Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARINING ChET ELLARDAGI MEHNAT FAOLIYATINI TAShKIL ETIShNI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentabrdagi 725-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish va tubdan qayta koʻrib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha davlatlararo hamkorlikning oʻsib borayotgan koʻlamlarini, Oʻzbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlari berish xohishini bildirgan mamlakatlar va chet el kompaniyalari soni koʻpayganligini hisobga olib, shuningdek respublika fuqarolarining chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqib ketishini tashkil etish tizimini va uning mexanizmini tartibga solish, fuqarolarning chet ellarda ishga joylashishini taʼminlaydigan mehnat organlari infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elda va xorijiy fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasida ishga joylashishini taʼminlash masalalarini hal etish Hukumat qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga yuklanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi toʻgʻrisidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq;
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
2. Zaruratga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining shaharlarida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlikning Chet ellarda ishga joylashtirish mintaqaviy byurolari filiallar shaklida tashkil etilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
21. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlikning tuzilmasini va shtatlari birligini va mehnatga haq toʻlash fondini belgilaydi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlikning filiali shaklidagi Chet ellarga ketayotgan fuqarolarni oldindan koʻniktirish va oʻqitish markazi tashkil qilinsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Fargʻona, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda Tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlik mintaqaviy byurolarining faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratsin;
Tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlik ishining puxta tashkil etilishini taʼminlasin va uning faoliyati ustidan nazorat oʻrnatsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet ellarga ketayotgan respublika fuqarolari uchun chiqish hujjatlarini rasmiylashtirishda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligiga koʻmaklashsin;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
joylardagi mehnat organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda fuqarolarning chet ellardagi yashirin mehnat migratsiyasiga oid profilaktika va oldini olish ishlarini kuchaytirsin.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi elchixonalari va konsulliklari mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatga kelgan fuqarolarni majburiy ravishda konsullik hisobiga qoʻysin, shuningdek ularga har tomonlama huquqiy yordam koʻrsatsin va ularni himoya qilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 7-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin, shuningdek ularning baʼzilari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlari va normativ hujjatlarga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 12-noyabr,
505-son
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyati tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan va mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet ellarga ketayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga tatbiq etiladi.
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq hukumatlararo, idoralararo shartnomalar va bitimlar asosida faqat Tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlik koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet elga chiqish huquqiga egadirlar.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari xususiy mehnat kontraktlari boʻyicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet ellarga faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlik tomonidan beriladigan ruxsatnomalar boʻyicha chiqish huquqiga egadirlar.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
2. Fuqarolarning xususiy kontraktlar boʻyicha chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan belgilangan shaklga muvofiq beriladigan ruxsatnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
3. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan ruxsatnoma berilgandan keyin fuqarolar chiqishni rasmiylashtirish uchun yashash joyidagi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining kelish, ketish va fuqarolik boshqarmasi boʻlinmasiga ariza beradilar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasining xususiy mehnat kontraktiga ega boʻlgan fuqarolari chet ellarda ijtimoiy muhofazalanishini taʼminlash maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga quyidagi hujjatlarni ikki nusxada taqdim etadilar:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
ariza;
xorijiy firmadan (ish beruvchidan) olingan davlat tiliga tarjima qilingan, barcha ijtimoiy kafolatlar va tibbiy sugʻurta koʻrsatilgan, shuningdek mehnat vizasi (EMPLOYMENT VIZA) bilan taʼminlash borasida ish beruvchining majburiyati nazarda tutilgan holda notarial tasdiqlangan va Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasasi tomonidan legalizatsiya qilingan kontrakt nusxasi. Agar hujjatga apostil qoʻyilgan boʻlsa, legallashtirish talab etilmaydi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi 307-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 47-son, 489-modda)
ish beruvchi toʻgʻrisidagi qisqa maʼlumotlar;
maʼlumotnoma-xolisnoma;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tegishli shakldagi sogʻligining holati toʻgʻrisida maʼlumotnoma.
