Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BOZORLAR FAOLIYATINI TASHKIL ETISHNI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Bozorlarda savdoni tashkil etishni takomillashtirish, xizmat koʻrsatish madaniyatini oshirish va sotuvchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish, bozorlarning moddiy negizini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Bozorlarni tashkil etish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ular faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda:
respublikaning barcha mintaqalarida toʻsatdan nazorat tekshiruvlari oʻtkazish yoʻli bilan bozorlardan mahalliy budjetga tushumlar yigʻimi monitoringini har chorakda oʻtkazsin;
Keyingi tahrirga qarang.
savdo joyi berilganligi va bozorlar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun patta toʻlovi toʻlanganligi toʻgʻrisidagi kvitansiyalarni hisobga olish va ularni berishning yangi tizimini ikki hafta muddatda ishlab chiqsin, belgilangan tartibda tasdiqlasin va 2000-yilning 1-oktabrigacha amalga kiritsin, bunda ularni bir xillashtirish, raqamlash va qatʼiy hisobda turadigan blankalar sifatida hisobini yuritishni nazarda tutsin.
3. Belgilansinki:
bozor boshqaruvi raisi (direktori) patta toʻlovlari toʻliq undirilishi va belgilanadigan prognoz koʻrsatkichlariga muvofiq tegishli mablagʻlarning mahalliy budjet daromadiga oʻtkazilishi uchun shaxsan javob beradi;
Keyingi tahrirga qarang.
mahalliy budjetga daromadlar tushumi prognozi ikki oy davomida ketma-ket bajarilmagan taqdirda bozor boshqaruvi raisi (direktori) qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilgan holda egallab turgan lavozimidan ozod qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
bir oy muddatda bozorlarda Davlat soliq xizmati organlarining tayanch punktlarini tashkil etsin;
bir hafta muddatda tayanch punktlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin, unda inspektorlar soni normativi, ularni har 3 oyda almashtirish, yigʻimlar tushumi toʻliqligi uchun javobgarlik darajasini nazarda tutsin.
Belgilansinki, Davlat soliq xizmatining koʻrsatib oʻtilgan tayanch punktlari shtatiga kirmaydigan mansabdor shaxslarining bozorlar faoliyati ustidan nazorat qilishi taqiqlanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda toʻsatdan oʻtkaziladigan nazorat tekshirishlari bundan mustasno.
5. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari:
bozorlardan mahalliy budjetga tushadigan daromadlarning toʻliqligi;
Keyingi tahrirga qarang.
bozorlar hududida yuridik va jismoniy shaxslarga savdo faoliyatini amalga oshirish uchun va Davlat soliq xizmati organlari xodimlariga nazorat funsiyalarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi uchun javob beradilar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda 2001-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda bozorlarning taʼsis hujjatlari mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bozorlarning faoliyatini va ularni boshqarishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 5-martdagi 82-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari M.Z.Usmonov va R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 12-avgust,
315-son
Bozorlarni tashkil etish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ular faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida bozorlarni tashkil etish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibini, shuningdek bozorlar faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishning asosiy talablari va qoidalarini belgilab beradi.
Mazkur Nizomning amal qilishi isteʼmol tovarlarini chakana sotuvchi yoki ularning mayda ulgurji savdosini amalga oshiruvchi oʻz balansida oʻz savdo faoliyatini amalga oshirish va (yoki) umumiy savdo maydonining alohida jihozlangan savdo seksiyalarini yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berish uchun foydalaniladigan maxsus savdo asbob-uskunalari va isitish tizimi bilan jihozlangan mukammal qurilgan yopiq binolarga ega boʻlgan yuridik shaxslar hisoblanadigan savdo markazlariga joriy qilinmaydi.
I. Asosiy tushunchalar va atamalar
1. Bozor — jismoniy va yuridik shaxslarning savdo faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida ajratilgan yer uchastkalari va savdo rastalari, savdo pavilyonlari, savdo oʻrinlari sifatidagi bozorning boshqa obyektlari bazasida ularning savdo faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish faoliyatining asosiy turi boʻlgan va savdo markaziga qoʻyiladigan talablarga javob bermaydigan yuridik shaxs.
