Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida
Mazkur Farmoyish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-apreldagi PF-5007-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari oʻz kuchini yoʻqotganligi toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash, tayyorlash tizimini, tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tubdan yaxshilash va takomillashtirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrish, sud hokimiyatining tom maʼnodagi mustaqilligini yanada taʼminlash, Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni 11-moddasiga muvofiq:
1. Quyidagilar:
*2-ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasining tashkiliy tuzilmasi hamda shtatlari 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmoyishdan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
3. Mazkur Farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi v.b. B. Kokanbayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 29-dekabr,
F-3949-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 29-dekabrdagi F–3949-son Farmoyishiga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
2. Komissiya sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, sud kadrlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyish tamoyillarini yanada demokratlashtirish siyosatini amalga oshiradigan doimiy ishlovchi organ hisoblanadi.
3. Komissiya zimmasiga umumiy yurisdiksiya sudlari va xoʻjalik sudlari sudyalari lavozimlariga tanlov va tavsiya etishni tashkil etish hamda amalga oshirish vazifasi yuklanadi.
4. Komissiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari hamda mazkur Nizom asosida amalga oshiradi.
II. Komissiyaning asosiy vazifalari va vakolatlari
5. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
sudya kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish ishlarida demokratik asoslarni takomillashtirish, qonuniylik, xolislik, ochiq-oydinlik va oshkoralikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
sudya kadrlarni tanlash, tayyorlash va lavozimga koʻrsatishda sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga boʻysunishi tamoyilini taʼminlash, ularning faoliyatini va odil sudlov jarayonini cheklashga qaratilgan har qanday urinishlarni bartaraf etish;
sudyalikka nomzodlar zaxirasini (bundan buyon matnda zaxira deb yuritiladi) tayyorgarlik koʻrgan, yuqori malakali, katta hayotiy tajribaga, benuqson obroʻ-eʼtiborga, yuridik ixtisosligi boʻyicha, avvalambor huquqni muhofaza qiluvchi organlarda zarur ish stajiga ega boʻlgan yuristlar orasidan shakllantirish;
zaxirani shakllantirish masalasida adliya, prokuratura, sud va ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy rahbarlik qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi va Adliya vazirligi bilan hamkorlikda zaxirada turgan shaxslarning, shuningdek sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlangan shaxslarning kasbiy saviyasini, sud faoliyatiga xos koʻnikmalarini oshirish tizimini tubdan yaxshilashni, ularda amaldagi qonun hujjatlariga, huquqni qoʻllash amaliyotiga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mazmun va mohiyatiga doir chuqur bilimlarni shakllantirishni taʼminlash;
zaxirada turgan nomzodlarni kasbiy oʻsishi, bilimlarini oshirish jarayonining tizimli monitoringini tashkil qilish, ularning kasbiy, ishchanlik va shaxsiy fazilatlarini oʻrganish hamda shu asosda sudya kadrlar zaxirasini doimiy ravishda yangilab borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Adliya vazirligi bilan hamkorlikda sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasida samarali ishlashi, ularning oʻz oldida turgan boshqa vazifalarni hal etishi uchun zarur boʻlgan tashkiliy-huquqiy, moddiy-texnikaviy shart-sharoitlar yaratish, sudyalarning xizmat va mansab pogʻonalari boʻyicha oʻsishini taʼminlaydigan kafolatlarni, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, jumladan, lavozimga qayta tayinlash yoki vakolatlari tugaganidan soʻng ishga joylashtirish davrida ijtimoiy muhofaza qilish mexanizmlarini kuchaytirish;
sudyalar tomonidan xizmat mavqeyini, shu jumladan, sudya kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish borasida suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
sudyalarning odob-axloq qoidalariga rioya etishi ustidan nazorat qilish.
