Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-iyuldagi 418-sonli “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarining soddalashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini roʻyxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan oʻtkazishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-noyabrdagi PF-5215-son Farmoni ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini roʻyxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan oʻtkazishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-noyabrdagi PF-5215-son Farmoni asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti 2017-yilning 10-noyabridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoniga 1-ilovaga kiritilgan maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash ishlarini amalga oshirayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun ilgari berilgan litsenziyalar ularning muddati tugagungacha amal qiladi.
4. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi N.S. Otajonov zimmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-dekabr,
959-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 959-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish tartibini belgilaydi.
2. Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziyalar ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini roʻyxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan oʻtkazishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-noyabrdagi PF-5215-son Farmoniga 1-ilovada roʻyxati tasdiqlangan maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish litsenziyalanadi.
4. Litsenziyalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish nazarda tutilgan tegishli hujjatlari yoki qarorlari asosida maxsus turdagi tovarlarni yetkazib berish boʻyicha tuzilgan shartnomalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan, ammo bir yildan oshmaydigan muddatga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda beriladi.
Litsenziya berish, uning amal qilishini toʻxtatib turish yoki toʻxtatish, shuningdek, litsenziyani bekor qilish va qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksportni qoʻllab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyati (keyingi oʻrinlarda vakolatli organ deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-iyundagi 411-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksportni qoʻllab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyati (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb ataladi) litsenziyalarni rasmiylashtirish, qayta rasmiylashtirish va berish, litsenziyalar reyestrini yuritishni amalga oshiradi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-iyundagi 411-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son)
6. Litsenziyani va litsenziya boʻyicha huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
2-bob. Ruxsat berish talablari va shartlari
7. Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilishda quyidagilar ruxsat berish talablari hamda shartlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga albatta rioya etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish nazarda tutilgan tegishli hujjati yoki qarorining mavjud boʻlishi.
3-bob. Litsenziya olish uchun zarur hujjatlar
8. Ariza beruvchi litsenziya olish uchun vakolatli organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
litsenziya berish toʻgʻrisida quyidagilar koʻrsatilgan ariza: ariza beruvchi — yuridik shaxsning nomi, joylashgan joyi (pochta manzili) va tashkiliy-huquqiy shakli; ariza beruvchi — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari, ariza beruvchi amalga oshirishni moʻljallayotgan faoliyat turi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish nazarda tutilgan tegishli hujjati yoki qarorining nusxasi;
tuzilgan hamda xaridor va sotuvchi imzolagan shartnomaning nusxasi.
9. Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizada ariza beruvchining elektron manzili ham koʻrsatilishi mumkin. Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizada ariza beruvchi elektron manzilining koʻrsatilishi uning arizasi boʻyicha qaror qabul qilingani haqidagi bildirish xatini elektron axborot tizimi orqali olishga rozi ekanini bildiradi.
10. Vakolatli organ litsenziya berish uchun boshqa vakolatli organlardagi zarur hujjatlar va axborotni, jumladan, elektron axborot almashinuvi tizimi orqali belgilangan tartibda mustaqil oladi. ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlar va axborot bundan mustasno.
11. Ariza beruvchidan ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Ariza beruvchi litsenziya olish uchun zarur hujjatlarni ularning olingani toʻgʻrisidagi bildirish xatini olish orqali vakolatli organga bevosita pochta aloqa vositalari yoki elektron shaklda taqdim etadi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar ariza beruvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
13. Litsenziya olish uchun vakolatli organga taqdim etilgan hujjatlar roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi va ushbu roʻyxat vakolatli organ hujjatlarni qabul qilgan sana belgisi qoʻyilgan holda zudlik bilan ariza beruvchiga taqdim etiladi (yuboriladi).
Vakolatli organ ariza beruvchi taqdim etgan hujjatlarni koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida tegishli xulosa tayyorlash uchun ish organga yuboradi.
14. Ariza beruvchi litsenziya olish uchun taqdim etgan zarur hujjatlar vakolatli organ ularning aksini tasdiqlamagunicha barcha holatlarda ishonchli hisoblanadi.
15. Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik ariza beruvchining zimmasida boʻladi.
4-bob. Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish haqida qaror qabul qilish
16. Ishchi organ ariza olingan kundan boshlab, besh ish kunidan oshmaydigan muddatda arizani koʻrib chiqadi, litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish haqida tegishli xulosa tayyorlaydi.
