O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Yoqilg‘i-energetika resurslari hamda boshqa yuqori likvidli mahsulotlar bilan ta’minlash borasida raqobat muhitini takomillashtirish, suiiste’molchiliklar va talon-torojliklar sharoitini tugatish, to‘lov intizomini mustahkamlash, debitorlik va kreditorlik qarzlarini kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
Tovarlar va xizmatlar bozorlarida samarali raqobat muhitini yaratish hamda monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish, taqsimlash tizimi elementlarini tugatish, xo‘jalik yurituvchi barcha subyektlarning moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlanishida teng shart-sharoitlarni vujudga keltirish, yoqilg‘i-energetika resurslari hamda yuqori likvidli mahsulotlar bilan ta’minlash sohasida suiiste’molchiliklar va talon-torojliklarning oldini olish, tag-tomiri bilan tugatish hamda ularni profilaktika qilish, debitorlik va kreditorlik qarzlarini kamaytirish, shuningdek, valyuta siyosatini liberallashtirish sharoitida qishloq xo‘jaligi va sanoat bazaviy tarmoqlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:
a) 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab davlat organlari, tashkilotlari va hukumat komissiyalarining mahsulot, xom ashyo va materiallarning chegaralangan narxlari darajasini, ularni taqsimlash hajmlari va dislokatsiyasini tasdiqlash bo‘yicha ushbu qaror qoidalariga mos kelmaydigan vakolatlarini bekor qilish to‘g‘risidagi (Vazirlar Mahkamasi tomonidan ro‘yxati belgilanadigan ijtimoiy ahamiyatdagi mahsulotlar va ularning strategik turlari bundan mustasno);
Oldingi tahrirga qarang.
b) monopolist korxonalar va (yoki) ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar yoki ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotiladigan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlar, xomashyo va materiallarning ro‘yxatini ilovaga muvofiq tasdiqlash to‘g‘risidagi;
(1-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 11-sentabrdagi PF-139-sonli Farmoni tahririda)
v) 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab mahsulotning ayrim turlari, xom ashyo va materiallarni ishlab chiqarish va iste’mol qilishning qisqa muddatli hamda o‘rta muddatli prognozlarini tahlil qilish va shakllantirish maqsadidagina ular bo‘yicha tasdiqlanadigan yiriklashtirilgan moddiy balanslarni shakllantirishga o‘tish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda bozor narxlarida neft mahsulotlari va boshqa yuqori likvidli mahsulot turlari, xom ashyo va materiallarning moddiy balanslariga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlari va aholining talab-ehtiyojlarini uzluksiz hamda o‘z vaqtida qondirishni ta’minlash, shuningdek, butun respublika bo‘yicha ular taqchilligining oldini olish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tegishli komplekslari, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini belgilovchi hukumat qarorini qabul qilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2017-yilning oxiriga kadar “O‘zneftmahsulot” AJning neftni qayta ishlash zavodlariga 2,0 trillion so‘m miqdorida foizsiz budjet ssudalari, shulardan 600 milliard so‘mi uglevodorod xom ashyosi va tayyor neft mahsulotlarini import qilishga maqsadli yo‘naltirilgan holda uch kun mobaynida ajratib berilishini ta’minlasin;
Toshkent shahrida transport tashuvlarining tariflari keskin o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida 2017-2018-yillarda “Toshshahartransxizmat” AJga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratilishini ta’minlasin;
neft mahsulotlariga bozor narxlari belgilanishiga o‘tilishi munosabati bilan 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining tegishli moddalarini va Investitsiya dasturi parametrlarini oshirsin;
Oldingi tahrirga qarang.
2018-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti va rivojlanish davlat dasturlari parametrlarida budjetdan mablag‘ oluvchilar tomonidan yuqori likvidli tovarlarning asosiy turlarini bozor narxlarida xarid qilishga zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
(3-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 06/20/5370/0975-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
5. 2020-yilning 1-yanvariga kadar muddatda:
Oldingi tahrirga qarang.
mulkchilik shaklidan va foydalanish maqsadlaridan qat’i nazar, respublika korxonalari tomonidan import qilinadigan uglevodorod xom ashyosi — bojxona to‘lovlari (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvchi uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lashdan;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyundagi PF-5755-sonli Farmoni tahririda — 2019-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zbekneftgaz” AJning neftni qayta ishlash korxonalari — foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilinsin, bo‘shayotgan mablag‘lar ishlab chiqarish quvvatlarini yangilash, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashga, shuningdek, ana shu quvvatlarni oshirishga maqsadli yo‘naltirilsin.