6. Qoʻyilgan vazifalarni bajarish uchun Komissiyaga quyidagi vakolatlar beriladi:
Oliy malaka komissiyasi shakllantiradi va uning har yili yangilab borilishini taʼminlaydi;
sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlarning loyiqligini aniqlaydi va mazkur masala boʻyicha xulosalar beradi;
Umumiy yurisdiksiya sudlari sudyalarining oliy malaka hayʼati (bundan buyon matnda Oliy malaka hayʼati deb yuritiladi), Xoʻjalik sudlari sudyalari malaka hayʼati bilan birgalikda yangi vakolat muddatiga yoki boshqa sudyalik lavozimiga koʻrsatilayotgan sudyalarning loyiqligini aniqlaydi va mazkur masala boʻyicha xulosalar beradi;
fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari sudyalari lavozimlariga tavsiya etiladigan nomzodlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi sudyalari lavozimlariga tavsiya etiladigan nomzodlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga xulosalar kiritadi;
fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari sudyalari vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisida xulosalar beradi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi sudyalarining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga xulosalar kiritadi;
sudyalarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash haqida tegishli sudlar raislariga taqdimnomalar kiritadi;
sudyalar uchun kasbiy faoliyatida va xizmatdan tashqari vaqtida majburiy boʻlgan odob-axloq qoidalarini tasdiqlaydi;
sudya kadrlarning shakllantirish va undan samarali foydalanish borasidagi ishlarning tashkil etilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Adliya vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda sudyalarni vakolat muddati tugaganidan soʻng ishga joylashtirish, ulardan oqilona foydalanish borasida chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
sudyalar malaka hayʼatlarining faoliyatini oʻrganadi, malaka hayʼatlari raislarining hisobotini tinglaydi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va faoliyatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar beradi;
sudyalarning malaka hayʼatlaridan Komissiya ishini tashkil qilish bilan bogʻliq axborotlarni talab qilib oladi va topshiriqlar beradi;
Komissiya vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar, xulosalar qabul qiladi va taqdimnomalar kiritadi.
Komissiya oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston sudyalar assotsiatsiyasi, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
III. Sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasini shakllantirish va tanlash
7. Sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasini shakllantirish ishlari Komissiya tomonidan adliya, prokuratura, sud va ichki ishlar organlari ishtirokida amalga oshiriladi.
8. Sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasiga tayyorgarlik koʻrgan, katta hayotiy tajribaga, benuqson obroʻ-eʼtiborga ega yuqori malakali yuristlar orasidan oʻttiz yoshdan kichik boʻlmagan, oliy yuridik maʼlumotli, yuridik ixtisosligi boʻyicha ish staji kamida besh yil boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari kiritilishi mumkin.
Quyidagi shaxslar zaxiraga qabul qilinishi mumkin emas:
sudlanganlar;
belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
oʻz kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun vakolatlari oldingi ish joyi boʻyicha belgilangan tartibda tugatilgan shaxslar.
Zaxira Komissiya tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ushbu mintaqalarning har birida 30 — 50 kishidan, belgilangan tartibda taqdim etilgan adliya, prokuratura, sud, ichki ishlar organlarining takliflariga hamda fuqarolarning arizalariga muvofiq shakllantiriladi.
9. Adliya, prokuratura, sud, ichki ishlar organlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlinmalari har chorakda fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudyalar malaka hayʼatlari, Harbiy sudlar sudyalari malaka hayʼati, Xoʻjalik sudlari sudyalari malaka hayʼatining har biriga alohida sudya kadrlari kiritish uchun oʻz xodimlari orasidan nomzodlar boʻyicha takliflarni hamda zarur materiallarni yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi va Ichki ishlar vazirligi ham oʻz xodimlari orasidan sudya kadrlari zaxirasiga kiritish uchun nomzodlar boʻyicha takliflarni hamda zarur materiallarni tegishli sudyalar malaka hayʼatlariga yuborishlari mumkin.
Zaxiraga kirish istagini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari Komissiyaga bevosita yoki tegishli sudyalar malaka hayʼati orqali ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
Taklifga (arizaga) nomzod tomonidan shaxsan toʻldirilgan kadrlarni hisobga olish shaxsiy varagʻi va tarjimai hol, fotosuratlar, pasport nusxasi va baholar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ilova qilingan notarial tasdiqlangan oliy yuridik maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom nusxasi, belgilangan tartibda tasdiqlangan mehnat daftarchasidan koʻchirma, sogʻligʻi toʻgʻrisida maʼlumotnoma, ish joyidan maʼlumot-tavsifnoma, idora nomidan tavsiya, fikrnomalar (kamida uchta) ilova qilinadi.
Adliya, prokuratura, sud va ichki ishlar organlari tomonidan taqdim etilgan materiallarga qoʻshimcha ravishda nomzodning obroʻ-eʼtibori, ragʻbatlantirishlari, intizomiy jazolari haqida idoraviy inspeksiya yoki kadrlar boʻlimining maʼlumotnomasi hamda kasbiy, ishchanlik va shaxsiy fazilatlarini tavsiflovchi boshqa maʼlumotlar, rahbar tomonidan nomzodning sudyalik lavozimiga munosibligi haqidagi xulosasi ilova qilinadi.
