Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarboyjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Savdodan tashqari toʻlovlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarboyjon Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarboyjon Respublikasi oʻrtasida savdodan tashqari toʻlovlarni amalga oshirishda pul mablagʻlari erkin oʻtishini taʼminlash maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Tomonlar savdodan tashqari toʻlovlarning quyidagi turlari boʻyicha pul mablagʻlari fuqarolarga erkin joʻnatilishini taʼminlaydilar:
pensiyalar, alimentlar, davlat nafaqalari, toʻlovlar va kompensatsiyalar, shu jumladan xodimlarning mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq ravishda mayib boʻlish, kasb kasalligi yohud sogʻligiga boshqacha tarzda shikast yetkazilishi tufayli unga yetkazilgan zararni qoplashga oid toʻlovlar joʻnatmalari;
sud va tergov organlarining qarorlari asosida toʻlanadigan summalar;
fuqarolarning vafot etishi bilan bogʻliq toʻlovlar (dafn marosimi boʻyicha transport xarajatlari);
sud, tergov, hakamlik, notarial va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarning xarajatlarini qoplash boʻyicha toʻlovlar, shuningdek ushbu organlar tomonidan koʻrib chiqiladigan ishlar boʻyicha davlat poshlinasi;
siyosiy qatagʻonlar qurbonlariga, ularning oila aʼzolari va merosxoʻrlariga pul kompensatsiyalari joʻnatish.
2-modda
Ijtimoiy ahamiyatli toʻlovlar boʻyicha pul mablagʻlarini joʻnatuvchilardan qabul qilish va ularni oluvchilarga toʻlash tegishli Tomonlar milliy valyutalarida amalga oshiriladi.
Bir Tomon milliy valyutasining ikkinchi Tomon milliy valyutasiga nisbatan rasmiy kursi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Ozarboyjon Respublikasi Milliy banki tomonidan AQSh dollari kross-kursi orqali belgilanadi.
3-modda
Tomonlar Tomonlarning aloqa vazirliklariga mazkur 1-moddada koʻrsatilgan savdodan tashqari toʻlovlar roʻyxatiga oʻzgartirish va aniqliklar kiritish vakolatini beradilar.
4-modda
Tomonlarning aloqa vazirliklari savdodan tashqari toʻlovlar boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarni oʻtkazish haqida ikki tomonlama bitim tuzadilar. Bitim Tomonlarning Moliya vazirliklari va Markaziy (Milliy) banklari bilan kelishiladi.
5-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, bu oʻzgartirish va qoʻshimchalar protokollar bilan rasmiylashtiriladi va mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
6-modda
Mazkur Bitimni bajarish va talqin qilish bilan bogʻliq nizoli masalalar maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
7-modda
Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki ish tartiblari bajarilganligi toʻgʻrisida Tomonlar bir-birlarini oxirgi marta yozma ravishda xabardor qilgan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri uning amal qilishini toʻxtatish haqidagi oʻz niyati toʻgʻrisida ikkinchi Tomonga yozma ravishda maʼlum qilguniga qadar amal qiladi. Ushbu holda Bitim Tomonlardan biri bunday bildirishnoma olgan sanadan boshlab uch oy oʻtgandan keyin oʻz kuchini yoʻqotadi.
1996-yil 27-mayda Baku shahrida har biri oʻzbek, ozarboyjon va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi.
Mazkur Bitim moddalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda rus tilidagi matn maʼlumotnoma matn hisoblanadi.
(imzolar)