O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OBYEKT MUDDATIDAN ILGARI FOYDALANISHGA TOPSHIRILGANLIGI VA SHARTNOMA QIYMATIGA NISBATAN MABLAG‘LAR TEJALGANLIGI UCHUN PUDRATCHI TASHKILOTNI BUYURTMACHI TOMONIDAN MUKOFOTLASH TARTIBI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kapital qurilishni boshqarish tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1998-yil 28-noyabrdagi 500-son qarorining 9-bandini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi va shartnoma qiymatiga nisbatan mablag‘lar tejalganligi uchun pudratchi tashkilotni buyurtmachi tomonidan mukofotlash tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi pudrat tashkilotlarini mukofotlashning ko‘rsatib o‘tilgan tartibini amaliy faoliyatda foydalanish uchun respublika qurilish bo‘linmalariga va investitsiya jarayonining boshqa qatnashchilariga yetkazsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Isayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 26-mart,
135-son
Obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi va shartnoma qiymatiga nisbatan mablag‘lar tejalganligi uchun pudratchi tashkilotni buyurtmachi tomonidan mukofotlash
TARTIBI
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Tartib mablag‘lar tejalgan va obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilgan taqdirda qurilish qatnashchilarini mukofotlash shartlari va tartibini belgilab beradi, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish obyektlarini qurish (rekonstruksiya qilish, texnika bilan qayta jihozlash)ni va ishlab turgan korxonalarni texnika bilan qayta jihozlash ishlari bajarilishini qamrab oladi.
1.2. Ilmiy-texnik ishlanmalarni, eng yangi texnologiyalarni joriy etish, qurilish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish yo‘li bilan o‘z vaqtida sifatli pirovard natijaga erishish uchun qurilish qatnashchilarini rag‘batlantirish shartnoma qiymatiga nisbatan mablag‘lar tejalganligi va obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi uchun qurilish qatnashchilarini mukofotlashning maqsadi hisoblanadi.
1.3. Mazkur Tartib pudrat shartnomasi bo‘yicha qurilishda qatnashayotgan barcha yuridik va jismoniy shaxslar (ilmiy-tadqiqot va loyiha-konstruktorlik muassasalari, bosh pudratchi, subpudrat tashkilotlari va boshqalar)ga tatbiq etiladi hamda shartnoma qiymatiga nisbatan mablag‘lar tejalishiga, obyekt muddatidan oldan foydalanishga topshirilishiga ko‘maklashadi.
1.4. Shartnoma qiymatiga nisbatan mablag‘lar tejalishi tender savdolar asosida belgilangan shartnoma narxi bilan amaldagi xarajatlar o‘rtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi. Ushbu mablag‘lar mukofot sifatida pudrat tashkilot ixtiyorida qoladi.
1.5. Quyidagilar:
fan va texnika yutuqlarini joriy etish, qurilish-montaj, ishga tushirish-sozlash ishlari va boshqa ishlarning ilg‘or texnologiyalari qo‘llanilishi;
qurilishni obyekt sifatini pasaytirmaydigan unchalik qimmat bo‘lmagan zarur binokorlik materiallari, yarim tayyor mahsulotlar, buyumlar va konstruksiyalar bilan ta’minlash;
asbob-uskunalar, qurilish mashinalari va mexanizmlarini ishlatish xarajatlarini kamaytirish, shuningdek o‘zi tayyorlagan sanoat mahsulotini qo‘llash;
ustama xarajatlar miqdorini qayta ko‘rib chiqish va qisqartirish hamda noishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish;
tasdiqlangan loyiha hujjatlariga belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa chora-tadbirlar hisobiga qurilish qiymati pasaytirilishiga erishish shartnoma qiymatiga nisbatan mablag‘lar tejalishi hisoblanadi.
1.6. Buyurtmachi obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilishidan manfaatdor bo‘lganda pudrat shartnomasida amalda foydalanishga topshirish sanasidan boshlab pudrat shartnomasida nazarda tutilgan foydalanishga topshirish sanasigacha mahsulot ishlab chiqarishdan olinadigan foyda yoki buyurtmachi tomonidan alohida ajratiladigan mablag‘lar hisobiga qo‘shimcha mukofotlash shartlari qayd etiladi.
1.7. Qurilish muddatining pudrat shartnomasida ko‘rsatilganga nisbatan qisqarishi obyektni muddatidan ilgari foydalanishga topshirish hisoblanadi.
2. QURILISH QATNASHCHILARI O‘RTASIDA MUKOFOT PULINI TAQSIMLASH TARTIBI
2.1. Buyurtmachi va bosh pudratchi bajariladigan ishlar xususiyatidan, mehnat sarfidan va qurilish qatnashchilarining pirovard natijaga qo‘shadigan mo‘ljallangan ulushiga bog‘liq ravishda obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi uchun mukofotlash shartlarini qurilish boshlanishidan oldin yoki qurilish davomida belgilab oladilar.
2.2. Shartnoma qiymatiga nisbatan tejalgan mablag‘lar har bir qurilish qatnashchisining amalda qo‘shgan ulushidan kelib chiqqan holda mazkur Tartibning 1.5-bandiga muvofiq taqsimlanadi.
2.3. Obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilgan taqdirda, buyurtmachi manfaatdor bo‘lgan holda, qurilish qatnashchilarini mukofotlash ularning har birining amalda qo‘shgan ulushiga qarab mazkur Tartibning 1.6-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2.4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 17-iyundagi 168-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2009-y., 25-son, 288-modda)
2.5. Qabul qilish komissiyasining obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligini belgilangan tartibda tasdiqlovchi dalolatnomasi obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi uchun mukofotlashga mablag‘ o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.
2.6. Obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi uchun ishlarni bajaruvchilarga mukofotlash mablag‘larini o‘tkazish pudrat shartnomasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
2.7. Obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi uchun buyurtmachi tomonidan mablag‘ bilan ta’minlovchi bankka taqdim etish uchun rasmiylashtiriladigan to‘lov topshirig‘ida mablag‘ning mukofotlashga maqsadli yo‘naltirilishi ko‘rsatiladi.
2.8. Obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi uchun qurilish qatnashchilariga o‘tkazilgan mukofotlash mablag‘larining 10 foizidan 35 foizigacha miqdorini xodimlarni mukofotlash uchun, qolgan qismini tarmoqning ishlab chiqarishini rivojlantirishga hamda aylanma mablag‘lar va moddiy resurslarni to‘ldirish uchun foydalanish tavsiya etiladi.