Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻLChASh VOSITALARINI TAYYoRLASh, REALIZATSIYA QILISh VA PROKATGA BERISh FAOLIYATINI LITSENZIYALASh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasining oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. “Metrologiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasida koʻrsatilgan sohalarda qoʻllaniladigan oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyati litsenziyalanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Komissiya ikki hafta muddatda:
Vazirlar Mahkamasining oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi hamda ekspert xulosalari tayyorlash boʻyicha ishchi guruh toʻgʻrisidagi nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ekspert xulosalari tayyorlash boʻyicha ishchi guruh shaxsiy tarkibini tasdiqlasin.
4. “Oʻzstandart” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Metrologiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda mazkur qaror talablariga muvofiq ularni tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish litsenziyalanadigan oʻlchash vositalarining aniqlashtirilgan roʻyxatini ikki hafta muddatda ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining kotibiyatiga va “Oʻzstandart” agentligining bosh direktori R.A. Boʻriyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 2-dekabr,
539-son
Oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sohalarda qoʻllaniladigan oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyati litsenziyalanishi kerak.
2. Litsenziyalarni berish va bekor qilish, ularning amal qilishini toʻxtatish, toʻxtatib turish va muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi qarorlar Vazirlar Mahkamasining oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi.
Komissiya faoliyati Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq tashkil etiladi.
Komissiyaning ishchi organi funksiyasini “Oʻzstandart” agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) bajaradi.
Litsenziyalar berish yoki ularning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi materiallarni koʻrib chiqish, tayyorlash va Komissiya majlislariga kiritish uchun Agentlikda ishchi guruh tuziladi. Ishchi guruh tarkibi Komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyati yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
4. Oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
Litsenziya litsenziya talabgorining arizasiga koʻra umuman faoliyat turiga yoxud uning bir qismiga beriladi.
5. Oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya 5 yil muddatga beriladi. Litsenziya 5 yildan kam muddatga faqat litsenziya talabgorining arizasiga koʻra berilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Litsenziya talablari va shartlari
6. Oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini amalga oshirishdagi litsenziya talablari va shartlariga quyidagilar kiradi:
metrologiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga majburiy rioya etish;
litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan zarur guvohnomalar, sertifikatlar va boshqa hujjatlarning mavjud boʻlishi;
Yagona oʻlchov birligini taʼminlash davlat tizimining normativ-huquqiy va amal qilinadigan hujjatlari talablariga rioya etish;
oʻlchash vositalari, oʻlchash metodikasi, saqlash shart-sharoitlari boʻyicha normativ hujjatlarning mavjud boʻlishi;
yuridik shaxs shtatida maxsus metrologik tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassislarning mavjud boʻlishi (yuridik shaxs boʻlgan litsenziya talabgorlari va litsenziatlar uchun);
jismoniy shaxsning maxsus metrologik tayyorgarligini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjud boʻlishi (jismoniy shaxs boʻlgan litsenziya talabgorlari va litsenziatlar uchun);
oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish uchun belgilangan talablarga muvofiq shart-sharoitlarning mavjud boʻlishi.
Litsenziya bitimida mazkur bandda sanab oʻtilgan litsenziya talablari va shartlaridan aniq litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun zarur hujjatlar
7. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori Agentlikka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza, unda quyidagilar koʻrsatiladi: yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisob raqami — yuridik shaxs uchun; familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari — jismoniy shaxs uchun; litsenziyalanayotgan faoliyatning yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan amalga oshirilishi moʻljallanayotgan turi (uning bir qismi) va faoliyatning koʻrsatilgan turi amalga oshiriladigan muddat;
Keyingi tahrirga qarang.
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi — yuridik shaxslar uchun;
Keyingi tahrirga qarang.
yakka tartibdagi tadbirkorning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi — jismoniy shaxslar uchun;
Keyingi tahrirga qarang.
litsenziya talabgorining arizasi koʻrib chiqilganligi uchun litsenziya talabgorining yigʻimni toʻlaganini tasdiqlovchi hujjat;
oʻlchash vositalarini tayyorlash huquqi uchun “Oʻzstandart” agentligining respublika metrologiya xizmatlari koʻrsatish markazi tomonidan, belgilangan tartibda berilgan: oʻlchash vositalari tipini tasdiqlash sertifikati, davlat reyestri uchun oʻlchash vositalari tipining tavsifi yoki metrologik attestatsiya sertifikati;
oʻlchash vositalarini realizatsiya qilish va prokatga berish huquqi uchun oʻlchash vositalarini saqlash uchun shart-sharoitlar mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etiladi.
Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Hujjatlar Agentlikka litsenziya talabgori tomonidan bevosita yoxud ularning olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar ishchi guruh rahbari tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi). Ishchi guruh rahbari vaqtincha boʻlmagan taqdirda uning funksiyalarini ishchi guruh rahbari tomonidan belgilanadigan shaxs bajaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Ishonchli boʻlmagan yoki buzilgan maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
10. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgorining arizasi koʻrib chiqilganligi uchun yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining besh baravari, jismoniy shaxslardan — uch baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Litsenziya talabgorlarining arizalari koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim summasi Agentlikning hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
11. Oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ishchi guruh ariza olingan kundan boshlab oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda hujjatlarni koʻrib chiqadi, ular yuzasidan ekspert xulosasi tayyorlaydi hamda litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni qarorning tegishli protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi.
Ishchi guruh zaruriyat boʻlganda joylarga borib litsenziya talabgori tomonidan litsenziya talablari va shartlarini bajarish imkoniyatlarini oʻrganishga haqlidir.
