Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yuridik shaxsning alohida boʻlinmalari boʻyicha soliqlarni toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-avgustdagi 480-sonli “Vazirlar Mahkamasining “Soliq toʻlovchilarni hisobga qoʻyish sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy reglamentlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 2-apreldagi 150-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yuridik shaxslarning alohida boʻlinmalari boʻyicha soliqlarni toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom (keyingi oʻrinlarda Nizom deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu Nizomning amal qilishi tatbiq etiladigan, alohida boʻlinmalari mavjud boʻlgan yuridik shaxslarning roʻyxatini bir hafta muddatda tasdiqlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga hududiy moliya organlari va davlat soliq xizmati organlari bilan birgalikda soliqlarni alohida boʻlinma joylashgan joy boʻyicha toʻlash uchun belgilangan mezonlarga muvofiq keladigan alohida boʻlinmalarga ega yuridik shaxslarni aniqlash maqsadida joylarda tizimli ravishda xatlov oʻtkazish yuklansin.
Xatlov natijalari boʻyicha har yili 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligiga tasdiqlangan Nizom tatbiq etiladigan yuridik shaxslar koʻlamini kengaytirish yoki qisqartirish haqida takliflar kiritilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-fevral,
105-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-fevraldagi 105-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yuridik shaxslarning alohida boʻlinmalari boʻyicha soliqlarni toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-son qaroriga muvofiq yuridik shaxslarning alohida boʻlinmalari boʻyicha soliqlarni hisoblash va toʻlash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq mustaqil soliq toʻlovchi hisoblangan alohida boʻlinmalariga tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi tayyor mahsulot chiqargan holda ishlab chiqarish texnologik jarayonining yakunlovchi bosqichlari amalga oshiriladigan yuridik shaxslarning alohida boʻlinmalariga tatbiq etiladi. Bunda yuridik shaxs tomonidan realizatsiya qilinadigan har qanday mahsulot tayyor mahsulot hisoblanadi.
Ushbu Nizomni qoʻllash maqsadida yuridik shaxsning ayrim funksiyalarini bajaruvchi, joylashgan joyi boʻyicha turgʻun ish oʻrinlari bilan jihozlangan hududiy alohida boʻlinma yuridik shaxsning alohida boʻlinmasi deb eʼtirof etiladi. Ish oʻrni bir oydan ortiq boʻlgan muddatga tashkil etilgan taqdirda, u turgʻun hisoblanadi.
Ushbu Nizom tatbiq etiladigan alohida boʻlinmalarga ega boʻlgan yuridik shaxslar roʻyxati har yili keyingi soliq davri boshlangunga qadar bir oydan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu roʻyxatga kiritilgan yuridik shaxslar besh kun muddatda soliq boʻyicha hisobga olingan joy boʻyicha davlat soliq xizmati organlari tomonidan xabardor qilinadi.
3. Yuridik shaxsning alohida boʻlinmasi boʻyicha soliq majburiyatlari ushbu alohida boʻlinmaga toʻgʻri keladigan soliqlar ulushi u joylashgan joy boʻyicha toʻlangan holda yuridik shaxsning oʻzi tomonidan bajariladi.
4. Yuridik shaxsning alohida boʻlinmasi joylashgan joy boʻyicha quyidagi soliqlar toʻlanadi:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
qoʻshilgan qiymat soligʻi;
aksiz soligʻi;
yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-maydagi 384-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son)
yagona soliq toʻlovi.
5. Ushbu Nizomning amal qilishidan qatʼi nazar, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk soligʻi va yer soligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 81-moddasida belgilangan tartibda soliq solish obyekti joylashgan joy boʻyicha toʻlanadi.
6. Yuridik shaxs ichida, shu jumladan uning alohida boʻlinmalari oʻrtasida mol mulkni topshirish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish realizatsiya qilish sifatida qaralmaydi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq mustaqil soliq toʻlovchilar hisoblangan yuridik shaxsning alohida boʻlinmalari uchun bunday topshirishlar qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblash maqsadida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma deb hisoblanadi.
