O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tovarlar va transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tishni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-iyundagi 211-sonli “O‘zbekiston O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida” 2016-yil 20-yanvardagi O‘RQ-400-son hamda “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida” 2016-yil 20-yanvardagi O‘RQ-401-son qonunlari)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 10-avgustdagi PQ-1595-son va “Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini yanada oshirish va tovarlarni respublikaga noqonuniy olib kirishga qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risida” 2013-yil 29-yanvardagi PQ-1913-son qarorlari bilan davlat bojxona xizmati organlari oldiga qo‘yilgan vazifalarni, shu jumladan respublika hududiga olib kiriladigan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ishonchliligini oshirishdek asosiy vazifalardan birini bajarish yuzasidan, shuningdek bojxona tartibotlarining ochiq-oshkoraligini yanada ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, respublika hududi bo‘ylab tovarlar va kontrafakt mahsulotlar noqonuniy olib o‘tilishiga barham berish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tovarlar va transport vositalarini havo, temir yo‘l, avtomobil va suv transportida O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda yuk tashuvchilar tomonidan davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan hujjatlar va ma’lumotlar ro‘yxati 1—4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin va 2013-yil 1-apreldan boshlab amalga kiritilsin.
Davlat bojxona xizmati organi yuk tashuvchilardan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida va qonun hujjatlarida belgilangan ma’lumotlar yoki hujjatlardan boshqa ma’lumotlar va hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga haqli emas.
2. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi davlat bojxona xizmati organlariga tegishli ravishda:
1-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha havo transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlar va transport vositalari;
2-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha temir yo‘l transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilishini ta’minlasinlar.
3. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi ikki tomonlama xalqaro shartnomalar doirasida ruxsatnomalar blankalarini ayirboshlashda, shuningdek xalqaro avtomobilda yuk tashishga litsenziyalarni berishda xorijiy davlatlarning vakolatli organlarini hamda tovarlar va transport vositalarini xalqaro avtomobilda tashuvchi yuk tashuvchilarni 3 va 4-ilovalarga muvofiq ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar majburiy taqdim etilishi haqida xabardor qilsin.
4. Belgilansinki, 1—4-ilovalarda nazarda tutilgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida xorijiy tillardagi ma’lumotlar bor bo‘lgan hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, davlat bojxona xizmati organlari ushbu hujjatlar davlat tiliga yoki rus tiliga tarjima qilingan, yuk tashuvchi tomonidan tasdiqlangan holda taqdim etilishini talab qilish huquqiga egadirlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:
taqdim etiladigan hujjatlar asosida bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlar va transport vositalari ustidan samarali bojxona nazoratini ta’minlasin;
yuk tashuvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning amalda olib o‘tiladigan tovarlar va transport vositalariga muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda, ushbu tovarlar va transport vositalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq chora-tadbirlar ko‘rsin;
yuk tashuvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlar yetarli bo‘lmaganda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tovarlar va transport vositalarini qo‘shimcha bojxona nazoratidan o‘tkazsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarini ushbu qaror qoidalaridan xabardor qilsin.
7. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari ushbu qaror qabul qilinishining maqsadlari, mazmun va mohiyati keng yoritilishi va tushuntirilishini ta’minlasinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 4-mart,
63-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-martdagi 63-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tovarlar va transport vositalarini havo transportida O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda yuk tashuvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar va ma’lumotlar
ro‘yxati
1. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi konvensiyaga (Chikago shahri, 1944-yil 7-dekabr) muvofiq hujjatlar:
a) bosh deklaratsiya;
b) yuk vedomosti;
v) avia yuk xati;
g) avia yuk xatiga ilova qilinadigan tashiladigan yuklarga tijorat hujjatlari*. Yuk turkumlab tashilganda ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar yukning birinchi turkumiga taqdim etiladi;
d) xalqaro pochta jo‘natmalariga ilova qilish uchun Butunjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar.
2. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlarda mavjud bo‘lishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar:
a) havo kemasining milliy mansubligi belgilari va ro‘yxatdan o‘tkazish belgilarini ko‘rsatish;
b) parvoz raqami, havo kemasining parvozi yo‘nalishini, uchish punktini, qo‘nish punktini ko‘rsatish;
v) havo kemasi ekspluatantining nomi;
g) ekipaj a’zolarining soni;
d) Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimiga muvofiq kamida 6 belgi darajasida tovarlarning nomi va kodlari;
e) avia yuk xatining raqami, avia yuk xati va yuk turkumi bo‘yicha o‘rinlar soni;
j) yuk jo‘natilgan va qo‘niladigan punktlar nomi;
z) parvoz qiladigan kemaning ichiga yuklanadigan bort anjomlari soni (har bir tovarning birliklari soni va nomi);
i) havo kemasi ichida xalqaro pochta jo‘natmalari mavjudligi;
k) tovarning har bir ko‘rsatilgan kodi bo‘yicha tovarlarning brutto og‘irligi (kilogrammlarda yoxud boshqa o‘lchov birliklarida);
l) tovarlarning faktura qiymati.
* Tijorat hujjatlari — tovarning qiymat, miqdor va sifat tavsifini aks ettiruvchi hujjatlar.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-martdagi 63-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini temir yo‘l transportida olib o‘tishda yuk tashuvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar va ma’lumotlar
ro‘yxati
1. Xalqaro temir yo‘l yuk yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimga muvofiq hujjatlar:
a) transport (tashish) hujjatlari;
b) harakatdagi temir yo‘l tarkibiga topshirish vedomosti;
v) tashilayotgan tovarlarga tijorat hujjatlari*;
g) xalqaro pochta jo‘natmalarini yuborish uchun Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar.
2. Yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarda bo‘lishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar:
a) tovarlarni jo‘natuvchining nomi va manzili;
b) tovarlarni oluvchining nomi va manzili;
v) tovarlarni jo‘natish stansiyasi va qabul qilish stansiyasi nomi;
g) Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimiga muvofiq kamida 6 ta belgi darajasidagi kodlari va nomi;
d) tovarning har bir ko‘rsatilgan kodi bo‘yicha yuk joylari soni, tovarlarning brutto og‘irligi (kilogrammda yoxud boshqa o‘lchov birliklarida);
e) tovarlarning faktura qiymati;
j) konteynerlarning identifikatsiyalash tartib raqami.
* Tijorat hujjatlari — tovarning qiymat, miqdor va sifat tavsifini aks ettiruvchi hujjatlar.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-martdagi 63-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini avtomobil transportida olib o‘tishda yuk tashuvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar va ma’lumotlar
ro‘yxati
1. Avtotransport vositasiga tegishli hujjatlar:
a) Yo‘l harakati to‘g‘risidagi konvensiyaga (Vena sh., 1968-y., 8-noyabr) muvofiq avtotransport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma;
b) xorijiy avtotransport vositalarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi, hududidan chiqishi va tranzit o‘tishi uchun ruxsatnoma (agar xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan bo‘lsa);
v) yuklar Xalqaro yo‘llarda tashish (XYT) daftarchasini qo‘llagan holda tashilganda XYT daftarchasini* qo‘llagan holda Yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi konvensiya (Jeneva sh., 1975-yil 14-noyabr) talablariga muvofiq avtotransport vositasiga bojxona muhrlari va tamg‘alari qo‘yilgan yuklarni xalqaro tashishga ruxsat berish to‘g‘risidagi guvohnoma;
g) tez buziladigan mahsulotlar tashilganda tez buziladigan mahsulotlarni tashish uchun avtotransport vositasiga ruxsat berish to‘g‘risidagi guvohnoma (SPS guvohnomasi**);
d) yirik hajmli va og‘ir yuk transport vositalarining yurishi uchun vakolatli organlarning maxsus ruxsatnomasi.
2. Tovarga tegishli hujjatlar:
a) Yuklarni xalqaro yo‘llarda tashish shartnomasi to‘g‘risidagi konvensiya (Jeneva sh., 1956-yil 19-may) talablariga muvofiq tovar-transport yuk xati va yukning har bir nomi bo‘yicha yuklab jo‘natish tafsiloti bo‘lgan ro‘yxati;
b) yuklar XYT daftarchasini qo‘llagan holda tashilganda, XYT daftarchasini qo‘llagan holda Yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi konvensiyaga (Jeneva sh., 1975-yil 14-noyabr) muvofiq XYT daftarchasi (CARNET TIR);
v) tashilayotgan tovarlarga tijorat hujjatlari***;
g) xalqaro pochta jo‘natmalarini yuborish uchun Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar.
3. Yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarda bo‘lishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar:
a) tashuvchining nomi va manzili;
b) tashish uchun tovarni qabul qilish joyi (mamlakati) va yetkazib berish uchun mo‘ljallangan joyi (mamlakati);
v) tovarlarni jo‘natayotgan mamlakatning nomi va tovar yetkazib beriladigan mamlakatning nomi;
g) tovarlarni jo‘natuvchi va oluvchining nomi hamda manzili;
d) Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimiga muvofiq kamida 6 ta belgi darajasidagi tovarlarning kodlari va nomi;
e) tovarning har bir ko‘rsatilgan kodi bo‘yicha yuk joylari soni, tovarlarning brutto og‘irligi (kilogrammda yoxud boshqa o‘lchov birliklarida);
j) tovarlarning faktura qiymati;
z) konteynerlarning identifikatsiyalash tartib raqami.
* XYT daftarchasi (CARNET TIR) — barcha tranzit tizimi bo‘yicha tovarlar va transport vositalarini kuzatuvchi hamda XYT tartiboti bo‘yicha tashiladigan tovarlarga nisbatan xalqaro kafolatning mavjudligini tasdiqlovchi xalqaro bojxona hujjati.
**SPS guvohnomasi — Tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini xalqaro tashishlar to‘g‘risidagi hamda ushbu tashishlar uchun mo‘ljallangan maxsus transport vositalari haqidagi bitimga (SPS) muvofiq beriladigan transport vositasining tez buziladigan mahsulotlar tashishga muvofiqligi to‘g‘risidagi hujjat.
*** Tijorat hujjatlari — tovarning qiymat, miqdor va sifat tavsifini aks ettiruvchi hujjatlar.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-martdagi 63-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini suv transportida olib o‘tishda yuk tashuvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar va ma’lumotlar
ro‘yxati
1. Hujjatlar:
a) umumiy deklaratsiya;
b) yuk to‘g‘risidagi deklaratsiya;
v) kema anjomlari to‘g‘risidagi deklaratsiya;
g) kema ekipajining shaxsiy buyumlari to‘g‘risidagi deklaratsiya;
d) kema xizmati;
e) yo‘lovchilar ro‘yxati;
j) transport (tashish) hujjatlari;
z) tashilayotgan tovarlarga tijorat hujjatlari*;
i) xalqaro pochta jo‘natmalarini yuborish uchun Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar.
2. Yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarda bo‘lishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar:
a) kemaning ro‘yxatga olinganligi va uning milliy mansubligi;
b) kemaning nomi va tavsifi;
v) kapitanning familiyasi;
g) kema agentining familiyasi va manzili;
d) kemadagi yo‘lovchilarning soni, familiyalari, ismlari, fuqaroligi, tug‘ilgan sanasi va joyi, chiqish va tushish porti;
e) ekipaj a’zolarining soni va tarkibi;
j) kemaning jo‘nash porti va kirish portining nomi;
z) Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimiga muvofiq kamida 6 ta belgi darajasidagi tovarlarning kodlari va nomi;
i) tovarning har bir ko‘rsatilgan kodi bo‘yicha yuk joylari soni, tovarlarning brutto og‘irligi (kilogrammda yoxud boshqa o‘lchov birliklarida);
k) tovarlarni yuklash portining va tushirish portining nomi;
l) ushbu portda tushiriladigan tovarlarga dengizda (daryoda) tashish shartnomasi mazmuni va mavjudligini tasdiqlovchi konosamentlar yoki boshqa hujjatlarning tartib raqami;
m) bortda qoladigan tovarlarni tushirish portlarining nomi;
n) kemadagi mavjud kema anjomlarining soni ko‘rsatilgan holdagi nomi;
o) kemada tovarlarni joylashtirish tavsifi;
p) tovarlarning faktura qiymati.
* Tijorat hujjatlari — tovarning qiymat, miqdor va sifat tavsifini aks ettiruvchi hujjatlar
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 10-son, 128-modda)