O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘LChASh VOSITALARINI TAYYoRLASh, REALIZATSIYA QILISh VA PROKATGA BERISh FAOLIYATINI LITSENZIYALASh TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risidagi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012-yil 16-iyuldagi PF-4453-son Farmoni)” qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan— O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
2. “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasida ko‘rsatilgan sohalarda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyati litsenziyalanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Komissiya ikki hafta muddatda:
Vazirlar Mahkamasining o‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi hamda ekspert xulosalari tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ekspert xulosalari tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh shaxsiy tarkibini tasdiqlasin.
4. “O‘zstandart” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda mazkur qaror talablariga muvofiq ularni tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish litsenziyalanadigan o‘lchash vositalarining aniqlashtirilgan ro‘yxatini ikki hafta muddatda ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining kotibiyatiga va “O‘zstandart” agentligining bosh direktori R.A. Bo‘riyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 2-dekabr,
539-son
O‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom o‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sohalarda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyati litsenziyalanishi kerak.
2. Litsenziyalarni berish, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan hollarda litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlar “O‘zstandart” agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Litsenziyalar berish to‘g‘risidagi hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun Agentlikda ekspert komissiyasi tashkil etadi. Ekspert komissiyasining faoliyati Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq tashkil etiladi;
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
3. O‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyati yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
4. O‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
Litsenziya litsenziya talabgorining arizasiga ko‘ra umuman faoliyat turiga yoxud uning bir qismiga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. O‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya 5 yil muddatga beriladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
II. Litsenziya talablari va shartlari
6. O‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini amalga oshirishdagi litsenziya talablari va shartlariga quyidagilar kiradi:
metrologiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga majburiy rioya etish;
litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan zarur guvohnomalar, sertifikatlar va boshqa hujjatlarning mavjud bo‘lishi;
Yagona o‘lchov birligini ta’minlash davlat tizimining normativ-huquqiy va amal qilinadigan hujjatlari talablariga rioya etish;
o‘lchash vositalari, o‘lchash metodikasi, saqlash shart-sharoitlari bo‘yicha normativ hujjatlarning mavjud bo‘lishi;
yuridik shaxs shtatida maxsus metrologik tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassislarning mavjud bo‘lishi (yuridik shaxs bo‘lgan litsenziya talabgorlari va litsenziatlar uchun);
jismoniy shaxsning maxsus metrologik tayyorgarligini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjud bo‘lishi (jismoniy shaxs bo‘lgan litsenziya talabgorlari va litsenziatlar uchun);
o‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish uchun belgilangan talablarga muvofiq shart-sharoitlarning mavjud bo‘lishi.
Litsenziya bitimida mazkur bandda sanab o‘tilgan litsenziya talablari va shartlaridan aniq litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun zarur hujjatlar
7. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori Agentlikka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
Oldingi tahrirga qarang.
litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza, unda quyidagilar ko‘rsatiladi: yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisob raqami — yuridik shaxs uchun; familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari — jismoniy shaxs uchun; litsenziyalanayotgan faoliyatning yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan turi (uning bir qismi);
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi — yuridik shaxslar uchun;
(7-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi — jismoniy shaxslar uchun;
(7-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
litsenziya talabgorining arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun litsenziya talabgorining yig‘imni to‘laganini tasdiqlovchi hujjat;
o‘lchash vositalarini tayyorlash huquqi uchun “O‘zstandart” agentligining respublika metrologiya xizmatlari ko‘rsatish markazi tomonidan, belgilangan tartibda berilgan: o‘lchash vositalari tipini tasdiqlash sertifikati, davlat reyestri uchun o‘lchash vositalari tipining tavsifi yoki metrologik attestatsiya sertifikati;
o‘lchash vositalarini realizatsiya qilish va prokatga berish huquqi uchun o‘lchash vositalarini saqlash uchun shart-sharoitlar mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etiladi.
Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
8. Hujjatlar Agentlikka litsenziya talabgori tomonidan bevosita yoxud ularning olinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hujjatlar Agentlikning mas’ul shaxsi tomonidan ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, ro‘yxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi);
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
9. Ishonchli bo‘lmagan yoki buzilgan ma’lumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizani ko‘rib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish
10. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgorining arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining to‘rt baravari, jismoniy shaxslardan — uch baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
(10-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Litsenziya talabgorlarining arizalari ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im summasi Agentlikning hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
11. O‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab o‘n besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda qabul qilinadi.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(11-bandning uchinchi—beshinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan— O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
12. Agentlik litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qilinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji to‘lash muddati ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berish haqida qaror qabul qilingani to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan bir vaqtda litsenziya talabgoriga imzolash uchun litsenziya bitimi yuboriladi.
Litsenziyalovchi organ va litsenziatning o‘zaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi litsenziya bitimi Agentlik va litsenziat o‘rtasida tuziladi, unda quyidagilar bo‘lishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qo‘yiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini Agentlik tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va Agentlik uchun bir nusxadan tuziladi.
13. Litsenziya blankalari qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘ladi. Litsenziya blankalari namunalari Agentlik tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi hamda uning buyurtmasi bo‘yicha “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi. Agentlik rahbari litsenziyalar blankalarining hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsan javob beradi.