2-bob. Alohida boʻlinmaga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan soliqlarni hisoblash va toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari
1-§. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, yagona soliq toʻlovi
(1-paragraf nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-maydagi 384-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son)
7. Joriy toʻlovlar, shuningdek yagona soliq toʻlovi toʻlanishi hisobga olingan holda yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, yuridik shaxs tomonidan alohida boʻlinmaga toʻgʻri keladigan soliqlar ulushidan kelib chiqib, uning har bir alohida boʻlinmasi joylashgan joy boʻyicha amalga oshiriladi. Yuridik shaxsning alohida boʻlinmasiga toʻgʻri keladigan soliqlar ulushi umuman yuridik shaxs boʻyicha ish haqiga xarajatlarda va asosiy vositalarning boshlangʻich (qayta tiklash) qiymatida mos ravishda ushbu alohida boʻlinmaning ish haqiga xarajatlari va asosiy vositalarning boshlangʻich (qayta tiklash) qiymatining solishtirma salmogʻining oʻrtacha arifmetik qiymati sifatida aniqlanadi va quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-maydagi 384-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son)
bunda:
AB — yuridik shaxsning alohida boʻlinmasi;
IHF ab — yuridik shaxsning alohida boʻlinmasiga toʻgʻri keladigan ish haqiga xarajatlar;
IHF jami — umuman yuridik shaxs boʻyicha ish xaqiga xarajatlar;
AV ab — yuridik shaxsning alohida boʻlinmasiga toʻgʻri keladigan asosiy vositalarning boshlangʻich (qayta tiklash) qiymati;
AV jami — umuman yuridik shaxs boʻyicha asosiy vositalarning boshlangʻich (qayta tiklash) qiymati.
Yuridik shaxsning alohida boʻlinmasiga toʻgʻri keladigan soliq ulushidan kelib chiqib, yuridik shaxsning ushbu alohida boʻlinmasi joylashgan joy boʻyicha budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar summasi quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
AB soliq summasi = Soliq summasi (hammasi) x AB soliq ulushi (%da) / 100, bunda:
Soliq summasi (hammasi) — umuman yuridik shaxs boʻyicha budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasi.
Yuridik shaxsning soliq boʻyicha hisobga olish joyida budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasi umuman yuridik shaxs tomonidan budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasidan kelib chiqib, ushbu yuridik shaxsning alohida boʻlinmalari joylashgan joydagi budjetlarga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasini chegirib tashlash orqali aniqlanadi.
2-§. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi
8. Yuridik shaxsning alohida boʻlinmasi joylashgan joy boʻyicha budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi yuridik shaxsning ushbu alohida boʻlinmasida band boʻlgan ishchilarga hisoblanadigan va toʻlanadigan, qonunchilikda belgilangan tartibda soliq solinadigan daromad summasidan kelib chiqib aniqlanadi.
3-§. Qoʻshilgan qiymat soligʻi
9. Yuridik shaxsning har bir alohida boʻlinmasi joylashgan joy boʻyicha budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi ushbu har bir alohida boʻlinma hisobiga toʻgʻri keladigan soliq ulushidan kelib chiqib, yuridik shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Yuridik shaxsning alohida boʻlinmasiga toʻgʻri keladigan qoʻshilgan qiymat soligʻining ulushi yuridik shaxs boʻyicha jami tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasi boʻyicha soliq solinadigan aylanma va moddiy xarajatlarda mos ravishda yuridik shaxsning ushbu alohida boʻlinmasining tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasi boʻyicha soliq solinadigan aylanmasi va moddiy xarajatlarining solishtirma salmogʻining oʻrtacha arifmetik qiymati sifatida quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
AB — yuridik shaxsning alohida boʻlinmasi
ARab — yuridik shaxsning alohida boʻlinmasi boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasi boʻyicha soliq solinadigan aylanma;
ARjami — umuman yuridik shaxsning tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasi boʻyicha soliq solinadigan aylanmasi;
MX ab — yuridik shaxsning alohida boʻlinmasi boʻyicha moddiy xarajatlar;
MX jami — umuman yuridik shaxs boʻyicha moddiy xarajatlar.
Yuridik shaxsning har bir alohida boʻlinmasiga toʻgʻri keladigan qoʻshilgan qiymat soligʻi ulushidan kelib chiqib, yuridik shaxsning alohida boʻlinmasi joylashgan joy boʻyicha budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi aniqlanadi va quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
AB qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi = Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi (hammasi) x AB qoʻshilgan qiymat soligʻi ulushi (%da) / 100, bunda:
Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi (hammasi) — yuridik shaxs tomonidan umuman budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi.
Yuridik shaxsning soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi yuridik shaxs tomonidan umuman budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasidan ushbu yuridik shaxsning alohida boʻlinmalari joylashgan joydagi budjetlarga toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini chegirib tashlash orqali aniqlanadi.
91. Yuridik shaxs alohida boʻlinma boʻyicha daromadlar va xarajatlar hisobini alohida yuritgan taqdirda, yuridik shaxs qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha soliq solinadigan aylanmadan kelib chiqqan holda hamda har bir alohida boʻlinma boʻyicha hisobga olinadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini aniqlash huquqiga ega boʻladi.
