Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 17 apreldagi 214-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-apreldagi PQ-2900-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-iyun,
340-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 340-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligini, shuningdek faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Vazirlik uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va oʻz faoliyati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
3. Vazirlik tizimiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmalari, Toshkent shahri Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi, Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, “Koʻp xonadonli uylarni, issiqlik taʼminoti obyektlarini qurish boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi, “Suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi, “Kommunaloʻquv” oʻquv-metodik markazi, Oʻzbekkommunalloyihaqurilish” davlat unitar korxonasi hamda Vazirlikka mansub boshqa tashkilotlar kiradi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
4. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
5. Vazirlik oʻz faoliyatini davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Vazirlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
7. Vazirlik yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, budjet va boshqa bank hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shuningdek oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va Vazirlik nomi yozilgan blankalarga ega boʻladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari Vazirlikni saqlab turish xarajatlarini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
2-bob. Vazirlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va tarmoqlararo muvofiqlashtirishni amalga oshirish;
Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring olib borish, xavfsizlik va sifatini taʼminlash, shuningdek, yagona suv balansini shakllantirishni muvofiqlashtirish;
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 342-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2020-y., 09/20/342/0686-son)
koʻp xonadonli arzon uylar qurish boʻyicha davlat dasturlari amalga oshirilishini taʼminlash, koʻp xonadonli arzon uylar, suv taʼminoti, kanalizatsiya, issiqlik taʼminoti obyektlari qurilishi boʻyicha buyurtmachi funksiyalarini amalga oshirish, eski va avariya holatidagi uy-joylar buzilishini tashkil etish;
koʻp xonadonli uylarning texnik holatini monitoring qilish, shu jumladan, koʻp xonadonli uy-joy fondini mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini tashkil etish;
xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, koʻp xonadonli uy-joy fondini saqlash, ulardan foydalanish va foydalanish xarajatlarini aniqlash boʻyicha talablarga, koʻp xonadonli uylarni texnik jihatdan foydalanish qoidalari va normalariga, koʻp xonadonli uylarga tutash hududlarning sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga muvofiq holda saqlanishiga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
hududlarni obodonlashtirish sohasidagi muammolarni oʻrganish va metodologik taʼminlash;
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-dekabrdagi 978-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2019-y., 09/19/978/4125-son)
suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini, issiqlik taʼminoti tizimlarini aholi punktlarini rivojlantirish sxemalari va bosh rejalari bilan bogʻlagan holda rivojlantirish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturlarini ishlab chiqish hamda ularning sifatli bajarilishini tashkillashtirish, mazkur soha tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqaruvini taʼminlash;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish tizimiga resurs va energiya tejaydigan texnologiyalar hamda uskunalarni tatbiq etish, jumladan, uy-joy kommunal xoʻjaligi obyektlarini zamonaviy hisoblash oʻlchov asboblari bilan jihozlash, qurilish-montaj ishlari tannarxining pasayishini taʼminlaydigan mahalliy zamonaviy va sifatli qurilish materiallari hamda buyumlarini keng qoʻllash;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini inobatga olgan holda uy-joy kommunal xizmat koʻrsatishning zamonaviy shakl va usullarini ishlab chiqish hamda joriy etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda suv taʼminoti, kanalizatsiya, issiqlik taʼminoti boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlarga tarif siyosatini shakllantirish, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi tashkilotlarining iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi uchun kadrlar tayyorlash boʻyicha takliflar kiritish, oʻquv stajirovkalarini chet ellarda oʻtkazishni nazarda tutgan holda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy mahsulotlar, idoraviy axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasini joriy etish.
10. Vazirlik oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va tarmoqlararo muvofiqlashtirishni amalga oshirish sohasida:
jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joy kommunal xizmatlarga boʻlgan talabini oʻrganishni tashkil qiladi, isteʼmol ehtiyojlari, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatishni rivojlantirish istiqbollarini inobatga oladigan ijtimoiy-iqtisodiy prognozlarni tuzadi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi va shu asosda tarmoq va tarmoqlaro hamkorlikni shakllantiradi;
isteʼmolchilarni uy-joy kommunal xizmatlar bilan taʼminlash darajasini oshirish, energiya tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish hisobga olinib, ularning sifatini yaxshilashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish boʻyicha davlat va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
koʻp xonadonli uy-joy fondi, suv taʼminoti, kanalizatsiya, issiqlik taʼminoti sohasida qurilish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga doir kompleks investitsiya dasturlari, shuningdek, hududlarning kommunal infratuzilmasini yanada rivojlantirish sxemalarini ishlab chiqadi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar, joylardagi ijro hokimiyati organlari bilan hamkorlikda investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha tashkiliy ishlarni bajarish orqali uy-joy kommunal xizmat koʻrsatishning ustuvor yoʻnalishlarini rivojlantirishga investitsiya kiritish uchun qulay sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish hamda energiya samaradorligini oshirishga oid vazifalarni hal etish uchun uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasiga investitsiya jalb qilish choralarini koʻradi;
koʻp xonadonli uy-joy fondini boshqarish tizimini isloh qiladi, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish infratuzilmasini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish boʻyicha davlat siyosatini yuritadi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish tizimiga rahbarlik qiladi, tegishli hududiy tarkibiy boʻlinmalar orqali uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish obyektlaridan foydalanadigan tashkilotlar faoliyatini uslubiy taʼminlaydi va muvofiqlashtiradi, mazkur tashkilotlarning uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish obyektlaridan texnik jihatdan foydalanish qoida va normalari bajarilishini nazorat qiladi;
Vazirlik tasarrufidagi tashkilotlarning aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlariga uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish barqarorligini taʼminlashga doir ishlarini tashkil etadi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarining barqaror faoliyatini, respublika hududida uy-joy kommunal xizmat koʻrsatishga oid normativ talablarga rioya etilishini taʼminlaydi;
hamkorlikning turli shakllari, chunonchi, davlat-xususiy sheriklikdan foydalangan holda, yangi boshqaruv uslublarini ishlab chiqadi va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish tizimiga, xususan, ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya sohasiga, shu jumladan qishloq joylarda joriy etishni taʼminlaydi;
