Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON SAVDO-SANOAT PALATASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, biznes-muhitni takomillashtirish, respublika tadbirkorlarining xorijiy sheriklar bilan ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, mahalliy tovarlar va xizmatlarni tashqi bozorlarga olib chiqish, tayyor raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilishini taʼminlash uchun yangi korxonalarni tashkil etish, mavjud ishlab chiqarishlarni texnik qayta jihozlash va zamonaviylashtirish uchun respublikaga chet el sarmoyasini keng jalb etish maqsadida:
1. Tadbirkorlik tuzilmalari, kichik biznes subyektlari va xususiy korxonalar vakillari, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasining Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasini qayta tuzish va uning asosida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5371-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchinin yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 06/18/5371/0852-son)
3. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi:
mamlakatimiz tadbirkorlik faoliyati subyektlarini, shu jumladan mikrofirmalar, kichik va xususiy korxonalar yakka tartibdagi tadbirkorlarni ixtiyoriy ravishda birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilotidir;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladigan hududiy tuzilmalari bilan birgalikda yagona tizimni tashkil etadi;
zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalarni samarali bajarish uchun zarur hollarda respublika tumanlari va shaharlarida filiallar tuzish huquqiga ega;
Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi tomonidan imzolangan shartnomalar va majburiyatlar boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasiga har tomonlama, jumladan, xorijdagi diplomatiya vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilari, ular boʻlmagan hollarda esa — tegishli masʼul xodimlarining Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorligini tashkil etishni taʼminlash orqali Palataning zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda, boshqa mamlakatlar savdo-sanoat palatalari, xorijiy sarmoyadorlar va sheriklar bilan amaliy aloqalar oʻrnatishda, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini sotish uchun chet el bozorlarini oʻrganish va oʻzlashtirishda yordam bersin;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 7-iyundagi PF-3617-son Farmoni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 23-24-son, 165-modda)
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda uch oy muddatda Palataning qator xorijiy mamlakatlarda vakolatxonalarini ochish va ularning rahbarlariga diplomatik xodim maqomini berish maqsadga muvofiqligi xususidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
mamlakatimiz tadbirkorlari — Savdo-sanoat palatasi aʼzolarini mintaqaviy eksport va tranzit tovarlar (ish va xizmatlar) savdo oqimida faol ishtirok etishga jalb qilish borasidagi hamkorlik ishlarini tashkil etish.
5. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy tuzilmalariga davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining tadbirkorlik subyektlari — Palata aʼzolarining qonuniy huquq va manfaatlarini kamsituvchi xatti-harakatlari va qarorlari yuzasidan sudlarga daʼvo arizasi bilan murojaat etish huquqi berilsin. Bunda ular davlat bojlarini toʻlashdan ozod etiladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga “Oʻzbekiston Respublikasining Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini taqdim etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasini tashkil etish, Palataning taʼsis syezdini oʻtkazish, Palata Ustavini qabul qilishga oid tashkiliy masalalarni hal qilishda koʻmaklashsin;
bir oy ichida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi ishtirokida Hukumatning Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishni taʼminlashga doir qarorini ishlab chiqib, qabul qilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 12-martdagi “Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-1407-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgarishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
9. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 7-iyul,
PF-3453-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 27-son, 313-modda, 2005-y., 23-24-son, 165-modda, 37-38-son, 282-modda; 2017-y., 33-son, 833-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 06/18/5371/0852-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)