Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SOLIQLAR VA BUDJETGA MAJBURIY TOʻLOVLAR BOʻYIChA MUDDATIDA TOʻLANMAGAN SOLIQLARNI KORXONALAR VA TAShKILOTLAR MOL-MULKI HISOBIDAN UNDIRIB OLISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2009-yil 27-fevraldagi PQ-1062-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 8-noyabrdagi 387-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1996-y., 11-son, 31-modda) bilan tasdiqlangan Soliqlar va budjetga majburiy toʻlovlar boʻyicha muddatida toʻlanmagan soliqlarni korxonalar va tashkilotlar mol-mulki hisobidan undirib olish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 12-mart,
133-son
Soliqlar va budjetga majburiy toʻlovlar boʻyicha muddatida toʻlanmagan soliqlarni korxonalar va tashkilotlar mol-mulki hisobidan undirib olish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2-bandning uchinchi xatboshidagi “ushbu Nizomda” soʻzlari “qonun hujjatlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 3-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Soliq organining muddatida toʻlanmagan soliqlar va jarima sanksiyalarini toʻlash toʻgʻrisidagi yozma talabnomasi olingandan (topshirilgandan) soʻng oʻn kun mobaynida qarzdor korxona tomonidan qondirilmasligi yoki javobsiz qoldirilishi qarzni qarzdor korxonaning mol-mulki hisobidan undirib olish toʻgʻrisidagi talablar bilan xoʻjalik sudiga ariza berish uchun asos hisoblanadi”.
3. 4-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Muddatida toʻlanmagan soliqlarni va jarima sanksiyalarini qarzdor korxona mol-mulki hisobidan undirib olish haqidagi ariza soliq toʻlovchi hisobga qoʻyilgan joydagi davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi yoxud uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:”.
4. 5-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5. Xoʻjalik sudi soliq organi tomonidan taqdim etilgan ariza qondirilgandan soʻng undirishni qarzdor korxonaning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Xoʻjalik sudining qarori asosida qarzni qarzdor korxonaning mol-mulkidan undirib olish sud ijrochilari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.
5. 6 — 16-bandlar chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 5-6-son, 51-modda)