tijorat banklari, davlat jamgʻarmalari va xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish orqali qishloq joylarda uy-joy kommunal infratuzilma obyektlari qurilishini moliyalashtirishning yangi sxemalarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda joriy etadi;
koʻp xonadonli uy-joy fondi, issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarining texnik-iqtisodiy holati koʻrsatkichlarini monitoring qiladi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, ularning turlarini kengaytirish, ishlab chiqarishning moddiy va energiya isteʼmolini kamaytirishga qaratilgan investitsiyaviy va ilmiy-texnik siyosatni amalga oshiradi;
joylardagi ijro hokimiyati organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan koʻp xonadonli uylarning saqlanishini taʼminlash, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish obyektlarining barqaror ishlashi, shuningdek, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish istiqbollari masalasi yuzasidan oʻzaro hamkorlik qiladi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida ishlab chiqarishni monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni rivojlantirish, davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
suv taʼminoti, issiqlik taʼminoti tashkilotlari, “Taʼmirlash-tiklash xizmati” va “Yagona hisob-kitob markazi” DUK faoliyati samaradorligining iqtisodiy normativlarini (koʻrsatkichlarini) tasdiqlaydi, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida yagona iqtisodiy, texnik va hisob siyosatini yuritadi, tashkilotlar ishlari samaradorligini atroflicha tahlil qilish jarayoniga metodologik rahbarlik qiladi;
joylardagi ijro hokimiyati organlari bilan hamkorlikda uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida xoʻjalik mexanizmi va boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish tashkilotlari faoliyatini yaxshilash boʻyicha iqtisodiy vositalar va ragʻbatlar taʼsirini kuchaytirish hamda aholiga xizmat koʻrsatish madaniyatini oshirish choralarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini samarali boshqarishni taʼminlaydi;
respublika aholisini uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisida muntazam xabardor qiladi, jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning Vazirlik vakolatiga kiritilgan masalalarga taalluqli murojaatlarini (takliflari, arizalari va shikoyatlarini) qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqadi va zarur choralar koʻradi, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qiladi, ularning murojaatlari bilan bogʻliq ishlar holatini tahlil qiladi, aholi bilan yashash joyida ishlashni tashkil qiladi;
Vazirlik tashkilotlarida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligini taʼminlash, koʻngilsiz holatlar, avariya va yongʻinlarning oldini olish tadbirlari bajarilishini muvofiqlashtiradi;
oʻz vakolati doirasida davlat mulkini boshqaradi va tasarruf etadi;
b) koʻp xonadonli uy-joy fondini saqlash va ulardan foydalanish tizimini kompleks rivojlantirish va takomillashtirish sohasida:
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasini boshqarish borasida koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlar bozorini rivojlantirish imkonini beradigan amaliy vertikal tizimni yaratishga oid kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
koʻp xonadonli uy-joy fondini taʼmirlash, obodonlashtirish va undan foydalanish sharoitlarini yaxshilash boʻyicha dasturlarni oʻz vaqtida amalga oshirish borasida kompleks tadbirlarni taʼminlaydi;
mavjud uy-joy mulkdorlari shirkatlari va boshqaruv kompaniyalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yangilarini tashkil qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
koʻp xonadonli uy-joy fondidan sifatli foydalanish va unda taʼmirlash-tiklash ishlarini oʻtkazish uchun Vazirlik hududiy boʻlinmalari huzuridagi “Taʼmirlash-tiklash xizmati” DUK faoliyatini muvofiqlashtiradi;
koʻp xonadonli uy-joy fondini taʼmirlash, obodonlashtirish va undan foydalanish sharoitlarini yaxshilash boʻyicha dasturlar doirasida loyihadan avvalgi va loyiha hujjatlari uchun texnik topshiriqlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
investitsiya dasturlarining loyiha-smeta hujjatlarining va texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarining, jumladan xalqaro moliya tashkilotlari kreditlarini jalb etgan holda oʻz vaqtida ishlab chiqilishini taʼminlaydi;
koʻp xonadonli uy-joy fondini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va bu boradagi ishlarni amalga oshirishga doir manzilli roʻyxatlarni tasdiqlaydi;
koʻp xonadonli uy-joy fondini taʼmirlash, obodonlashtirish va undan foydalanish sharoitlarini yaxshilash boʻyicha dasturlarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlardan samarali va maqsadli foydalanish choralarini koʻradi;
koʻp xonadonli uy-joy fondini taʼmirlash, obodonlashtirish va undan foydalanish sharoitlarini yaxshilash boʻyicha dasturlarni amalga oshirish doirasida jalb qilingan buyurtmachilar va loyiha tashkilotlari ishlarini muvofiqlashtiradi;
oʻz vakolati doirasida uy-joy munosabatlari sohasiga oid masalalar, jumladan yashash mumkin boʻlgan inshootlardan foydalanish qoidalarini tartibga soladi;
koʻp xonadonli uyda bino mulkdorlarining umumiy mulkiga nisbatan energiyani tejash va energetika samaradorligini oshirish boʻyicha bajarilishi shart boʻlgan tadbirlarni belgilaydi;
aholini koʻp xonadonli uylarni boshqarish va bunday boshqaruvni amalga oshiradigan tashkilotlarni nazorat qilish tizimining faoliyat koʻrsatishi, uy-joy munosabatlari ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida axborot bilan taʼminlaydi;
aholi uchun arzon koʻp xonadonli uylar qurish, aholi punktlarida joylashgan koʻp xonadonli uylarni rekonstruksiya qilish, ulardan foydalanish, saqlash va taʼmirlash, ularning texnik va foydalanish holatini yaxshilash masalasida davlat boshqaruvi organlari va joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
koʻp xonadonli uyda bino mulkdorlarining umumiy mulkini saqlash, foydalanish va uning energetika samaradorligini oshirish boʻyicha bajarilishi shart boʻlgan tadbirlar roʻyxatini tuzadi va tasdiqlaydi;
koʻp xonadonli uy-joy fondining turar joy binolarini yashash uchun yaroqsiz deb tan olish tadbirlarini belgilangan tartibda amalga oshiradi;
koʻp xonadonli uy-joy fondining avariya holati monitoringini olib boradi;
koʻp xonadonli uy-joy fondini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash borasida joylardagi ijro hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
v) ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish sohasida:
aholining, ayniqsa, qishloq joylarda toza ichimlik suvdan foydalanishini yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
tasdiqlanadigan dasturlar doirasida Vazirlikning suv taʼminoti tashkilotlari ishtirokida mavjud suv oʻtkazish va kanalizatsiya inshoot va tarmoqlarini qurish, mavjudlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilishni amalga oshiradi;
suv taʼminoti tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy uskunalar, mashina va mexanizmlar, taʼmirlash-foydalanish va oʻlchash texnikasi bilan jihozlashga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
ichimlik suvni ishlab chiqarish va texnologik jarayonlari samaradorligini oshirish, belgilangan talablarga muvofiq uning sifatini taʼminlash, ishlab chiqarish jarayoniga energiya va suvni tejaydigan texnologiya hamda uskunalarni joriy qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarishning bozor tamoyillariga mos mexanizmlarini joriy etadi;
suv taʼminoti tashkilotlarining moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini, ularning xizmatlari uchun narx belgilash tartibini takomillashtirishni taʼminlaydigan sharoitlar yaratadi;
hududlararo suv quvurlari tarmogʻini rivojlantirish masalasida yagona texnika siyosatini shakllantiradi va yuritadi, hududlararo suv quvurlari tarmogʻi faoliyatini muvofiqlashtiradi, ulardan samarali foydalanish, ularni ishonchli va barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi;
suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini oʻz vaqtida ishga tushirish boʻyicha manzilli dasturlar amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi va monitoring qiladi;
respublika hududida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarini loyihalashtirish, qurish, rivojlantirish va rekonstruksiya qilishda yagona siyosat yuritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini, shu jumladan ilgʻor xorijiy tajribadan foydalanib loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish borasidagi ishlarida ishtirok etadi;
(10-band “v” kichik bandining oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi 498-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son)
aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini inobatga olgan holda, suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirishning hududiy sxemalarini ishlab chiqadi;
suv quvurlari va kanalizatsiya inshootlarida energiya va resursni tejaydigan yangi texnologiya hamda uskunalarni joriy qilishga oid tavsiyalar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
markazlashtirilgan suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini har bir aholi punkti boʻyicha va umuman, suv taʼminoti tashkilotlari boʻyicha pasportlashtiradi hamda pasportlashtirish natijalari asosida muntazam yangilanadigan elektron maʼlumotlar bazasini shakllantiradi;
ichimlik suv taʼminotiga ulangan barcha toifadagi isteʼmolchilar uchun zamonaviy hisobga olish priborlarini bosqichma-bosqich oʻrnatish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasining erosti kafolatlangan ichimlik suv manbalari boʻyicha xulosasi mavjud boʻlganda, suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish boʻyicha loyiha hujjatlarining, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish uslublarini joriy qilish, loyihaga oid maqbul texnik yechimlarni qoʻllash borasida texnik topshiriqlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda, loyiha-qidiruv ishlari, suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlaydi;
(10-band “v” kichik bandining oʻn yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
Ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilishga doir dasturlarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlardan samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlaydi;
suv-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlarining tuzilgan shartnomalarga muvofiq suv taʼminoti va suv chiqarish, isteʼmolchilarni ichimlik suv bilan uzluksiz taʼminlash xizmatlari koʻrsatishini taʼminlaydi;
suv-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlarining suv taʼminoti va suv chiqarish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar hajmlari toʻgʻrisidagi hisobotlar hamda axborotning, debitorlik va kreditorlik qarzlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlaydi;
suv taʼminoti, suv quvurlari va kanalizatsiya tarmoqlari obyektlarining holatini, ulardan foydalanish va ushbu obyektlarga suv-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan taʼmirlash xizmatlari koʻrsatilishini nazorat qiladi;
isteʼmolchilarga oʻrnatilgan ichimlik suv taʼminoti isteʼmolini hisobga olish priborlarini almashtirish, oʻrnatish va ularga ekspluatatsiya xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlaydi;
(10-band “v” kichik bandining yigirma ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 342-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2020-y., 09/20/342/0686-son)
(10-band “v” kichik bandining yigirma uchinchi va yigirma toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 342-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2020-y., 09/20/342/0686-son)
atrof-muhitni ifloslantirish va Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqindilarni joylashtirish uchun kompensatsiya toʻlovlarining kanalizatsiya tashlanmalariga taalluqli qismini undiradi
(10-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-martdagi 247-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2019-y., 09/19/247/2835-son)
davlat ijtimoiy buyurtma asosida tashkil qilingan Ichimlik suv taʼminoti korxonalarining elektron reyestrini yuritadi hamda ularga metodik va amaliy yordam koʻrsatadi.
(10-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-sentabrdagi 496-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.09.2022-y., 09/22/496/0799-son)
g) issiqlik taʼminoti tizimini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish sohasida:
gelioqurilmalarni qoʻllash hisobga olingan holda mahalliy qozonxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, samarali mahalliy qozonxonalarni qurish, markaziy qozonxonalarni, issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, shuningdek, xonadonlar ichida alohida issiqlik taʼminoti tizimlarini oʻrnatish borasida respublika issiqlik taʼminotini rivojlantirish dasturlarini amalga oshiradi;
issiqlik taʼminoti tizimida, jumladan qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanib, energiya va resursni tejaydigan yangi texnologiya va uskunalarni joriy qilish boʻyicha kompleks tadbirlarni amalga oshiradi;
koʻp xonadonli uylar, ijtimoiy va boshqa obyektlarda energiya samaradorligi yuqori mahalliy qozonxonalar qurish, shuningdek, xonadonlar ichida alohida issiqlik taʼminoti tizimlarini oʻrnatish orqali markazlashtirilmagan issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish choralarini koʻradi;
jismonan va maʼnan eskirgan, samaradorligi past qozonxona agregatlari, nasos uskunalari, ishdan chiqqan magistral va taqsimlash issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qiladi hamda almashtiradi;
energiya resurslarini ishlab chiqarish va isteʼmol qilishni normativ hisobga olishni yoʻlga qoʻyish, abonentlarni, issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun kelib tushadigan mablagʻlar va toʻlovlarni avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini joriy qilish tadbirlarini amalga oshiradi;
issiqlik taʼminoti tizimida noishlab chiqarish xarajatlari oshishiga yoʻl qoʻymaslik va issiqlik energiyasini yetkazib berish, taqsimlash hamda isteʼmol qilishda meʼyordan ortiq yoʻqotishlarni kamaytirish hisobidan sarf-xarajatlarni qisqartirishga yoʻnaltirilgan yagona texnik va tarif siyosatini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda, loyiha-qidiruv ishlari, issiqlik taʼminoti obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlaydi;
(10-band “g” kichik bandining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
markaziy qozonxonalar, issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyihadan oldingi va loyiha hujjatlarini hamda mahalliy qozonxonalarni modernizatsiya, rekonstruksiya qilish va qurishga doir loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda ekspertizadan oʻtkazish sohasida ixtisoslashtirilgan loyiha tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikni taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida energiya samaradorligi yuqori mahalliy qozonxonalar, xonadonlar ichida alohida issiqlik taʼminoti tizimlari, shuningdek, quyosh kollektorlari (gelioqurilmalar) ishlab chiqarishni tashkil qilish va foydalanishga joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
d) axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish sohasida:
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalari, shuningdek, Vazirlik tashkiliy tuzilmasiga kiradigan tashkilotlar faoliyatiga joriy qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish tashkilotlarida yagona mijozlar bazasi, hisob-raqamlarni qoʻyish va toʻlash tizimini, shuningdek, tashkilotlar balansida faoliyat natijalarini avtomatik ravishda aks ettirishni oʻz ichiga olgan dasturiy mahsulotlarni joriy qilish tadbirlarini amalga oshiradi;
uy-joy kommunal sohada interfaol davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini muntazam monitoring qilib boradi, Internet va mobil aloqa tarmoqlari orqali yuridik va jismoniy shaxslarga interfaol xizmatlar koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash va takomillashtirish choralarini koʻradi;
