Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasiga isteʼmol tovarlari olib kirishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini yanada oshirish va tovarlarni respublikaga noqonuniy olib kirishga qarshi kurashni kuchaytirish toʻgʻrisida” 2013-yil 29-yanvardagi PQ-1913-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli shaxsi va import qiluvchilar tomonidan 2013-yil 1-iyuldan boshlab davlat tilida markirovka qilinishi shart boʻlgan import qilinadigan isteʼmol tovarlarining ayrim turlari roʻyxati 1- ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-avgustdagi 407-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2023-y., 09/23/407/0638-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Belgilab qoʻyilsinki, faqat tovarning bir qismi boʻlgan va uning qiymatiga kiruvchi isteʼmol upakovkasida (idishda) bevosita chakana savdoga tushuvchi tovarlar majburiy tartibda markirovka qilinadi.
2. Belgilansinki, ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan davlat tilida majburiy tartibda markirovka qilinadigan:
2013-yil 1-iyulgacha “vaqtincha saqlash” bojxona rejimiga joylashtirilgan va 2013-yil 1-iyuldan keyin erkin muomalaga chiqarilgan isteʼmol tovarlari davlat tilida markirovka qilinmasdan chakana savdo tarmogʻida 2014-yil 1-yanvargacha sotilishi mumkin;
2013-yil 1-iyulgacha Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin muomalaga chiqarilgan isteʼmol tovarlari davlat tilida markirovka qilinmasdan chakana savdo tarmogʻida 2014-yil 1-yanvargacha sotilishi mumkin;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat tilida markirovka qilingan va 2013-yil 1-iyulgacha Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin muomalaga chiqarilgan isteʼmol tovarlari davlat tilidagi ushbu markirovka bilan chakana savdo tarmogʻida 2014-yil 1-yanvargacha sotilishi mumkin.
3. Majburiy tartibda davlat tilida markirovka qilinishi shart boʻlgan, import qilinadigan isteʼmol tovarlarining ayrim turlari markirovka qilinmasdan Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotilishi taqiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
Majburiy tartibda davlat tilida markirovka qilinishi shart boʻlgan, import qilinadigan isteʼmol tovarlarining ayrim turlari markirovka qilinmasdan sotilishi hollariga, qonunchilikka muvofiq choralar koʻrilgan holda, savdo qoidalarini buzish (hujjatlari mavjud boʻlmagan tovarlarni sotish) sifatida qaralsin.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki, isteʼmol tovarlarini ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli shaxsi va import qiluvchilar tomonidan majburiy tartibda davlat tilida markirovka qilishga doir talablar aholiga sotish uchun moʻljallanmagan hamda:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-avgustdagi 407-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2023-y., 09/23/407/0638-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan va ishlab chiqarish yoki boshqa tijorat faoliyati uchun moʻljallanmagan isteʼmol tovarlariga;
xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari, xalqaro va Hukumatlararo tashkilotlar, xorijiy davlatlarning ushbu tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari hamda boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan rasmiy tarzda (xizmat doirasida) foydalanish uchun, shuningdek ularning xodimlari uchun olib kirilayotgan isteʼmol tovarlariga;
koʻrgazma namunalari, sinovlar, tadqiqotlar va marketing uchun namuna sifatida olib kirilayotgan isteʼmol tovarlariga tatbiq etilmaydi.
5. Isteʼmol idishiga qoʻyiladigan markirovkada markirovka qilinadigan tovar toʻgʻrisida quyidagi tusdagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
asosiy isteʼmol xususiyatlari, shu jumladan oʻziga xos xususiyatlar roʻyxati;
tovarlarning ayrim turlari ishlab chiqarilgan sana;
tovarlarning ayrim turlarini ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari;
tovarlarning ayrim turlaridan samarali va xavfsiz tarzda foydalanish qoidalari va shartlari;
tovarni ishlatish (uning yaroqlilik) muddati hamda isteʼmolchining ushbu muddat tugagandan keyingi zarur xatti-harakatlari, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan xatti-harakatlar bajarilmagan taqdirda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ishlab chiqaruvchining (bajaruvchi, sotuvchining) va isteʼmolchidan daʼvolarni qabul qilish yuzasidan ular tomonidan vakolat berilgan, shuningdek taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish ishlarini bajaruvchi korxonalarning manzillari;
saqlash, xavfsiz utillashtirish usullari va qoidalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublikada sotiladigan maishiy elektr priborlarini, yangidan quriladigan binolar va inshootlarni energetika jihatidan majburiy markirovkalash va sertifikatlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 9-apreldagi 86-son qarorida nazarda tutilgan maishiy elektr priborlari uchun energiya samaradorligi klassi;
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 28-sentabrdagi 276-sonli qaroriga asosan toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2015-y., 39-son, 509-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2020-yil 20-noyabrdagi 737-son qarorida nazarda tutilgan raqamli markirovka qilinishi lozim boʻlgan mahsulotlar uchun raqamli identifikatsiyalash vositasi (DataMatrix kodi)
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 833-sonli qaroriga asosan oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 09/20/833/1704-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Isteʼmol upakovkasi (idishi) (etiketka, birka, leybl)da va isteʼmolchi uchun foydalanishga doir ilova hujjatlaridagi axborot, tovarning turi va texnik jihatdan murakkabligiga qarab, bevosita muayyan tovarga matn koʻrinishidagi hujjat (pasport, formulyar, qoʻllash uchun koʻrsatma va boshqalar) sifatida ilova qilinishi kerak.
(5-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-fevraldagi 22-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 6-son, 67-modda)
Genetik modifikatsiya qilingan mahsulotlardan olingan tovar markirovkasida bu haqda tegishli maʼlumotlar boʻlishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Markirovka qilinadigan tovarlarning ayrim turlari toʻgʻrisidagi axborotning mazmuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-fevraldagi 22-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 6-son, 67-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq qarorlari 2013-yil 1-iyuldan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari tomonidan qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 13-may,
127-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-maydagi 127-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2013-yil 1-iyuldan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Litsenziyalashni bekor qilish hamda isteʼmol tovarlarini olib kelish va Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozorida sotishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 20-avgustdagi 295-son qarorining 3-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 8-son, 47-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasiga isteʼmol tovarlari olib kelishni takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisida” 2002-yil 5-dekabrdagi 427-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 12-son, 75-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2005-yil 12-avgustdagi 196-son qaroriga 2-ilovaning 22-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 8-son, 43-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2008-yil 27-martdagi PQ-823- son qarori)” 2008-yil 7-maydagi 90-son qaroriga 1-ilovaning 9-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 5-son, 17-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2012-yil 14-sentabrdagi 271-son qaroriga ilovaning 7-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 9-son, 68-modda).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 20-son, 253-modda; 2014-y., 6-son, 67-modda; 2015-y., 39-son, 509-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 09/20/833/1704-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 22.08.2023-y., 09/23/407/0638-son)