O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
USTAV SARMOYASIDA DAVLAT ULUShI 50 FOIZDAN ORTIQ BO‘LGAN TIJORAT BANKLARI KENGAShLARI RAISLARINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-fevraldagi 108-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bank tizimini isloh qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2000-yil 24-martdagi 104-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 23-yanvardagi 15-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2013-y., 4-son, 46-modda)
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki to‘g‘risida” 1993-yil 21-yanvardagi 45-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Ustaviga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
3. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Ustavni, kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni hisobga olgan holda, Markaziy bankda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tkazsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Boshqaruvi to‘g‘risida” 1993-yil 13-avgustdagi 413-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki to‘g‘risida” 1993-yil 21-yanvardagi 45-son qarorining 3-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 11-iyul,
265-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki to‘g‘risida” 1993-yil 21-yanvardagi 45-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Ustaviga kiritilayotgan
O‘ZGARTIRISh VA QO‘ShIMChALAR
1. 22-26-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“22. Bank, bank sarmoyasini saqlovchi sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Bank Ustavini, unga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni tasdiqlaydi;
Bank Ustav sarmoyasini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
Bankni tugatish yoki qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
Bank Kengashi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitadi;
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
23. Bankda Bank Kengashi tuziladi. Bank Kengashini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tayinlanadigan Rais boshqaradi.
Bank Kengashi tarkibiga lavozimiga ko‘ra quyidagilar kiradi:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturlari departamenti boshlig‘i;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari;
O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirining birinchi o‘rinbosari;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari.
24. Bank Kengashi Majlisi har yili kamida ikki marta chaqiriladi. Zarurat bo‘lganda Bank Kengashining Navbatdan tashqari majlislari:
Vazirlar Mahkamasi;
Markaziy bank;
Bank Kengashi Raisi;
Bank Kengashining ikki va undan ortiq a’zolari;
Bank Boshqaruvi;
ichki audit xizmati rahbari;
Bankning tashqi auditori tashabbusi bilan chaqiriladi.
Bank Kengashi majlisida qarorlar qatnashchilarning 3/4 ovozi bilan qabul qilinadi. Kengash majlisida Kengashning har bir a’zosi bitta ovozga ega bo‘ladi.
Bank Kengashi Majlisi unda Bank Kengashi a’zolari ro‘yxatdagi tarkibining kamida 75 foizi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Bunda majlislarda Kengash Raisining qatnashishi majburiy hisoblanadi.
Bank Kengashi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga va ushbu Ustavga amal qiladi.
25. Bank Kengashi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Bank Ustavini, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni tasdiqlash uchun taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Bank ustav sarmoyasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflarni tasdiqlash uchun taqdim etadi;
Bank faoliyati yillik natijalarini tasdiqlaydi;
Bank Boshqaruvi tavsiyasiga ko‘ra daromadni taqsimlash, shuningdek, zararlarni qoplash tartibini tasdiqlaydi;
Bankning yillik biznes-rejasini tasdiqlaydi;
Bank Boshqaruvi a’zolari tarkibini tasdiqlaydi, Boshqaruv Raisi va Boshqaruv Raisining o‘rinbosarlari bundan mustasno;
Bankning kreditlar berish, aktivlar va passivlarni boshqarish, investitsiyalarni amalga oshirish va Bank mijozlariga xizmatlarning yangi turlarini ko‘rsatish sohasidagi siyosati asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi;
Bank Boshqaruvi hisobotlarini eshitadi;
Bank bilan bog‘liq shaxslar bilan bitishuvlar tuzish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
bitishuvni tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilinadigan kunda qiymati bank aktivlari balans qiymatining yigirma besh foizidan ortiq bo‘lgan bitishuvlar yoki bir nechta o‘zaro bog‘liq bitishuvlar tuzish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
Bankning filiallari, vakolatxonalari, shu’ba va nomustaqil korxonalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi hamda ularning nizomlari va ustavlarini tasdiqlaydi;
bank Boshqaruvi faoliyati tartibini belgilovchi hujjatlarni tasdiqlaydi.
26. Rais boshqaradigan Boshqaruv Bankning ijro etuvchi organi hisoblanadi.
Bank Boshqaruvi Raisi va uning o‘rinbosarlari lavozimga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadilar.
Bank Boshqaruvi Raisi Bankning yuqori mansabdor shaxsi hisoblanadi, u Bank Ustavi bilan o‘ziga berilgan vakolatlarga muvofiq Bank faoliyatiga rahbarlik qiladi va Bankka yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
Boshqaruv Raisi va uning o‘rinbosarlari bilan bir qatorda, Boshqaruv tarkibiga, Bank Kengashi qaroriga binoan, Bankning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari lavozimiga ko‘ra kiradilar.
Bank Boshqaruvi:
Bank faoliyatini tashkil qiladi va unga tezkor rahbarlikni amalga oshiradi, Ustavdagi vazifalarning, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarining hamda Bank Kengashi qarorlarining bajarilishini ta’minlaydi;
ushbu Ustavga ko‘ra Bank Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan barcha masalalarni oldindan ko‘rib chiqadi, ular bo‘yicha tegishli materiallar, takliflarni va qarorlar loyihalarini tayyorlaydi;
Bank tuzilmasini belgilaydi;
Boshqaruv ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi va hal qiladi.
Bank Boshqaruvi Hukumatning valyuta-moliya munosabatlari sohasidagi siyosatini, Bankni rivojlantirish va joriy faoliyatini Bank tomonidan amalga oshirish bilan bog‘liq barcha masalalarni bamaslahat va Boshqaruv a’zolari fikr-mulohazalarini hisobga olgan holda ko‘rib chiqadi.
Boshqaruv qarorlari ularni qabul qilish uchun Boshqaruv a’zolari ro‘yxatdagi tarkibining kamida to‘rtdan uch qismi fikr bildirishgan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi”.
2. 27-bandning ikkinchi xat boshi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining” so‘zlaridan keyin “va Bank Kengashining” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.