uy-joy kommunal sohada tarmoq dasturiy mahsulotlari, idoraviy axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasini ishlab chiqadi;
“Elektron hukumat” tizimida Vazirlikning axborot tizimlari, axborot resurslari va maʼlumotlar bazasining integratsiyalashuvini taʼminlaydi;
Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalari, shuningdek, Vazirlik tashkiliy tuzilmasiga kiradigan tashkilot va korxonalar faoliyatida axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha zarur kompleks choralarni amalga oshiradi;
Respublika aholisini ommaviy axborot vositalari va jahon Internet axborot tarmogʻi orqali uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi faoliyati haqida muntazam xabardor qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
aholiga koʻp xonadonli uylarni boshqarish sohasida faoliyat yuritadigan tashkilotlar toʻgʻrisidagi axborotni Internet tarmogʻida eʼlon qilish orqali taqdim etish boʻyicha dasturiy mahsulotni joriy etadi;
yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan bogʻliq ishlar holatini tahlil qiladi, interfaol “samarali aloqa” va “virtual qabulxona” mexanizmini joriy qiladi;
Vazirlikning yagona dispetcherlik xizmati va hududiy boʻlinmalar dispetcherlik xizmatlarining samarali ishlashini tashkil qiladi;
e) uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish sohasida:
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi uchun kadrlar tayyorlashni, xorijiy mamlakatlarda oʻquv stajirovkalarini oʻtkazishni hisobga olib, Vazirlik tashkilotlarining kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etadi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi tashkilotlarining kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ehtiyojini oʻrganadi;
“Kommunaloʻquv” oʻquv-metodik markazi” DUKda xususiy uy-joylar mulkdorlari shirkatlari rahbarlarini tayyorlaydi va ularga oʻqiganligi haqida tegishli sertifikat beradi;
j) uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish sohasida:
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida faoliyatni tartibga soladigan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni belgilangan tartibda qabul qiladi:
belgilangan tartibda va oʻz vakolatlari doirasida meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishda ishtirok etadi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari dasturlarini, shuningdek, yangi turdagi mahsulotlarni oʻzlashtirish boʻyicha ayrim loyihalarni belgilangan tartibda ishlab chiqadi va kelishadi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida hisobga olish, monitoring qilish va hisobotdorlikni amalga oshirish uchun namunaviy hujjatlarni (formulyarlar, reyestrlar, dalolatnomalar va boshqalarni) belgilangan tartibda ishlab chiqadi va kelishadi;
Vazirlik tashkilotlari faoliyati samaradorligining iqtisodiy va texnik normativlarini (koʻrsatkichlarini) tasdiqlaydi, ushbu normativlarni sinab koʻrish borasida uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida yagona iqtisodiy siyosat, yagona hisobga olish siyosatini yuritadi hamda tashkilotlarga uslubiy rahbarlik qiladi va ularning faoliyati samaradorligini tahlil etadi;
z) xalqaro hamkorlik sohasida;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirishning muhim muammolarini hal etishda xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantiradi va kengaytiradi;
Vazirlikka yuklangan vazifalar doirasida yagona davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish hamda chet el investitsiyalarini jalb etish uchun masʼul vakolatli davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida xalqaro ilmiy-texnik va moliyaviy-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish tadbirlarini belgilangan tartibda ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida eng yaxshi xorijiy boshqaruv, texnik xizmat koʻrsatish amaliyoti va yangi texnologiyalarni joriy qilish bilan tanishish maqsadida tajriba almashish tadbirlarini ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlik vakolatiga kiritilgan xalqaro shartnomalarini amalga oshirish choralarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan qonunchilikda belgilangan holatlarda xorijiy investorlar bilan investitsiya shartnomalari tuzadi;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy moliya va iqtisodiyot tashkilotlari va donor-mamlakatlar bilan ularni uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasiga oid investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish boʻyicha istiqbolli va joriy hamkorlik dasturlarini shakllantirish takliflarini oʻrganadi, umumlashtiradi va tayyorlaydi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida xorijiy investorlar ishtirokida investitsiya loyihalari amalga oshirilishini taʼminlaydi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish uchun taqdim etiladigan xalqaro va xorijiy hukumat moliya institutlarining texnik koʻmaklashish mablagʻlaridan (grantlaridan) foydalanishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro va xorijiy hukumat moliya institutlaridan texnik, gumanitar, begʻaraz va boshqa yordam olishni ishlab chiqish jarayonida ishtirok etadi;
yetakchi xorijiy ilmiy markazlarda soha mutaxassislarini qayta tayyorlashni tashkil qiladi.
i) hududlarni obodonlashtirish sohasidagi muammolarni oʻrganish va metodologik taʼminlash sohasida:
hududlarni obodonlashtirish sohasidagi muammolarni oʻrganadi va umumlashtiradi hamda ularni normativ tartibga solish boʻyicha takliflar kiritadi;
“Obod hudud” tizimini (elektron onlayn-maydoncha) ishlab chiqadi, joriy etadi va axborot bilan taʼminlashni amalga oshiradi;
davlat mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini va koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini obodonlashtirish sohasiga bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha takliflar kiritadi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-dekabrdagi 978-sonli qaroriga asosan “i” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2019-y., 09/19/978/4125-son)
k) Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring olib borish, xavfsizlik va sifatini taʼminlash, shuningdek, yagona suv balansini shakllantirishni muvofiqlashtirish sohasida:
suv balansining yagona axborot tizimini yaratgan holda Yagona davlat suv fondi suvlarining miqdoriy va sifat koʻrsatkichlari toʻgʻrisida vakolatli organlar va tashkilotlarning maʼlumotlarini toʻplash, umumlashtirish va tizimlashtirish orqali respublikaning yagona suv balansini shakllantirishni tashkil etadi;
suvni hisobga olishning holati, uning xavfsizligi va sifatini taʼminlash toʻgʻrisida vakolatli organlar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilayotgan maʼlumotlarning ishonchliligi monitoringini olib boradi, zarur boʻlganda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqadi;
Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring olib borish, xavfsizligi va sifatini taʼminlash boʻyicha vakolatli organlar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
toza ichimlik suvining strategik zaxiralarini yaratishni tashkil etadi, shu jumladan, katta hajmdagi zaxira manbalarini barpo etadi;
suvdan foydalanish sohasida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni, shu jumladan, suvning miqdori va sifatini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni muvofiqlashtiradi, ularning respublika suv balansining yagona axborot tizimiga integratsiyalashuvini taʼminlaydi;
tizimli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga suvni hisobga olish holati, uning xavfsizligi va sifatini taʼminlash, shuningdek, respublikaning yagona suv balansini shakllantirish toʻgʻrisidagi hisobotni aniq takliflar bilan taqdim etib boradi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 342-sonli qaroriga asosan “k” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2020-y., 09/20/342/0686-son)
11. Vazirlikka yuklangan vazifa va funksiyalarni bevosita, shuningdek, hududiy boʻlinmalar va Vazirlikning tashkiliy tuzilmasiga kiradigan tashkilotlar orqali hal etadi.
