Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining
Qarori
Tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga amalda olib kelinishi paytigacha bojxona organlariga dastlabki bojxona deklaratsiyasini taqdim etish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 30-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2418]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2021-yil 4-maydagi 01-02/13-19-sonli ““Tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga amalda olib kelinishi paytigacha bojxona organlariga dastlabki bojxona deklaratsiyasini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2418-5, 04.05.2021-y.) asosan 2021-yil 5-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 18-iyuldagi PF-4455-son “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi 379-son “Tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartibotlarni liberallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 31-maydagi 01-02/12-42-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-4, 18.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/2418-4/1365-son)
1. Tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga amalda olib kelinishi paytigacha bojxona organlariga dastlabki bojxona deklaratsiyasini taqdim etish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Z. DUSANOV
Toshkent sh.,
2013-yil 28-yanvar,
01-02/12-9-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2013-yil 28-yanvardagi 01-02/12-9-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga amalda olib kelinishi paytigacha bojxona organlariga dastlabki bojxona deklaratsiyasini taqdim etish tartibi toʻgʻrisida
nizom
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 18-iyuldagi PF-4455-son “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2018-yil 12-apreldagi PF-5414-son “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi 379-son “Tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartibotlarni liberallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq dastlabki bojxona deklaratsiyasini taqdim etgan holda “erkin muomalaga chiqarish” (keyingi oʻrinlarda — import deb yuritiladi) bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarlarni deklaratsiyalash tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 31-maydagi 01-02/12-42-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-4, 18.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/2418-4/1365-son)
I. Umumiy qoidalar
1. Dastlabki bojxona deklaratsiyasi (keyingi oʻrinlarda — DBD deb yuritiladi) tovarlarni bojxona hududiga yetib kelguniga qadar deklaratsiyalash boʻlib, u deklarantning xohishiga koʻra qoʻllanilishi mumkin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2013-yil 22-iyundagi 01-02/12-11-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-1, 27.06.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 347-modda)
Agar xavfni aniqlashda foydalaniladigan dasturiy taʼminot tomonidan xavf aniqlanmaganda, tovarlarni bevosita chegara oʻtkazish punktlarida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ushbu tovarlarni erkin muomalaga chiqarish orqali dastlabki deklaratsiyalash huquqi beriladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 31-maydagi 01-02/12-42-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2418-4, 18.06.2018-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/2418-4/1365-son)
2. Quyidagi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida DBDning qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilinishi taqiqlangan;
b) litsenziyalar boʻyicha import qilinadigan;
v) vakolatli organlarning ruxsatnomasi talab qilinadigan (muvofiqlik, gigiyena, veterinariya sertifikatlari va karantin ruxsatnomasi bundan mustasno).
(2-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2014-yil 14-noyabrdagi 01-02/12-24-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-2, 24.11.2014-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 48-son, 573-modda)
3. Tovarlarning dastlabki bojxona rasmiylashtiruvi bojxona postida ikki bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqichda DBD bojxona yuk deklaratsiyasi (keyingi oʻrinlarda — BYuD deb yuritiladi) blanklarida yoki elektron BYuD shaklida rasmiylashtiriladi hamda bojxona postining mansabdor shaxsi tomonidan “BOJXONA NAZORATIDAGI YUK” toʻrtburchak shtampi qoʻyilib, nazoratga olinadi. Bunda DBDda koʻrsatilgan tovarlarning toʻliq miqdori uchun bojxona toʻlovlari toʻlanadi;
ikkinchi bosqichda tovarlar import bojxona rejimi asosida tovarga nisbatan vakolatga ega boʻlgan shaxsning toʻla ixtiyoriga beriladi. Bunda bojxona postining mansabdor shaxsi tomonidan DBDga “YUK CNIQARISNGA RUXSAT BERILDI” toʻrtburchak shtampi qoʻyiladi.
II. DBDni rasmiylashtirishning birinchi bosqichi
4. Tovarlarni dastlabki bojxona deklaratsiyalashda bojxona organlariga tovarlarni rasmiylashtiruvi davomida taqdim qilinadigan hujjatlar roʻyxatiga asosan (muvofiqlik, gigiyena, veterinariya sertifikati va karantin ruxsatnomasi bundan mustasno) bojxona postiga hujjatlarning deklarant tomonidan tasdiqlangan nusxalari hamda ushbu hujjatlardagi maʼlumotlarning elektron koʻrinishi taqdim etiladi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2014-yil 14-noyabrdagi 01-02/12-24-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-2, 24.11.2014-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 48-son, 573-modda)
Hujjatlar bojxona postiga “Tovarlarni elektron deklaratsiyalash” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali vakolatli organlar va bojxona rasmiylashtiruvi mutaxassisi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda elektron koʻrinishda ham taqdim etilishi mumkin.
