O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YaPONIYA BILAN HAMKORLIK QO‘MITASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda Yaponiya bilan strategik sheriklik, do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish, ikki tomonlama parlament, ta’lim, ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirish, respublika vazirliklari va idoralari, ishbilarmon doiralari va jamoat tashkilotlarining Yaponiya bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha faoliyati muvofiqlashtirilishini va o‘zaro samarali hamkorlik qilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yaponiyada O‘zbekiston bilan hamkorlik qo‘mitasi tashkil etilganligi, uning tarkibiga Yaponiya parlamenti, Hukumati, ishbilarmon doiralari vakillari, taniqli fan, ta’lim va madaniyat arboblari kiritilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, jamoat tashkilotlarining 1-ilovaga* muvofiq tarkibda Yaponiya bilan hamkorlik qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
* 1-ilova berilmaydi.
3. Yaponiya bilan hamkorlik qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublika vazirliklari va idoralari, ishbilarmon doiralari va jamoat tashkilotlarining Yaponiya bilan strategik sheriklik, do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan faoliyati muvofiqlashtirilishini va o‘zaro samarali hamkorlik qilishini ta’minlash;
ikkala davlat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlik qilish dasturlarini ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishi ustidan muntazam nazoratni tashkil etish;
ikkala mamlakatning qonunchilik organlari, Hukumatga qarashli, Hukumatga qarashli bo‘lmagan, jamoat va gumanitar tashkilotlari o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash;
respublikada tarkibiy o‘zgartirishlarni jadallashtirishga ko‘maklashish uchun zamonaviy texnologiyalarni va Yaponiya investitsiyalarini jalb etishga yo‘naltirilgan iqtisodiy va investitsiya hamkorligini kengaytirish va chuqurlashtirish;
ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
ta’lim, fan va madaniyat sohalarida o‘zaro ayirboshlashlarni, shaharlar, viloyatlar, prefekturalar, mahalliy hokimiyat organlari darajasida hamkorlikni kengaytirish.
Qo‘shma majlislarda 3-ilovaga* muvofiq ustuvor loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish Qo‘mitaning eng muhim vazifasi hisoblansin.
* 3-ilova berilmaydi.
5. Yaponiya bilan hamkorlik qo‘mitasining kotibiyati funksiyalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari boshqarmasiga yuklansin.
6. Yaponiya tomonining Hamkorlik qo‘mitalarining qo‘shma majlislarini har yili navbati bilan Yaponiya va O‘zbekistonda o‘tkazish hamda birinchi qo‘shma majlisni 2004-yil iyul oyida Tokio shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
7. Yaponiya bilan hamkorlik qo‘mitasi huzurida Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin, Qo‘mita tadbirlarini, shu jumladan uning Yaponiyaning O‘zbekiston bilan hamkorlik qo‘mitasi bilan qo‘shma majlislarini, ko‘rgazmalar va seminarlarni, qo‘shma axborotlarni nashr etish, ta’lim, fan va madaniyat sohasidagi ayirboshlashlarni hamda boshqa qo‘shma tadbirlarni moliyalashtirish uning asosiy vazifasi etib belgilansin.
8. Belgilab qo‘yilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston va Yaponiya yuridik va jismoniy shaxslarining ixtiyoriy homiylik badallari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasining moliyaviy manbalari hisoblanadi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 17-iyundagi 168-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2009-y., 25-son, 288-modda)
9. Yaponiya bilan hamkorlik qo‘mitasi (R.S. Azimov):
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Yaponiya bilan hamkorlik qo‘mitasi huzuridagi Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasining ustavi ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini, Jamg‘armaning yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasin;
chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish, shu jumladan Yaponiya jamoatchiligini O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi to‘g‘risida xabardor qilish, ko‘rgazmalar, seminarlar hamda ikkala mamlakatning Hukumatga qarashli tashkilotlarini, jamoat tashkilotlarini, ishbilarmon va ilmiy doiralarini jalb qilgan holda boshqa tadbirlarni o‘tkazish masalalarida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya qo‘mitasi bilan o‘zaro yaqin hamkorlikni ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, Yaponiya bilan hamkorlik dasturlarini amalga oshirishda qatnashayotgan boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar Qo‘mita faoliyatiga ko‘maklashsinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 14-iyul,
333-son
Yaponiya bilan hamkorlik qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Yaponiya bilan hamkorlik qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Qo‘mita deb ataladi) turli darajalarda siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda Yaponiya bilan strategik sheriklik, do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, ikki tomonlama parlament, amaliy, ta’lim, ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.
Qo‘mita respublika vazirliklari va idoralari, ishbilarmon doiralari va jamoat tashkilotlarining Yaponiya bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirishni va uning samaradorligini ta’minlashga da’vat etilgan.
2. Qo‘mita o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Qo‘mitaga rais boshchilik qiladi va Qo‘mita Oliy Majlis deputatlaridan, Hukumat, vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar hamda O‘zbekiston Respublikasining Yaponiya bilan ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha aniq dasturlarini amalga oshirishda faol qatnashuvchi jamoat tashkilotlarining rahbarlari va mas’ul xodimlaridan iborat bo‘ladi.
Qo‘mita o‘z tarkibiga Yaponiya bilan sheriklik, do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan tashkilotlar nomidan vakillik qiluvchi yangi a’zolarning kirishi uchun ochiq hisoblanadi.