3-bob. Vazirlikning huquqlari va javobgarligi
12. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, joylardagi ijro hokimiyati organlari hayʼatlarining uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida islohotlarni amalga oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarida kommunal xizmatlarni joriy qilish masalasini koʻrib chiqish bilan bogʻliq majlislarida belgilangan tartibda ishtirok etadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, joylardagi ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlardan Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha hujjatlar, statistika maʼlumotlari, tahliliy materiallar, xulosa va boshqa axborotlarni soʻrab oladi;
davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, joylardagi ijro hokimiyati organlari va idoraviy mansub tashkilotlardan suv taʼminoti, kanalizatsiya va issiqlik taʼminoti obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlash, koʻp xonadonli uy-joy fondini mukammal va joriy taʼmirlash, koʻp xonadonli uy-joy fondiga tutash hududlarni obodonlashtirish boʻyicha dasturlar loyihalarini ishlab chiqish uchun zarur hisob-kitoblar, hisobot maʼlumotlari va boshqa materiallarni oladi;
Vazirlar Mahkamasiga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, joylardagi ijro etuvchi hokimiyat organlariga koʻrib chiqish uchun Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, joylardagi ijro hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarga koʻrib chiqilishi shart boʻlgan uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasidagi qonunbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnomalar yuboradi;
oʻz vakolati doirasida konferensiya, seminar, simpozium, koʻrgazma, yarmarka va boshqa tadbirlar oʻtkazadi, boshqa tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan shunday tadbirlarda ishtirok etadi;
xorijiy davlatlarga Vazirlik, uning hududiy organlari va idoraviy mansub tashkilotlari mutaxassislarini belgilangan tartibda yuboradi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida yetakchi xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida Vazirlik va idoraviy mansub tashkilotlarda ishlash uchun belgilangan tartibda jalb qiladi;
davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, joylardagi ijro hokimiyati organlari rahbarlarini uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasidagi qonunchilik talablarini va normativ hujjatlarni bajarmagani yoki tegishli ravishda bajarmagani uchun belgilangan tartibda javobgarlikka tortish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun takliflar kiritadi;
kommunal soha obyektlarini qurish sohasida shahar va tumanlarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan bosh rejalari loyihalari boʻyicha xulosa beradi;
soha ilmiy-texnik kengashlarini va sohaning ixtisoslashtirilgan ekspert kengashlarini tashkil qiladi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida axborot-tahlil va ekspert ishlarini amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot, texnologik, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari, shuningdek, olimlar va malakali mutaxassislarni, jumladan xorijdan belgilangan tartibda jalb etadi;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan konferensiya, kengash va seminarlar tashkil qiladi va oʻtkazadi;
xorijiy davlatlarning turdosh vazirliklari (idoralari), xalqaro moliya va iqtisodiyot tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, firma va kompaniyalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy mamlakatlar elchixonalari va missiyalari, xalqaro hamda chet el tashkilotlari bilan Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha belgilangan tartibda toʻgʻridan-toʻgʻri majlislar va videokonferensiyalar oʻtkazadi;
Xalqaro darajada Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini belgilangan tartibda himoya qiladi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻmitalar va komissiyalar ishida ishtirok etadi;
xorijiy davlatlarning iqtisodiyot idoralari, agentliklari va boshqa turdosh tuzilmalari bilan Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida idoralararo shartnomalarni (bitim, protokol, memorandumlarni) xalqaro huquq normalariga muvofiq tayyorlash va tuzishda ishtirok etadi;
Vazirlik va uning tarkibiga kiradigan tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash choralarini koʻradi;
Vazirlik tizimida budjet mablagʻlaridan oqilona foydalanishni tizimli nazorat qiladi, Vazirlik tarkibiga kiradigan tashkilotlarning moliyaviy va tadbirkorlik faoliyatini tekshiradi va taftish qiladi.
Vazirlik qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Vazirlik:
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish boʻyicha kompleks dasturlar amalga oshirilishini oʻz vaqtida va sifatli tashkil etish hamda ularning yakuniy natijalari;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasiga investitsiyalar jalb etilishini taʼminlash;
koʻp xonadonli uylar, suv taʼminoti, kanalizatsiya va issiqlik taʼminoti tizimlarini boshqarish tizimini shakllantirish va uning samarali faoliyat koʻrsatishi;
favqulodda holatlarda (harbiy harakatlar, zilzila, suv toshqinlari, yongʻin, epidemiya va boshqalarda) uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasining har qanday obyektidan foydalanish, ularning faoliyat yuritishini cheklash yoki toʻxtatish, shuningdek, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini markazlashtirilgan tarzda boshqarishning ustuvorliklarini belgilash;
suv-kanalizatsiya xoʻjaligi va issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan xizmatlar tuziladigan shartnomalarga muvofiq koʻrsatilishini, shuningdek, isteʼmolchilarga ichimlik suvi, issiqlik energiyasi va issiq suv uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlash;
suv-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlarining suv taʼminoti va suv chiqarish boʻyicha hamda issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar hajmlari haqidagi hisobot va axborotlar, debitor va kreditor qarzdorlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning haqqoniyligi, shuningdek, ichimlik suvi, issiqlik energiyasi hamda issiq suvni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;
suv taʼminoti, suv quvurlari va kanalizatsiya tarmoqlari hamda issiqlik taʼminoti tizimi obyektlarining holati, foydalanilishi va ularga taʼmirlash xizmati koʻrsatilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
(13-bandning yettinchi — toʻqqizinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-maydagi 305-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2020-y., 09/20/305/0626-son)
isteʼmolchilarga oʻrnatilgan ichimlik suv taʼminoti isteʼmolini hisobga olish priborlarini almashtirish, oʻrnatish va ularga ekspluatatsiya xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlash;
(13-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 342-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2020-y., 09/20/342/0686-son)
(13-bandning oʻn birinchi va oʻn ikkinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 342-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2020-y., 09/20/342/0686-son)
issiqlik energiyasi va issiq suvni hisobga olish uskunalarining almashtirilishi va oʻrnatilishini, shuningdek, issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan ularning plombalanishini tashkil etish;
issiqlik energiyasi va issiq suv uchun toʻlovlarning kvartiralar ichki hisobga olish uskunalari koʻrsatkichlari, isteʼmolning normativ hajmlari va kvartiraning isitiladigan maydoni oʻlchami asosida oʻz vaqtida va toʻliq undirilishini taʼminlashni, shuningdek, isteʼmolchilarning qarzdorligi kamaytirilishini nazorat qilish;
issiqlik energiyasi va issiq suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-maydagi 305-sonli qaroriga asosan oʻn uchinchi — oʻn beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2020-y., 09/20/305/0626-son)
oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
14. Vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Vazir boshchilik qiladi.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-apreldagi 234-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2020-y., 09/20/234/0453-son)
Vazirning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan toʻrt nafar oʻrinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
15. Vazir:
Vazirlik faoliyatiga yakkaboshchilik asosida umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi hamda Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻz oʻrinbosarlarining vakolatlarini belgilaydi, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, hududiy boʻlinmalar, Vazirlikning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilaydi;
