O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida
Bitim
O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi mehnatkash-migrantlari fuqarolarining va Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi mehnatkash-migrantlari fuqarolarining mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchi,
mehnat migratsiyasi jarayonini huquqiy tartibga solish va ikki davlat o‘rtasida mehnat kuchlarining erkin harakati uchun qulay sharoitlar yaratib berish zaruriyatidan kelib chiqib,
mehnatkash-migrantlarning ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa huquqlari himoyasini ta’minlashni istab,
xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va prinsiplariga amal qilib,
mehnat migratsiyasi va mehnatkash-migrantlarning ijtimoiy himoyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida 1994-yilning 15-aprelida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining ishtirokchi davlatlari rahbarlari imzolagan bitim prinsiplariga asoslanib,
quyidagilar to‘g‘risida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitim O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hisoblangan va Rossiya Federatsiyasi fuqarolari hisoblangan mehnatkash-migrantlarining mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish masalalarini tartibga soladi.
2-modda
1. Ushbu Bitimning amali barcha mehnatkash-migrantlarga, jinsi, irqi, tili, diniy e’tiqodi yoki maslagi, siyosiy va boshqa qarashlari, milliy, etnik yoki ijtimoiy kelib chiqishi, yoshi, iqtisodiy, mulkiy, oilaviy ahvoli yoki xodimning ishchanlik qobiliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday boshqa belgidan qat’i nazar, tatbiq etiladi.
2. Hech narsa ushbu Bitimda mehnatkash-migrantlarni qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga ushbu Bitim qoidalariga rioya qilish, qabul qiluvchi davlat xalqlarining madaniyati va an’analarini hurmat qilish majburiyatidan ozod qilmaydi.
3-modda
Ushbu Bitimda quyidagi atamalar qo‘llaniladi:
“mehnatkash migrant” — bir Tomon davlatining fuqarosi bo‘lgan, 18 yoshga yetgan, boshqa Tomon davlati hududida yashayotgan va qonunga asosan o‘sha erda haq to‘lanadigan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxs;
“mehnat faoliyati” — mehnatkash-migrantning ishlarni bajarish (xizmat ko‘rsatish) uchun tuzilgan mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida va shuningdek qabul qiluvchi davlat qonunchiligi belgilaydigan tartib va shartlarda amalga oshiriladigan ishi;
“ish beruvchi” — qabul qiluvchi davlat qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda tuzilgan mehnat shartnomalari asosida mehnatkash-migrantlar mehnatidan foydalanayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
“ish (xizmat) buyurtmachisi” — qabul qiluvchi davlat qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda tuzilgan, fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida mehnatkash-migrantlar mehnatidan foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
“doimiy yashash Davlati” — hududida mehnatkash-migrant doimiy yashaydigan va uning hududidan u boshqa Tomon davlati hududiga vaqtincha mehnat faoliyati yurgizish uchun chiqib ketadigan Tomon davlati;
“qabul qiluvchi Davlat” — mehnatkash-migrant mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida hududiga kelgan Tomon davlati;
“mehnatkash-migrant oilasi a’zosi” — mehnatkash-migrant nikohida bo‘lgan shaxs va shuningdek uning qaramog‘idagi bolalar va qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga va ikkala Tomon davlatlari ishtirok etayotgan xalqaro shartnomalarga muvofiq oila a’zolari deb e’tirof etilayotgan boshqa shaxslar.
4-modda
1. Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlat hududida mehnat faoliyatini:
a) qabul qiluvchi davlatning ish beruvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga;
b) ish (xizmat) ko‘rsatish uchun qabul qiluvchi davlatning ish (xizmat) buyurtmachilari bilan tuzilgan fuqaroviy-huquqiy shartnomalariga muvofiq amalga oshiradilar.
2. Tomonlar ushbu Bitim doirasida tuzilgan mehnat va fuqarolik-huquqiy shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha javobgar emaslar.
5-modda
1. Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun Tomonlarning quyidagi organlari (bundan keyin — vakolatli organlar) mas’uldir:
O‘zbekiston Respublikasidan: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
Rossiya Federatsiyasidan: Federal migratsiya xizmati va Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligi.
