Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Parranda goʻshti va tuxum yetishtirishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 28-oktabrdagi 221-sonli “Oʻzmadparranda-xolding” Xolding kompaniyasini tugatish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1998 — 2000-yillardagi davrda qishloq xoʻjaligidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, sanoat parrandachiligi mahsulotlari yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish, aholi ehtiyojlarini qondirish uchun ularni yetkazib berishni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, “Oʻzparrandasanoat” uyushmasining:
Isroilning “M.A.D. Agricultural Products Development Corporation LTD” (bundan keyin — M.A.D.” deb ataladi) firmasi bilan birgalikda “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasi tashkil etish, uning tarkibiga 1-ilovaga* muvofiq “Oʻzparrandasanoat” uyushmasi tarkibidan chiqriladigan parrandachilik xoʻjaliklarini hamda yangidan qurilayotgan omixta yem zavodlarini kiritish toʻgʻrisidagi;
loyihaga kiritilgan korxonalar tomonidan parranda goʻshti, tuxum yetishtirish, omixta yem va premikslar ishlab chiqarish hamda ularni eksportga sotishning 2-ilovaga* muvofiq prognoz koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Tashkil etilayotgan xolding kompaniyaning ustav jamgʻarmasi 5 mln AQSh dollari miqdorida belgilanganligi va quyidagicha tartibda shakllantirilishi maʼlumot uchun kabul qilinsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi — loyihaga kiritilgan parrandachilik xoʻjaliklari aksiyalarining davlat paketlarini qoʻshish tarzidagi 2,5 mln AQSh dollariga teng ulush, shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan parrandachilik xoʻjaliklari aksiyalarining taqsimlanmagan paketlarini qoʻshish tarzidagi 1,3 mln AQSh dollariga teng ulush, keyinchalik ushbu miqdorda xolding kompaniyaning 3-ilovaga* muvofiq aksiyalarini Isroilning “M.A.D.” firmasiga erkin muomaladagi valyutaga sotgan holda;
Isroilning “M.A.D.” firmasi — 1,2 mln AQSh dollari — premikslar ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar yetkazib berish yoʻli bilan, keyinchalik xolding kompaniyaning 1,3 mln AQSh dollari miqdoridagi aksiyalarini sotib olish hisobiga ustav jamgʻarmasidagi ulushni 2,5 mln AQSh dollarigacha koʻpaytirgan holda;
3. Quyidagilar “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasining asosiy vazifalari hisoblansin:
xolding korxonalarini toʻla sifatli omixta yem, nasl materiali, asbob-uskunalar hamda boshqa zarur tovarlar va xizmatlar bilan taʼminlash;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 411-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 17-18-son, 156-modda)
parrandachilik mahsulotlari yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish va ichki bozorni toʻldirish;
jalb etiladigan kredit resurslarining oʻz vaqtida qaytarilishini taʼminlash.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
bir oy muddatda “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasining 2,5 mln AQSh dollariga teng miqdorda baholangan aksiyalari davlat paketini, keyinchalik sotib olish huquqi bilan, “Oʻzparrandasanoat” uyushmasining ishonchli boshqaruviga bersin;
bir yil mobaynida “Oʻzparrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasining 1,3 mln AQSh dollari miqdoridagi aksiyalari paketini qayta hisoblashning kelishilgan kursi boʻyicha erkin muomaladagi valyutaga Isroilning “M.A.D.” firmasiga sotish chora-tadbirlarini amalga oshirsin.
“OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasi va uning muassislari xolding kompaniya tarkibiga kiruvchi korxonalar birinchi va keyingi emissiyalarining joylashtirilmagan aksiyalarini sotib olishda ustuvor huquqqa ega boʻladilar.
5. Isroil “M.A.D.” kompaniyasining xorijiy banklarning va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasiga ajratiladigan 46,1 mln AQSh dollari miqdoridagi kreditlarni jalb etish toʻgʻrisidagi majburiyati maʼlumot uchun qabul qilinsin. U parrandachilik xoʻjaliklari uchun 25,6 mln AQSh dollari miqdorida texnologik asbob-uskunalar, nasl materiali, veterinariya preparatlari va boshqa moddiy-texnika resurslari yetkazib berishni, shuningdek, 20,5 mln AQSh dollari miqdorida chorva ozuqasi uchun komponentlar, uskunalar va qurilayotgan omixta yem zavodlari uchun butlovchi buyumlar xarid qilishni oʻz ichiga oladi.