Vazirlik xodimlari hamda Vazirlikning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan bajarish uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
zarurat boʻlganda, Vazirlik markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega;
markaziy apparat, Vazirlikning hududiy boʻlinmalari shtatlar jadvalini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda markaziy apparat va Vazirlikning hududiy boʻlinmalari, Vazirlikning tashkiliy tuzilmasiga kiradigan va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan tashkilotlar xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Vazirlik boshqarmalari, boʻlimlari va hududiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, shuningdek Vazirlikning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar ustavlarini (nizomlarini) belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Vazirlik markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari, Vazirlikning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qiladi, tarmoq xodimlarini belgilangan tartibda koʻkrak nishonlari bilan taqdirlaydi, Vazirlik tizimining alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlari va davlat mukofotlari bilan taqdirlashga taqdim etadi;
Vazirlik, hududiy boʻlinmalar xodimlarini, Vazirlikning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Vazirlik va Vazirlik hududiy boʻlinmalari mol-mulkini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasarruf etadi;
Vazirlik markaziy apparatida va uning hududiy boʻlinmalarida, Vazirlikning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarda ijro intizomini mustahkamlash ishlarini muvofiqlashtiradi;
Vazirlik vakolatlariga tegishli masalalar boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida qonun hujjatlarini ijro etishga, elektron hujjat aylanishi tizimini keng joriy etish va ulardan samarali foydalanishga, yuridik va jismoniy shaxslarning tushgan murojaatlari boʻyicha, ularning koʻrib chiqilishi natijalarini hisobga olgan holda, maʼlumotlar bazasini shakllantirishga doir ishlarni nazorat qiladi va muvofiqlashtiradi;
Vazirlik vakolatlariga kiruvchi masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini belgilangan tartibda imzolaydi.
Vazir qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
16. Vazirlikda Vazir (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi (lavozimiga koʻra), Vazirlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalar rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tuziladi.
(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
Hayʼatning shaxsiy tarkibi va soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat:
Vazirlik faoliyatining qonun hujjatlarida belgilangan asosiy konseptual, respublikada uy-joy-kommunal sohani yanada takomillashtirish yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Hukumat qarorlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ijro intizomini mustahkamlash, vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun Vazirlik rahbarlari va xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi.
Hayʼat Vazirlik vakolatiga tegishli boʻlgan boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishga haqlidir.
Hayʼat majlisiga Vazirlik vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi boshqa organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat, agar majlisda uning tarkibining yarmidan koʻpi qatnashsa, huquqiy vakolatli hisoblanadi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari Vazirning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Vazir va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda Vazir yuzaga kelgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikrini Vazirlar Mahkamasiga yozma ravishda maʼlum qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi hayʼatning qarori bilan tasdiqlanadigan reglament bilan belgilanadi.
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joqargʻi Kengesi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
18. Viloyatlar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmalari boshliqlari va Toshkent shahri uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri buyrugʻi bilan tegishli ravishda viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
5-bob. Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalari xodimlari mehnatiga haq toʻlash ularni moddiy ragʻbatlantirish
19. Vazirlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
20. Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalari xodimlariga toʻlanadigan ish haqi qonunchilikda nazarda tutilgan lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha va ustama haqlardan iborat boʻladi.
21. Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalari xodimlariga:
uzoq muddat xizmat qilgani uchun belgilangan tartibda har choraklik mukofot toʻlanadi;
(21-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-dekabrdagi 1019-son qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2017-y., 09/17/1019/0463-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga uzoq muddat xizmat qilgani uchun mukofot olish huquqini beruvchi ish staji Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq belgilanadi;
bayram sanalarida Vazirlikning Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari yoki qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan shtat jadvaliga binoan lavozim maoshining 2 baravarigacha miqdorda mukofot toʻlanadi;
Vazirlikning ayrim tashabbuskor va yuqori malakali xodimlarining lavozim maoshlariga (tarif stavkasiga) belgilangan tartibda shaxsiy ustamalar belgilanadi.
22. Boshqaruv xodimlari soni qisqarishi munosabati bilan va mavjud vakant lavozimlar hisobiga boʻshab qoladigan mablagʻlar Vazirlikning xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
23. Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga moddiy ragʻbatlantirish tartibi Vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
24. Vazirlikning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarning moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek ularning xodimlari mehnatiga haq toʻlash tadbirkorlik faoliyatidan tushumlar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
25. Vazirlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 340-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligini, shuningdek faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Inspeksiya oʻziga berilgan vakolatlar doirasida koʻp kvartirali uy-joy fondini saqlab turish va ulardan foydalanish sohasida vakolatli organ hisoblanadi.
3. Inspeksiya oʻz faoliyati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga hisobot beradi.
4. Inspeksiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi qarorlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.
5. Inspeksiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining boʻlinmalari bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Inspeksiya davlat muassasasi tashkiliy-huquqiy shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ochilgan budjet va boshqa bank hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shuningdek oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va Inspeksiya nomi yozilgan blankalarga ega boʻladi.
7. Inspeksiya oʻz vakolatlariga tegishli masalalar boʻyicha belgilangan tartibda Inspeksiya boshligʻining buyruqlari va boshqa hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan qarorlar qabul qiladi
8. Inspeksiyani saqlab turish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
2-bob. Inspeksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilarni nazorat qilish Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
koʻp xonadonli uy-joy fondini, unga tutash hududlarni saqlash va undan foydalanish qoidalariga rioya etish, koʻchmas mulk egalarining binolarni oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishga yoʻl qoʻymaslik;
umumiy foydalaniladigan joylar, fasadlar, uylarning ichki muhandislik kommunikatsiyalarini taʼmirlash-tiklash ishlarini tizimli oʻtkazish qoidalariga rioya etish;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi tashkilotlari tomonidan tegishli kommunal xizmatlar koʻrsatishda texnik tartibga solish boʻyicha meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya etish;
koʻp xonadonli uylarda koʻchma mulk egalarining mukammal taʼmirlash ishlarini bajarish uchun ajratiladigan mablagʻlaridan maqsadli foydalanish.