5. Ruxsatnoma blankasida ruxsatnomani bergan organning nomi, uning yuridik manzili, roʻyxatdan oʻtkazish raqami, ruxsatnoma berilgan mutaxassisning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning fuqaroligi, faoliyat turi, ruxsatnoma amal qiladigan hudud, amal qilish muddati, uzaytirish vaqti koʻrsatiladi. Ruxsatnoma Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatli rahbari tomonidan imzolanadi va muhr bilan tasdiqlanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
6. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ruxsatnomasi bilan mehnat kontrakti asosida chet elga ketgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ishga joylashish mamlakatida Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasasida hisobda turishi shart. Respublikaning vakillik organlari boʻlmagan taqdirda oʻzbekistonlik fuqarolar MDH mamlakatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan vakil qilingan konsullik organlarida roʻyxatdan oʻtishi kerak.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
7. Fuqarolarga chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnoma mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan taqdim etilgan kundan boshlab 15 kun mobaynida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan beriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
8. Chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnoma berilishining asosli rad etilishi ariza beruvchiga ruxsatnoma berish rad etilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin bir hafta muddatda yozma ravishda yuboriladi.
9. Ruxsatnoma mehnat kontrakti muddatiga beriladi. Ariza beruvchining iltimosiga koʻra mazkur kontrakt uzaytirilgan taqdirda ruxsatnomaning amal qilish muddati belgilangan tartibda qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
10. Ruxsatnoma berilganligi va uning amal qilish muddati uzaytirilganligi uchun belgilangan tartibda toʻlov undiriladi. Mazkur toʻlov ruxsatnoma berish boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqish va rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga sarflanadi.
11. Ruxsatnoma olishning mazkur Nizomda belgilangan majburiy tartibi Oʻzbekiston Respublikasining quyidagi fuqarolariga nisbatan qoʻllanilmaydi:
a) Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi diplomatik va konsullik muassasalari xodimlari;
b) oliy kasb-hunar taʼlimi muassasalarining hukumatlararo dasturlari doirasida taʼtil davrida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtayotgan talabalar;
v) Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi muxbirlari va jurnalistlari;
g) xorijiy oliy kasb-hunar taʼlimi muassasalarida maʼruzalar kursi oʻqish va boshqa ishlar uchun taklif etilgan lektorlar va instruktorlar;
d) Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar bilan tuzgan davlatlararo bitimlarida ishga joylashishning ular uchun oʻzgacha tartibi belgilangan shaxslar, shuningdek Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan xorijiy tashkilotlar bilan tuzilgan idoralararo shartnomalar boʻyicha ishga ketayotgan shaxslar.
(11-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi toʻgʻrisida
nizom
(3-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlik (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga idoraviy mansub davlat unitar korxonasi hisoblanadi.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq xalqaro huquqiy normalar va qoidalarga asoslangan mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solib borishga doir faoliyatni respublikaning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Agentlikning muassisi hisoblanadi.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
2. Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oliy Majlis qarorlariga va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining buyruqlariga hamda hayʼati qarorlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
3. Agentlik mustaqil balansga, banklarda hisob raqamlariga, valyuta va boshqa hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat va ingliz tillarida yozilgan muhrga ega boʻladi.
