Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qonun hujjatlarini turkumlashni takomillashtirish va huquqiy axborotlarni tarqatishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-dekabrdagi 1013-sonli ““Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholining huquqiy madaniyatini oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarning meʼyoriy-huquqiy hujjatlardan keng foydalanishini taʼminlash, jamiyatni huquqiy axborotlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish va amaldagi qonun hujjatlarini bosqichma-bosqich turkumlashni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2000-yil 1-sentabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining barcha meʼyoriy-huquqiy hujjatlari davlat hisobi joriy etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarining davlat hisobini yuritish funksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarining davlat hisobi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
3. Meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tarqatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi va “Matbuot tarqatuvchi” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining hujjatlar tushishiga qarab, davriy ravishda, qoidaga koʻra, bir haftada bir marta nashr etilishini, shuningdek, ularning ochiq obuna yoʻli bilan tarqatilishini taʼminlasin.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlarining turkumlangan yagona elektron bazasi)ning shakllantirilishi va ishlashini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Pochta va telekommunikatsiyalar agentligi hamda “UzPAK” maʼlumotlarni uzatish davlat tarmogʻini rivojlantirish va undan foydalanish korxonasi bilan birgalikda 2000-yil 1-noyabrgacha Adliya vazirligi markaziy apparatining mahalliy kompyuter tarmogʻini ishga tushirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi bilan birgalikda 2000-2001-yillar mobaynida Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasini shakllantirishga doir ishlarni amalga oshirsin, shuningdek tender asosida tegishli axborot-qidirish tizimini ishlab chiqsin va joriy etsin.
5. Oʻzbekiston Pochta va telekommunikatsiyalar agentligi hamda “UzPAK” maʼlumotlarni uzatish davlat tarmogʻini rivojlantirish va undan foydalanish korxonasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda vazirlik meʼyoriy-huquqiy hujjatlar matnlarini elektron pochta tizimi orqali tegishli organlardan olishini 2000-yil 1-sentabrgacha tashkil etsinlar;
yaratilayotgan maʼlumotlar elektron bazasidan davlat hokimiyati respublika va mahalliy organlari, boshqa bazadan foydalanuvchilarning tarmoq orqali foydalana olishlarini 2000-yil 1-noyabrgacha taʼminlashda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yordam koʻrsatsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining:
Adliya vazirligining Meʼyoriy hujjatlarni hisobga olish va turkumlash boʻlimi negizida Vazirlik markaziy apparati xodimlarining mavjud soni doirasida Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi;
Adliya vazirligining Axborot-yuridik markazini Adliya vazirligi huzuridagi xoʻjalik hisobidagi Huquqiy axborot bilan taʼminlash markaziga aylantirish, mavjud shtatlarni Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasiga berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda Huquqiy axborot bilan taʼminlash markazi ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, uning faoliyatiga doir tashkiliy masalalarni hal etsin.
7. Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni nashr etish, Qonun hujjatlari milliy bazasini shakllantirish va mahalliy hisoblash tarmogʻini barpo etish uchun zarur materiallar va asbob-anjomlar sotib olish, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan taʼminlash markazi faoliyatini tashkil etish uchun grant mablagʻlarini jalb qilish toʻgʻrisidagi masalani xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan ishlab chiqsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan taʼminlash markazi olib kelinayotgan asbob-uskunalar va materiallardan daromad (foyda) soligʻi, mol-mulk soligʻi va bojxona toʻlovlari (bojxonada rasmiylashtirilganligi uchun olinadigan toʻlovlar bundan mustasno) toʻlashdan, boʻshab qolgan mablagʻlar Markazning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga, mahalliy hisoblash tarmogʻi va Qonun hujjatlari milliy bazasini barpo etishga yoʻnaltirgan holda, istisno tariqasida uch yil muddatga ozod qilinsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 5-avgust,
304-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-avgustdagi 304-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tarqatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining meʼyoriy-huquqiy hujjatlarini tarqatishning asosiy shartlarini belgilaydi.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
Normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy va norasmiy nashrlarda, shu jumladan maʼlumotlarning elektron bazalari orqali, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlarida ularni eʼlon qilish yoʻli bilan tarqatiladi, maxfiy tusga ega boʻlgan yoki eʼlon qilinmaydigan hujjatlar matnlari bundan mustasno.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-iyuldagi 183-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 28-son, 341-modda)
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilanadigan rasmiy matbuot nashrlarida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining nashr etilishi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining rasmiy nashrlari hisoblanadi.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
2. “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasiga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi”, “Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari toʻplami”, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalar hisoblanadi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami”, “Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari toʻplami”, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalar hisoblanadi;
“Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari toʻplami”, shuningdek vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning rasmiy nashrlari vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manbalar hisoblanadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy nashrlari ushbu organlarning qarorlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalar hisoblanadi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi”, “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami”, “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining rasmiy davriy nashrlari hisoblanadi.