2. Vakolatli organlar bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zgarishlar yuz bersa, Tomonlar diplomatik kanallar orqali bunday o‘zgarishlar to‘g‘risida bir-birlarini xabardor qiladilar.
3. Vakolatli organlar ushbu Bitimni bajarish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun ishchi guruhi tuzadilar.
Ishchi guruhi zaruriyatga qarab navbati bilan O‘zbekiston Respublikasida va Rossiya Federatsiyasida qo‘shma majlislar o‘tkazib turadi.
4. Vakolatli organlar mehnatkash-migrantlarni jalb qilish va foydalanishni tartibga soluvchi Tomonlar davlatlari qonunchiligidagi o‘zgartishlar to‘g‘risida, mehnat, bandlik, kirish va chiqish tartibi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida va shuningdek mehnatkash-migrantlarning turmush sharoitlari to‘g‘risida, Tomonlar davlatlarining mehnat bozorlari ahvoli to‘g‘risida va shuningdek fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyat yurgizishga litsenziyasi (ruxsatnomasi) bor tashkilotlar to‘g‘risida bir-birini oldindan xabardor qilib turadilar va tashqi mehnat migratsiyasi sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda ko‘maklashadilar.
5. Ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida Tomonlardan xar biri boshqa Tomon davlati hududida o‘zining vakolatli organi vakolatxonasini ochishi mumkin.
6-modda
Ushbu Bitimning amali:
a) xalqaro tashkilotlarning shtab-kvartiralari va vakolatxonalariga va shuningdek bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududidagi rasmiy vakolatxonalariga ishlash uchun yuborilgan yoki yollangan Tomonlar davlatlari fuqarolariga nisbatan;
b) bir Tomon davlati tomonidan yoki uning nomidan uning hududidan tashqarida maqomi qabul qiluvchi davlat bilan tuzilgan alohida bitim bilan tartibga solinadigan rivojlanish dasturlari yoki boshqa hamkorlik dasturida ishtirok etib ishlash uchun yuborilgan yoki yollangan va ushbu Bitimga muvofiq mehnatkash-migrantlar hisoblanmaydigan Tomonlar davlati fuqarolariga nisbatan;
v) qabul qiluvchi davlatning qonunchiligida yoki Tomonlar davlatlariga nisbatan amal qiladigan xalqaro hujjatlarda bunday qo‘llanish nazarda tutilmagan bo‘lsa, qochoqlar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan;
g) ta’lim olayotganlarga nisbatan;
d) dengizchilarga va shuningdek qabul qiluvchi davlatda mehnat faoliyatini yurgizishga ruxsat berilmagan, qirg‘oq bo‘yi statsionar qurilmada band bo‘lgan mehnatkashlarga nisbatan;
e) qabul qiluvchi davlat hududida filiallari va vakolatxonalari bor tashkilotning qabul qiluvchi davlat hududida xizmat topshirig‘ini bajarayotgan boshqa Tomon davlati fuqarolariga nisbatan;
j) agar qabul qiluvchi davlat qonunchiligida va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasiga nisbatan amal qilayotgan ikki tomonlama(ko‘p tomonlama) xalqaro shartnomalarda boshqa qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, qabul qiluvchi davlat hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi doimiy yashash davlati fuqarolariga nisbatan;
z) qabul qiluvchi davlat hududida chet el ommaviy axborot vositalari xodimlari sifatida akkreditatsiya qilingan doimiy yashash davlati fuqarolariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
7-modda
Mehnatkash-migrantlarning qabul qiluvchi davlat hududiga kirishi, mazkur hududdan chiqishi va u erda bo‘lishi qabul qiluvchi davlatning qonunchiligi va Tomonlar ishtirok etayotgan xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda
Tomonlar migratsion oqimlarni tartibga solish bo‘yicha Tomonlar davlatlari qonunchiligida ko‘rsatilgan kvotalar va boshqa cheklovlarni belgilash va noqonuniy mehnat faoliyatining oldini olish yo‘li bilan chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
9-modda
1. Ushbu Bitimning 4-moddasi 1-bandining “a” kichik bandida ko‘rsatilgan mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga hamda mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq dam olish vaqti huquqiga ega.
2. Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlatdagi ish beruvchi, (ish (xizmat) buyurtmachisi) bilan kelishgan holda doimiy yashash davlatining rasmiy bayramlari kunlarida mehnat faoliyatidan ozod qilinishlari mumkin. Bunday ozod bo‘lish shartlari mehnat shartnomasi (ish (xizmat ko‘rsatish) uchun tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnoma) bilan belgilanadi.
3. Mehnatkash-migrantlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish qabul qiluvchi davlatning qonunchiligiga muvofiq ish beruvchining, (ish (xizmat) buyurtmachisining) mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi.
4. Mehnatkash-migrantlar doimiy yashab turgan davlatlari vakolatli organlaridan qabul qiluvchi davlat hududida turmush sharoiti va bo‘lish tartibi hamda mehnat faoliyatini amalga oshirishga, shuningdek qabul qiluvchi davlatning amaldagi qonunchiligidan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga taalluqli axborot olish huquqiga egadirlar.
5. Mehnatkash-migrant qabul qiluvchi davlatga o‘z oila a’zolarini birga yashash uchun taklif qilishi mumkin, bunda u qabul qiluvchi davlatning amaldagi qonunchiligi bilan belgilangan uy-joy talablariga javob beradigan turar joyga va shuningdek, oila a’zolarini ta’minlash uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lishi shart.
10-modda
1. Ushbu Bitimning 4-moddasi 1-bandining “a” kichik bandida ko‘rsatilgan mehnatkash-migrantlarning ish haqlari va boshqa mehnat sharoitlari mehnatkash-migrantning qabul qiluvchi davlat ish beruvchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bilan tartibga solinadi.
2. Ushbu Bitimning 4-moddasi 1-bandining “b” kichik bandida ko‘rsatilgan mehnatkash-migrantlarning ish haqlari va boshqa mehnat sharoitlari qabul qiluvchi davlatning ish (xizmat) buyurtmachilari bilan ish bajarish (xizmat ko‘rsatish) uchun tuzilgan fuqaroviy-huquqiy shartnomalariga muvofiq tartibga solinadi.
3. Mehnatkash-migrantlarning ish haqlari qabul qiluvchi davlatning xuddi shu lavozimga, mutaxassislikka va ixtisoslikka ega bo‘lgan va xuddi shunday ishlarni bajaruvchi fuqarolari uchun belgilangan ish haqidan kam bo‘lmasligi va mehnat sharoitlari ularnikidan kam bo‘lmasligi kerak.
11-modda
Mehnatkash-migrantning qabul qiluvchi davlatdan butunlay chiqib ketishi paytida ish beruvchi, ish (xizmat) buyurtmachisi muhri bilan tasdiqlangan, ish muddati va to‘langan ish haqi to‘g‘risida ma’lumot ko‘rsatilgan hujjat topshiradi (har oy).
12-modda
1. Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlatning amaldagi qonunchiligiga va ikkala Tomon davlatlari ishtirok etayotgan xalqaro shartnomalarga muvofiq o‘z ish haqlarini doimiy yashash davlatiga jo‘natishlari mumkin.
2. Mehnatkash-migrantlar daromadiga soliq solish qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida amal qilayotgan soliq sohasidagi xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
13-modda
1. Ishlash uchun ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risida rasmiy qaror qabul qilingan taqdirda, mehnatkash-migrant qabul qiluvchi davlat hududidan mazkur davlat qonunchiligi va ushbu Bitim qoidalariga ko‘ra 15 kun ichida chiqib ketishi kerak.
2. Agar ish beruvchining tashabbusi bilan mehnatkash-migrant bilan tuzilgan mehnat shartnomasi, qabul qiluvchi davlat qonunchiligida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha, muddatidan ilgari bekor qilinsa, ish beruvchi mehnatkash-migrantga mehnat shartnomasida va qabul qiluvchi davlat qonunchiligida mazkur asoslar bo‘yicha bo‘shatilgan mehnatkash-migrantlar uchun nazarda tutilgan kompensatsiyalar to‘laydi.
