O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON MATBUOT VA AXBOROT AGENTLIGINING FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-iyundagi 274-son “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni takomillashtirish to‘g‘risida” 2002-yil 3-iyuldagi PF-3103-son Farmoniga muvofiq hamda respublika va hududiy matbuot va axborot organlari faoliyatini tashkil etishni ta’minlash, nashriyot ishi va matbaaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Ommaviy axborot vositalari monitoringi va ularni litsenziyalash markazining tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi to‘g‘risidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi huquq va majburiyatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi xodimlarining cheklangan soni 55 nafardan iborat etib (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) va uning hududiy organlari xodimlarining cheklangan soni 138 nafar etib belgilansin.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining bosh direktoriga xodimlarning belgilangan cheklangan soni doirasida boshqaruv tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga bosh direktorning uch nafar o‘rinbosariga, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosarga va shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan 7 kishidan iborat hay’atga ega bo‘lishga ruxsat etilsin.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining bosh direktori maqomiga ko‘ra vazirga, bosh direktorning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari tegishli ravishda — vazirning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlariga tenglashtirilsin.
5. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Matbuot va axborot agentligining direktori hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Matbuot va axborot hududiy boshqarmalari boshliqlari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
6. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi:
Ommaviy axborot vositalari monitoringi va ularni litsenziyalash markazi to‘g‘risidagi nizomni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
respublika matbuot va axborot bozori qatnashchilarining yagona umumdavlat reyestrlari muntazam yuritilishini ta’minlasin;
ommaviy axborot vositalari va matbaa korxonalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yangilangan nizomlarni bir oy muddatda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2002-yil 1-oktabrgacha — O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2005-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasida noshirlik va matbaa faoliyatini rivojlantirish kompleks dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Belgilansinki, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi markaziy apparati va hududiy organlari ta’minoti xarajatlarini moliyalash davlat budjeti mablag‘lari, shuningdek unga qarashli tashkilotlarning shartnoma asosidagi ajratmalari va xo‘jalik faoliyatidan olinadigan boshqa tushumlar hisobiga amalga oshiriladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
har yili respublika budjetini shakllantirishda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, uning hududiy organlarining ta’minoti va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga zarur mablag‘lar ajratishni nazarda tutsin;
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga markaziy apparat uchun to‘rtta yengil avtomobil va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi hamda viloyatlar va Toshkent shahridagi matbuot va axborot hududiy organlari uchun bittadan yengil avtomobil xarajatlariga limit ajratsin.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Agentlik faoliyatining texnik bazasini mustahkamlashga doir taklif kiritsinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Moliya vazirligi ikki oy muddatda matbaa sanoatining korxonalari va tashkilotlari ustav jamg‘armalaridagi davlatga va mehnat jamoalariga tegishli aksiyalar ulushlari, paylari, paketlarini xatlovdan o‘tkazsin hamda ularni amaldagi qonun hujjatlari qoidalariga muvofiqlashtirsin. Amalga oshirilgan ishlar natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga matbaa korxonalarini bundan buyon aksiyalashtirish va xususiylashtirish yuzasidan takliflar kiritsinlar.
10. Milliy kitob palatasi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tarkibidan A. Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi tarkibiga berilsin.
11. Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy kompleksi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi o‘n kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga kitob savdosini tashkil etishni takomillashtirish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini kiritsinlar.
12. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining markaziy apparati Toshkent shahar, Navoiy ko‘chasidagi 30-uyga joylashtirilsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M. Sultonov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 3-iyul,
241-son
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi boshqaruvining tashkiliy tuzilmasi
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi markaziy apparatining tuzilmasi
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi markaziy apparati xodimlarining cheklangan soni 55 kishi
Ommaviy axborot vositalari monitoringi va ularni litsenziyalash markazining
TUZILMASI
TUZILMASI
Markaz xodimlarining cheklangan soni 18 kishi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Matbuot va axborot agentligining
TUZILMASI
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan soni – 13 kishi (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari)
Viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalarining namunaviy
TUZILMASI
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan soni (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari):
| | Ish o‘rinlari soni |
| Andijon viloyati | 9 |
| Buxoro viloyati | 9 |
| Jizzax viloyati | 9 |
| Qashqadaryo viloyati | 9,5 |
| Navoiy viloyati | 9,5 |
| Namangan viloyati | 9,5 |
| Samarqand viloyati | 11,5 |
| Sirdaryo viloyati | 9 |
| Surxondaryo viloyati | 9,5 |
| Toshkent viloyati | 7,5 |
| Farg‘ona viloyati | 11,5 |
| Xorazm viloyati | 9,5 |
| Toshkent shahri | 11,5 |
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) matbuot va axborot-ommaviy axborot vositalari, axborotlar almashish, matbuot, noshirlik, matbaachilik faoliyati va davriy nashrlarni tarqatish sohasidagi davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlovchi davlat ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
2. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Agentlik o‘z faoliyatini davlat ijro etuvchi hokimiyatining boshqa organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
II. Agentlikning vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
ommaviy axborot vositalarining mustaqil faoliyati sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlar va qonun hujjatlarining so‘zsiz bajarilishi, so‘z va matbuot erkinligi kafolatlarining ta’minlanishi yuzasidan monitoring olib borish;
respublika fuqarolarining axborotlarga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘liq qondirish, aholining, eng avvalo, o‘sib kelayotgan avlodning va yoshlarning ta’lim, ma’naviy va madaniy darajasini oshirish manfaatlarini ko‘zlab ommaviy axborot vositalarini, noshirlik ishlarini va matbaachilikni keng rivojlantirishga ko‘maklashish;
noshirlik va matbaachilik faoliyati, ommaviy axborot vositalari, davriy nashrlarni tarqatish, shu jumladan ko‘rsatib o‘tilgan faoliyat turlarini ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish;
nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, televideniye, radioeshittirish va respublika axborot bozorining boshqa qatnashchilari tomonidan axborot sohasida amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish;
respublika fuqarolari va yuridik shaxslarining axborotlarni tayyorlash, tarqatish, ulardan foydalanish sohasidagi huquqlari va manfaatlarining himoya qilinishini ta’minlash;
noshirlik faoliyatini litsenziyalashni tashkil etish;
mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, ommaviy axborot vositalari bozorida teng mavqeni ta’minlash;
noshirlik va matbaachilik faoliyatida, davriy nashrlarni tarqatishda yagona texnika siyosatini o‘tkazish;
reklamalar tayyorlash, shuningdek ularni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatish;
noshirlik-matbaachilik faoliyatining ishlab chiqarish-texnikaviy bazasini rivojlantirish va zamonaviylashtirish, standartlash va sertifikatlash sohasidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
5. Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
noshirlik-matbaachilik faoliyati, ommaviy axborot vositalari, axborot va reklama agentliklarining yagona reyestrlarini yuritish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish;
noshirlik faoliyatini litsenziyalashni tashkil etish;
nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, televideniye, radioeshittirish va respublika axborot bozorining boshqa qatnashchilari tomonidan axborot sohasida amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishi monitoringini tashkil qilish;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, ro‘yxatdan o‘tkazish va litsenziyalash shartlariga rioya etilishini nazorat qilish, ogohlantirish, ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomalar va litsenziyalarning amal qilishini belgilangan tartibda to‘xtatib turish va to‘xtatish;
texnik va boshqa normativlar va standartlarni ishlab chiqish va texnikaviy bazani rivojlantirish, rekonstruksiya qilish, undan foydalanish, standartlash va sertifikatlash sohasidagi tadbirlarni amalga oshirish;
matbuot va axborot sohasidagi faoliyatni, shu jumladan tegishli tartibotlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni boshqarish;
faoliyat sohalarida Agentlik vakolatiga aloqador ijro etuvchi hokimiyatning boshqa organlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
Agentlik vakolatiga kiruvchi tarmoqlardagi faoliyatni rivojlantirish prognozlari va dasturlarini ishlab chiqish;
Agentlik yuritadigan sohaga taalluqli iqtisodiy, ijtimoiy, texnikaviy, huquqiy muammolarni tahlil qilish hamda ularni hal etish, shu jumladan tegishli qonun hujjatlari va boshqa normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
Agentlik tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qilish va uni muvofiqlashtirib borish, ularning moddiy-texnikaviy ta’minotiga ko‘maklashish;
matbuot va axborot sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlarning o‘zining vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha ishlarida qatnashish.
III. Agentlikning huquqlari
6. Agentlik o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
O‘zbekiston Respublikasining barcha jismoniy va yuridik shaxslari (mulkchilik shakllaridan qat’i nazar) tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
o‘z hududiy organlarini belgilangan tartibda tashkil etish va tugatish;
davlat organlaridan va boshqa organlar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslardan zarur axborotlar, hujjatlar va materiallarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda so‘rab olish;
qonun loyihalarini tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish, tadqiqot ishlarini amalga oshirish va konsultatsiyalar uchun ilmiy tashkilotlarni, davlat organlari xodimlarini, mutaxassislar va ekspertlarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislar va ekspertlarni belgilangan tartibda jalb etish, vaqtinchalik ijodiy jamoalar tashkil qilish;
o‘z faoliyatini ta’minlash uchun belgilangan tartibda muassasalar va korxonalar tashkil etish;
yuklangan vazifalardan kelib chiqqan holda amaldagi qonunchilikka zid bo‘lmagan tashqi iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy faoliyat sohasida oldi-sotdi shartnomalari tuzish;
matbuot va axborot sohasidagi qonunchilikni buzayotgan davlat boshqaruvi organlariga, joylardagi hokimiyat organlariga, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan o‘z vakolati doirasida qonunchilikda belgilangan tartibda qarorlar (buyruqlar) chiqarish.
Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida chiqargan qarorlari va buyruqlari vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, muassasalar va tashkilotlar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ularning birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
7. Matbuot va axborot sohasidagi amaldagi qonunchilik ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar tomonidan muntazam ravishda bajarilmagan taqdirda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi nashriyotlar va ommaviy axborot vositalarining noshirlik faoliyatiga litsenziyalarning hamda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarning amal qilishini sud tartibida to‘xtatishga haqlidir.
8. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining ommaviy axborot vositalarini senzura qilishi, tahrir etishi va ularning faoliyatiga boshqacha shakllarda aralashishi taqiqlanadi.
IV. Agentlik faoliyatini tashkil etish
9. Agentlikni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bosh direktor boshqaradi.
10. Agentlikning bosh direktori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan uch nafar o‘rinbosarga, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega bo‘ladi.
11. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining bosh direktori maqomiga ko‘ra vazirga, bosh direktorning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari tegishli ravishda vazirning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
12. Agentlikning bosh direktori yakkaboshchilik asosida Agentlik faoliyatiga rahbarlik qiladi va Agentlikka yuklangan vazifalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
13. Bosh direktor:
Agentlikning normativ hujjatlarini tasdiqlaydi (imzolaydi);
qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ko‘rib chiqishi uchun belgilangan tartibda kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan xodimlarning soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Agentlik markaziy apparatining tuzilmasi va shtat jadvalini, uning hududiy organlari xodimlari sonini, shuningdek mablag‘ ajratishning tegishli davriga davlat budjetida tasdiqlangan doirada ular ta’minoti xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Agentlikning mansabdor shaxslari, hududiy organlar, Agentlik ixtiyoridagi tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi, shuningdek belgilangan tartibda ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Agentlik markaziy apparati xodimlarini va hududiy organlar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Agentlikning tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
Agentlik ixtiyoridagi tashkilotlar ustavlarini tasdiqlaydi, ularning rahbarlari bilan mehnat shartnomalarini (kontraktlarni) belgilangan tartibda tuzadi, o‘zgartiradi va bekor qiladi;
Agentlik vakolatiga tegishli bo‘lgan masalalar bo‘yicha Agentlikning O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorligini belgilangan tartibda ta’minlaydi;
Bosh direktorning o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi.
14. Agentlikda bosh direktor (hay’at raisi) va lavozimiga ko‘ra unga kiruvchi bosh direktorning o‘rinbosarlari, shuningdek bosh direktorning tavsiyasi bo‘yicha ommaviy axborot vositalari va ommaviy kommunikatsiyalar, matbuot sohasidagi, nashriyotlar va matbaaning boshqa rahbar xodimlaridan hamda boshqa shaxslardan iborat bo‘lgan 7 kishidan iborat hay’at tashkil etiladi.
Hay’at a’zolari, uning tarkibiga lavozimi bo‘yicha kiruvchi shaxslardan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Hay’at Agentlik faoliyatining asosiy masalalarini ko‘rib chiqadi. Hay’at qarorlari, qoidaga ko‘ra, bosh direktorning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Bosh direktor bilan hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan taqdirda bosh direktor uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda paydo bo‘lgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi. Hay’at a’zolari o‘z fikrini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma’lum qilishlari mumkin.
15. Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida Agentlikning hududiy organlari – tegishli ravishda Matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi matbuot va axborot boshqarmalari tashkil etiladi.
16. Agentlik huzurida ekspert kengashlar va komissiyalar tashkil etilishi mumkin. Kengash va komissiyalar to‘g‘risidagi nizomlar va ularning tarkibi bosh direktor tomonidan tasdiqlanadi.
17. Agentlikning markaziy apparati va hududiy organlari ta’minoti sarf-xarajatlari davlat boshqaruvi uchun nazarda tutiladigan davlat budjeti mablag‘lari, shuningdek Agentlikka qarashli tashkilotlarning shartnoma asosidagi ajratmalari, xo‘jalik faoliyatidan olinadigan boshqa tushumlar hisobiga mablag‘ bilan ta’minlanadi.
Ommaviy axborot vositalari monitoringi va ularni litsenziyalash markazi davlat budjeti mablag‘lari hisobiga mablag‘ bilan ta’minlanadi.
18. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, bank muassasalarida hisob-kitob raqamiga va boshqa hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 13-son, 104-modda; 2004-y., 24-son, 272-modda)