2-ILOVA
SHARH
Keyingi yillarda respublikada aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan, sifatli baliq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish boʻyicha bir qancha dasturiy chora-tadbirlar qabul qilindi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2016-yilda qariyb 3 ming gektar yangi sunʼiy hovuzlar tashkil etildi, ularda 900 taga yaqin yangi baliqchilik xoʻjaligi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirmoqda. Baliqchilik xoʻjaliklarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki tomonidan 116 milliard soʻmdan ortiq kreditlar ajratildi. Aholining baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida 2016-yilda 76 ming tonnaga yaqin baliq yetishtirildi, bu 2015-yilga qaraganda 16 ming tonna koʻpdir.
Shu bilan birga, tahlillar shuni koʻrsatadiki, baliq chavoqlari ishlab chiqarish hamda tabiiy suv havzalari va sunʼiy koʻllardan samarasiz foydalanish baliqchilik tarmogʻining eng zaif boʻgʻini hisoblanadi. Natijada sunʼiy koʻllarning hosildorligi bir gektarda 20 sentnerdan oshmaydi, bu jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan ancha pastdir. Baliqchilik sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish, intensiv texnologiyalarni keng joriy etish va baliq yetishtirishning yuqori texnologik usullaridan foydalanish alohida eʼtiborni talab qiladi.
Baliqchilikni yanada rivojlantirish va aholini keng turdagi va arzon baliq mahsulotlari bilan taʼminlashdagi kamchiliklar, muammolar va mavjud imkoniyatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 27-aprel kuni Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish chogʻida koʻrsatib oʻtildi.
Baliqchilik tarmogʻidagi bu muammolarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etiladi, uning tarkibiga joylarda baliqchilik tarmogʻi tashkilotlari ishlarini muvofiqlashtiruvchi 13 ta hududiy “Baliqsanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyati kiradi.
Baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning tashkiliy-texnologik jarayonlarini tizimli tashkil etish, baliq chavoqlarini takror koʻpaytirish va ozuqa bazani mustahkamlash, tabiiy suv havzalari va sunʼiy koʻllarning resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, baliq yetishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usullarni va intensiv texnologiyalarni joriy etish “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari hisoblanadi.
Bundan tashqari, baliqchilik tarmogʻida ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilmiy va texnik yangiliklarni tadbirkorlik subyektlariga yetkazish maqsadida Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba stansiyasi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga aylantirildi va Aydar — Arnasoy koʻllar tizimida hamda respublikaning boshqa hududlarida uning filiallarini ochish belgilandi.
Tarmoq loyihalarini birgalikda moliyalashtirish, shuningdek, maslahat, axborot-tahlil va marketing xizmatlari koʻrsatish yoʻli bilan baliqchilikni rivojlantirish dasturlari amalga oshirilishiga koʻmaklashish uchun qarorda “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka bankining investitsion kompaniyasini tashkil etish maʼqullandi va uning ulushi yangidan tashkil etilayotgan hududiy “Baliqsanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarining ustav fondida kamida 51 foizni tashkil etadi.
Ilmiy-tadqiqot, seleksiya va naslchilik ishlarini moliyalashtirish, ozuqalarning zamonaviy retsepturalarini ishlab chiqish va baliqchilik tarmogʻiga ilgʻor texnologiyalarni joriy etishda koʻmaklashish, baliqlarning kasalliklari profilaktikasi va ularni davolash hamda tarmoqni rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarini shakllantirish maqsadida “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasida Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi.
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasini, uning hududiy “Baliqsanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarini va uyushma tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga 2023-yilning 1-yanvarigacha urugʻ, baliq chavoqlari va tovar baliq yetishtirishdan, baliq mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashdan olingan daromadlaridan yagona soliq toʻlovi toʻlashdan ozod etish boʻyicha imtiyozlar berilmoqda. Bunda boʻshaydigan mablagʻlar, birinchi navbatda, belgilangan tartibda baliqchilik tashkilotlarini iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashga, baliqchilik tarmogʻining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga va soha xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Mazkur qaror bilan, shuningdek, baliq yetishtirish va uni qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirishga, baliq chavoqlari bilan taʼminlashga, baliq yetishtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga yoʻnaltirilgan 2017 — 2021-yillarda baliqchilik tarmogʻini yanada kompleks rivojlantirish boʻyicha dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha ishchi guruh tashkil etildi. Yuqori mahsuldor baliq turlarini iqlimlashtirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish hisobiga baliqlarning afrika laqqasi, tilyapiya, forel, vengriya sazani va osyotr turlarini koʻpaytirish yoʻlga qoʻyiladi. Bu, oʻz navbatida, ichki bozorlarga uzluksiz ravishda keng assortimentdagi arzon va sifatli baliq mahsulotlari yetkazib berilishini taʼminlaydi.
Shubhasiz, bu yutuqlarga erishish uchun bir qator kechiktirib boʻlmaydigan va amaliy vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli hal etish talab etiladi. Ular jumlasiga Aydar — Arnasoy koʻllar tizimi va suv omborlaridagi mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, qafas usulida baliq yetishtirishni keng joriy etish, baliq yetishtiruvchi va baliq ovlovchi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, bugungi kunda faoliyat koʻrsatayotgan bir qator kasb-hunar kollejlarining ixtisoslashuvini qayta koʻrib chiqish va Toshkent davlat agrar universitetida baliqchilik sohasi uchun kadrlar tayyorlash fakultetini tashkil etish, bu borada xalqaro tajribani oʻrganish va baliqchilik sohasida ishlash uchun chet el mutaxassislarini jalb etish kabi masalalar kiradi.
Qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi baliqchilik tarmogʻining barcha sohasini qamrab oluvchi va uning jadal rivojlanishini taʼminlovchi yagona boshqaruv tizimi tashkil etilishiga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, baliq yetishtirish hajmlarini keskin koʻpaytirishga, respublika aholisining baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashga va sohaning eksport salohiyatini oshirishga koʻmaklashadi.