Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Mamlakatimizning dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarini ragʻbatlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uchun xalqaro standartlarga mos dasturiy taʼminot vositalarini respublikada ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, sifatli, raqobatbardoshli dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish yuzasidan mamlakatimiz ishlab chiquvchilarini ragʻbatlantirishni kuchaytirish, shuningdek ularning mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda ildam siljitishga koʻmaklashish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining Dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reyestrini tuzish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reyestri software.uz Internet-portalida joylashtirilgan dasturiy mahsulotlar va ishlab chiquvchilarning milliy katalogi negizida yaratiladi;
Milliy reyestr elektron shaklda on-layn rejimida yuritiladi;
oʻz dasturiy taʼminot vositalarini ishlab chiqish, tatbiq etish va sotishdan olingan daromadlari ular sotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) umumiy hajmining kamida 50 foizini tashkil etadigan yuridik shaxslar Milliy reyestrga ixtiyoriy va bepul asosda kiritiladi.
2. Quyidagilar Dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilar milliy reyestrini yuritishning asosiy vazifalari va yoʻnalishlari deb hisoblansin:
mamlakatimizning dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilari toʻgʻrisidagi axborotning yagona elektron bankini yaratish va istiqbolli loyihalarni hamda innovatsion kompyuter texnologiyalarini yaratish bilan mashgʻul boʻlgan isteʼdodli yosh dasturchilarni qoʻllab-quvvatlash;
milliy dasturiy mahsulotlarning maʼlumotlar bazasini shakllantirish hamda mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish bozorining holati va salohiyati toʻgʻrisida axborot berish;
ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshli boʻlgan, sifatli milliy dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishni ragʻbatlantirish;
iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining real ehtiyojlarini hisobga olgan holda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash;
mamlakatimiz dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilarining manfaatlarini ifodalash, ularga oʻz mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda ildam siljitishda koʻmak berish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reyestrini shakllantirish, yuritish va yanada rivojlantirish vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga yuklansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-dekabrdagi PF-4910-sonli Farmoni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 2-son, 25-modda, 13-son, 202-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Milliy reyestrga kiritilgan dasturiy taʼminot vositalarini ishlab chiquvchilar 2020-yilning 1-yanvariga qadar muddatda:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
barcha turdagi soliqlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl fondiga, budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar toʻlashdan;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-avgustdagi PQ-3242-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 923-modda)
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha oʻz ehtiyojlari uchun olib kelinadigan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologiya hujjatlari, dasturiy taʼminot vositalariga boj toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin.
5. Quyidagilar belgilab qoʻyilsin:
mazkur qaror 4-bandining 2-xatboshida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari berilishi munosabati bilan boʻshaydigan mablagʻlar Milliy reyestrga kiritilgan yuridik shaxslar — dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarining xodimlarini ragʻbatlantirish, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlashga yoʻnaltiriladi;
Milliy reyestrga kiritilgan yuridik shaxslar – dasturiy taʼminot vositalarini ishlab chiquvchilar uchun ushbu qarorda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarining amal qilish muddati, agar ularning oʻzlari ishlab chiqargan dasturiy taʼminot vositalarini eksport qilish hajmi ular sotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) umumiy hajmining kamida 50 foizini tashkil etgan taqdirda, 2 yilga uzaytiriladi.
6. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilikni rivojlantirish asosidagi ishlab chiqarish va xizmatlar oʻrtasida kooperatsiyani kengaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 5-yanvardagi PF-3706-sonli farmonining amal qilishi Milliy reyestrga kiritilgan yuridik shaxslar — dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilariga, agar ular xonadonlarda ishlovchi (kasanachi) jismoniy shaxslar bilan mehnat shartnomalari tuzadigan boʻlsalar, tatbiq etilsin;
Oldingi tahrirga qarang.
yuridik shaxslar foydasiga solinadigan soliq va yagona soliq toʻlovi boʻyicha yangi texnologiya uskunalarini xarid qilish chogʻida soliqqa tortiladigan bazani kamaytirishga doir amaldagi tartib respublika korxonalari va tashkilotlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining har yilgi rivojlanish davlat dasturlariga kiritiladigan axborot tizimlarini yaratish boʻyicha investitsiya loyihalari doirasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dasturiy taʼminot vositalarini sotib olishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar miqdoriga joriy qilinsin.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2020-y., 06/20/5370/0975-son)
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Milliy reyestrga kiritilgan yuridik shaxslar – dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilari dasturiy taʼminot vositalarini ishlab chiqarish va ularga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar hamda xizmatlarni Internet tarmogʻining on-layn doʻkonlari orqali eksport shartnomasi mavjud boʻlmasdan xorijiy valyutaga eksport qilish huquqiga egadirlar.
Oʻzbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda Dasturiy taʼminot vositalari eksporti va importi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, unda dasturiy taʼminot vositalarini ishlab chiqarish, sotish va xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari nazarda tutilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reyestri toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 20-sentabr,
PQ-2042-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 39-son, 508-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda; 2016-y., 52-son, 601-modda; 2017-y., 2-son, 25-modda, 35-son, 923-modda; 2017-y., 2-son, 25-modda, 13-son, 202-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2020-y., 06/20/5370/0975-son)