Belgilansinki, omixta yem zavodlari uchun asbob-uskunalar va butlovchi buyumlar, parrandachilik xoʻjaliklari uchun texnologik asbob-uskunalar va moddiy-texnika resurslari yetkazib berish kontrakt asosida, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining ekspert xulosasidan keyin amalga oshiriladi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 34-36-son, 264-modda)
6. “Oʻzparrandasanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Isroil “M.A.D.” firmasining parranda goʻshti va tuxum yetishtirishni koʻpaytirish loyihasini mablagʻ bilan taʼminlashni 4-ilovaga* muvofiq quyidagi sxema boʻyicha tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
1,2 mln AQSh dollari — Isroil “M.A.D.” firmasining xolding kompaniya ustav jamgʻarmasiga premikslar ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar tarzidagi ulushi;
6,9 mln AQSh dollari — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasiga milliy valyutada ajratadigan, keyinchalik Respublika valyuta birjasida konvertatsiya qilinadigan krediti hisobiga;
39,2 mln AQSh dollari — xorijiy banklar mablagʻlarini 5 yil muddat bilan “Eksimbanka (AQSh), “Iftrik” (Isroil) sugʻurta qoplamasi ostida qayta moliyalashtirish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki krediti hisobiga.
7. Xorijiy banklar kreditlarini, ularga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq foizlar va xarajatlarni toʻlash (5-ilova*) “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasi tomonidan oʻz xoʻjalik faoliyati hisobiga, shuningdek, xolding kompaniyaga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlarining kredit boʻyicha qarzni toʻlash yuzasidan mahsulotlari va pul mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
8. Xorijiy banklar va ushbu loyihani mablagʻ bilan taʼminlash oʻzlarining sugʻurta qoplamasi ostida amalga oshiriladigan xorijiy sugʻurta kompaniyalari Oʻzbekiston Respublikasi hududida norezidentlar tomonidan olinadigan daromadlardan soliq toʻlashdan ozod etilsin.
9. Moliya vaziri Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki majburiyatlari boʻyicha xorijiy banklarga hamda “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasi majburiyatlari boʻyicha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kafolat berishga vakil qilinsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan tartibda:
“OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasini, keyinchalik uni xolding kompaniya ustav jamgʻarmasining kamida 30 foizi Isroil “M.A.D.” firmasi hisobiga shakllangan vaqtdan eʼtiboran xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona sifatida qayta roʻyxatdan oʻtkazgan holda, roʻyxatdan oʻtkazsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Huqumatining xorijiy banklarga kafolatlari boʻyicha yuridik xulosalar bersin.
Oldingi tahrirga qarang.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 28-dekabrdagi 610-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2004-y., 52-son, 523-modda)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, “Oʻzbekiston temir yullari” kompaniyasi va “Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasi buyurtmanomalariga binoan kelib tushayotgan asbob-uskunalar, nasl materiali, konsentratlar, premikslar, omixta yemlarga bioqoʻshimchalar, veterinariya preparatlari va boshqa materiallar boʻyicha bojxona hujjatlarining oʻz vaqtida (uch kundan koʻp boʻlmagan muddatda) rasmiylashtirilishini, shuningdek, ularning belgilangan joyga toʻsiqsiz yetkazib borilishini taʼminlasinlar.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi:
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
“OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasini tashkil etish, omixta yem zavodlari qurish hisobiga parranda goʻshti va tuxum yetishtirishni kengaytirish loyihasini respublika investitsiya dasturiga kiritsin;
“Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi, “Yogʻmoy-tamakisanoat” uyushmasi bilan birgalikda har yilgi balanslarni tuzishda 2000-yildan boshlab omixta yem zavodlari ehtiyojlari uchun “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasi hisob-kitoblariga binoan 6-ilovaga* muvofiq yembop don, soya shroti va soabstok (moy) ajratishni nazarda tutsin.
* 1 — 6-ilovalar berilmaydi.
15. “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi:
tasdiqlangan balansga muvofiq, zavodlarda omixta yem tayyorlash uchun “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasiga ajratiladigan yembop donni saqlash uchun yangidan qurilayotgan omixta yem zavodlarining don omborxonalari quvvatidan, olingan don uchun belgilangan tartibda haq toʻlattirgan holda, foydalansin;
“OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasi omixta yem zavodlari uchun yembop donni, tayyorlov xarajatlarini qoʻshgan holda, don yetishtiruvchi xoʻjaliklardan boshoqli ekinlar doni xarid qilish uchun har yili belgilanadigan narxlar boʻyicha sotsin.
16. Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari belgilangan tartibda bir oy muddatda “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasiga omixta yem zavodlari qurilishi uchun yer uchastkalari ajratsinlar.
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Viloyatlar hokimliklari:
parrandachilik xoʻjaliklari tomonidan yerlardan qatʼiy belgilangan maqsadda foydalanilishini taʼminlasinlar;
“OʻzMADparranda-xolding” XK tarkibiga kiruvchi parrandachilik xoʻjaliklarini 2000-yil hosilidan boshlab, xoʻjaliklardan yetishtirilgan donning hammasini parrandalarni oziqlantirishni yaxshilash uchun ular ixtiyorida qoldirgan holda, davlatga don sotishdan ozod qilsinlar.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “OʻzMADparranda-xolding” xolding kompaniyasi buyurtmanomalariga binoan Isroilning “M.A.D.” firmasi mutaxassislariga koʻp martalik kelish vizalari berilishini va ular muddatining uzaytirilishini taʼminlasinlar.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 411-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 17-18-son, 156-modda)
19. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. M. Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 13-sentabr,
419-son