Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Istiqbolli investitsiya takliflarini kelishish mexanizmini hamda xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-sonli “Loyihaoldi, loyiha, tender hujjatlari va kontraktlarni ekspertizadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-son Farmonini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish hamda oʻzlashtirish jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2008-yil 24-iyuldagi PQ-927-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, loyiha tashabbuskorlari boʻlgan vazirliklar va idoralarga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga potensial xorijiy investorlar va kreditorlarni qidirib topishda koʻmaklashish yoʻli bilan xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish jarayonining samaradorligini va tezkorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
2014-yil 1-oktabrdan boshlab tashabbuskorlar tomonidan xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etishni nazarda tutuvchi investitsiya takliflari va loyihalar pasportlarini davlat boshqaruvi vakolatli organlarida kelishish elektron shaklda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining “Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi” tizimi orqali amalga oshiriladi;
loyiha tashabbuskorlari boʻlgan vazirliklar va idoralar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar investitsiya takliflari va loyihalar pasportlarini sifatli toʻldirish, ularning toʻliqligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish hamda oʻzlashtirish jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2008-yil 24-iyuldagi PQ-927-son qarori talablariga muvofiqligi uchun shaxsan javob beradilar.
2. Loyiha tashabbuskorlarining hamda davlat boshqaruvi vakolatli organlarining xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etishni nazarda tutuvchi investitsiya takliflari va istiqbolli loyihalar pasportlarini Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi tizimi orqali kelishish jarayoni doirasidagi oʻzaro hamkorligi sxemasi ilovaga muvofiq maʼqullansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Iqtisodiyot vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Investitsiya takliflarini va istiqbolli loyihalar pasportlarini kiritish va ularni “Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi” tizimida kelishish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
4. Loyiha tashabbuskorlari boʻlgan vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar:
har yili Davlat investitsiya dasturi va hududiy investitsiya dasturlari tegishli ravishda tasdiqlangandan keyin 30 kun mobaynida xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish talab qilinadigan investitsiya takliflari va loyihalar pasportlari ishlab chiqilishini va Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi tizimiga kiritilishini;
muntazam ravishda investitsiya takliflari va loyihalar pasportlari parametrlari yangilanishini, keyinchalik ularning Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi tizimida davlat boshqaruvi vakolatli organlari bilan belgilangan tartibda kelishilishini taʼminlasinlar.
5. Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda tizimli asosda:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
loyiha tashabbuskorlari boʻlgan vazirliklar va idoralar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar ishtirokida Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi tizimidan foydalanishning ustunliklari toʻgʻrisida tushuntirish ishlarining olib borilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish hamda oʻzlashtirish jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2008-yil 24-iyuldagi PQ-927-son qarori talablarini soʻzsiz bajarish uchun Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi tizimini, uni Oʻzbekiston Respublikasi interaktiv davlat xizmatlari yagona portali bilan integratsiyalashtirgan holda elektron tarzda toʻldirish mexanizmining amalda qoʻllanilishi, zarur darajada faoliyat koʻrsatishi va takomillashtirilishi yuzasidan monitoring olib borilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 4-avgust,
215-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-avgustdagi 215-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Loyiha tashabbuskorlarining hamda davlat boshqaruvi vakolatli organlarining xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etishni nazarda tutuvchi investitsiya takliflari va istiqbolli loyihalar pasportlarini Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi tizimi orqali kelishish jarayoni doirasidagi oʻzaro hamkorligi
SXEMASI
Izoh: *XMT — xalqaro moliya tashkilotlari; XHMT — xorijiy Hukumat moliya tashkilotlari.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 32-son, 403-modda; 2015-y., 26-son, 338-modda)