O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Elektron xaridlar tizimini maqbullashtirish va ulardan tadbirkorlik subyektlarining foydalanishini kengaytirish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi PF-5228-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Eng avvalo elektron shakldagi korporativ xaridlar tizimiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularni amalga oshirishda raqobatni rivojlantirish va oshkoralikni ta’minlash, tabiiy monopoliyalar subyektlarining tovarlari hamda xizmatlari narxlarini maqbullashtirish maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2013-yilning 1 mayidan boshlab:
ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan tabiiy monopoliya subyektlari, davlat unitar korxonalari va xo‘jalik jamiyatlari ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) bir shartnoma bo‘yicha ekvivalenti 300 AQSh dollaridan 100 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdorda O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan tashkil qilinadigan alohida savdo maydonchasida elektron savdolar vositasida xarid qiladilar;
O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan o‘tkaziladigan elektron savdolarda davlat ulushi ustuvor bo‘lgan tabiiy monopoliya subyektlari, korxonalar va tashkilotlar xarid qiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati maxsus Hukumat komissiyasi tomonidan belgilanadi;
davlat ulushi ustuvor bo‘lgan tabiiy monopoliya subyektlari, korxonalar va tashkilotlar tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchini aniqlash sanasidan kamida 15 kalendar kunidan avval bo‘lajak xaridlar to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek shartnoma (kontrakt)lar tuzilgan kundan boshlab uch kun ichida buyurtmalarni joylashtirish natijalari to‘g‘risidagi axborotni O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining maxsus axborot portalida va “Birja” gazetasida joylashtiradi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi maxsus axborot portalida buyurtmalarni joylashtirish to‘g‘risidagi axborotdan, shuningdek birja va birjadan tashqari bozorlarda yuqori likvidli tovarlar turlarining sotilishi natijalari bo‘yicha narx-navolar to‘g‘risida yig‘ilgan axborotdan erkin foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.
2. Davlat ulushi ustuvor bo‘lgan tabiiy monopoliya subyektlari, korxonalar va tashkilotlarning elektron xaridlari bo‘yicha maxsus Hukumat komissiyasi 1-ilovaga* muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
1-ilova berilmaydi.
Quyidagilar Hukumat komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
elektron xaridlar jarayoniga xalqaro normalar va standartlarni joriy etishga ko‘maklashish;
O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida o‘tkaziladigan elektron savdolarda davlat ulushi ustuvor bo‘lgan tabiiy monopoliya subyektlari, korxonalar va tashkilotlar tomonidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) guruhi ro‘yxatini belgilash;
elektron xaridlar jarayoniga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini yanada faol va keng ko‘lamda jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
elektron xaridlarni amalga oshirishda oshkoralikni ta’minlash yuzasidan doimiy monitoringni olib borish, raqobatni rivojlantirishni rag‘batlantirish va mazkur sohada qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda qabul qilish.
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi zimmasiga Hukumat komissiyasining ishchi organi vazifasi yuklatilsin.
3. Davlat ulushi ustuvor bo‘lgan tabiiy monopoliyalar subyektlari, korxonalar va tashkilotlarning elektron xaridlari bo‘yicha Hukumat komissiyasi to‘g‘risidagi Nizom 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi bilan birgalikda 2013-yilning 1 mayigacha:
“on-layn” rejimida elektron korporativ xaridlarni amalga oshirish uchun alohida savdo maydonchasi to‘la-to‘kis faoliyat yuritishini ta’minlasin;
davlat ulushi ustuvor bo‘lgan tabiiy monopoliya subyektlari, korxonalar va tashkilotlar hamda tadbirkorlik subyektlari e’tiboriga, tashkil etilgan savdo maydonchasidagi elektron savdolarda ishtirok etish qoidalarini, jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali, ma’lumot uchun yetkazsin.
5. Davlat ulushi ustuvor bo‘lgan tabiiy monopoliya subyektlari, korxonalar va tashkilotlarning ijro etuvchi organlari rahbarlari zimmasiga elektron xaridlarni amalga oshirishda oshkoralikni ta’minlash hamda ushbu qaror talablarini bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda 2013-yilning 1 mayigacha:
O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida elektron savdolarni tashkil qilish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 5-aprel,
PQ-1948-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 5-apreldagi PQ-1948-sonli qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritiladigan qo‘shimcha va o‘zgartishlar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xaridlari tizimini maqbullashtirish va ularga kichik biznes subyektlarini jalb etishni kengaytirish to‘g‘risida” 2011-yil 7-fevraldagi PQ-1475-sonli qarorida:
a) 2-bandining oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“markazlashtirilgan manbalar hisobidan davlat xaridlarini amalga oshirayotgan barcha tashkilotlar maxsus axborot portalida tovar (ish, xizmat)lar yetkazib beruvchini aniqlash yoki tender (tender savdolari) o‘tkazish sanasidan kamida 30 kun avval bo‘lajak xaridlar to‘g‘risidagi e’lonlarni, shuningdek shartnoma (kontrakt)lar tuzilgan kundan boshlab uch kun ichida buyurtmalarni joylashtirish natijalari to‘g‘risidagi axborotni berishlari shart, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno”;
b) 5-bandining to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining davlat xaridlari bo‘yicha birja savdosi qatnashchilaridan undiriladigan komission yig‘im miqdori har ikki tarafdan bitim summasining 0,05 foizidan oshmasligi lozim, yetkazib beruvchilarning zakalat miqdori esa Davlat xaridlari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan belgilanadi”;
v) 2-ilovaning 6-bandi:
quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“yetkazib beruvchilarning zakalat miqdorini belgilash”;
yettinchi xatboshi sakkizinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining tuzilmasini yanada takomillashtirish va boshqaruv xodimlari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012-yil 3-dekabrdagi PQ-1871-sonli qarori 3-ilovasining VII bo‘limidan 9-satri chiqarib tashlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Tovar-xomashyo birjalari faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2004-yil 31 maydagi 251-sonli qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004-y., №5, 50-modda) 9-bandi tiklanib, quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” ochiq aksiyadorlik jamiyatining Kuzatuv kengashiga mustaqil ravishda birjaning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash va xodimlar sonini belgilash huquqi berilsin”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 15-son, 199-modda)