17. Vakolatli organ ishchi organ xulosasini koʻrib chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini va yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbari, shuningdek zarur boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri bilan kelishgan holda ishchi organdan xulosa olingan kundan boshlab, toʻrt ish kunidan oshmaydigan muddatda litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
18. Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
19. Quyidagilar litsenziya berish haqida qaror qabul qilish uchun asos hisoblanadi:
ushbu Nizomning 8-bandida qayd etilgan zarur hujjatlar boʻlishi;
taqdim etilgan hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish nazarda tutilgan tegishli hujjati yoki qarorida koʻrsatilgan maʼlumotlarga mos kelishi.
20. Litsenziyalar maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi va vakolatli organ mudiri tomonidan imzolanadi.
Litsenziya berish uchun yigʻim undirilmaydi.
21. Ishchi organ tegishli qaror qabul qilingan sanadan boshlab bir ish kunidan kechiktirmasdan, ariza beruvchiga litsenziya berishi (yuborishi) yoki uni litsenziya berish rad etilgani haqida jumladan, elektron axborot tizimi orqali yozma ravishda xabardor qilishi shart.
Agar ishchi organ arizani koʻrib chiqish, litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish muddati davomida ariza beruvchiga litsenziya bermasa yoxud uni litsenziya berish rad etilgani haqida xabardor qilmasa, ariza beruvchi ushbu Nizomda belgilangan muddatlar tugagandan soʻng vakolatli organni yozma ravishda xabardor qilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorida nazarda tutilgan maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish huquqiga ega.
Ishchi organ ariza beruvchining yozma bildirish xatini olingan sanadan boshlab besh ish kuni davomida unga litsenziya berishi lozim. Litsenziya olingunga qadar taqdim etilgan hujjatlarning ular qabul qilingan sana belgisi qoʻyilgan roʻyxati va ariza beruvchi tomonidan vakolatli organga yuborilgan yozma bildirish xati litsenziyaga tenglashtiriladi va maxsus turdagi tovarlarni eksport hamda import qilish uchun asos hisoblanadi. Bunda ariza beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorida qayd etilgan maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilgani uchun javobgarlikka tortilmaydi.
22. Quyidagilar litsenziya berishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
ariza beruvchi ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni toʻliq hajmda taqdim etmasa;
ariza beruvchi ruxsat berish talablari va shartlariga mos kelmasa;
ariza beruvchi taqdim etgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar boʻlsa.
23. Ushbu Nizomning 22-bandida koʻrsatilmagan boshqa sabablar, shu jumladan muvofiqsizlik sabablari tufayli litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
24. Litsenziya berish rad etilgani haqidagi bildirish xati ariza beruvchiga yozma shaklda, shu jumladan elektron axborot tizimi orqali rad etish sabablari, qonun hujjatlarining aniq normalari va ariza beruvchi qayd etilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni qayta koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda topshiriladi (yuboriladi).
Ariza beruvchi rad etish sabablarini bartaraf etib, hujjatlarni qayta koʻrib chiqish uchun taqdim etish huquqiga ega boʻladigan muddat litsenziya berish rad etilgani haqida yozma yoki elektron bildirish xati olingan sanadan boshlab oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
25. Litsenziya berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar ariza beruvchi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etilganda, vakolatli organ rad etish sabablari bartaraf etilgani haqidagi ariza va ular bartaraf etilganini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni olingan sanadan boshlab, besh ish kunidan oshmaydigan muddatda hujjatlarni qayta koʻrib chiqadi, litsenziya beradi yoki litsenziya berishni rad etadi.
Arizani qayta koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
26. Arizani qayta koʻrib chiqishda vakolatli organ tomonidan litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirish xatida avval qayd etilmagan sabablarni keltirishiga yoʻl qoʻyilmaydi, avval koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bogʻliq rad etish sabablari bundan mustasno.
27. Ariza beruvchi tomonidan litsenziya berishni rad etish haqidagi bildirish xatida koʻrsatilgan muddat tugagandan soʻng taqdim etilgan ariza qayta taqdim etilgan deb hisoblanadi va vakolatli organ ushbu arizani umumiy asoslarda koʻrib chiqadi.
28. Ariza beruvchi litsenziya berish rad etilgani, shuningdek, vakolatli organ mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
5-bob. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikatini berish
29. Shartnomaning asosiy shartlari oʻzgartirilganda (xaridor va (yoki) sotuvchi, narxlar, yetkazib berish muddatlari, toʻlov turlari oʻzgartirilganda, yangi turdagi tovar qoʻshilganda), berilgan litsenziyalar tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziat arizasiga muvofiq qayta rasmiylashtiriladi.