II. Agentlikning vazifalari, funksiyalari va huquqlari
4. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mehnat migratsiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini chet ellarda va xorijiy fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasida ishga joylashtirish uchun kvotalar ajratish va ruxsatnomalar berish masalalari boʻyicha xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini roʻyobga chiqarishda ishga joylashtirish, chet ellarda ishga joylashtirishga nomzodlar bilan dastlabki koʻnikuv tadbirlarini oʻtkazish yoʻli bilan ularga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi va xorijiy fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasidagi mehnat faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish boʻyicha mintaqaviy byurolar, shuningdek Chet ellarga ketayotgan fuqarolarni oldindan koʻniktirish va oʻqitish markazi faoliyatini nazorat qilish;
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
xorijiy ishchi kuchlarini yollovchi chet el firmalari (korxonalar, muassasalar, kompaniyalar) bilan hamkorlikni rivojlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijiy mamlakatlarga joʻnatish uchun nomzodlarni tanlab olishi boʻyicha Idoralararo komissiyaning qarorlariga muvofiq ruxsatnomalar berish (ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish);
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini chet ellarda ishga joylashish imkoniyatlari va shart-sharoitlari toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash;
chet ellarga ishga joʻnatish uchun xorijiy ish beruvchilarning talablariga muvofiq boʻlgan nomzodlarni tanlab olish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga chiqish hujjatlarini rasmiylashtirishda, shu jumladan viza olishda hamda chet ellarda ishga joylashishda rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlarni olishda koʻmaklashish;
fuqarolarni oldindan koʻniktirish va oʻqitishni amalga oshirish;
chet ellarga ishga ketayotgan fuqarolarni boradigan mamlakat qonun hujjatlari asoslari, anʼanalari va odob-axloq normalari toʻgʻrisida xabardor qilish;
muloqot qilish va mehnat funksiyalarini bajarish uchun yetarli boʻlgan darajada mamlakat tilini, kontrakt boʻyicha ishga joylashiladigan ishlab chiqarishlarda texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini oʻrgatish;
ishga joylashish uchun chet ellarga joʻnatilayotgan fuqarolarning sogʻligʻi holatini xorijiy ish beruvchilarning talablarini hisobga olgan holda vakolatli tibbiyot muassasalarini jalb qilgan holda kompleks tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarining, aholi mehnat migratsiyasi rivojlanishining uzoq muddatli va oʻrtacha muddatli prognozlarining tahlilini hisobga olgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalarining takliflariga muvofiq yuridik shaxslarga xorijiy ishchi kuchini jalb etishga ruxsatnomalar, shuningdek xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun tasdiqnomalar berish (ularning muddatini uzaytirish).
(4-bandning oʻn oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
5. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq:
fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish uchun kvotalar ajratish masalasi boʻyicha oʻz vakolati doirasida muzokaralar olib boradi, xorijiy hamkorlar bilan tuziladigan shartnomalar, bitimlar va protokollar loyihalarini tayyorlaydi va ularni imzolaydi;
tegishli qarorlarning hamda Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar bilan Oʻzbekiston fuqarolarini chet elda ishga joylashtirish masalalari boʻyicha hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi shartnomalari, bitimlari va protokollaridan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini muvofiqlashtirib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda belgilangan tartibda berilgan ruxsatnomalar (tasdiqnomalar) asosida ishlayotgan xorijiy fuqarolarni hisobga oladi;
Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy ishchi kuchlaridan foydalanishni tartibga soluvchi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga ish beruvchilar tomonidan rioya etilishini nazorat qiladi;
huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasida mehnat faoliyati huquqini beruvchi tasdiqnomaga ega boʻlgan xorijiy fuqarolar tomonidan respublika hududida mehnat faoliyatini amalga oshirishning belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
mehnat migratsiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlik loyihalariga va tuzilgan shartnomalarga muvofiq chet elga ishlash uchun joʻnab ketayotgan fuqarolarni ishga joylashiladigan mamlakatda boʻlish xususiyatlari, xorijiy ish beruvchilar bilan mehnat shartnomalari tuzishning huquqiy jihatlari toʻgʻrisida xabardor qiladi, ularning malaka oshirishiga va xoʻjalik hisobi asosida xorijiy tilni oʻrganishiga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi koʻmagida, Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari orqali, belgilangan tartibda chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining mehnat faoliyati monitoringini amalga oshiradi;
chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining ijtimoiy muhofazasini belgilangan tartibda taʼminlaydi;
mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hududiy organlari bilan birgalikda chet ellarga ishga yuborilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Vatanga qaytgandan keyin ishga joylashtirilishini tashkil etadi;
chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirishni xohlovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantiradi;
xorijiy mamlakatlarning mehnat bozorini oʻrganadi, xorijiy ish beruvchilarni qidiradi va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini chet elda ishga joylashtirish toʻgʻrisida bitimlar tuzadi;
chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirishni xohlovchi fuqarolar toʻgʻrisidagi axborotlarni xorijiy ish beruvchilar oʻrtasida, shu jumladan “Internet” tarmoqlari orqali tarqatadi.
6. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
tuzilgan kontraktlarga muvofiq chet elda ishlash uchun kadrlarni tanlash, ularni kasb boʻyicha layoqatlikni aniqlash uchun test sinovidan oʻtkazish, ularga boriladigan mamlakatlarning asosiy qonunlarini oʻrgatish;
mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq chet elga ishlashga joʻnatiladigan nomzodlar toʻgʻrisida maʼlumotlar olish uchun fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga va vakolatli organlarga murojaat qilish;
dastlabki tanlovdan oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan bitimlar (shartnomalar)ni hisobga olgan holda ularni chet ellarda ishga joylashtirish yuzasidan xizmatlar koʻrsatishga shartnomalar tuzish;
mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, yuridik shaxslardan Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu yuridik shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnoma (kontrakt)lari boʻyicha mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xorijiy fuqarolar toʻgʻrisida yiliga bir marta maʼlumotlar olish;
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
xorijiy ishchi kuchlarini yollovchi va bunday yollashga koʻmaklashuvchi xorijiy kompaniyalar (firmalar) bilan oʻz vakolati doirasida bevosita oʻzaro hamkorlik qilish;
zarurat boʻlganda, ushbu Nizomda nazarda tutilgan ayrim funksiyalarni amalga oshirish uchun oʻqituvchilarni, vazirliklar va idoralarning mutaxassislarini va boshqa fuqarolarni shartnomalar (kontraktlar) boʻyicha jalb etish;
kam taʼminlangan fuqarolarning mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet ellarga borishga tayyorgarlik koʻrishi va ularning joʻnatilishi bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini qoplash, ushbu xarajatlar keyinchalik qaytariladi;
moliya-xoʻjalik faoliyatidan olingan foydaning 15 foizini ajratish hisobiga Agentlikni ijtimoiy rivojlantirish va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi tashkil etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qaroriga koʻra Tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlikning Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish boʻyicha mintaqaviy byurolarini tashkil etish va ularni tugatish;
(6-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan qarorlariga binoan Tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlikning chet eldagi vakolatxonalarini Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etish va ularni tugatish;
(6-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
vakolatxonalar va filiallar nizomlarini tasdiqlash.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-sonli qaroriga asosan oʻninchi — oʻn ikkinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
III. Agentlikning mol-mulki
7. Agentlikning mol-mulki asosiy fondlardan va aylanma mablagʻlardan, shuningdek qiymati mustaqil balansda aks ettirilgan boshqa boyliklardan iborat boʻladi.
8. Agentlikning mol-mulki Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq unga toʻliq xoʻjalik yuritish huquqi bilan tegishli boʻladi.
IV. Agentlikka rahbarlik qilish
9. Agentlikni Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Agentlik boshligʻi boshqaradi.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
Agentlik boshligʻi:
Agentlikning joriy faoliyatini tashkil qiladi va yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi;
Agentlik xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek xalqaro tashkilotlar oldida Agentlik manfaatlarini ifodalaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan kelishgan holda shtat jadvalini, Agentlik apparati taʼminoti xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish boʻyicha mintaqaviy byurolar rahbarlarini va Chet ellarga ketayotgan fuqarolarni oldindan koʻniktirish va oʻqitish markazi rahbarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
(9-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
muassis bilan kelishgan holda Agentlikning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklarida depozitga va boshqa moliyaviy instrumentlarga joylashtiradi;
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-sonli qaroriga asosan yettinchi va sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar hamda yuridik shaxslarga xorijiy ishchi kuchlarini jalb etish uchun ruxsatnomalar, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishga joylashish uchun xorijiy fuqarolarning mehnat faoliyatiga tasdiqnomalar beradi (ularning amal qilish muddatini uzaytiradi).
