Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini shakllantirish, yuritish, reyestrdan chiqarish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining 2025-yil 17-iyundagi 7-mh-sonli qarori (roʻyxat raqami 2939-1, 29.07.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2025-y., 10/25/2939-1/0666-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 31-oktabr)
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 23-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2939]
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining 2025-yil 17-iyundagi 7-mh-sonli qarori (roʻyxat raqami 2939-1, 29.07.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2025-y., 10/25/2939-1/0666-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 31-oktabr)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini shakllantirish, yuritish, reyestrdan chiqarish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining 2025-yil 17-iyundagi 7-mh-sonli qarori (roʻyxat raqami 2939-1, 29.07.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2025-y., 10/25/2939-1/0666-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 31-oktabr)
2. Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2016-yil 25-martdagi 31-son “Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2776, 2016-yil 8-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 14-son, 140-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais R. KURBANOV
Toshkent sh.,
2017-yil 9-oktabr,
11-mh-son
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasining 2017-yil 9-oktabrdagi 11-mh-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini shakllantirish, yuritish, reyestrdan chiqarish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini (bundan buyon matnda Reyestr deb yuritiladi) shakllantirish, yuritish, reyestrdan chiqarish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
maxsus vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi;
Oldingi tahrirga qarang.
sport federatsiyasi (uyushmasi) — mamlakatda muayyan sport turini (turlarini) rivojlantirishni, ommalashtirishni, sport tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoasi aʼzoligiga nomzodlarni saralashni va tavsiya etishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi sifatida belgilagan, tegishli tartibda Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestriga kiritilgan nodavlat notijorat tashkilot;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining 2026-yil 5-iyundagi 4-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2939-2, 25.06.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.06.2026-y., 10/26/2939-2/0637-son)
axborot tizimi — maxsus vakolatli davlat organining “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimi.
2. Sport federatsiyalari (uyushmalari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin Reyestrga kiritilishi kerak.
3. Reyestrni yuritish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan axborot tizimida amalga oshiriladi.
2-bob. Reyestrni shakllantirish
4. Reyestrni shakllantirish sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Bunda, sport federatsiyalari (uyushmalari) davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin sport federatsiyasini (uyushmasini) Reyestrga kiritish haqida maxsus vakolatli davlat organiga ariza bilan murojaat qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sport federatsiyalarini (uyushmalarini) Reyestrga kiritish uchun ular quyidagi talablarga mos kelishi lozim:
ularning rivojlantiradigan sport turi (turlari) boʻyicha xalqaro sport tashkilotiga aʼzo ekanligi (bundan milliy va adaptiv sport turlari mustasno);
ular rivojlantiradigan sport turi (turlari) boʻyicha sport turi qoidalarining mavjudligi;
ularning Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestriga kiritilgan sport federatsiyalari (uyushmalari) nomlaridan farqlanadigan nomga ega ekanligi;
ular rivojlantiradigan sport turining (turlarining) boshqa sport turi (turlari) belgilaridan farqlanishi;
ular rivojlantiradigan sport turi (turlari) boʻyicha Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestriga boshqa sport federatsiyasi (uyushmasi) kiritilmaganligi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining 2026-yil 5-iyundagi 4-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2939-2, 25.06.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.06.2026-y., 10/26/2939-2/0637-son)
6. Reyestrga kiritish haqidagi arizaga (sport federatsiyasining (uyushmasining) nomi koʻrsatilgan holda) quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
sport federatsiyasining (uyushmasining) davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;
sport federatsiyalari (uyushmalari) qaysi sport turini yoki sport turlarini (sport turining tarmogʻini) rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan va oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, oʻsha sport turi yoki sport turlari (sport turining tarmogʻi) boʻyicha sport musobaqalarini oʻtkazish va ularda ishtirok etishga doir talablar, tartib va shartlar belgilanadigan qoidalarning, nizomning (reglamentning) nusxasi;
sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sport federatsiyalarining (uyushmalarining) xalqaro sport tashkilotlariga aʼzoligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (milliy va adaptiv sport turi yoki sport turlari (sport turining tarmogʻi) boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari) bundan mustasno).
7. Sport federatsiyalari (uyushmalari) Reyestrga kirish toʻgʻrisidagi ariza maxsus vakolatli davlat organi rahbarining buyrugʻi bilan tashkil etiladigan doimiy faoliyat yuritadigan Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini shakllantirish, yuritish va reyestrdan chiqarish boʻyicha ekspert komissiyasi (bundan buyon matnda Ekspert komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan bir oy muddatda koʻrib chiqilib, sport federatsiyasini (uyushmasini) Reyestrga kiritish yoki kiritishni rad etish toʻgʻrisida xulosa beriladi.
Bunda, Ekspert komissiyasining xulosasi maxsus vakolatli davlat organi Hayʼatining navbatdagi yigʻilishiga kiritiladi.