30. Litsenziat — yuridik shaxs qayta tashkil etilganda, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgarganda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta rasmiylashtirishdan oʻtgandan soʻng yetti ish kuni davomida vakolatli organga qayd etilgan maʼlumotlarni tasdiqlaydigan hujjatlarni ilova qilgan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish haqida ariza taqdim etishi shart.
Litsenziat — jismoniy shaxsning unga davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani haqida berilgan guvohnomada koʻrsatilgan familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat koʻrsatish joyi oʻzgargan taqdirda, ariza beruvchi qayta rasmiylashtirishdan oʻtgandan soʻng yetti ish kuni davomida vakolatli organga qayd etilgan maʼlumotlarni tasdiqlaydigan hujjatlarni ilova qilgan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza taqdim etishi shart.
31. Yangi tashkil etilgan yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanada bir xil maxsus turdagi tovarlarni eksport yoki import qilish litsenziyasiga ega boʻlgan litsenziatlar — yuridik shaxslar qoʻshilgan taqdirda, litsenziyani ushbu Nizomning 30-bandi birinchi xatboshida belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
32. Litsenziat hujjatlarni ularning olingani toʻgʻrisidagi bildirish xatini olish orqali vakolatli organga bevosita pochta aloqasi vositalari yoki elektron shaklda taqdim etadi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar litsenziatning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
33. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza taqdim etgan litsenziat yoki uning huquqiy vorisi (merosxoʻri) litsenziya qayta rasmiylashtirilgunicha, litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida taqdim etilgan hamda vakolatli organning arizani qabul qilgan sanasi qayd etilgan ariza asosida maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qiladi.
Ishchi organ litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziya litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida tegishli hujjatlar ilova qilingan ariza olingan sanadan boshlab uch ish kuni davomida qayta rasmiylashtiriladi va beriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun yigʻim undirilmaydi.
34. Litsenziyaning amal qilish muddati litsenziat arizasiga asosan uzaytiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish haqidagi ariza vakolatli organga ushbu hujjat amal qilish muddati tugagunicha taqdim etilishi zarur.
Litsenziyaning amal qilish muddati litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda uzaytiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish uchun yigʻim undirilmaydi.
35. Litsenziya yoʻqolganda yoki yaroqsiz holga kelganda, litsenziat arizasiga koʻra uning dublikati beriladi.
Ishchi organ litsenziya yaroqsiz holga kelgan taqdirda, litsenziyaning dublikati yoki asl nusxasini berish toʻgʻrisidagi ariza olingan sanadan boshlab uch ish kunidan oshmaydigan muddatda uning dublikatini berishi (yuborishi) shart.
Litsenziya dublikatini berish uchun yigʻim undirilmaydi.
6-bob. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va uni bekor qilish
36. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va uni bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22, 23 va 25-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Amal qilishi toʻxtatib turilgan yoki toʻxtatilgan va bekor qilingan litsenziya toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishchi organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga zarur choralar koʻrish uchun vakolatli organ tegishli qaror qabul qilgan sanadan boshlab bir ish kunidan kechiktirmasdan yuboriladi.
37. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan sud tartibida murojaat qilish mumkin.
7-bob. Litsenziyalar reyestri
38. Ishchi organ berilgan litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Berilgan litsenziyalar reyestrida quyidagilar koʻrsatiladi:
ariza beruvchi — yuridik shaxsning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), telefon raqami;
ariza beruvchi — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport maʼlumotlari, pochta manzili, telefon raqami;
litsenziyani berish asoslari va sanasi, uning tartib raqami;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziya beriladigan eksport, import shartnomasining tafsilotlari — shartnoma raqami va sanasi, maxsus turdagi eksport, import tovarlar nomi, shartnoma qiymati, eksport qilinadigan mamlakat;
litsenziyani qayta rasmiylashtirishning asoslari va sanasi, uning amal qilish muddati uzaytirilishi va uning amal qilishining qayta tiklanishi;
litsenziyaning amal qilish muddatini toʻxtatish asoslari va sanasi;
litsenziyani bekor qilishning asoslari va sanasi;
litsenziya dublikatini berish asoslari va sanasi.
8-bob. Tovarlarni olib oʻtish tartibi
39. Maxsus turdagi tovarlar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan litsenziya olingandan soʻng olib oʻtiladi.
Ariza beruvchida litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingunicha tuzilgan shartnomaning borligi litsenziya berish va tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish yoki Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish uchun asos boʻla olmaydi.
Olingan litsenziyaning nusxasi bojxona yuk deklaratsiyasiga ilova qilinadi va maxsus turdagi litsenziyalangan tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish
SXEMASI
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-iyundagi 411-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son)
Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun
litsenziya
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-iyundagi 411-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/959/0354-son; 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son)