Litsenziyalar Agentlik tomonidan rasmiylashtiriladi va Agentlikning bosh direktori (uning o‘rinbosari) tomonidan imzolanadi.
(13-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
14. Litsenziya litsenziya talabgori davlat boji to‘laganini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgandan va u litsenziya bitimini imzolagandan keyin uch kun muddatda Agentlik tomonidan beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Agar litsenziat litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida Agentlikka litsenziya berilganligi uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, Agentlik litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqlidir.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
16. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha rad etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror, shuningdek Agentlikning mansabdor shaxsi xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
17. Litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish to‘g‘risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori ko‘rsatib o‘tilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran ko‘rib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan vaqtga mutanosib bo‘lishi kerak.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
18. Litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablar litsenziya talabgori tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
(18-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan— O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
Litsenziya talabgorlari arizalari takroran ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Litsenziya berish rad etilganligi to‘g‘risidagi bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
19. Litsenziat — yuridik shaxs qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin bir oy muddatda Agentlikka ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart.
Litsenziat — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yashash joyi o‘zgargan taqdirda, litsenziat qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin bir oy muddatda Agentlikka ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart.
(19-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
20. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda ko‘rsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
21. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda Agentlik litsenziyalar reyestriga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish Agentlik tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun to‘lanadigan summaning yarmi miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im Agentlikning hisob raqamiga o‘tkaziladi.
22. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziatning arizasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza Agentlikka litsenziyaning amal qilish muddati o‘tgunga qadar ikki oydan kechikmay berilishi kerak.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish to‘g‘risidagi qaror litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
23. Amal qilish muddati o‘tmagan yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya o‘rniga litsenziatning arizasiga ko‘ra dublikat berilishi mumkin.
Litsenziya dublikatini berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun to‘lanadigan summaning yarmi miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im summasi Agentlikning hisob raqamiga o‘tkaziladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
24. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat Agentlik tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
25. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda Agentlik o‘z vakolatlari doirasida:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi hollar mavjud bo‘lgan taqdirda litsenziatning ularga rioya etishini qonunda belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chog‘ida paydo bo‘ladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni so‘rash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini ko‘rsatgan holda dalolatnomalar (ma’lumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
qonun hujjatlarida belgilangan hollarda litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish masalasi bo‘yicha qaror chiqarish yoki sudga murojaat qilish.
(25-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
o‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirishning aniqlangan hollari to‘g‘risidagi materiallarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlar ko‘rish uchun soliq organlariga belgilangan tartibda yuborish.
26. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chog‘ida Agentlikning tekshiruvchi xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, uning bir nusxasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi Agentlikda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish va litsenziyani bekor qilish
Oldingi tahrirga qarang.
27. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish yoki litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22—24-moddalarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
28. Agentlikning litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Agentlik qarorining asossiz ekanligi sud tomonidan e’tirof etilgan taqdirda, agentlik litsenziat oldida litsenziat ko‘rgan zarar miqdorida javob beradi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
VIII. Litsenziyalar reyestri
29. Agentlik litsenziyalar reyestrini yuritadi. Reyestrda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni — yuridik shaxs uchun;
familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari, yashash joyi, telefoni – jismoniy shaxs uchun;
litsenziyalarning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyalarning amal qilish muddati;
litsenziyalarning umuman faoliyat turiga yoki uning bir qismiga berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish, to‘xtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatish asoslari va sanasi;
litsenziyalarni bekor qilishning asoslari va sanasi;
dublikat berish asoslari va sanasi.
30. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq bo‘ladi.
(30-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
IX. Davlat bojini to‘lash tartibi
31. O‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berishni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun eng kam oylik ish haqining to‘rt baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Litsenziya berilganligi uchun davlat boji mablag‘lari respublika budjetiga o‘tkaziladi.
O‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish
va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash
to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash
to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
1. Sog‘liqni saqlash, veterinariya, atrof-muhitni muhofaza qilish.
2. Moddiy boyliklar va energetika resurslarini hisobga olish.
3. Savdo-tijorat, bojxona, pochta va soliq operatsiyalarini amalga oshirish, telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish.
4. Toksik, tez o‘t oladigan, portlovchi va radioaktiv moddalarni saqlash, tashish va yo‘q qilish.
5. Davlat mudofaasini ta’minlash.
6. Mehnat xavfsizligini va transport harakati xavfsizligini ta’minlash.
7. Sertifikatlanadigan mahsulotlarning xavfsizligi va sifatini aniqlash.
8. Geodeziya va gidrometeorologiya ishlari .
9. O‘lchov vositalarining davlat sinovlarini, ularni tekshirish, kalibrlash, ta’mirlashni amalga oshirish va metrologik attestatsiyadan o‘tkazish.
10. Foydali qazilmalarni qazib chiqarish.
11. Milliy va xalqaro sport rekordlarini qayd etish.
O‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya
qilish va prokatga berish faoliyatini
litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
qilish va prokatga berish faoliyatini
litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
O‘lchash vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish faoliyatini litsenziyalash sxemasi
Oldingi tahrirga qarang.
(sxema O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2003-y., 23-son, 234-modda; 2004-y., 30-son, 344-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda; 2012-y., 6-son, 57-modda, 44-son, 507-modda)