10. Inspeksiya oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
koʻp xonadonli uy-joy mulkdorlari huquqlariga rioya etgan holda, qonunchilikda belgilangan shakl va usullardagi nazorat funksiyalarini amalga oshiradi;
sifat standartlariga mos kelmaydigan uy-joy kommunal xizmatlar koʻrsatishda fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini taʼminlaydi;
koʻp xonadonli uy-joy fondini boshqarish, jumladan muhandislik tarmoqlari, koʻp xonadonli uylar uskunalaridan sifatli foydalanishni tizimli tekshirish yuzasidan nazorat qiladi;
turar-joy binolari mulkdorlari va boshqaruv kompaniyalari, taʼmirlash tashkilotlari va kommunal xizmatlarni amalga oshiruvchi korxonalar oʻrtasidagi shartnomalar boʻyicha majburiyatlar bajarilishini nazorat qiladi;
hisobotlar, statistika maʼlumotlari, obyektlardagi nazorat tekshiruv natijalarini va boshqa axborot materiallarini tahlil qiladi;
hududiy inspeksiyalar ishini yaxshilash, uy-joy fondi va koʻp xonadonli uylarda mulkdorlar umumiy mulkini boshqarish, ularni saqlash va foydalanish samaradorligini oshirish, taʼminlash va taʼmirlash ishlarini bajarishda aholi ishtirokini ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Inspeksiya faoliyatini tashkil etish qoidalari va uslubiy hujjatlarini ishlab chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga tasdiqlash uchun kiritadi;
Inspeksiya kadrlarini tanlash, kasbga qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini amalga oshiradi;
uy-joy fondi va koʻp xonadonli uylarda binolar mulkdorlari umumiy mulkidan foydalanish, taʼmirlash va saqlash masalalarini tartibga soladigan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qiladi, koʻp xonadonli uylar binolari mulkdorlari va kommunal-foydalanish tashkilotlarining koʻp xonadonli uylardan foydalanish, kommunal xizmatlar va energiya manbalari sifati boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqadi;
koʻp xonadonli uylardagi binolar (kvartiralar) mulkdorlarining murojaatlari yuzasidan qabul qilingan choralar natijalari boʻyicha hisobotlar mavjudligini tekshiradi;
hududiy inspeksiyalarning koʻp xonadonli uy-joy fondi va koʻp xonadonli uylardagi binolar mulkdorlarining umumiy mulkidan foydalanish, ularni saqlab turish va taʼmirlashni nazorat qilish ishlarini muvofiqlashtiradi va tashkil qiladi;
koʻp xonadonli uylardagi umumiy mulkni texnik jihatdan tekshirishni tashkil qiladi;
koʻp xonadonli uylardagi umumiy mulkni mukammal va joriy taʼmirlashning alohida turlarini oʻtkazish roʻyxati, davrlari va navbatini belgilaydi;
qurilishi tugallangan koʻp xonadonli uylarni, shuningdek, koʻp xonadonli uy-joy fondi muhandislik uskunalarining texnik jihatdan tartibga solish sohasiga oid meʼyoriy-huquqiy va normativ hujjatlar talablariga moslashtirish boʻyicha rekonstruksiya qilingan tizimlarini foydalanishga qabul qiluvchi ishchi va davlat komissiyalari faoliyatida ishtirok etadi;
koʻp xonadonli uy-joy fondida muhandislik uskunalaridan xavfsiz foydalanish talablariga rioya etilishini nazorat qiladi.
11. Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qiladigan hududiy inspeksiyalar quyidagilarni nazorat qiladi:
koʻp xonadonli uy-joy fondi, koʻp xonadonli uylardagi binolar mulkdorlarining umumiy mulki va unga tutash hududlardan foydalanish;
koʻp xonadonli uy-joy fondi, koʻp xonadonli uylardagi binolar mulkdorlarining umumiy mulki va uning muhandislik uskunalarining texnik holatini, ularni amaldagi normativlar, texnik va loyiha hujjatlariga muvofiq saqlash va taʼmirlash ishlarini oʻz vaqtida bajarish;
koʻp xonadonli uy-joy fondi, koʻp xonadonli uylardagi binolar mulkdorlarining umumiy mulki va unga tutash hududlardan mavsumiy foydalanishga tayyorlash tadbirlarini oʻtkazish;
koʻp xonadonli uy-joy fondi, koʻp xonadonli uylardagi binolar mulkdorlarining umumiy mulki va unga tutash hududlarda yoqilgʻi-energetika resurslari hamda suvdan oqilona foydalanish;
aholini kommunal xizmatlar (isitish, elektr, suv, gaz taʼminoti va boshqalar) bilan taʼminlashning meʼyoriy darajasi va tartibiga rioya etish;
turar-joy binolari va koʻp xonadonli uylarga tutash hududlardan foydalanish qoidalariga rioya etish;
turar-joylar va binolarni doimiy yashash uchun yaroqsiz deb eʼtirof etish, ularni noturar joy toifasiga oʻtkazish tartibi va qoidalariga rioya etish;
davlat yoki munitsipal uy-joy kommunal xoʻjaligi obyektlari mulkdorlari, xizmatlar, ishlab chiqaruvchilar va foydalanuvchilar oʻrtasida shartnomalar mavjudligi va ularning shartlariga rioya etish;
koʻp xonadonli uylarga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash tanlovlarini oʻtkazish;
aholi buyurtmalariga binoan uy-joy kommunal xizmatlarini bajarish;
koʻp xonadonli uylarda energiya va suv resurslari sarfini boshqarish, nazorat qilish va hisobga olish priborlari mavjud boʻlishi.
