Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish qoidalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi PF-6261-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish,shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek, fuqarolarning sogʻligʻini, avvalo yigirma yoshga toʻlmagan shaxslarning sogʻligʻini alkogol mahsulotlari isteʼmol qilishning zararli taʼsiridan himoya qilishni taʼminlash hamda alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni yanada tartibga solish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 16-martdagi PQ-605-sonli qarori bilan tasdiqlangan alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 16-sentabr,
PQ-2597-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 16-sentabrdagi PQ-2597-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish qoidalariga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. 15-bandida:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Alkogolli mahsulotlarni sotish taqiqlanadi:”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi — beshinchi xatboshilar qoʻshilsin:
“savdo avtomatlari orqali;
bolalar oʻyinchoqlari, konfetlar yoki bolalar assortimentiga kiruvchi boshqa tovarlarni imitatsiya qiluvchi (shularga oʻxshatib ishlangan boʻlsa);
savdo qilinayotgan joylarda yigirma yoshga toʻlmagan shaxslarga uni sotishga yoʻl qoʻyilmasligi, shuningdek alkogolli mahsulotlarning inson sogʻligʻiga zararli taʼsiri toʻgʻrisidagi ogohlantiruvchi yozuvlar boʻlmagan hollarda;
alkogolli mahsulotlarning tarasida alkogolli mahsulotlarni isteʼmol qilish inson sogʻligʻiga zararli taʼsir qilishi toʻgʻrisida matn va (yoki) rasm shaklidagi tibbiy ogohlantirish mavjud boʻlmagan hollarda”.
Ikkinchi — oʻn uchinchi xatboshilar tegishli ravishda oltinchi — oʻn yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Quyidagi mazmundagi 151-bandi bilan toʻldirilsin:
“151. Alkogolli mahsulotlar bilan savdo qilayotgan sotuvchi yigirma yoshdan kichikroq koʻringan xaridordan uning yoshini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatishni talab qilishi, hujjat mavjud boʻlmagan taqdirda esa alkogolli mahsulot sotishni rad etishi shart”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 38-son, 444-modda)