8. Ekspert komissiyasi 11 nafar kishidan kam boʻlmagan tarkibda tuziladi, unga maxsus vakolatli davlat organining tegishli tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari yoki mutaxassislari, Oʻzbekiston Milliy olimpiya va paralimpiya qoʻmitalari, sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda boshqa jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarining vakillari kiritiladi.
Ekspert komissiyasiga maxsus vakolatli davlat organi rahbarining tegishli oʻrinbosari raislik qiladi.
9. Ekspert komissiyasining xulosasi asosida maxsus vakolatli davlat organi Hayʼatining navbatdagi yigʻilishida sport federatsiyalarini (uyushmalarini) Reyestrga kiritish yoki kiritishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan soʻng mazkur Nizom talablariga asosan sport federatsiyalari (uyushmalari) Reyestrga kiritiladi.
Qabul qilingan qarordan koʻchirma Hayʼat yigʻilishidan soʻng besh ish kuni ichida arizachiga yuboriladi.
10. Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Reyestrga istisno tariqasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan sport turi yoki sport turlarini (sport turining tarmogʻini) rivojlantirish belgilangan sport federatsiyalari (uyushmalari) toʻgʻridan-toʻgʻri kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, sport federatsiyalarini (uyushmalarini) reestrdan chiqarish boʻyicha qoidalar mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatib oʻtilgan sport federatsiyalariga (uyushmalariga) nisbatan tatbiq etilmaydi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining 2026-yil 5-iyundagi 4-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2939-2, 25.06.2026-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.06.2026-y., 10/26/2939-2/0637-son)
11. Sport federatsiyasini (uyushmasini) Reyestrga kiritishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻlib hisoblanadi:
sport federatsiyasini (uyushmasini) mazkur Nizomning 5-bandida belgilangan talablarga muvofiq emasligi;
mazkur Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganligi yoki taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjudligi aniqlanganligi;
muqaddam maxsus vakolatli davlat organi Hayʼati tomonidan qabul qilingan sport federatsiyasini (uyushmasini) Reyestrga kiritishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan kamchiliklarning bartaraf etilmaganligi.
Sport federatsiyasi (uyushmasi) maxsus vakolatli davlat organi Hayʼati qarorida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda takroran murojaat qilishga haqli.
3-bob. Reyestrni yuritish
12. Reyestr mazkur Nizomning ilovasida belgilangan shaklga muvofiq axborot tizimida elektron shaklda davlat tilida yuritiladi.
13. Reyestrda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
tegishli sport federatsiyalarining (uyushmalarining) nomlari;
tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) qaysi sport turini yoki sport turlarini (sport turining tarmogʻini) rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan va oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, oʻsha sport turi yoki sport turlari (sport turining tarmogʻi);
tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sport federatsiyalarining (uyushmalarining) tegishli xalqaro sport tashkilotiga aʼzoligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (milliy va adaptiv sport turi yoki sport turlari (sport turining tarmogʻi) boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari) bundan mustasno).
14. Reyestrga kiritilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan ushbu oʻzgarishlar haqida oʻn ish kuni ichida maxsus vakolatli davlat organiga oʻzgarishlarni tasdiqlovchi maʼlumotlar taqdim etilishi lozim. Bunday maʼlumotlar maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etilganda, Ekspert komissiyasining xulosasi asosida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Hayʼatining qarori bilan Reyestrga oʻzgartirishlar kiritiladi.
15. Sport federatsiyasining (uyushmasining) vakolatli (yuqori) organi tomonidan sport federatsiyasi (uyushmasi) faoliyatini tugatish haqida qaror (ixtiyoriy tugatish) qabul qilinganda, mazkur qaror qabul qilingandan soʻng besh ish kuni ichida maxsus vakolatli davlat organiga sport federatsiyasining (uyushmasining) faoliyatini tugatish haqidagi qaror nusxasi arizaga ilova qilingan holda yuboriladi.
Sport federatsiyasi (uyushmasi) sud tomonidan tugatilganda (majburiy tugatish), tugatuvchi sudning qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab uch ish kuni ichida tugatish haqidagi qaror nusxasini maxsus vakolatli davlat organiga yuboriladi.
Bunday maʼlumotlar maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etilganda, sport federatsiyasi (uyushmasi) Ekspert komissiyasi tomonidan berilgan xulosa asosida maxsus vakolatli davlat organining Hayʼat qaroriga asosan Reyestrdan chiqariladi.
16. Reyestrni yuritish davomida toʻplangan barcha hujjatlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda saqlanadi.