(91-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-sentabrdagi 751-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2017-y., 38-son, 1059-modda)
4-§. Aksiz soligʻi
10. Alohida boʻlinma joylashgan joy boʻyicha budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan aksiz soligʻi summasi alohida boʻlinmaga toʻgʻri keladigan qonunchilikda belgilangan tartibda soliq solinadigan bazadan kelib chiqib aniqlanadi.
5-§. Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq
11. Yuridik shaxsning alohida boʻlinmasi joylashgan joy boʻyicha budjetga toʻlanadigan yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq summasi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda ushbu yuridik shaxsning alohida boʻlinmasi tomonidan kavlab olingan tayyor mahsulotlar hajmidan kelib chiqib aniqlanadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-bob. Alohida boʻlinmalarga ega yuridik shaxslarni soliq boʻyicha hisobga qoʻyish va ular tomonidan alohida boʻlinmalar boʻyicha soliq majburiyatlari bajarilishi tartibi
12. Ushbu Nizomning amal qilishi tatbiq qilinadigan yuridik shaxs soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyish bilan birga alohida boʻlinmalarga ega yuridik shaxslar roʻyxatiga kiritilganligi haqida xabarnoma olingan kundan boshlab 10 kundan kechikmay soliq toʻlovchi sifatida alohida boʻlinmalar joylashgan joy boʻyicha hisobga turishi shart.
13. Yuridik shaxsning alohida boʻlinmalari joylashgan joydagi davlat soliq xizmati organlariga quyidagi soliq hisobotlari taqdim etiladi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan soliq hisobotlari shakllari boʻyicha yuridik shaxsning alohida boʻlinmasiga toʻgʻri keladigan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, yagona soliq toʻlovi va qoʻshilgan qiymat soligʻi summalari hisob-kitoblari. Ushbu hisob-kitoblar yuridik shaxsning soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan soliq hisobotlari shakllarida nazarda tutilgan tegishli soliqlar boʻyicha hisob-kitoblar asosida tuziladi va unda yuridik shaxsning har bir alohida boʻlinmasi boʻyicha soliq summalari alohida satrda ajratib koʻrsatiladi. Bunda yuridik shaxs soliq boʻyicha hisobga olingan joydagi davlat soliq xizmati organlariga hisob-kitoblar taqdim etilayotganda uning har bir alohida boʻlinmasiga toʻgʻri keladigan soliqlar summalari boʻyicha hisob-kitoblar nusxalari ilova qilinadi.
(13-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-maydagi 384-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son)
b) jismoniy shaxslarning daromad soligʻi boʻyicha — hisoblangan va haqiqatda toʻlangan daromadlar summasi hamda yuridik shaxsning tegishli alohida boʻlinmasida band boʻlgan xodimlar yuzasidan jismoniy shaxslarning daromadidan ushlangan soliq summasi haqidagi maʼlumotlar. Bunda ushbu maʼlumotlarning nusxalari bir vaqtning oʻzida yuridik shaxslar soliq boʻyicha hisobga olingan joy boʻyicha ularga yuboriladi;
v) yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq va aksiz soligʻi boʻyicha — soliq hisobotining belgilangan shakli boʻyicha hisob-kitoblar. Bunda yuridik shaxs soliq boʻyicha hisobga olingan joy boʻyicha ushbu hisob-kitoblarning nusxalari yuboriladi;
14. Yuridik shaxsning alohida boʻlinmalari bir tumanda joylashgan taqdirda, ushbu alohida boʻlinmalar boʻyicha tegishli yigʻma soliq hisoboti tuziladi.
15. Yuridik shaxsning alohida boʻlinmalari boʻyicha soliqlarni toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
4-bob. Soliq toʻlovchilarning javobgarligi va davlat soliq xizmati organlarining nazorati
16. Yuridik shaxslar qonunchilikka muvofiq oʻzlarining alohida boʻlinmalari boʻyicha soliqlar toʻgʻri hisoblanishi va toʻlanishi uchun javob beradilar. Ushbu Nizomning 13-bandida koʻrsatilgan soliq hisobotlari yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilmaganligi yoki oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi uchun soliq hisobotini taqdim etish tartibini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutiladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
17. Davlat soliq xizmati organlari ushbu Nizomga muvofiq soliqlar toʻgʻri hisoblanishi va toʻlanishi, shuningdek yuridik shaxslar soliq hisobiga qoʻyilishi ustidan nazorat qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-maydagi 384-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-maydagi 384-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-maydagi 384-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 9-son, 130-modda, 38-son, 1059-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/384/1266-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)