Agentlikka yuklangan vazifalarga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
10. Agentlik boshligʻining Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan oʻrinbosarlari boʻladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
11. Agentlik tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari Agentlik boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
V. Agentlikning xoʻjalik faoliyati
12. Soliqlar va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga, shuningdek budjetdan tashqari jamgʻarmalarga boshqa majburiy toʻlovlar toʻlangandan keyin qolgan foyda (daromad) Agentlik moliyaviy faoliyatining asosiy umumlashtiruvchi koʻrsatkichi hisoblanadi, undan muassasasi qaroriga koʻra moddiy-texnik bazani rivojlantirish, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparatini hamda uning hududiy va idoraviy mansub boʻlinmalarini saqlash uchun foydalaniladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
13. Quyidagilar Agentlikning moliyaviy resurslarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
xoʻjalik hisobidagi faoliyatdan olingan foyda (daromad);
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlangan tariflarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyatiga ruxsatnomalar rasmiylashtirilganligi, yuridik shaxslarga xorijiy ishchi kuchlarini jalb etish uchun ruxsatnomalar berilganligi (amal qilish muddati uzaytirilganligi), shuningdek xorijiy fuqarolarning Oʻzbekistonda ishga joylashish uchun mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilganligi (amal qilish muddati uzaytirilganligi) uchun toʻlov hisobiga olingan mablagʻlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
14. Agentlik vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish huquqiga egadir.
15. Xoʻjalik faoliyatidan olingan valyuta tushumi qonun hujjatlariga muvofiq taqsimlanadi, Agentlikning valyuta hisob raqamiga oʻtkaziladi va undan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda foydalaniladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda)
16. Agentlik oʻz ishlarining tezkor va buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, statistika hisoboti yuritadi.
VI. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish
17. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VII. Agentlikning yuridik manzili
18. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qamarniso koʻchasi, 1-uyda joylashgan.
(18-band Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 23-avgustdagi 240-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 34-35-son, 348-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilayotgan, shuningdek oʻz kuchini yoʻqotayotgan qarorlari
roʻyxati
I. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar
1.1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet eldagi hamda xorijiy fuqarolarning respublikadagi kasb faoliyati toʻgʻrisida” 1995-yil 19-oktabrdagi 408-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT,1995-y., 10-son, 41-modda; 2000-y., 10-son, 68-modda; 2001-y., 4-son, 21-modda):
Oldingi tahrirga qarang.
a) qarorning nomida “kasb” soʻzi “mehnat” soʻzi bilan almashtirilsin;
(1.1-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 23-dekabrdagi 560-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 24-son, 239-modda)
b) 2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Belgilab qoʻyilsinki, Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan tasdiqlangan tarifga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyatiga ruxsatnomalar rasmiylashtirilganligi, yuridik shaxslarga xorijiy ishchi kuchlarini jalb etish uchun ruxsatnomalar berilganligi (amal qilish muddati uzaytirilganligi), shuningdek xorijiy fuqarolarning Oʻzbekistonda ishga joylashish uchun mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilganligi (amal qilish muddati uzaytirilganligi) uchun toʻlov undiriladi”;
v) Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda (2-ilova):
1-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilishga ruxsatnomalar berish (uzaytirish), shuningdek xorijiy fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berish (amal qilish muddatini uzaytirish) shartlari va tartibini belgilaydi”;
6-bandga “Ruxsatnoma” soʻzidan keyin “(tasdiqnoma)” soʻzi qoʻshilsin.
II. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari roʻyxati
2.1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 28-yanvardagi 42-f-son farmoyishi.
2.2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2001-yil 13-fevraldagi 75-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 2-son, 11-modda) 5-bandining ikkinchi xatboshi va qarorga 4-ilova.
2.3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2001-yil 6-apreldagi 162-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 4-son, 21-modda) 1-bandining uchinchi xatboshi va qarorga 2-ilova.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 21-son, 216-modda, 24-son, 239-modda; 2005-y., 34-36-son, 264-modda; 2011-y., 34-35-son, 348-modda, 47-son, 489-modda; 2012-y., 44-son, 507-modda; 2017-y., 15-son, 249-modda, 37-son, 990-modda)