3-bob. Inspeksiyaning huquqlari va javobgarligi
13. Inspeksiya oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
a) tekshiriladigan obyektga belgilangan tartibda borish;
b) tekshiruv paytida har qanday zarur axborotni soʻrab olish, tekshiruvga oid hujjatlarining asl nusxalari bilan tanishish;
v) odamlar hayoti va salomatligiga xavf soladigan nosoz texnik qurilmalardan ulardagi nosozliklar bartaraf etilmagungacha foydalanishni taqiqlash, ishlab chiqarishni toʻxtatishga olib keladigan holatlar bundan mustasno;
g) quyidagilarga bajarilishi shart boʻlgan koʻrsatmalar berish:
xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga va koʻchmas mulk egalariga — koʻp xonadonli uylar, koʻp xonadonli uylar umumiy mulkini saqlash va ulardan foydalanish qoidalari, texnologik loyihalashtirish normalarining buzilishi holatlarini, foydalanishda xavfsizlikni pasaytiradigan uskunalarni tayyorlash va montaj qilishdagi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi tashkilotlariga — tegishli kommunal xizmatlar koʻrsatishda texnik tartibga solishga oid normativ hujjatlar talablariga rioya etish boʻyicha;
d) oʻtkazilgan tekshiruv natijasida aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etishga doir koʻrsatmalar talablari bajarilmagan holatlarda ushbu talablarni majburiy bajarish toʻgʻrisida yoki jismoniy yoxud yuridik shaxs faoliyatini qisman yoki toʻliq toʻxtatish yoxud taqiqlash daʼvo arizasi tayyorlab taqdim etish;
e) maʼmuriy huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni koʻrib chiqish boʻyicha protokollar tuzish;
j) sudlarda daʼvogar va javobgar boʻlish;
z) qonunchilikda koʻzda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
14. Inspeksiya quyidagilarga majbur:
tekshirilayotgan obyektda tekshiruv oʻtkazilayotgan davrdagi belgilangan ish tartibiga toʻsqinlik qilmaslik;
tekshiruv natijasida olingan hujjatlar va maʼlumotlarning yaxshi saqlanishini taʼminlash;
koʻp xonadonli uylar umumiy mulkini saqlash tartibi buzilishi, muhandislik tarmoqlari va koʻtarish inshootlaridan xavfsiz foydalanish qoidalari va texnik reglamentlari buzilishi haqida dalolatnomalar tuzish.
15. Inspeksiya oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
16. Inspeksiyaning mansabdor shaxslari oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi yoki tegishli ravishda bajarmaganligi uchun belgilangan tartibda javob beradi.
4-bob. Inspeksiya faoliyatini tashkil etish
17. Inspeksiyaga rahbarlik qiladigan boshliq Inspeksiyaga yuklangan vazifa va funksiyalarning bajarilishi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi samarali kurashishni taʼminlash yuzasidan shaxsan javob beradi.
Inspeksiya boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-iyundagi 411-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son)
Inspeksiya boshligʻi mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlariga koʻra — bosh boshqarma boshligʻiga, inspeksiya xodimlari esa — Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi xodimlariga tenglashtiriladi.
Inspeksiya boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi hayʼati tarkibiga kiritiladi.
18. Inspeksiya boshligʻi:
Inspeksiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi va Inspeksiyaga yuklangan vazifa va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
xodimlar oʻrtasida vakolatlarni belgilaydi va majburiyatlarni taqsimlaydi, Inspeksiya hududiy boʻlinmalarining mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilaydi;
boʻlimlar rahbarlari va xodimlarining Inspeksiya faoliyatining ayrim uchastkalari va yoʻnalishlariga rahbarlik, shuningdek, Inspeksiya hududiy boʻlinmalari ishlari uchun javobgarlik darajasini belgilaydi;
Inspeksiyaning barcha xodimlari, shuningdek, hududiy boʻlinmalari bajarishi shart boʻlgan qarorlar chiqaradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan kelishgan holda, Inspeksiya va uning hududiy boʻlinmalarining shtat jadvalini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Inspeksiya va uning hududiy boʻlinmalarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Inspeksiya boʻlimlari va hududiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Inspeksiya va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarini ragʻbatlantirish va ularga nisbatan intizomiy javobgarlik choralarini qoʻllash masalasini hal qiladi, ishda oʻrnak koʻrsatgan xodimlarni mukofotga taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan kelishgan holda Inspeksiya xodimlari va uning hududiy boʻlinmalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
hududiy inspeksiyalar xodimlari hududiy inspeksiya boshligʻi tomonidan Inspeksiya bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanish, uni saqlab turish va taʼmirlash sohasidagi qonunchilik ijrosini nazorat qiladi, ushbu qonunchilik buzilishi holatlarini koʻrib chiqadi va oʻz vakolati doirasida tegishli qarorlar qabul qiladi;
oʻz vakolati doirasida davlat organlari va tashkilotlarda qonunchilikka muvofiq Inspeksiya manfaatlarini himoya qiladi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
5-bob. Inspeksiya xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish
19. Inspeksiya va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarining ish haqi qonunchilikda nazarda tutilgan lavozim maoshi, mukofot, qoʻshimcha va ustamalardan iborat boʻladi.
20. Inspeksiya va uning hududiy boʻlinmalari xodimlariga:
uzoq muddat xizmat qilgani uchun qonunchilikda belgilangan miqdorda har chorakda mukofot toʻlanadi. Bunday mukofot olish huquqini beradigan ish staji Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tasdiqlaydigan tartibga binoan hisoblanadi;
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-dekabrdagi 1019-son qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2017-y., 09/17/1019/0463-son)
bayram kunlarida Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan shtat jadvaliga muvofiq lavozim maoshining 2 baravarigacha miqdorda mukofotlar toʻlanadi;
ayrim tashabbuskor va yuqori malakali xodimlarga lavozim maoshiga (tarif stavkasiga) belgilangan tartibda shaxsiy ustamalar belgilanadi;
21. Mehnatga haq toʻlash fondining boshqaruv xodimlari sonining qisqarishi tufayli boʻshaydigan va boʻsh ish oʻrinlari mavjudligi hisobiga shakllangan mablagʻlari Inspeksiya xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
6-bob. Inspeksiyaning mol-mulki
22. Inspeksiya qonunchilikda nazarda tutilgan holatlarda tezkor boshqarish huquqi asosida alohida mulkka ega boʻlishi mumkin.
Inspeksiya mulki unga mulkdor tomonidan taqdim etilgan mulk, shuningdek, oʻz faoliyati natijasida orttirilgan mulk (jumladan pul mablagʻlari) va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
23. Inspeksiya oʻziga biriktirilgan mulkni va unga moliyalashtirish rejasi boʻyicha berilgan mablagʻlar hisobiga sotib olingan mulkni oʻzgaga, qonunchilikda boshqacha nazarda tutilmagan boʻlsa, mustaqil ravishda oʻzgaga oʻtkazish yoki boshqacha usulda tasarruf etish huquqiga ega.
7-bob Yakunlovchi qoida
24. Inspeksiyani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 23-son, 467-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2017-y., 09/17/992/0426-son, 27.12.2017-y., 09/17/1019/0463-son; 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son, 03.07.2018-y., 09/18/496/1429-son; 26.03.2019-y., 09/19/247/2835-son, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son; 10.12.2019-y., 09/19/978/4125-son; 17.04.2020-y., 09/20/234/0453-son; 21.05.2020-y., 09/20/305/0626-son; 29.05.2020-y., 09/20/342/0686-son; 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son; 06.09.2022-y., 09/22/496/0799-son)