Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turar joylar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-oktabrdagi 656-sonli “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turar joylar bilan taʼminlash tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-avgustdagi 164-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 8-son, 41-modda) bilan tasdiqlangan Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turar joylar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki oy muddatda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga turar joy sotib olish uchun maqsadli transfertlar berish tartibiga, transfertlarni ajratish jarayoni bosqichlarining aniq muddatlarini belgilashni nazarda tutgan holda, tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bir oy muddatda turar joyga muhtojlar sifatida hisobga qoʻyilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar hamda turar joy uchun berilgan orderlar toʻgʻrisidagi yillik hisobot shaklini ishlab chiqsin va oʻrnatilgan tartibda yuritilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 9-dekabr,
338-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 9-dekabrdagi 338-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turar joylar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 10-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“10. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning yashash joyi boʻyicha tuman (shahar) vasiylik va homiylik organi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar hisobida turar joyning saqlab turilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi va turar joylarning noqonuniy sotilganligi yoki boshqacha tarzda begonalashtirilganligi holatlari aniqlangan taqdirda, aniqlangan kundan boshlab besh kun ichida bitimni haqiqiy emas deb topish boʻyicha sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qiladi”.
2. 17-bandda:
a) 2-kichik band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoki pasportining nusxasi, shuningdek fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organining tugʻilganlik toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirma”;
b) 4-kichik band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“4) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarda (bolaning ota-onasi yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onasi mavjud boʻlsa ularda) tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk davlat korxonasining mulk huquqi asosida koʻchmas mulk mavjudligi (mavjud emasligi) haqidagi maʼlumotnomasi”.
3. 18 va 19-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“18. Taqdimnoma tuman (shahar) hokimligi Uy-joy maydonini hisobga olish va taqsimlash komissiyasining (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) masʼul kotibi tomonidan yuritiladigan Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turar joyga muhtojlar sifatida hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni roʻyxatga olish daftarida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Mazkur daftarning sahifalari raqamlanadi, ip bilan tikiladi, komissiya raisining imzosi bilan tasdiqlanadi va unda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
a) tartib raqami;
b) taqdimnomaning kelib tushgan sanasi;
v) taqdimnoma kim tomonidan va qachon yuborilganligi;
g) hisobga qoʻyilishi lozim boʻlgan voyaga yetmaganning (shaxsning) F.I.Sh.;
d) hisobga qoʻyilishi lozim boʻlgan voyaga yetmaganning (shaxsning) tugʻilgan yili, oyi, kuni;
e) hujjat mazmuni;
j) Komissiya xulosasining qisqacha mazmuni.
19. Tuman (shahar) hokimligiga kiritilgan taqdimnoma roʻyxatga olingandan soʻng komissiya tomonidan oldindan koʻrib chiqiladi.
Komissiya tarkibi — rais, rais oʻrinbosari, masʼul kotib va komissiyaning 6 — 8 nafar aʼzosidan iborat tarkibda tuziladi. Komissiya aʼzolari soni komissiyaning ish hajmiga qarab belgilanadi.
Tuman (shahar) hokimi — Komissiya raisi, hokimning ijtimoiy-iqtisodiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari — Komissiya raisining oʻrinbosari, hokimlikning masʼul xodimi — Komissiya kotibi etib tayinlanadi.
Komissiya tarkibiga tuman (shahar) vasiylik va homiylik organi, moliya, sogʻliqni saqlash, ichki ishlar boʻlimi, bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi, yer tuzish va koʻchmas mulk davlat korxonasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining uyushmalari (mavjud boʻlgan hududlarda) vakillari kiritiladi.
Komissiya yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning uy-joy sharoitlarini va tegishli hujjatlarni oʻrganib chiqqandan keyin fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda tekshirish dalolatnomasini tuzadi.
Taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, Komissiya vasiylik va homiylik organi yoki boshqa tegishli tashkilotlardan hujjatlarni talab qilib oladi.
Tekshirish dalolatnomasiga va boshqa hujjatlarga muvofiq Komissiya yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida xulosa tuzadi, u tuman (shahar) hokimining qarori bilan tasdiqlanadi”.
4. Quyidagi mazmundagi 311-band qoʻshilsin:
“311. Tuman (shahar) hokimligi tomonidan turar joyga muhtojlar sifatida hisobga qoʻyilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar hamda turar joy uchun berilgan orderlar toʻgʻrisidagi yillik hisobotlar tuman (shahar) hokimligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga keyingi yilning 17-yanvarigacha hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasiga keyingi yilning 22-yanvarigacha taqdim etilishi lozim”.
5. 35-bandda:
a) ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Turar joyni ijaraga berish shartnomasi Komissiya xulosasiga asosan yangi muddatga tuzilishi mumkin”;
b) quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Agar fuqaro (shaxs) ijaraga berilgan turar joyda shartnoma tuzilgan muddatda doimiy ravishda istiqomat qilmasa, turar joydan maqsadli foydalanmasa, huquqbuzarliklar sodir etsa, shuningdek kommunal toʻlovlardan qarzdorligi mavjud boʻlgan hollarda turar joyni ijaraga berish shartnomasi qayta tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi”;
v) uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
g) toʻrtinchi xatboshidagi “Uy-joy maydonini hisobga olish va taqsimlash komissiyasiga” va “Uy-joy maydonini hisobga olish va taqsimlash komissiyasi” soʻzlari tegishli ravishda “Komissiyaga” va “Komissiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. 38-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Agarda turar joyning yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ijaraga berilgunga qadar boʻlgan davr uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati yoki boshqa boshqaruvchi tashkilotdan hamda kommunal xizmatlar koʻrsatuvchilardan qarzdorligi mavjud boʻlsa, barcha turdagi qarzdorlik toʻlovlari ijaraga beruvchi tomonidan amalga oshiriladi”.
7. Quyidagi mazmundagi 41-band qoʻshilsin:
“41. Mazkur Nizom talablarini buzgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilagan tartibda javobgarlikka tortiladi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 51-son, 604-modda)