2. Bozorlar savdoni amalga oshirish shakliga qarab chakana va ulgurji bozorlarga boʻlinadi.
Chakana bozor — soʻnggi isteʼmolchilarga naqd pulga tovarlar sotish va xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyat amalga oshiriladigan bozor.
Ulgurji bozor — tovarlar (xizmatlar)dan, qoidaga koʻra, keyinchalik tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida foydalanish uchun ularni turkumlab naqd pulga va naqd pulsiz hisob-kitob qilgan holda sotish bilan bogʻliq savdo faoliyati amalga oshiriladigan bozor.
3. Quyidagilar:
sotuvchilar — oʻz faoliyatini yuridik shaxs boʻlmasdan amalga oshiruvchi tadbirkorlar sifatida roʻyxatdan oʻtgan jismoniy shaxslar, oʻz tomorqa uchastkasida va ijaraga olingan yerlarda yetishtirilgan mahsulotlarni sotuvchi dehqonlar, shuningdek yuridik shaxslar;
xaridorlar — tovarlar va xizmatlarga buyurtma berish yoki sotib olish istagi boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar bozordagi savdo qatnashchilari hisoblanadilar.
II. Bozorlarni tashkil etish tartibi
4. Bozorlar ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlari sifatida tashkil etiladi. Bozorlar aksiyalarining nazorat paketi joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga tegishli boʻlishi kerak.
5. Bozorlarni tashkil etish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining bozorlar tashkil etish uchun yer uchastkalari ajratish toʻgʻrisidagi qarorlariga asosan amalga oshiriladi.
Qarorda bozor qayerda joylashganligi, uning ixtisoslashuvi va turi majburiy tartibda belgilab qoʻyiladi.
6. Tashkil etilayotgan bozorlarning eng kam ustav jamgʻarmasi eng kam oylik ish haqining kamida besh yuz baravarini tashkil etishi kerak.
7. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish paytigacha bozorning ustav jamgʻarmasiga taʼsis hujjatlarida koʻrsatib oʻtilgan ustav jamgʻarmasining kamida 30 foizi qoʻshiladi.
III. Bozorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi
Keyingi tahrirga qarang.
8. Bozorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish aksiyadorlik jamiyatlari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bozorlarning davlat reyestrini olib boradi.
9. Bozorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun muassislar tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) bozorni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida ariza;
b) muassis (muassislar)ning bozorni tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori;
v) taʼsis hujjatlarining asl nusxalari va notarial tartibda tasdiqlangan nusxalari;
g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisidagi qarori;
d) korxona Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining mahalliy organlarida roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
e) roʻyxatdan oʻtkazish paytigacha yuridik shaxs ustav jamgʻarmasining 30 foizi muassislar tomonidan qoʻshilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
j) bozorlar roʻyxatdan oʻtkazilganligi uchun belgilangan miqdorda davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi bank toʻlov hujjati.
10. Bozor zarur hujjatlar ilova qilingan roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza olingan paytdan boshlab 10 kundan kechiktirmay davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Bozorlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uch kun muddatda soliq va statistika organlariga maʼlum qilinadi.
11. Roʻyxatdan oʻtkazilgan bozorga davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi belgilangan shakldagi guvohnoma beriladi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi ishlab turgan bozorlar taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan taqdirda bir hafta muddatda oʻzlarini roʻyxatdan oʻtkazgan organga qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
qayta roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida ariza;
muassislar (muassis)ning taʼsis hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qarori bayonnomasi;
taʼsis hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar matni;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi (nomi yoki tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgargan taqdirda - guvohnomaning asl nusxasi);
ustav jamgʻarmasi oʻzgargan taqdirda shuningdek ustav jamgʻarmasining shakllantirilishi toʻgʻrisidagi hujjat ham taqdim etiladi;
qayta roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun belgilangan miqdorda davlat boji toʻlanganligi haqidagi bank toʻlov hujjati.
