotgan joyga hayvonlar bilan kelish;
Oldingi tahrirga qarang.
belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan nodavlat notijorat tashkilotlarining emblemalari, ramzlari, bayroqlari va vimpellaridan, shuningdek mazmuni jamiyatning axloqiy asoslarini, umuminsoniy qadriyatlarni buzishga qaratilgan, shuningdek konstitutsiyaviy tuzumni noqonuniy oʻzgartirish yoki Oʻzbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini buzish, urush, zoʻravonlik va shafqatsizlikni targʻib qilish, ijtimoiy, irqiy, millatchilik va diniy adovatni qoʻzgʻatish, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlangan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadidagi emblemalar, ramzlar, bayroqlar, vimpellar, plakatlar, transparantlar va boshqa vositalardan foydalanish;
(14-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
mast holatda yoki giyohvand vositalar, psixotrop yoki boshqa moddalarni isteʼmol qilish oqibatida insonning intellektual-iroda faoliyatiga taʼsir koʻrsatuvchi holatda boʻlish taqiqlanadi.
15. Yarmarka tashkilotchisi tomonidan yarmarka ishtirokchilari (boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlgan tashkilotlar, mini texnologiyalarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi va boshqa tashkilotlar, shuningdek tijorat banklarining vakillari) hisobi yuritiladi.
16. Yarmarkada ishtirok etayotgan tashkilotlar yarmarkada oʻzlarining tarqatma materiallari (flayerlar, bukletlar, bannerlar va boshqalar) bilan ishtirok etishlari mumkin.
17. Markaz yarmarka ishtirokchilariga mehnat qonunchiligi sohasida tegishli maslahatlar berish, ishga joylashishlari uchun yoʻllanmalar rasmiylashtirish hamda mehnat shartnomalari tuzishda amaliy yordam koʻrsatish uchun mutaxassislar ajratilishini taʼminlaydi.
18. Yarmarkada ishtirok etayotgan:
tijorat banklarining vakillari — yarmarka ishtirokchilariga tijorat kreditini ajratish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar va zarur maʼlumotlarni;
boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlgan tashkilotlar — oʻzida mavjud boʻlgan boʻsh ish oʻrinlari haqida, ishning xususiyati va taxminiy oylik maoshi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
mini texnologiyalarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi va boshqa tashkilotlar — biznes loyihalar, lizing orqali berilishi mumkin boʻlgan texnika va asbob uskunalar, ishlab chiqarish sohasining afzalliklari, shuningdek oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan shaxslarni qiziqtiradigan boshqa maʼlumotlarni beradilar.
19. Markaz tomonidan yarmarka ishtirokchilariga Ishsiz va band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish mintaqaviy markazlarida kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish boʻyicha takliflar beriladi.
20. Yarmarkaga keluvchilar yarmarkada oʻzlari uchun maqbul keladigan ish oʻrinlariga ega tashkilotlar bilan mehnat shartnomalarini tuzishi, tijorat banklari bilan kredit olish masalasida hujjatlarni rasmiylashtirishi, shuningdek mini texnologiyalar olish uchun yarmarkada ishtirok etayotgan korxonalar bilan tegishli shartnomalar rasmiylashtirishi mumkin.
4-bob. Yakuniy qoida
21. Ushbu namunaviy reglament Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy banki, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Savdo-sanoat palatasi va Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2017-yil 29-dekabr
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
2017-yil 29-dekabr
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori M. XOLMUXAMEDOV
2017-yil 29-dekabr
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2017-yil 29-dekabr
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2017-yil 29-dekabr
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2018-y., 10/18/2973/0799-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)