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)
7. 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab:
“Yuqori likvidli mahsulot turlarini, xom ashyo va metariallarni sotishning bozor mexanizmlarini yanada joriy etish to‘g‘risida” Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-sonli qarori 3-ilovasi bilan tasdiqlangan moddiy-texnika resurslari strategik turlarini sotishning maxsus tartibi;
markazlashtirilgan manbalar hisobiga sotib olinadigan mahsulotlar, xom ashyo va materiallarni istisno qilganda, birja savdolarida xarid qilingan mahsulotni qaytadan sotishga qo‘yilgan taqiq bekor qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2018-yil hosilidan boshlab:
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)
paxta xom ashyosi va g‘allani qayta ishlash natijasida hosil bo‘ladigan texnik urug‘lik, o‘simlik yog‘i, shrot, shulxa va boshqa mahsulotlar bozor narxlarini shakllantirishning yangi mexanizmini joriy etgan holda fermer xo‘jaliklarining pirovard natijalarga erishishdan moddiy manfaatdorligi oshishiga imkon beruvchi rentabellik ta’minlanishini hisobga olib, paxta xom ashyosi va g‘allaning xarid narxlari oshirilishini;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari davlat xaridini moliyalashtirishning amaldagi tartibi va mexanizmi qayta ko‘rib chiqilishini nazarda tutsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda elektron savdo maydonchalari kengaytirilishini hamda barcha tadbirkorlik subyektlarining birja bozorida teng ishtirok etishini ta’minlash, birja savdolarini shaffof tarzda amalga oshirib, bozor narxi belgilanishini shakllantirishni hisobga olgan holda “O‘zbekiston Respublika Tovar-xom ashyo birjasi” AJ faoliyati takomillashtirilishini nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi ushbu qarorga muvofiq birja savdolarida narxlar shakllantirilishi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan doimiy monitoringni ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashishi va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.A. Golishev va O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M.M. Ikromov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-noyabr,
PQ-3386-son
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi PQ-3386-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Monopolist korxonalar va (yoki) ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar yoki ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotiladigan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlar, xomashyo va materiallarning
RO‘YXATI
1. Avtomobil benzini
2. Ekstraksion benzin
3. Dizel yoqilg‘isi
4. Polipropilen
5. Polietilen
6. Polivinilxlorid (PVX)
7. Texnik oltingugurt
8. Ko‘mir
9. Mineral o‘g‘itlar
10. Katodli mis
11. Misli katanka
12. Ikkilamchi aluminiy
Oldingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-229-sonli Farmoniga asosan 13-bandning o‘z kuchini yo‘qotish sanasi — 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/229/1090-son)
14. Metal rux
15. Sement
16. Sementli klinker
17. Shakar
18. Etil spirti
19. Bug‘doy
20. Arpa (Yachmen)
21. Paxta-tolasi
22. Paxta linti
23. O‘simlik yog‘i (paxta)*
24. Ekstraksiya yog‘i (paxta)*
25. Paxta chigiti sheluxasi*
26. Paxta chigiti shroti*
27. Texnik chigit*
28. Texnik moylar
29. O‘choq moyi
30. Bug‘doy uni
31. Omuxta yem
32. Yoqilg‘i mazuti
33. Suyultirilgan gaz
34. Xo‘jalik sovuni
35. Neft eritkichi
36. Neft bitumi
37. Mis kuporosi
38. Kumush**
Izoh:
Mazkur ro‘yxatda ko‘rsatilgan tovarlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-yanvardagi “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3479-son qarorining 2-bandi inobatga olingan holda realizatsiya qilinadi.
* Tovarlar tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar, yuridik shaxslar tomonidan ichki bozorda bozor tamoyillari asosida faqat birja savdolari orqali sotiladi.
** “NKMK” AJ tomonidan faqat birja savdolari orqali sotiladi.
(ilovaning matni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 11-sentabrdagi PF-139-sonli Farmoni tahririda)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 07/17/3386/0252-son; 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son, 06.03.2018-y., 06/20/5370/0975-son; 09.10.2019-y., 07/19/4484/3883-son; 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; 18.03.2021-y., 07/21/5031/0220-son; 28.12.2024-y., 06/24/229/1090-son)