4-bob. Sport federatsiyasini (uyushmasini) Reyestrdan chiqarish
17. Quyidagi holatlar Ekspert komissiyasining xulosasi asosida maxsus vakolatli davlat organi Hayʼati tomonidan sport federatsiyasini (uyushmasini) Reyestrdan chiqarish boʻyicha qaror qabul qilinishiga uchun asos hisoblanadi:
sport federatsiyalarining (uyushmalarining) Reyestrdan chiqarish yuzasidan berilgan arizalari asosida;
sport federatsiyasining (uyushmasining) xalqaro sport tashkiloti aʼzoligidan chiqishi (chiqarilishi) (milliy va adaptiv sport turi yoki sport turlari (sport turining tarmogʻi) boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari) bundan mustasno);
sport federatsiyasi (uyushmasi) Reyestrga kiritilganidan soʻng mazkur Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjudligi aniqlanganligi;
rivojlantirilishi maqsad qilingan sport turi yoki sport turlari (sport turining tarmogʻi) boʻyicha sportchilar, trenerlar va oʻtkazilayotgan sport musobaqalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning axborot tizimiga bir yil davomida kiritilmaganligi;
sport federatsiyasi (uyushmasi) Reyestrga kiritilganidan keyin bir yil davomida ushbu sport federatsiyasi (uyushmasi) tomonidan Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga taklif kiritilmaganligi yoki tasdiqlangan kalendar rejasi asosida sport tadbirlarining oʻtkazilmaganligi;
sport federatsiyasi (uyushmasi) Reyestrga kiritilganidan keyin bir yil davomida ushbu sport federatsiyasi (uyushmasi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari va ularning zaxirasini shakllantirish va tasdiqlash uchun maxsus vakolatli davlat organiga taqdimnoma kiritilmaganligi;
sport federatsiyasi (uyushmasi) Reyestrga kiritilganidan keyin bir yil davomida faoliyat yuritmaganligi yoki faoliyati tugatilganligi;
Mazkur bandning beshinchi — yettinchi xatboshilarida keltirilgan qoidalar Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha faoliyat olib borayotgan xalqaro sport tashkilotlari aʼzosi hisoblangan sport federatsiyalariga (uyushmalariga) nisbatan qoʻllanilmaydi.
18. Maxsus vakolatli davlat organi mazkur Nizomning 17-bandida koʻzda tutilgan holatlar yuzaga kelgan hollarda Ekspert komissiyasining xulosasiga koʻra maxsus vakolatli davlat organi Hayʼati qaroriga asosan sport federatsiyasiga (uyushmasiga) koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni olti oy muddat ichida bartaraf etish boʻyicha taqdimnoma kiritadi.
19. Taqdimnoma kiritilganidan keyin olti oy muddat ichida maxsus vakolatli davlat organi Hayʼati qarorida koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklar bartaraf etilmagan yoki koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklar bartaraf etilganligi toʻgʻrisida notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar taqdim etilgan hollarda, sport federatsiyasi (uyushmasi) Ekspert komissiyasi xulosasi asosida maxsus vakolatli davlat organi Hayʼati qarori bilan Reyestrdan chiqariladi.
5-bob. Reyestrdan maʼlumotlar taqdim etish
20. Barcha maʼlumotlar, ular Reyestrga kiritilgandan soʻng, besh kun ichida maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
21. Reyestrda koʻrsatilgan maʼlumotlar ochiq boʻladi va ulardan hamma foydalanishi mumkin, bundan tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar bu maʼlumotlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochiq boʻlmasa va undan hamma foydalanishi mumkin boʻlmasa, mustasno.
22. Reyestrdan maʼlumotlar manfaatdor shaxslarning murojaatlariga asosan ham berilishi mumkin.
6-bob. Yakuniy qoidalar
23. Maxsus vakolatli davlat organi mazkur Nizom kuchga kirgunga qadar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sport federatsiyalarining (uyushmalarining) ushbu Nizomda belgilangan tartibda Reyestrga kiritilishini taʼminlaydi.
24. Sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbarlari Reyestrga kiritilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarning maxsus vakolatli davlat organiga toʻgʻri va toʻliq taqdim etilishi uchun masʼul hisoblanadi.
25. Maxsus vakolatli davlat organi maʼlumotlarning Reyestrga toʻgʻri va oʻz vaqtida kiritilishi hamda undan doimiy ravishda maʼlumotlar olish imkoniyatining yaratilishi uchun masʼul hisoblanadi.
26. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini shakllantirish, yuritish, reyestrdan chiqarish va undan maʼlumotlar taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Sport federatsiyalari (uyushmalari)
REYESTRI
Sport federatsiyasining (uyushmasining) nomi | Sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan rivojlantirishni maqsad qilgan sport turi yoki sport turlari (sport turining tarmogʻi) | Sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar * | Sport federatsiyasining (uyushmasining) xalqaro sport tashkilotlariga aʼzoligi ** |
Izoh:
* tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar bu maʼlumotlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochiq boʻlmasa va undan hamma foydalanishi mumkin boʻlmasa ushbu grafa toʻldirilmaydi;
** sport federatsiyasi (uyushmasi) xalqaro sport tashkilotlariga aʼzo boʻlsa, toʻldiriladi.
(ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining 2025-yil 17-iyundagi 7-mh-sonli qarori (roʻyxat raqami 2939-1, 29.07.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2025-y., 10/25/2939-1/0666-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 31-oktabr)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2017-y., 10/17/2939/0165-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 26.02.2024-y., 10/24/3499/0149-son; 30.07.2025-y., 10/25/2939-1/0666-son; 26.06.2026-y., 10/26/2939-2/0637-son)