Komissiya ishchi guruhning taklifi olingan kundan keyin oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda uni koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi protokolni tasdiqlaydi, protokol Komissiya raisi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi. Zarur hollarda Komissiya qarori soʻrov yoʻli bilan qabul qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Agentlik litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berish haqida qaror qabul qilingani toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan bir vaqtda litsenziya talabgoriga imzolash uchun litsenziya bitimi yuboriladi.
Litsenziyalovchi organ va litsenziatning oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi litsenziya bitimi Agentlik va litsenziat oʻrtasida tuziladi, unda quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini Agentlik tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va Agentlik uchun bir nusxadan tuziladi.
13. Litsenziya blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Litsenziya blankalari namunalari Agentlik tomonidan ishlab chiqiladi, Komissiya tomonidan tasdiqlanadi va Agentlik buyurtmasi boʻyicha “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi. Agentlik rahbari litsenziyalar blankalarining hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsan javob beradi.
Litsenziyalar Agentlik tomonidan rasmiylashtiriladi va Komissiya raisi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Litsenziya litsenziya talabgori davlat boji toʻlaganini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgandan va u litsenziya bitimini imzolagandan keyin uch kun muddatda Agentlik tomonidan beriladi.
15. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida Agentlikka litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, Komissiya litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek ishchi guruh yoki Agentlikning mansabdor shaxsi xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Keyingi tahrirga qarang.
18. Litsenziya berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar litsenziya talabgori tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bunda ishchi guruh hujjatlar qayta taqdim etilgandan keyin uch kun mobaynida ekspert xulosasi tayyorlaydi hamda litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni tegishli qaror protokoli bilan Komissiyaga tasdiqlash uchun kiritadi.
Komissiya ishchi guruhning taklifi olingandan keyin yetti kun muddatda uni koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror protokolini tasdiqlaydi.
Litsenziya talabgorlari arizalari takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
19. Litsenziat — yuridik shaxs qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir hafta muddatda Agentlikka koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
Litsenziat — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yashash joyi oʻzgargan taqdirda, litsenziat qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir hafta muddatda Agentlikka koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
21. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda Agentlik litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish Agentlik tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim Agentlikning hisob raqamiga oʻtkaziladi.
22. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziatning arizasiga koʻra amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza Agentlikka litsenziyaning amal qilish muddati oʻtgunga qadar ikki oydan kechikmay berilishi kerak.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
23. Amal qilish muddati oʻtmagan yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra dublikat berilishi mumkin.
Litsenziya dublikatini berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi Agentlikning hisob raqamiga oʻtkaziladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
24. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat Agentlik tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
25. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda Agentlik oʻz vakolatlari doirasida:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi hollar mavjud boʻlgan taqdirda litsenziatning ularga rioya etishini qonunda belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoki litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida Komissiyaga koʻrib chiqish uchun taklif kiritish;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirishning aniqlangan hollari toʻgʻrisidagi materiallarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlar koʻrish uchun soliq organlariga belgilangan tartibda yuborish.
26. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida Agentlikning tekshiruvchi xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, uning bir nusxasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi Agentlikda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va litsenziyani bekor qilish
27. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoki litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22—24-moddalarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda Komissiya qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Komissiyaning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Komissiya qarorining asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, Komissiya litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
VIII. Litsenziyalar reyestri
29. Agentlik litsenziyalar reyestrini yuritadi. Reyestrda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni — yuridik shaxs uchun;
familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari, yashash joyi, telefoni – jismoniy shaxs uchun;
litsenziyalarning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyalarning amal qilish muddati;
litsenziyalarning umuman faoliyat turiga yoki uning bir qismiga berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish, toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanasi;
litsenziyalarni bekor qilishning asoslari va sanasi;
dublikat berish asoslari va sanasi.
30. Litsenziyalar reyestridagi mavjud maʼlumot yuridik va jismoniy shaxslarning u bilan tanishishi uchun ochiq hisoblanadi, ular Agentlikdan haqini toʻlagan holda aniq litsenziatlar haqida litsenziyalar reyestridan koʻchirma tarzida maʼlumot olishga haqlidirlar.
Litsenziyalar reyestridan maʼlumot berilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yarmi miqdoridagi toʻlov Agentlikning bankdagi hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Litsenziyalar reyestridan maʼlumotlar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga bepul beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IX. Davlat bojini toʻlash tartibi
31. Oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berishni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun eng kam oylik ish haqining toʻrt baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Litsenziya berilganligi uchun davlat boji mablagʻlari respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish
va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash
toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash
toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1. Sogʻliqni saqlash, veterinariya, atrof-muhitni muhofaza qilish.
2. Moddiy boyliklar va energetika resurslarini hisobga olish.
3. Savdo-tijorat, bojxona, pochta va soliq operatsiyalarini amalga oshirish, telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatish.
4. Toksik, tez oʻt oladigan, portlovchi va radioaktiv moddalarni saqlash, tashish va yoʻq qilish.
5. Davlat mudofaasini taʼminlash.
6. Mehnat xavfsizligini va transport harakati xavfsizligini taʼminlash.
7. Sertifikatlanadigan mahsulotlarning xavfsizligi va sifatini aniqlash.
8. Geodeziya va gidrometeorologiya ishlari .
9. Oʻlchov vositalarining davlat sinovlarini, ularni tekshirish, kalibrlash, taʼmirlashni amalga oshirish va metrologik attestatsiyadan oʻtkazish.
10. Foydali qazilmalarni qazib chiqarish.
11. Milliy va xalqaro sport rekordlarini qayd etish.
Oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya
qilish va prokatga berish faoliyatini
litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
qilish va prokatga berish faoliyatini
litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Oʻlchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash sxemasi
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 23-son, 234-modda; 2004-y., 30-son, 344-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda; 2012-y., 6-son, 57-modda, 44-son, 507-modda)