Sudya kadrlar zaxirasiga kiritish uchun nomzodlar boʻyicha takliflar adliya, prokuratura, sud va ichki ishlar organlari respublika yoki hududiy boʻlimlarining bevosita birinchi rahbarlari tomonidan imzolanadi va ular materiallarning ishonchliligi va toʻliqligi uchun shaxsan javobgardirlar.
10. Sudyalar malaka hayʼatlari bir oylik muddatda nomzodlar boʻyicha taqdim etilgan takliflarni (arizalarni), huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ular boʻyicha berilgan xulosalarini umumlashtiradi, zaxiraga kiritish uchun tavsiya etiladigan shaxslarning roʻyxatlarini tuzadi hamda ushbu roʻyxatlarni tegishli materiallarni ilova qilgan holda Komissiyaga yuboradi.
11. Komissiya bir oylik muddatda zaxiraga kiritish uchun tavsiya etilayotgan shaxslar roʻyxatini koʻrib chiqadi. Nomzodlarni zaxiraga kiritish tartibi Komissiyaning Reglamenti bilan belgilanadi.
Zaxiraga kiritilgan shaxslar roʻyxati ularning oʻqishi va stajirovkasini tashkil qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudiga yuboriladi.
Shaxslarning zaxiraga kiritilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir haftalik muddatda Komissiya tomonidan nomzodlar va manfaatdor organlarga yetkaziladi.
Shaxsni zaxiraga kiritish rad qilingan taqdirda uning hujjatlari tegishli sudyalar malaka hayʼatiga keyinchalik bu haqda manfaatdor organlarni (shaxslarni) xabardor qilish uchun qaytariladi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi Adliya vazirligi bilan birgalikda turgan shaxslarning Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida (bundan buyon matnda Yuristlar malakasini oshirish markazi deb yuritiladi) maxsus kurslarda oʻqishlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining tegishli sudlarida stajirovkadan oʻtishlarini tashkil etadi.
Taʼlim olish va stajirovkadan oʻtish dasturlari tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi va Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi, ushbu idoralar mazkur dasturlarning amalga oshirilishi ustidan nazorat olib boradi.
Sudyalik lavozimlariga nomzodlar Yuristlar malakasini oshirish markazida oʻqish, shuningdek tegishli sudlarda stajirovkadan oʻtish davrida asosiy ish joylaridagi oʻrtacha ish haqi saqlab qolingan holda, mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etiladi.
Oʻqish (stajirovka) natijalariga koʻra Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan nomzodga sertifikat beriladi va Komissiya, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi yoki Oliy xoʻjalik sudiga nomzodning sudyalik lavozimlarida ishlash uchun nazariy va amaliy jihatdan tayyorligi haqida xulosa taqdim qilinadi.
Nomzodning stajirovkani oʻtishi uchun masʼul boʻlgan rahbar tomonidan Yuristlar malakasini oshirish markaziga tegishli xulosa taqdim qilinadi.
Oʻqish (stajirovka), shuningdek har tomonlama oʻrganish natijalari boʻyicha Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi nomzodni zaxiradan chiqarish toʻgʻrisida Komissiyaga taklif kiritishi mumkin.
13. Komissiya tegishli sudlarning malaka hayʼatlari bilan birgalikda doimiy ravishda nomzodlar faoliyatini monitoring qilib boradi, seminar va boshqa tadbirlarni tashkil qiladi.
Adliya, prokuratura, sud va ichki ishlar organlari nomzodning shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiruvchi nojoʻya xatti-harakatlar sodir etganligi, shuningdek oʻzi va uning yaqin qarindoshlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzgarganligi toʻgʻrisida Komissiyani oʻz vaqtida xabardor qiladi.
14. Shaxs quyidagi hollarda Komissiya tomonidan zaxiradan chiqarilishi mumkin:
oʻqish va stajirovka natijalari qoniqarsiz baholanganda;
shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiruvchi xatti-harakatlar sodir etganda;
Yuristlar malakasini oshirish markazi sertifikatining amal qilish muddati (besh yil) tugaganda.
15. Zaxira Komissiya tomonidan belgilangan tartibda har yili yangilab turiladi.
Nomzod zaxiraga ikki yildan oshmagan muddatga kiritiladi. Zaxiraga kiritilgan shaxs ushbu muddat ichida sudyalik lavozimiga koʻrsatilmagan taqdirda chiqariladi.
