Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KIChIK TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINI MOLIYAVIY QOʻLLAB-QUVVATLASh MEXANIZMINI TAKOMILLAShTIRIShGA DOIR TAShKILIY ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 23-dekabrdagi PF-3367-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga kredit berish tizimini tashkil etishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi “Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash fondi” aksiyadorlik jamiyati (“Biznes-fond”) muassislari bilan birgalikda ikki oy muddatda “Biznes-fond” aksiyadorlik jamiyatini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatilishini, shuningdek kredit resurslari qoldigʻi 2004-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra “Biznes-fond” aksiyadorlik jamiyati balansidan “Tadbirkor” aksiyadorlik-tijorat banki balansiga berilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 29-martdagi PQ-1945-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2013-y., 14-son, 177-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 29-martdagi PQ-1945-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2013-y., 14-son, 177-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 9-iyuldagi 240-son qarori talablariga muvofiq mahalliy xomashyodan eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida tadbirkorlarga lizing asosida zamonaviy chet el texnologiya liniyalari va asbob-uskunalari yetkazib berish yoʻli bilan xususiy tadbirkorlik va kichik biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun “Raanani-Xolding” kompaniyasi bilan 50 mln. AQSh dollari summasidagi qoʻshma dasturning amalga oshirilishini taʼminlasin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-iyundagi 117-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 24-son, 219-modda)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda, qaytarish asosida “Biznes-fond”ga ajratilgan kredit resurslari boʻyicha shartnomalarni “Tadbirkor” aksiyadorlik-tijorat banki bilan qayta tuzsin;
qarz oluvchilar tomonidan “Tadbirkor” aksiyadorlik-tijorat banki bilan 1998-yil sentyabrgacha berilgan “Biznes-fond” kreditlari hamda texnika va asbob-uskunalar lizingi boʻyicha shartnomalarning qayta tuzilishini taʼminlasin;
“Biznes-fond” hammuassisi hisoblanadigan korxonalarning ustav fondlaridagi “Biznes-fond” ulushlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sotishni yoki tijorat banklari orqali imtiyozli kreditlarga qayta rasmiylashtirishni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirsin;
Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va tijorat banklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining kredit liniyalari hisobiga kichik tadbirkorlik subyektlarini tijorat banklari hamda lizing kompaniyalari tomonidan kreditlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash Fondi (“Biznes-fond”)ni tashkil etish hamda uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 1995-yil 26-iyuldagi 291-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1995-y., 7-son, 24-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 12-martdagi 121-son qarorga muvofiq 4—8-bandlarning tartib raqamlari 5—9 ga oʻzgartirilgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 11-son, 127-modda)
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 24-dekabr,
563-son
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 1996-yil 16-apreldagi 151-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1996-y., 4-son, 12-modda) “b” bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish mexanizmini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1998-yil 27-maydagi 232-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1998-y., 5-son, 20-modda) 4-ilovaning 1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-yanvardagi 27-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2009-y., 6-son, 51-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 24-son, 240-modda; 2004-y., 11-son, 127-modda; 2006-y., 24-son, 219-modda; 2009-y., 6-son, 51-modda; 2013-y., 14-son, 177-modda)