Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari toʻgʻrisida
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz vakolatlarini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq samarali amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan, shuningdek konstitutsiyaviy vakolat muddati tugab yoki sogʻligʻi holatiga koʻra isteʼfoga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga (bundan buyon matnda Oʻzbekiston Respublikasining eks-Prezidenti deb yuritiladi) zarur sharoitlar va kafolatlar yaratib berishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy ramzlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining belgisi va shtandartiga (bayrogʻiga) ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining belgisi va shtandarti (bayrogʻi) tavsifi, ulardan rasmiy foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
(11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 25-oktabrdagi OʻRQ-724-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2021-y., 03/21/724/0994-son)
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining daxlsizligi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti daxlsizlik va immunitetga ega boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining daxlsizligi uning turar joy va xizmat xonalariga, bagajiga, shaxsiy va xizmat transport vositalariga, yozishmalariga, foydalanadigan aloqa vositalariga, shuningdek unga tegishli hujjatlarga tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining eks-Prezidenti ham butun hayoti mobaynida daxlsizlik va immunitetga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining eks-Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vakolatlarini bajarish bilan bogʻliq harakatlar uchun jinoiy va boshqa xil javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Unga nisbatan ushlab turish, soʻroq qilish, tintuv oʻtkazilishi yoki uning shaxsi koʻzdan kechirilishi mumkin emas.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining muhofazasi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va uning oila azolariga davlat muhofazasi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining eks-Prezidentiga doimiy yoki vaqtincha turgan joylarida umrbod davlat muhofazasi beriladi. Oʻzbekiston Respublikasi eks-Prezidentining butun hayoti davrida uning oila aʼzolariga ham davlat muhofazasi beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi eks-Prezidentining davlat muhofazasi va xavfsizligini taʼminlash qonunchilikda belgilangan normalar va talablarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati zimmasiga yuklanadi.
(3-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining faoliyati taʼminoti. Moddiy va ijtimoiy taʼminot
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilinishiga, shuningdek uning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi hamda bunday harakatlar qonun bilan taʼqib qilinadi. Bu qoida Oʻzbekiston Respublikasining eks-Prezidentiga nisbatan ham oʻz kuchini saqlab qoladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mehnatiga haq toʻlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(4-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga muddati oʻttiz olti ish kunidan iborat yillik haq toʻlanadigan taʼtil beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining eks-Prezidenti umrbod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi lavozimini egallaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining eks-Prezidenti yoshidan qatʼi nazar, amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oylik mansab maoshining 70 foizi miqdorida umrbod oylik pul taminoti olish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi eks-Prezidentining hayoti va sogʻligʻi davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yillik mansab maoshiga teng summada majburiy davlat sugʻurtasidan oʻtkaziladi.
Eks-Prezidentning bevasi, hayot kechirishning boshqa manbalari borligidan qatʼi nazar, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi olishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va eks-Prezidenti faoliyatining boshqa kafolatlari ham nazarda tutilishi mumkin.
(4-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5-modda. Uy-joy, aloqa va transport taʼminoti. Tibbiy va sanatoriy-kurort taʼminoti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida qarorgohlar beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti barcha aloqa turlari bilan taʼminlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga maxsus maqsaddagi avtotransport, shuningdek mamlakat ichkarisidagi va chet ellarga qilinadigan safarlar uchun maxsus jihozlangan samolyot va vertolyot beriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oila aʼzolariga ham xizmat avtotransportidan foydalanish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va u bilan birga yashayotgan oila aʼzolariga bepul tibbiy xizmat koʻrsatiladi hamda sanatoriy-kurortda davolanish taʼmin etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasiniig eks-Prezidentiga davlat hisobidan xizmat kvartirasi (turar joyi) va shahar tashqarisidagi – Toshkent viloyatidagi (Toshkent viloyatining Qaynarsoy tabiiy chegarasida joylashgan) qarorgohi mulk qilib berilib, tegishli xizmatlar koʻrsatiladi va muhofaza qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining eks-Prezidenti maxsus, hukumat aloqalari hamda davlat organlari ixtiyoridagi boshqa aloqa turlaridan Oʻzbekiston Respublikasi hududida bepul foydalanish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasining eks-Prezidentiga davlat hisobidan ikkita haydovchisi boʻlgan avtomobil birkitib qoʻyiladi, xizmat transporti bilan xizmat koʻrsatish ham taʼminlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi eks-Prezidentining u bilan birga yashayotgan yoki unga hamrohlik qilayotgan oila aʼzolari ham xizmat transportidan foydalanish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolatlarini ijro etish tugallangan kunda Oʻzbekiston Respublikasining eks-Prezidenti va uning oila aʼzolari tibbiy xizmat hamda sanatoriy-kurortda davolanish boʻyicha ega boʻlgan imtiyozlar va afzalliklar ularda umrbod saqlanib qoladi.
6-modda. Xarajatlarni moliyalashtirish
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. Karimov
Toshkent sh.
2003-yil 25-aprel,
480-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 34-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 26.10.2021-y., 03/21/724/0994-son)