Ushbu bandda nazarda tutilmagan normativ-huquqiy hujjatlarning nashrlari normativ-huquqiy hujjatlarning norasmiy nashrlari hisoblanadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
21. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taʼsis etilgan taʼsis hujjatlarida ularda koʻrsatib oʻtilgan organlar tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni rasman eʼlon qilish nazarda tutilgan ommaviy axborot vositalari ularning rasmiy nashrlari hisoblanadi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari toʻplami”da rasman eʼlon qilingunga qadar oʻzlarining rasmiy nashrlarida eʼlon qilgan taqdirda bu haqda eʼlon qilingan kundan kechikmay, rasmiy nashr rekvizitlarini koʻrsatgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga maʼlum qiladilar.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomalarida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va uning Kengashlarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari eʼlon qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplamida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari eʼlon qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari toʻplami besh boʻlimdan iborat boʻlib, ularda quyidagilar eʼlon qilinadi:
birinchi boʻlimda — Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
ikkinchi boʻlimda — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari;
uchinchi boʻlimda — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
toʻrtinchi boʻlimda — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qarorlari;
beshinchi boʻlimda — idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar.
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari toʻplamini nashr etishni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining rasmiy davriy nashrlarida eʼlon qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar izchil ravishda xronologik tartibda joylashtiriladi va tegishli tartib raqamlariga ega boʻlgan moddalarga joylashtiriladi.
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamida ularning tartib raqamlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanaga muvofiq izchil ravishda xronologik tartibda joylashtiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarga ilovalar hujjatlarning oʻzi joylashtirilgan moddalarga joylashtiriladi.
5. Rasmiy nashrlarda eʼlon qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar ushbu hujjatni qabul qilingan organ tomonidan rasman yuborilgan normativ-huquqiy hujjat matniga muvofiq boʻlishi kerak.
6. Hajmi katta boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar matnlari rasmiy davriy nashrlarga kiritilmasligi mumkin. Bunda ular ularni qabul qilgan organlar tomonidan alohida nashr shaklida eʼlon qilinishi kerak.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami har oyda nashr etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, qoidaga koʻra, haftada bir marta, oʻzbek va rus tillarida nashr etiladi va ochiq obuna boʻlish yoʻli bilan tarqatiladi.
8. Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar;
mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari matnlari kiritiladi.
Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasiga sudlarning qarorlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar matnlari ham kiritilishi mumkin.
9. Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi hujjatning tushishiga va ishlanishiga qarab, biroq u rasman eʼlon qilingandan keyin bir haftadan kechikmay yangilanadi.
(3 — 9-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasidan foydalanish Internet tarmogʻi orqali tekin amalga oshiriladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 340-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 576-modda)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasining izlash tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan Qonunchilik tarmoqlari umumhuquqiy klassifikatori asosida, qonunchilikning mavzuli maʼlumotnomasi va alifbo-predmetli koʻrsatkich, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar rekvizitlari boʻyicha shakllantiriladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
12. Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida qoʻllangan qonunchilik klassifikatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida qonun hujjatlarini turkumlashda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik tarmoqlari umumhuquqiy klassifikatorini tijorat maqsadlari uchun maʼlumotlarning turkumlangan bazasida qoʻllashda etalon hisoblanadi.