Bozorlar qayta roʻyxatdan oʻtkazilganligi uchun roʻyxatdan oʻtkazishga belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Bozorlar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Bozorlar Aksiyadorlik jamiyatlarining yagona davlat reyestridan chiqarilgan paytdan boshlab tugatilgan deb hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng bir yil oʻtgach bozor roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taʼsis hujjatlarida koʻrsatilgan ustav jamgʻarmasini shakllantirish tugaganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma taqdim etishi shart. Ustav jamgʻarmasi shakllantirilmagan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ korxonalarni tugatish boʻyicha maxsus komissiyaga bozorning bundan keyin faoliyat koʻrsatishi maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish uchun taqdimnoma kiritadi.
15. Tumanlar (shaharlar) hokimliklari roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar va nazorat organlari bilan birgalikda bozorlar toʻgʻrisidagi amaldagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
IV. Bozorga qoʻyiladigan asosiy talablar
16. Bozor:
asfaltlangan (mol bozorlaridan tashqari), yaxshi yoritilgan, atrofi oʻralgan savdo maydoniga;
bozor ishi tamomlangandan keyin yopiladigan kirish va chiqish joylariga, bozorning nomi, uning ish rejimi koʻrsatilgan rasmiylashtirilgan peshlavhaga;
jihozlangan va raqamlangan turgʻun va mavsumiy savdo joylariga;
xaridorlarning bozorda erkin yurishiga va savdo joylariga borishiga, sanitariya normalari va yongʻinga qarshi normalarga rioya qilishga, shuningdek, zarur xizmat koʻrsatish madaniyatiga;
sotuvchilar va xaridorlar uchun qulay joyga oʻrnatilgan Bozorda savdo qilish qoidalari, kirish chiptasining qiymati, berilgan savdo joyi uchun haq toʻlash va bozordagi xizmatlar qiymati, bozor direksiyasi, militsiya, tibbiy punkt joylashgan joy, bozorda tekshirishlarni amalga oshiruvchi organlarning roʻyxati, tekshirishlar turi va qoʻllaniladigan jazo jarimalari toʻgʻrisidagi axborot mavjud boʻlgan axborot taxtasiga;
suv quvuri, suv olish shoxobchasi, yuviladigan hojatxonalar, bet-qoʻl yuvgichlar (buyum bozorlarida zaruriyat boʻlganda, jihozlangan kiyim kiyib koʻriladigan xonalar)ga ega boʻlishi kerak.
V. Bozorlarning daromadlari manbalari
17. Quyidagilar:
patta toʻlovlaridan tushumlar;
bozorlarning hududida joylashgan va ular tasarrufidagi yer uchastkalari, binolar va inshootlarni ijaraga berishdan olingan tushumlar;
sotuvchilar va xaridorlarga xizmat koʻrsatishdan olingan daromadlar;
oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa isteʼmol tovarlarini tayyorlash, xarid qilish va sotishdan, shuningdek, boshqa xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bozorlarni, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash dasturi ostida amalga oshiriladigan ixtiyoriy ehsonlar bozorlar daromadlari manbalari hisoblanadi.
Bozorlarning moliyaviy mablagʻlari manbalari ularning oʻz mablagʻlari ham, belgilangan tartibda kredit muassasalaridan olinadigan qarz mablagʻlar ham boʻlishi mumkin.
18. Patta toʻlovi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan stavkalar boʻyicha bozorlarda ulgurji va chakana savdo qiluvchi shaxslardan undiriladi.
19. Sotuvchilar va xaridorlarga xizmatlar koʻrsatilganligi, yer maydonlari, binolar, inshootlar va boshqa mol-mulk yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berilganligi, shuningdek boshqa xoʻjalik faoliyati uchun haq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilaydigan stavkalar boʻyicha Bozorlar direksiyasi tomonidan undiriladi.
Bunda yer uchastkalari uchun ijara haqi miqdori ushbu hududdagi yer soligʻining uch baravari miqdoridan oshmasligi kerak.
20. Mazkur nizomga ilovada koʻrsatib oʻtilgan xizmatlarni faqat bozorlar maʼmuriyati belgilangan tartibda koʻrsatishiga ruxsat beriladi.
