Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2004-2005 YILLARDA MAHALLIY XOM AShYo NEGIZIDA TAYYOR MAHSULOTLAR, BUTLOVChI BUYuMLAR VA MATERIALLAR IShLAB ChIQARIShNI MAHALLIYLAShTIRISh DASTURI LOYIHALARINI AMALGA OShIRAYOTGAN KORXONALARNING RAHBARLARINI VA MUHANDIS-TEXNIK XODIMLARINI RAGʻBATLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi loyihalarini amalga oshirayotgan korxonalarning rahbarlarini va muhandis-texnik xodimlarini ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
Mahalliylashtirish dasturini amalga oshirishda qatnashganligi uchun korxonalar boshqaruv xodimlarini va muhandis-texnik xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish bir marta toʻlanadigan mukofotlar tarzida amalga oshiriladi;
bir marta toʻlanadigan mukofotlar har bir yil yakunlariga koʻra Mahalliylashtirish dasturining mahalliylashtirish darajasi, ishga tushirilayotgan quvvatlar va ishlab chiqarish hajmlari boʻyicha korxona uchun belgilangan parametrlar bajarilgan taqdirda toʻlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2004-2005-yillar davrida mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2004-yil 14-yanvardagi 18-son qarorining 5-bandiga muvofiq soliqlar va bojxona toʻlovlaridan ozod qilish hisobiga korxonalar ixtiyorida qoladigan pul mablagʻlarining bir qismi bir marta toʻlanadigan mukofotlarni toʻlash manbai hisoblanadi;
bir marta toʻlanadigan mukofotni toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar (shu jumladan hisoblangan yagona ijtimoiy toʻlov) soliqlar va bojxona toʻlovlaridan ozod qilish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar summasining 15 foizidan oshmasligi kerak.
2. 2004-2005-yillarda mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi loyihalarini amalga oshirayotgan korxonalarning rahbarlarini va muhandis-texnik xodimlarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-y. 21-aprel,
190-son
Vazirlar Mahkamasining
2004-yil 21-apreldagi 190-son qaroriga
ILOVA
2004-yil 21-apreldagi 190-son qaroriga
ILOVA
2004-2005-yillarda mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi loyihalarini amalga oshirayotgan korxonalarning rahbarlarini va muhandis-texnik xodimlarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida
NIZOM
1. Ushbu Nizom 2004-2005-yillar davrida mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirayotgan korxonalarning rahbarlarini va muhandis-texnik xodimlarini ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2004-2005-yillar davrida mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2004-yil 14-yanvardagi 18-son qaroriga 1—4-ilovalarga kiritilgan korxonalarga tatbiq etiladi.
3. Bir marta toʻlanadigan mukofotlar tarzidagi moddiy ragʻbatlantirish korxonalarning boshqaruv xodimlariga (rahbarlar va boshqaruv xodimlari mutaxassislariga) va muhandis-texnik xodimlariga nisbatan amalga oshiriladi. Moddiy ragʻbatlantirish qoʻllanadigan lavozimlar roʻyxati korxonaning yuqori boshqaruv organi tomonidan belgilanadi.
4. Bir marta toʻlanadigan mukofotlar har bir yil yakunlariga koʻra Mahalliylashtirish dasturining mahalliylashtirish darajasi, ishga tushirilayotgan quvvatlar va ishlab chiqarish hajmlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 14-yanvardagi 18-son qaroriga 1—4-ilovalarda nazarda tutilgan parametrlari bajarilgan taqdirda toʻlanadi.
5. Koʻrsatib oʻtilgan qarorning 5-bandiga muvofiq soliqlar va bojxona toʻlovlaridan ozod qilish hisobiga korxonalar ixtiyorida qoladigan pul mablagʻlarining bir qismi bir marta toʻlanadigan mukofotlarni toʻlash manbai hisoblanadi.
Bir marta toʻlanadigan mukofotni toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar (shu jumladan hisoblangan yagona ijtimoiy toʻlov) soliqlar va bojxona toʻlovlaridan ozod qilish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar summasining 15 foizidan oshmasligi kerak. Bunda 1 nafar xodim hisobiga bir marta toʻlanadigan mukofotlar summasi oylik lavozim maoshi miqdorining 6 baravaridan oshmasligi kerak.
6. Yil yakuniga koʻra bir marta toʻlanadigan mukofotni xodimlar oʻrtasida taqsimlash korxona rahbari taqdimiga koʻra, har bir xodimning Mahalliylashtirish dasturini amalga oshirishdagi shaxsiy hissasini va mehnatdagi ishtirokini hisobga olgan holda korxonaning yuqori boshqaruv organi tomonidan amalga oshiriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 14-yanvardagi 18-son qarorining 5-bandiga muvofiq soliqlar va bojxona toʻlovlaridan ozod qilish hisobiga korxona tomonidan olingan mablagʻlarning qolgan summasidan tasdiqlangan Mahalliylashtirish dasturini amalga oshirishda belgilangan tartibda maqsadli foydalaniladi.
8. Ushbu Nizomga muvofiq bir marta toʻlanadigan mukofotlar (shu jumladan hisoblangan yagona ijtimoiy toʻlov) summasi daromad (foyda) soligʻini hisoblashda soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi.
9. Soliqlar toʻlashdan ozod qilinadigan mablagʻlar hisobiga boshqaruv xodimlariga va muhandis-texnik xodimlarga bir marta toʻlanadigan mukofotlarni toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning toʻgʻri hisoblanishini nazorat qilish davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 16-son, 186-modda)