O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QURILISh SOHASIDAGI HUQUQBUZARLIKLAR UChUN YuRIDIK ShAXSLARGA SOLINADIGAN JARIMALARNI UNDIRISh TARTIBINI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2003-yil 17-sentabrdagi 404-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ro‘yobga chiqarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni undirish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qurilish sohasidagi qonun buzishlar uchun moliyaviy sanksiyalar to‘g‘risida” 1995-yil 25-noyabrdagi 443-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1995-y., 11-son, 46-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N.Isayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
2001-yil 2-mart,
106-son
QURILISh SOHASIDAGI HUQUQBUZARLIKLAR UChUN YuRIDIK ShAXSLARGA SOLINADIGAN JARIMALARNI UNDIRISh
TARTIBI
1. Mazkur Tartib “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni undirish mexanizmini belgilaydi.
2. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarimalar Davlat arxitektura-qurilish nazorati organlarining “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-bandida ko‘rsatib o‘tilgan mansabdor shaxslari tomonidan ma’muriy tartibda solinadi.
3. Jarimalar jarima solish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab kechi bilan o‘n besh kunda yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadi.
Jarima solish to‘g‘risidagi qaror uni qabul qilingan organ (yuridik shaxs) tomonidan bajarishga kirishiladi.
4. Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni tezlik bilan bajarish mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud bo‘lganda uni qabul qilgan mansabdor shaxs, bu haqda tegishli yuridik shaxsni yozma ravishda xabardor qilgan holda, qarorning bajarilishini bir oy muddatgacha uzaytirishi mumkin.
5. Jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki norozi bo‘linganda shikoyat yoki norozilik qoniqarsiz qoldirilgandan so‘ng u belgilangan tartibda bajarilishi kerak. Bunday hollarda jarima shikoyat va norozilik qoniqarsiz qoldirilganligi to‘g‘risida xabardor qilingan kundan boshlab kechi bilan o‘n besh kunda to‘lanishi kerak.
6. Jarima yuridik shaxslar tomonidan pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lanadi, ular quyidagi tartibda taqsimlanadi:
jarimalarning 60 foizi respublika budjetiga;
30 foizi — mahalliy budjetga;
10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Davlat arxitektura-qurilish nazorati bosh boshqarmasi va uning tasarrufidagi organlarning moddiy-texnika negizini rivojlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga yo‘naltiriladi.
7. Jarima muddatida to‘lanmagan taqdirda u aybdor yuridik shaxslardan jarima solish to‘g‘risidagi qarorga asosan so‘zsiz undirib olinadi.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 5-son, 21-modda)