VI. Bozorlar daromadlarini taqsimlash
21. Bozorlarning xizmatlar koʻrsatishdan, bozorlar hududidagi yer uchastkalari, binolar va inshootlarni ijaraga berishdan, shuningdek patta toʻlovi undirishdan olinadigan daromadlaridan umumdavlat va mahalliy soliqlar olinmaydi.
Bozorlar daromadi umumiy miqdorining 50 foizi bozor direksiyasi ixtiyorida qoladi va joriy xarajatlarni qoplashga, rekonstruksiya qilishga, obodonlashtirishga, bozor tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga, ularning turlarini kengaytirishga va boshqa maqsadlarga sarflanadi.
Qolgan 50 foizi belgilangan tartibda mahalliy budjetga oʻtkaziladi.
Patta toʻlovi tushumi prognozi bajarilmagan taqdirda budjetga tushmagan mablagʻlar bozorlar ixtiyorida qoladigan ulush hisobiga soliq organlari tomonidan akseptsiz tartibda toʻldiriladi.
22. Bozorlarning mahsulot yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha isteʼmol tovarlari xarid qilish, tayyorlash va sotishni tashkil etish boʻyicha xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlari alohida hisobga olinadi va ularga umumiy belgilangan tartibda soliq solinadi.
VII. Patta toʻlovi undirishni, koʻrsatiladigan xizmatlarga haq toʻlashni tashkil etish
23. Bozor direksiyasi patta toʻlovi undirishning, koʻrsatiladigan majburiy xizmatlar va boshqa xizmatlar uchun haq toʻlashning barcha sotuvchilar uchun qulay, tushunarli shart-sharoitlari yaratilishi uchun javob beradi. Direksiya shundan kelib chiqqan holda quyidagilarni tashkil etishga majburdir:
barcha savdo rastalarida koʻzga koʻrinadigan joyda bozor hududida savdo qilish shartlari yoritilgan plakatlar, tushuntiruvchi jadvallarni patta toʻlovi stavkalari va xizmatlar qiymatlari koʻrsatilgan holda oʻzbek va rus tillarida osib qoʻyish;
tegishli tarzda jihozlangan, shu jumladan, nazorat-kassa apparatlari bilan jihozlangan patta toʻlovi undirish shoxobchalari mavjud boʻlishi, shoxobchalarda hisobga oluvchi xodimlar (kassirlar) doimiy ravishda boʻlishlari kerak. Bunda turgʻun shoxobchalar soni 500 sotuvchiga (savdo oʻrinlariga) 1 shoxobcha hisobidan kelib chiqib belgilanishi kerak;
patta toʻlovi undirish shoxobchalari savdo pavilyonlari yaqinida joylashtirilishi kerak;
patta toʻlovi undiriladigan, koʻrsatiladigan xizmatlar uchun haq toʻlanadigan turgʻun joylarning joylashishini koʻrsatuvchi sotuvchilar va xaridorlar uchun koʻrgazmali belgilar (tablo, plakatlar);
bozorda savdo qilganlik uchun patta toʻlovi undirishning asosiy shartlarini, sotuvchilar va xaridorlarga koʻrsatiladigan xizmatlar turlari va qiymatini radio orqali muntazam ravishda maʼlum qilib borish;
majburiy xizmatlar koʻrsatilganligi uchun patta toʻlovi toʻlashdan bosh tortgan sotuvchilarni aniqlash maqsadida savdo rastalari va boshqa joylar har soatda nazoratchilar tomonidan aylanib chiqilishi;
sotuvchilarga tez va qulay xizmat koʻrsatish, tushadigan daromadlar (tushum)ni toʻliq hisobga olish uchun hisobga oluvchi xodimlar va zarur texnika yetarli miqdorda boʻlishi;
savdo qilish, patta toʻlovi toʻlash tartibini buzuvchi shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan jazolar qoʻllanilishi uchun soliq va huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan tezkor aloqa oʻrnatish.
