O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hududida yuksak texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
(hujjat nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-martdagi 155-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 13-son, 207-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasini barpo etish to‘g‘risida” 2013-yil 18-martdagi PF-4516-son Farmoniga muvofiq yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishni, Sirdaryo viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlaydigan zamonaviy yuksak texnologiyali sanoat ishlab chiqarishlarini tashkil etish, shu asosda yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-martdagi 155-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 13-son, 207-modda)
1. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan 2013-yil 6-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan:
mobil telefonlar va ularning akssesuarlari bilan ichki iste’mol bozorini to‘liq to‘ldirish va ularni eksport qilishni ta’minlash uchun ularni ishlab chiqarish bo‘yicha “ZTE (N.K.) Limited” (Xitoy Xalq Respublikasi);
akril sanitariya-texnik asboblari va ularning butlovchi buyumlarini ishlab chiqarish, terini qayta ishlashda va charm-poyabzal buyumlari ishlab chiqarishda chiqitsiz texnologiyalarni ta’minlaydigan chorvachilik xom ashyosi va ularning ikkilamchi chiqindilarini qayta ishlashning to‘liq sikli zamonaviy liniyalarini tashkil etish bo‘yicha “Wenzhou Jinsheng Trade So., Ltd” (Xitoy Xalq Respublikasi) kompaniyalari bilan tuzilgan Investitsiya shartnomalari (keyingi o‘rinlarda investitsiya shartnomalari deb ataladi) tasdiqlansin.
2. Investitsiya shartnomalariga muvofiq Xitoyning “ZTE (N.K.) Limited” va “Wenzhou Jinsheng Trade So., Ltd” kompaniyalari o‘z zimmalariga ilovaga* muvofiq majburiyatlar olganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
*Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tuzilgan investitsiya shartnomalari doirasida xorijiy investorlar tomonidan qabul qilingan majburiyatlar so‘zsiz bajarilishi nazorat qilinishini ta’minlasin.
3. “Peng Sheng” mas’uliyati cheklangan jamiyat hamda “ZTE (N.K.) Limited” va “Wenzhou Jinsheng Trade So., Ltd” kompaniyalari ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxonalar (keyingi o‘rinlarda qo‘shma korxonalar deb ataladi) foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan 5 yil muddatga ozod qilinsin.
4. Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha respublikada ishlab chiqarilmaydigan, chetdan olib kelinadigan:
qo‘shma korxonalar va “Peng Sheng” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan import qilinadigan texnik hujjatlar, mashinalar, maxsus texnika va mexanizmlar, maxsus transport vositalari (yengil avtomobillar bundan mustasno), qurilish materiallari va konstruksiyalar yangi ishlab chiqarish komplekslarini qurish davrida;
mobil telefonlar va boshqa elektron qurilmalar, sanitariya-texnik buyumlar uchun aralashtirgichlar, berkitish armaturasi va butlovchi buyumlar, hayvonlar va parrandalar uchun ozuqa ishlab chiqarishda, shuningdek chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlashda foydalaniladigan hamda qo‘shma korxonalar tomonidan import qilinadigan texnologik asbob-uskuna va unga ehtiyot qismlar, xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar 3 yil muddatga bojxona to‘lovlaridan ozod qilinsin (bojxona yig‘imlari bundan mustasno).
5. “Jizzax” maxsus industrial zonasining ma’muriy kengashi (R.S. Azimov) bir oy muddatda qo‘shma korxonalar ro‘yxatdan o‘tkazilishini va zona hududida joylashtirilishini, ularga belgilangan tartibda “Jizzax” maxsus industrial zonasi qatnashchisi maqomi berilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga “Peng Sheng” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 2013-yil 1-aprelgacha olib kelingan tovarlarni, istisno tariqasida, eksport yuk bojxona deklaratsiyasini majburiy taqdim etmasdan bojxonada rasmiylashtirishga ruxsat berilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi qo‘shma korxonalarning buyurtmanomalari bo‘yicha ushbu qaror bilan tasdiqlangan investitsiya shartnomalarini amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar va ularning oila a’zolariga kirish vizalari rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qo‘shma korxonalarning buyurtmanomalari bo‘yicha xorijiy mutaxassislar va ularning oila a’zolariga ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek ular vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishini va muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
9. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qo‘shma korxonalarning buyurtmanomalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga malakali xorijiy ish kuchi jalb etilishiga ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 2-may,
118-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 18-son, 236-modda; 2017-y., 13-son, 207-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)