Bunday holda mehnatkash-migrant mehnat shartnomasini qabul qiluvchi davlatning boshqa ish beruvchisi bilan ishlashga berilgan ruxsatnomaning qolgan muddatigacha yangi mehnat shartnomasi tuzish huquqiga ega bo‘ladi, bunday muddatning tugashiga kamida 3 oy qolgan bo‘lishi kerak.
14-modda
1. Agar mehnatkash-migrant ish beruvchining (ish (xizmat) buyurtmachisining) aybi bilan vafot qilsa va shuningdek mehnatkash-migrant ish jarayonida mayib bo‘lsa, ish beruvchi, (ish (xizmat) buyurtmachisi) qabul qiluvchi davlat qonunchiligida belgilangan to‘lovlarni to‘laydi.
2. Agar mehnatkash-migrant vafot etsa, ish beruvchi(ish(xizmat) buyurtmachisi) marhumning jasadini (murdasini) jo‘natishni tashkil qiladi va jo‘natish bilan bog‘liq xarajatlarni va shuningdek, agar mehnat shartnomasida (ish (xizmat ko‘rsatish) uchun tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnomada) boshqa qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, uning mol-mulkini yetkazib berish va tashish, shuningdek ishlab topgan mablag‘larini jo‘natish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni to‘laydi.
3. Ish beruvchi (ish (xizmat) buyurtmachisi) mehnatkash-migrantning vafot etganligi to‘g‘risida uning doimiy yashash davlatning diplomatik yoki konsullik vakolatxonasini zudlik bilan xabardor qiladi.
4. Mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘lik bo‘lgan mayiblik, kasb kasalligi yoxud boshqa shikastlanish oqibatida ishchi salomatligiga yetkazilgan ziyonni to‘lash tartibi qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq hal qilinadi, agar bunday munosabatlarni tartibga soluvchi alohida xalqaro bitimda boshqa qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa.
15-modda
Tomonlardan har biri diplomlar, ma’lumot to‘g‘risidagi guvohnomalar, unvon, razryad, malaka berish to‘g‘risida tegishli hujjatlarni va mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarni shuningdek ushbu hujjatlarning doimiy yashash davlati hududida o‘rnatilgan tartibda qabul qiluvchi davlatning davlat tiliga tasdiqlangan tarjimasini (legalizatsiyasiz) tan oladilar.
Alohida kasb va malakani talab qiluvchi ish bajarilganda mehnatkash-migrantlar ushbu mutaxassislik va malaka borligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari kerak.
16-modda
Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga va ikkala Tomon davlatlari ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarga muvofiq shaxsiy mol-mulkini, mehnatkash-migrantlar mehnat faoliyatini vaqtincha amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan, qo‘lda olib yuriladigan asboblar va ko‘chma uskunalarni olib kirish va olib chiqish huquqiga ega.
17-modda
Tomonlar o‘rtasida ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qo‘llashda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan bahsli masalalar, maslahatlashuvlar va muzokaralar yo‘li bilan hal qilinadi.
18-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning o‘zaro kelishuvi bo‘yicha o‘zgartishlar kiritilishi mumkin, ular alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va mazkur Bitimni kuchga kirishi uchun belgilangan tartibda kuchga kiradi, agar bayonnomalarning o‘zida boshqacha tartib o‘rnatilmagan bo‘lsa.
19-modda
1. Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan ichki davlat protseduralarini bajargani to‘g‘risida diplomatik kanallar orqali so‘nggi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim 5 yil muddatga tuziladi va agar Tomonlardan birortasi ushbu Bitimning amal qilish muddati tugashidan kamida 6 oy oldin yozma ravishda uning amalini tugatish niyati borligi to‘g‘risida boshqa Tomonga xabar bermasa, o‘z-o‘zidan keyingi besh yillik davrlarga cho‘zilaveradi.
3. Agar ushbu Bitimning amali tugatilsa, Tomonlar ushbu Bitimning amali davrida bo‘lgan majburiyatlarni tartibga soladilar.
Toshkent shahrida 2007-yil 4-iyulda o‘zbek va rus tillarida ikki nusxada tuzildi, ikkala matn ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)