24. Chekka joylardagi savdo oʻrinlari soni 500dan kam boʻlgan bozorlarda, shuningdek, asosiy bozorlarning mayda filiallarida, istisno tariqasida, patta toʻlovi sotuvchilarga tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtkaziladigan belgilangan namunadagi chek (qatʼiy hisobda turadigan kvitansiyalar) berilgan holda nazorat-kassa apparatlari qoʻllanmagan holda undiriladi.
25. Koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq undirish joylarda hisobga olish xodimlari tomonidan sotuvchilarga nazorat-kassa mashinalari cheki yoki davlat soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan kvitansiyalar berilgan holda amalga oshiriladi.
26. Majburiy tusdagi xizmatlar uchun haq undirish patta toʻlovi undirish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
27. Ijara haqini undirish (yer uchastkasi, inshootlar yoki boshqa mol-mulkni ijaraga olganlik uchun) Bozor direksiyasi bilan ijarachi oʻrtasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladigan ijara shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Ijara haqi har oyda oyning 15-kunigacha ijarachi tomonidan bozorning hisob-kitob raqamiga oʻtkaziladi. Mol-mulk toʻliq boʻlmagan oyga ijaraga olinganda ijara haqi miqdori ijara haqi oylik miqdorini amalda ijaraga olingan kunlar soniga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
28. Patta toʻlovi undirish va undan tushgan tushumlar hisobini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
VIII. Bozorda savdo qilish va xizmatlar koʻrsatish qoidalari
29. Bozorlarda yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar tomonidan isteʼmol tovarlari bilan chakana savdo qilish va xizmatlar koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining chakana bozorlari hududida jismoniy shaxslarning savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 2-avgustdagi 373-son qarori bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
30. Toshkent shahridagi “Otchopar buyum bozori” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati bozori hududida chakana savdo qilish va xizmatlar koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahar “Otchopar buyum bozori” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati hududida jismoniy shaxslarning savdo faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisida” 1998-yil 18-maydagi 218-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
31. Ulgurji bozorlarda ulgurji va mayda ulgurji sotish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tovarlarni chakana savdo shoxobchalaridan, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlarga mayda ulgurji sotish tartibini hamda tovarlarni ulgurji bozorlarda, ulgurji-savdo komplekslarida va savdo markazlarida ulgurji va mayda ulgurji sotish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1999-yil 28-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Ulgurji qishloq xoʻjalik bozori hududida savdo qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish va sotish boʻyicha ulgurji bozorlar tizimini shakllantirish va rivojlantirish toʻgʻrisida” 1998-yil 26-oktabrdagi 452-son qarori bilan belgilanadi.
IX. Sotuvchilar va bozor maʼmuriyatining huquq va majburiyatlari
33. Sotuvchi:
bozor maʼmuriyatidan ishlash uchun tegishli shart-sharoitlar taʼminlanishini talab qilish;
nazorat organlari tomonidan uning faoliyati tekshirilayotganda bozor maʼmuriyati xodimlarini taklif etish;
bozor faoliyatini yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish huquqiga egadir.
34. Sotuvchi:
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida yonida oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni va patta toʻlovi toʻlanganligi toʻgʻrisida chekni olib yurishga;
mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibga rioya qilishga;
faqat bozor maʼmuriyati tomonidan ajratilgan joylarda savdo qilishga;
savdo qilish joylarini toza va tartibli saqlashga;
bozor maʼmuriyati va nazorat qiluvchi davlat organlarining talablarini bajarishga majburdir.
35. Bozor maʼmuriyati:
savdo joylari mavjud boʻlganda sotuvchilarni ular bilan taʼminlashga;
sotuvchilarni tegishli standart talablariga muvofiq keluvchi nazorat-oʻlchov priborlari bilan taʼminlashga;
militsiya organlari bilan birgalikda bozor hududida xavfsizlik va jamoat tartibi saqlanishini taʼminlashga;
tegishli organlar bilan birgalikda bozor hududida sanitariya qoidalariga va yongʻinga qarshi qoidalarga rioya qilinishini taʼminlashga;
tibbiy punkt va militsiya posti faoliyat koʻrsatishini tashkil etishga;
savdo va xizmat koʻrsatish madaniyati darajasini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida bozorni obodonlashtirish va rekonstruksiya qilishga;
sotuvchilar tomonidan mazkur nizomda nazarda tutilgan tartibga, sanitariya qoidalariga va yongʻinga qarshi xavfsizlik qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazorat oʻrnatishga;
bozorlar faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlar talablarini bajarishga majburdir.