13. Rasmiy davriy nashrlarning oʻz vaqtida nashr etilishini taʼminlash va Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasini toʻldirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati apparatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Apparati tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan kundan boshlab bir kun mobaynida ularning matnlarini qogʻoz va elektron matnlarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga joʻnatadilar. Bunda normativ-huquqiy hujjatlarning elektron matnlari elektron pochta orqali joʻnatilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlarning kelib tushgan matnlaridan ularning davlat hisobini yuritish uchun ham foydalaniladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
14. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining oʻz vaqtida nashr etilishini taʼminlash, shuningdek, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasini toʻldirish uchun tegishli organlar oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazishda vazirlikka ushbu hujjatlarning elektron matnlarini elektron matnlarda yoki elektron pochta tizimi orqali taqdim etadilar.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
15. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, kodekslar, normativ-huquqiy hujjatlar toʻplamlarini nashr etishni tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasini tashkil etish va uning ishlashiga umumiy rahbarlik Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasini shakllantirish va doimiy ravishda yangilab borish, maʼlumotlar bazasini qoʻllab-quvvatlash, maʼlumotlar elektron bazasidan foydalanishni taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan taʼminlash markazi tomonidan amalga oshiriladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
16. Meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishning rasmiy manbalaridan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari oʻzlariga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida ularni qoʻllashda majburiy ravishda foydalanadilar. Bunda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning oʻz markaziy apparatlariga, tarkibiy va hududiy boʻlinmalariga oʻz vaqtida kelib tushishini, shuningdek meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning turkumlashtirilgan hisobi yuritilishini taʼminlashga majburdirlar.
161. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari normativ-huquqiy hujjat rasmiy eʼlon qilingan kundan soʻng ikki kundan kechikmay ularning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinishi shart.
(161-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-iyuldagi 183-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 28-son, 341-modda)
17. Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy nashr etish, shuningdek, yaratilayotgan qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi barcha organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy nashrlarda eʼlon qilishga, shuningdek ularni qonunchilik maʼlumotlari elektron bazalari orqali tarqatishga ular eʼlon qilingan barcha rekvizitlar, rasmiy nashrlar va ularning kuchga kirish sanasi majburiy koʻrsatilgan holda normativ-huquqiy hujjat rasmiy manbalarda eʼlon qilinganidan keyin yoʻl qoʻyiladi. Bunda rasmiy nashrlarda eʼlon qilingan normativ-huquqiy hujjat matnining aniq takrorlanishi taʼminlanishi kerak.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)
18. Norasmiy nashrlarda, shuningdek qonunchilik maʼlumotlari elektron bazalarida normativ-huquqiy hujjatlarning boshqa tillarga norasmiy tarjimalari eʼlon qilinishi mumkin. Ushbu tarjimalarga norasmiy tarjima toʻgʻrisidagi belgi qoʻyilishi kerak.
19. Agar normativ-huquqiy hujjatni rasmiy nashrlarda eʼlon qilishda uning matnida normativ-huquqiy hujjat rasmiy tarqatilishiga taqqoslaganda xatolarga, matbaa xatosiga, boshqa noaniqlarga yoʻl qoʻyilgan taqdirda, ular aniqlangandan keyin nashrning eng yaqindagi sonida tegishli tuzatishlar eʼlon qilinadi.
Agar kodekslar va qonun hujjatlari toʻplamlarining rasmiy nashrlarida normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinishining rasmiy manbai bilan taqqoslaganda xatolarga, matbaa xatolariga, boshqa noaniqliklarga yoʻl qoʻyilgan taqdirda noshir ular aniqlangan kundan boshlab 30 kalendar kundan ortiq boʻlmagan muddatda respublika davriy nashrlarida (gazetalar, jurnallar va shu kabilarda) tegishli tuzatishlar eʼlon qilinadi.
20. Agar norasmiy nashrlarda (gazetalar, jurnallar va shu kabilarda) normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinishining rasmiy manbai bilan taqqoslaganda xatolarga, matbaa xatolariga, boshqa noaniqliklarga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, noshir ular aniqlangan kundan boshlab 30 kalendar kundan ortiq boʻlmagan muddatda respublika davriy nashrlarida (gazetalar, jurnallar va shu kabilarda) yoki norasmiy nashrning navbatdagi sonini eʼlon qilishda (chiqarishda) tegishli tuzatishlar eʼlon qilinadi.
21. Agar qonunchilik maʼlumotlari elektron bazalarida normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinishining rasmiy manbai bilan taqqoslaganda xatolarga, matbaa xatolariga, boshqa noaniqliklarga yoʻl qoʻyilgan taqdirda, ular darhol bartaraf etilishi kerak.
(18 — 21-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 323-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 650-modda)