O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tijorat banklarining investitsiya faoliyatini rag‘batlantirishga va banklar tomonidan korxonalarni yangi investorlarga sotishni jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2008-yil 18-noyabrdagi PF-4053-son Farmoniga muvofiq tijorat banklari tomonidan bankrot korxonalarni tiklash, modernizatsiyalash va faoliyatini rivojlantirish hamda ularni potensial investorlarga sotish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-iyuldagi 499-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2018-y., 09/18/499/1439-son)
Shu bilan birga, tiklangan korxonalarni belgilangan tartibda bir necha marta kim oshdi savdolariga va tanlovlarga qo‘yish, shu jumladan ularni yangi investorlarga sotish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish kutilgan natijalarni bermayapti.
Tijorat banklarining investitsiya faoliyatini kengaytirishni yanada rag‘batlantirish, ularning resurs bazasini mustahkamlash hamda iqtisodiyot tarmoqlarini yanada modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga yo‘naltirilgan uzoq muddatli investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hajmlarini ko‘paytirish, shuningdek tijorat banklari balanslariga qabul qilingan korxonalarni kelgusida sotish uchun investorlarni jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tijorat banklarining:
korxonalarni yoki tijorat banklarining ularning ustav fondlaridagi ulushlarini, shuningdek qarzdorlarning majburiyatlari bo‘yicha tijorat banklari tomonidan ilovaga* muvofiq ro‘yxat bo‘yicha undirilgan mol-mulkni (keyingi o‘rinlarda obyektlar deb ataladi) kimoshdi savdosiga qo‘yish va kimoshdi savdosi bo‘lmagan deb e’lon qilingan taqdirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan bozor qiymati bo‘yicha sotish;
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
kimoshdi savdosi bo‘lmagan deb e’lon qilingan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish natijalari bo‘yicha investorlar tomonidan qiziqish bo‘lmagan taqdirda — obyektlarni ushbu bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan tartibda bozor qiymatini bosqichma-bosqich 10 foizga pasaytirish (biroq ular bozor qiymatining 50 foizidan ortiq emas) mexanizmini qo‘llagan holda aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining yoki tijorat banki kengashining qarorlari bo‘yicha keyinchalik sotish;
tijorat banklari tomonidan sotiladigan barcha korxonalar, shu jumladan to‘qimachilik korxonalari, ularning ustav fondlaridagi ulushlar, qarzdorlarning majburiyatlari bo‘yicha undirib olingan mol-mulk bo‘yicha sotib olish to‘lovlarini bir yo‘la yoki sotib olish summasining qoldig‘iga foizlar hisoblamasdan bo‘lib-bo‘lib to‘lashni, shuningdek sotib olish to‘lovlari to‘liq to‘langunga qadar obyektni o‘zgaga berish va uchinchi shaxslarga garovga (ipotekaga) qo‘yish huquqisiz (sotuvchi — tijorat banki bundan mustasno) amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishlariga yoki tijorat banklari kengashlariga obyektlar sotilgandan keyin obyektlarning balans qiymati va olingan sotib olish to‘lovlari summasi, shuningdek tijorat banklarining talablari o‘rtasidagi salbiy tafovutni balansdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 27-mart,
71-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 14-son, 152-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.02.2018-y., 09/18/104/0787-son, 03.07.2018-y., 09/18/499/1439-son)