ShARH
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini kamaytirish va samarali bartaraf etish aholining tinch va xavfsiz hayot kechirishini taʼminlash, mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlariga erishishda muhim ahamiyatga ega.
Iqtisodiyot tarmoqlari jadal rivojlanayotgani, ishlab chiqarish texnologiyalarining murakkablashib borayotgani, ishlab chiqarish obyektlarining aholi punktlariga yaqin joylashtirilayotgani, aholi soni koʻpayib, urbanizatsiya jarayoni tezlashayotgani, xavfli tabiiy jarayonlarning tez-tez sodir boʻlayotgani va koʻlami kengayib borayotgani, shuningdek, transchegaraviy xavflarning mavjudligi tabiiy hamda texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar paydo boʻlish xavfini yanada oshirmoqda.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda aholi va hududlarni tabiiy ofatlar, texnogen avariya va falokatlardan himoya qilish boʻyicha yaxlit davlat tizimi, zarur meʼyoriy-huquqiy baza shakllantirildi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, aholini falokatlar paytida harakat qilishga tayyorlash borasida koʻlami va mazmuni jihatidan ulkan ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, amaldagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimi faoliyatining tahlili mamlakat aholisi va hududlarini tabiiy ofatlar, texnogen avariya va halokatlardan muhofaza qilishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan bir qator muammoli masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlash tizimini yanada modernizatsiya qilish talab etiladi. Ushbu tizim bugungi kunda xavfli gidrometeorologik holatlarning mavjud xavf-xatarlarini hamda ular yuz berganda harakat qilish mexanizmlarini manzilli aniqlash imkonini bermaydi.
Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlarda himoya qilish sohasidagi muammolarni hal qilish uchun mamlakatimizning mavjud ilmiy salohiyatidan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan yetarli darajada foydalanilmayapti. Qutqaruv tuzilmalarining moddiy-texnik �aʼminoti, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlarda himoya qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash, fuqarolarni bunday vaziyatlar roʻy berganda toʻgʻri harakat qilishga oʻrgatish, xavfli tabiiy jarayonlar kuchayishi bilan bogʻliq mavjud xatarlar, shuningdek, texnogen avariya va halokatlar xavfi toʻgʻrisida oʻz vaqtida va aniq xabardor qilish tizimi bugungi kun talablariga toʻliq javob bermaydi.
Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Hujjatda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimi faoliyatini takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlari va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining vazifalari belgilandi.
Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi, Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Kichik hajmli kemalar davlat inspeksiyasi, shuningdek, Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining Tezkor xabarlar xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga oʻtkazildi.
Yuqorida qayd etilgan tashkilotlarning vazirlik tizimiga oʻtkazilishi munosabati bilan tinchlik va harbiy davrda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, gidrotexnik inshootlarning barqaror ishlashi, gidrometeorologik va seysmologik kuzatuvlar, kichik hajmdagi kemalardan bexatar foydalanish, suv havzalarida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish xavfi va omillarini oldindan aniqlash, ular vujudga kelishini barvaqt profilaktika qilish va oldini olishni taʼminlash hamda boshqa vazifalar Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining yangi asosiy vazifalari etib belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu Farmoni favqulodda vaziyatlar rivojlanish xavfi yuqori boʻlgan tumanlarda (shaharlarda) favqulodda vaziyatlar boʻyicha qoʻshimcha boʻlimlar va qutqaruv otryadlari tashkil etish orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimining salohiyatini mustahkamlash va quyi boʻgʻinlarini kengaytirishga qaratilgan.
Mazkur Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari rahbarligida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha hukumat komissiyasi, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman shahar hokimliklari huzurida ham shunday hududiy komissiyalar tashkil etilganini taʼkidlash zarur. Ularning tarkibiga aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilishni taʼminlashda ishtirok etadigan barcha darajadagi mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlari kiritildi.
Quyidagilar Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha hukumat komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilandi:
Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar shaharlar hokimliklarining vazifalarini belgilash va qaror qabul qilishi boʻyicha takliflar tayyorlash;
har yili favqulodda vaziyatlarning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan fuqaro muhofazasi (bahor mavsumida), aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish (kuz mavsumida) oyligini tashkil etish va oʻtkazish;
mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining avariya, halokat, tabiiy va boshqa ofatlar oqibatida jabrlangan fuqarolar, shuningdek, favqulodda vaziyatlarni ba�taraf etishda ishtirok etgan shaxslarni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy muhofaza qilish, tibbiy reabilitatsiya qilish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish.
Hujjatda aholi bilan muloqotni mustahkamlash va kengaytirish, “Oʻz vaqtida ogohlantirish, qutqarish va yordam berish” shiori ostida aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish vazifalarini bajarishni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
Mazkur Farmonda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish tizimi samaradorligini oshirish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ilm-fan va texnika yutuqlarini joriy etish, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash koʻzda tutilgan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Farmonni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari imzolandi.
Mazkur hujjatlarda koʻzda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi amaldagi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tadbirlar samaradorligini tubdan oshirish, shuningdek:
birinchidan — xalq bilan muloqotni mustahkamlash va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorlik orqali favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni oʻz vaqtida tizimli asosda qabul qilish;
ikkinchidan — favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlash borasidagi ishlarni sezilarli darajada yaxshilash va sifatini oshirish, gidrometeorologik va seysmik kuzatuvlar boʻyicha ishlarni tizimlashtirish, yirik gidrotexni� inshootlar va suv obyektlarida favqulodda vaziyatlar paydo boʻlish xavf-xatarlarini barvaqt aniqlash;
uchinchidan — favqulodda vaziyatlarda kompleks harakat qilish tezkorligini oshirish va ularning zararini kamaytirish;
toʻrtinchidan — mahalliy korxonalar negizida asosiy turdagi avariya-qutqaruv texnikasi, mulk va uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ishlarini tashkil qilish imkonini beradi.