36. Bozor maʼmuriyati:
nazorat organlari vakillari bozorlarda oʻz funksiyalarini amalga oshirayotganda ularga hamrohlik qilish;
sotuvchilar tomonidan savdo qilishning mazkur qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish;
savdo oʻrinlari berish uchun sotuvchilar bilan ijara shartnomalari tuzish;
dehqon bozorlarida dehqonlardan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini keyinchalik bozorda savdo tarmogʻi orqali sotish maqsadida xarid qilishni, shu jumladan fyuchers asosida xarid qilishni amalga oshirish;
bozor ishini tashkil etishni yaxshilash va bozorni rivojlantirish yuzasidan tuman (shahar) hokimligi koʻrib chiqishi uchun takliflar kiritish;
mazkur Nizom tartiblari bir necha marta buzilganligi uchun sotuvchilarni bozordagi savdo oʻrnini ijaraga olish huquqidan mahrum etish huquqiga egadir.
X. Sotuvchilar va bozor maʼmuriyatining javobgarligi
37. Mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartib buzilganligi uchun sotuvchilar qonunda belgilangan tartibda javob beradilar.
38. Bozor maʼmuriyati nomidan direktor mazkur Nizom bandlari bajarilmaganligi uchun ijaraga olish shartnomalari va kontraktlarini bekor qilinishgacha intizomiy javobgarlikka, yoxud qonun bilan belgilangan boshqa javobgarlikka tortiladi.
39. Bozor boshqaruvi raisi (direktori) patta toʻlovlari toʻliq undirilishi va belgilanadigan prognoz koʻrsatkichlariga muvofiq tegishli mablagʻlarning mahalliy budjet daromadiga oʻtkazilishi uchun shaxsan javob beradi.
Mahalliy budjetga daromadlar tushumi prognozi ikki oy davomida ketma-ket bajarilmagan taqdirda bozor boshqaruvi raisi (direktori) qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilgan holda egallab turgan lavozimidan ozod qilinadi.
XI. Mazkur Nizomga rioya qilinishi ustidan nazorat oʻrnatish
40. Mazkur Nizomga rioya qilinishi ustidan nazorat oʻrnatish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuklanadi.
Bozorlarni tashkil etish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ular faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga
ILOVA
ILOVA
Faqat bozorlar maʼmuriyati koʻrsatishiga ruxsat etilgan xizmatlar
ROʻYXATI
1. Tarozilar va boshqa oʻlchov priborlarini ijaraga berish boʻyicha xizmatlar.*
2. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazish boʻyicha xizmatlar (vakolatli organ bilan maʼmuriyat tomonidan tuzilgan shartnoma asosida).
3. Sotuvchilar va xaridorlarning tovar-moddiy boyliklarini masʼuliyatli saqlash boʻyicha xizmatlar (bozorlar hududidagi omonat saqlash joylari)*
* Koʻrsatib oʻtilgan xizmatlarni koʻrsatish uchun chetdan yuridik va jismoniy shaxslarni jalb qilish taqiqlanadi.
4. Bozorlar hududida yuklarni transportda tashish boʻyicha xizmatlar bozor maʼmuriyati ijaraga beradigan aravachalarda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritiladigan
OʻZGARTIRISHLAR
Hukumat qaroriga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 2-avgustdagi 373-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan chakana bozorlar, savdo markazlari va komplekslarida jismoniy shaxslar tomonidan chakana savdo qilish va xizmatlar koʻrsatish Tartibi 23.1-bandidagi va 23.2-bandining toʻrtinchi xatboshidagi “ichki ishlar organlari” soʻzlari “davlat soliq xizmati organlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.