4. Qo‘mitaning har yilgi majlisida:
5 kishidan iborat Prezidium saylanadi, u majlislar oralig‘idagi davrda Qo‘mita nomidan ish olib boradi va uning manfaatlarini ifodalaydi. Prezidium majlislari zaruriyatga ko‘ra, lekin har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi;
Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi rahbariyatining Jamg‘arma faoliyati yakunlari to‘g‘risidagi axborotlari eshitiladi;
boshqa masalalar, shu jumladan Qo‘mitaga a’zolik masalalari ko‘rib chiqiladi.
II. Qo‘mitaning vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
respublika vazirliklari va idoralari, ishbilarmon doiralari va jamoat tashkilotlarining Yaponiya bilan hamkorlik bo‘yicha faoliyati muvofiqlashtirilishini va o‘zaro samarali hamkorlik qilishini ta’minlash;
ikkala davlat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlik qilish dasturlarini ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishi ustidan muntazam nazoratni tashkil etish;
ikkala mamlakatning qonunchilik organlari, Hukumatga qarashli, Hukumatga qarashli bo‘lmagan, jamoat va gumanitar tashkilotlari o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash;
respublikada tarkibiy o‘zgartirishlarni jadallashtirishga ko‘maklashish uchun zamonaviy texnologiyalar va Yaponiya investitsiyalarini jalb etishga yo‘naltirilgan iqtisodiy va investitsiya hamkorligini kengaytirish va chuqurlashtirish;
ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
ta’lim, fan va madaniyat sohalarida o‘zaro ayirboshlashlarni, shaharlar, viloyatlar, prefekturalar, mahalliy hokimiyat organlari darajasida hamkorlikni kengaytirish.
6. Ko‘rsatib o‘tilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida Qo‘mita:
Hukumatni va ishbilarmon doiralarni, shuningdek Yaponiya jamoatchiligini O‘zbekiston Respublikasida siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning borishi to‘g‘risidagi axborotlar bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshiradi;
ikkala mamlakat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro hamfikrlikni kengaytirish maqsadida, O‘zbekiston va Yaponiyaning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va akademik doiralari vakillarini jalb etgan holda seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar o‘tkazadi;
ta’lim, fan va madaniyat sohasida istiqbolli yosh mutaxassislarni almashish, shuningdek ikkala davlatlarning shaharlari, viloyatlari (prefekturalari) darajasida hamkorlikni faollashtirish ishlarini amalga oshiradi;
zarurat bo‘lganda, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha Yaponiya qo‘mitasi bilan kelishilgan aniq tadbirlarni ta’minlash uchun manfaatdor tashkilotlar mutaxassislaridan ekspert guruhlar tashkil qiladi, Vazirlar Mahkamasiga ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi.
III. Qo‘mita ishlarini tashkil etish
7. Qo‘mita majlislari zaruriyatga ko‘ra, lekin har yili kamida bir marta o‘tkaziladi.
Navbatdan tashqari majlislar Qo‘mita raisining tashabbusiga ko‘ra chaqiriladi.
Qo‘mita majlislariga materiallar, shu jumladan Yaponiya bilan ikki tomonlama munosabatlarning ularni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilgan holdagi tahlili tayyorlanadi.
8. Qo‘mita har yili O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha Yaponiya qo‘mitasi bilan navbatma-navbat Yaponiyada va O‘zbekistonda qo‘shma majlislar o‘tkazadi.
Qo‘mitalarning qo‘shma majlislarini o‘tkazish yakunlari bo‘yicha, turli yo‘nalishlardagi ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga doir tadbirlar rejalarini ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish uchun qo‘shma ishchi guruhlar tashkil etilishi mumkin.
9. Qo‘mita kotibiyati — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari boshqarmasi Qo‘mita majlislarini tashkiliy va texnik jihatdan tayyorlashni ta’minlaydi.
Qo‘mita kotibiyati:
O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi axborotlarni umumlashtiradi;
manfaatdor tashkilotlardan Qo‘mita majlislarini tayyorlash uchun zarur axborotlar va materiallarni oladi;
Qo‘mitaning qo‘shma majlislarida erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirishning doimiy monitoringini olib boradi.
10. Har qaysi yil yakunlari bo‘yicha, Qo‘mita kotibiyati tomonidan to‘plangan materiallar asosida maxsus axborotnoma nashr etiladi, unda O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini rivojlantirishning ahvoli va istiqbollari yoritiladi.
IV. Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi
11. Yaponiya bilan hamkorlik qo‘mitasi huzurida Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.
12. Yaponiya bilan hamkorlik qo‘mitasi tadbirlarini, shu jumladan O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha Yaponiya qo‘mitasi bilan uning qo‘shma majlislarini, ko‘rgazmalar va seminarlarni, qo‘shma axborotlar nashr etishni, fan va madaniyat vakillarining xizmat safarlarini va boshqa tadbirlarni moliyalashtirish Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasining asosiy vazifalari hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. O‘zbekiston va Yaponiya tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslarining ixtiyoriy homiylik badallari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasining moliyaviy manbalari hisoblanadi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
14. Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi yuridik shaxs hisoblanadi, banklarda hisob raqamlariga va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
V. Yakuniy qoidalar
15. Qo‘mita faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq to‘xtatiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 28-son, 323-modda; 2009-y., 25-son, 288-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)