5. DBDda tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilishidan va (yoki) bojxona postiga taqdim etilishidan oldin deklarantga maʼlum boʻlmagan maʼlumotlar aks ettirilmasligi mumkin.
DBD Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning (roʻyxat raqami 2773, 2016-yil 6-aprel) 5-bobi Tovarlarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda BYuDni toʻldirish talablariga muvofiq toʻldiriladi. Bunda DBDning 1-grafasi 1-boʻlmasida “PR” harfli belgi koʻrsatiladi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 31-maydagi 01-02/12-42-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-4, 18.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/2418-4/1365-son)
6. Agarda DBDda koʻrsatilgan tovarlar deklaratsiyani qabul qilgan bojxona postiga deklaratsiya qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kuni ichida taqdim etilmasa, u topshirilmagan deb hisoblanadi. Bunday hollarda DBD bekor qilinadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2013-yil 22-iyundagi 01-02/12-11-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-1, 27.06.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 347-modda)
III. DBDni rasmiylashtirishning ikkinchi bosqichi
7. Tovarlar import bojxona rejimi asosida tovarga nisbatan vakolatga ega boʻlgan shaxsning toʻla ixtiyoriga berilishidan avval bojxona postiga qonun hujjatlariga muvofiq gigiyena, muvofiqlik, veterinariya sertifikatlari va karantin ruxsatnomasi taqdim qilinadi va belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkaziladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 31-maydagi 01-02/12-42-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-4, 18.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/2418-4/1365-son)
8. Tovarlar bojxona nazoratidan oʻtkazilishidan oldin bojxona posti mansabdor shaxsi hujjatlar nusxalarida koʻrsatilgan maʼlumotlarni asl hamda elektron hujjatlardagi maʼlumotlar bilan solishtiradi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 31-maydagi 01-02/12-42-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-4, 18.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/2418-4/1365-son)
9. Agarda taqdim qilingan hujjatlar (shu jumladan elektron koʻrinishdagi) bilan asl hujjatlardagi maʼlumotlarda nomuvofiqliklar mavjud boʻlsa yoki DBDda kerakli maʼlumotlar yetishmasa, deklarant tomonidan DBDga tegishli oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritiladi.
DBDga tuzatish kiritish (qayta rasmiylashtirish) tovarlar bojxona nazoratidan oʻtkazilgunga qadar bojxona posti tomonidan bir ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 31-maydagi 01-02/12-42-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-4, 18.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/2418-4/1365-son)
10. DBDni oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va bekor qilish Bojxona yuk deklaratsiyasini oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2784, 2016-yil 10-may) talablariga muvofiq amalga oshiriladi;
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 31-maydagi 01-02/12-42-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-4, 18.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/2418-4/1365-son)
DBD bekor qilinganidan soʻng, yangi BYuD Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 261-moddasida belgilangan 15 kalendar kundan kechiktirmay taqdim etilishi shart.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2016-yil 30-martdagi 01-02/12-18-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-3, 12.04.2016-y.) tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 15-son, 153-modda)
11. Taqdim etilgan DBDda koʻrsatilgan tovarlar yetib kelgandan soʻng, toʻliq BYuD taqdim etiladi. Toʻliq BYuDni taqdim etish muddati DBD taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan oshib ketmasligi lozim.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 31-maydagi 01-02/12-42-sonli qarori (roʻyxat raqami 2418-4, 18.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/2418-4/1365-son)
111. Toʻliq BYuD Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami № 2773, 2016-yil 6-aprel) talablariga muvofiq quyidagi xususiyatlarni inobatga olgan holda toʻldiriladi:
a) 1-grafasi birinchi boʻlmasida “IM” belgisi koʻrsatiladi;
b) 1-grafasi uchinchi boʻlmasida “PPR” harfli belgisi koʻrsatiladi.
v) BYuDga aynan DBDga berilgan tartib raqam qoʻyiladi va ular bir-biridan ajralmas qismlar hisoblanadi.
(111-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 31-maydagi 01-02/12-42-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2418-4, 18.06.2018-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/2418-4/1365-son)
IV. Yakuniy qoidalar
12. Bojxona rasmiylashtiruvida taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun deklarant javobgardir.
13. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 5-son, 63-modda, 26-son, 347-modda; 2014-y., 48-son, 573-modda; 2016-y., 15-son, 153-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/2418-4/1365-son)