16. Sudyalik lavozimi boʻshab qolgan taqdirda Komissiya zaxiraga kiritilgan hamda oʻqish va stajirovkani muvaffaqiyatli oʻtgan shaxslarni bevosita yoki tegishli sudyalar malaka hayʼati, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi orqali xabardor qiladi.
Boʻshab qolgan sudyalik lavozimlari toʻgʻrisidagi maʼlumot Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudining rasmiy veb-saytlarida ham joylashtiriladi.
17. Zaxirada turgan shaxs Komissiyaga bevosita yoki sudyalar malaka hayʼati orqali boʻsh sudyalik lavozimlarini egallash uchun tanlovda qatnashish toʻgʻrisida ariza beradi.
18. Komissiya boʻsh lavozimlarni egallash uchun tanlovda qatnashish toʻgʻrisida ariza bergan nomzodlarning kasbiy, ishchanlik va shaxsiy fazilatlari darajasini oʻrganish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni, shu jumladan vakolatli organlarni jalb qilgan holda amalga oshiradi.
19. Oʻrganish natijalari ijobiy boʻlgan nomzodlar Komissiyada suhbatdan oʻtadi.
Komissiya suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnoma kiritadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining sudyalik lavozimlariga suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar boʻyicha Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga koʻrib chiqish uchun xulosa kiritadi.
20. Sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlangan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda majburiy tayyorgarlikdan (stajirovkadan) oʻtadilar.
Sudyani birinchi vakolat muddatiga tanlash va tayinlash mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan Sxemaga asosan amalga oshiriladi.
21. Zarur malaka, yuksak ishchanlik va shaxsiy fazilatlar, benuqson obroʻ-eʼtibor va huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organlarida masʼul lavozimlarda yetarli ish tajribasiga ega boʻlgan shaxslar, istisno tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan birinchi marta sudyalik lavozimiga mazkur Nizomning III-boʻlimida nazarda tutilgan tartibni oʻtmasdan turib tayinlanishlari mumkin.
IV. Sudyalarni yangi vakolat muddatiga va boshqa sudyalik lavozimlariga tanlash
22. Komissiya Oliy malaka hayʼati va Xoʻjalik sudlari sudyalari malaka hayʼati bilan birgalikda sudyalarni yangi vakolat muddatiga va boshqa sudyalik lavozimlariga tanlash ishlarini tashkil etadi.
23. Komissiya boʻshab qolgan sudyalik lavozimlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudini xabardor qiladi, ushbu maʼlumot ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi.
24. Sudyalar vakolat muddati tugashiga kamida olti oy qolganda Komissiyaga bevosita yoki Oliy malaka hayʼati yoxud Xoʻjalik sudlari sudyalari malaka hayʼati orqali yangi vakolat muddatiga koʻrsatish yoki koʻrsatmaslik toʻgʻrisida arizalar va zarur hujjatlarni beradi.
Boshqa sudyalik lavozimlariga nomzodini koʻrsatish istagini bildirgan sudyalar Komissiyaga bevosita yoki Oliy malaka hayʼati yoxud Xoʻjalik sudlari sudyalari malaka hayʼati orqali ariza va zarur hujjatlarni beradi.
Oliy malaka hayʼati va Xoʻjalik sudlari sudyalari malaka hayʼati nomzodga nisbatan tegishli xulosani Komissiyaga taqdim qiladi.
25. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi yoki Oliy xoʻjalik sudi bilan birgalikda sudyalik vakolatlariga yangi muddatga yoki boshqa sudyalik lavozimlariga koʻrsatilgan nomzodlarning kasbiy, ishchanlik va shaxsiy fazilatlari darajasini oʻrganish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Nomzod koʻrsatilayotgan lavozim talablariga javob bermagan taqdirda Komissiya uni quyi sudyalik lavozimiga koʻrib chiqish masalasini kun tartibiga kiritishi mumkin.
26. Komissiya sudyalarni yangi vakolat muddatiga yoki boshqa sudyalik lavozimiga koʻrsatish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha Oliy malaka hayʼati yoki Xoʻjalik sudlari sudyalari malaka hayʼati bilan qoʻshma majlis tashkil etadi. Majlisda nomzodlarga oid taqdim etilgan hujjatlar oʻrganiladi, suhbat oʻtkaziladi va tegishli xulosa qabul qilinadi.
Qoʻshma majlis Komissiya tomonidan umumiy yurisdiksiya sudlarining sudyalik lavozimlariga Oliy malaka hayʼati bilan, xoʻjalik sudlarining sudyalik lavozimlariga Xoʻjalik sudlari sudyalari malaka hayʼati bilan oʻtkaziladi.
Suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar boʻyicha Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnoma kiritadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudining sudyalik lavozimlariga suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar boʻyicha Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga koʻrib chiqish uchun xulosa kiritadi.
27. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi va Adliya vazirligi bilan birgalikda qayta tayinlangan sudyalarning Yuristlar malakasini oshirish markazida qonun hujjatlariga kiritilgan soʻnggi oʻzgartishlar, ilgʻor huquqni qoʻllash amaliyoti bilan tanishtirish boʻyicha maxsus kurslarni oʻtishini tashkil etadi.
Sudyani yangi vakolat muddatiga va boshqa sudyalik lavozimlariga tayinlash mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan Sxemaga asosan amalga oshiriladi.
V. Komissiya ishini tashkil qilish
28. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi vakillari va huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar, shuningdek jamoatchilik vakillaridan shakllantiriladi.
29. Komissiya tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan oʻn yetti kishidan iborat tarkibda besh yil muddatga tasdiqlanadi hamda Komissiya raisi, rais oʻrinbosari va aʼzolardan tashkil topadi.
Komissiya raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan lavozimga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari orasidan tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Komissiya raisi va toʻrt nafar aʼzosi (Kotibiyat va Sud inspeksiyasi rahbarlari hamda ularning oʻrinbosarlari) oʻz faoliyatlarini doimiy asosda amalga oshiradilar.
Komissiyaning oʻn ikki nafar aʼzosi oʻz faoliyatlarini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
30. Komissiya raisi:
Komissiya faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi va Komissiya zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Komissiya majlislarini chaqiradi va unga raislik qiladi;
Komissiya vakolatiga tegishli boʻlgan masalalarni koʻrib chiqish uchun kiritadi;
Komissiyaning ijroiya apparati xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
doimiy asosda faoliyat yurituvchi Komissiya aʼzolaridan tashqari, Komissiya ijroiya apparati xodimlarini Komissiya qaroriga asosan lavozimlarga tayinlaydi va ozod etadi;
Komissiyaning ijroiya apparati moliyaviy-xoʻjalik faoliyatida tashkiliy rahbarlikni amalga oshiradi;
Komissiya xarajatlar smetasini va shtat jadvalini tasdiqlaydi;
buyruq va farmoyishlar chiqaradi;
fuqarolarni qabul qiladi hamda shikoyat va arizalarni koʻrib chiqish ishlarini tashkil etadi.
31. Komissiya raisining oʻrinbosari:
Komissiya qarorlari bajarilishini nazorat qilish ishlarini tashkil etadi;
Komissiya raisi boʻlmaganda Komissiya majlislarini chaqiradi va unga raislik qiladi;
qonun hujjatlari va Komissiya qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
32. Komissiya aʼzolari nomzodlar zaxirasini shakllantirish va ularni oʻrganish ishlarida Komissiyaga koʻmaklashadi, qonun hujjatlari va Komissiya qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
33. Komissiya faoliyati kollegiallik va Komissiya aʼzolarining teng huquqliligi, Komissiya vakolatiga kiruvchi masalalarning har tomonlama, toʻliq va xolisona hal etilishini taʼminlash tamoyillariga asoslanadi.
34. Komissiya kadrlarni sudyalik lavozimlariga tayinlashga tavsiyanoma tayyorlovchi oxirgi bosqich hisoblanadi.
35. Komissiya adliya, prokuratura, sud va ichki ishlar organlarining zaxirani shakllantirish borasidagi faoliyati muvofiqlashtirilishini va uslubiy jihatdan rahbarlikni, shuningdek sudyalar malaka hayʼatlarining sudyalarning odob-axloq qoidalariga rioya etishlari, ularni intizomiy javobgarlikka tortish, vakolatlarini toʻxtatish yoki muddatidan ilgari tugatish, malaka attestatsiyasidan oʻtkazish va malaka hayʼatlarining vakolatlariga kiruvchi boshqa masalalar boʻyicha faoliyati ustidan nazoratni taʼminlaydi.
Komissiya vaqti-vaqti bilan joylarga chiqib sudyalar malaka hayʼatlarining faoliyatini tekshiradi.
36. Komissiya majlislari uning vakolatiga kiruvchi masalalarning tayyorlanishiga qarab, odatda bir oyda kamida ikki marta oʻtkaziladi.
Komissiya majlisi uning aʼzolarining koʻpchiligi ishtirok etgan taqdirda vakolatli deb hisoblanadi. Qaror majlisda ishtirok etayotgan Komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Raislik qiluvchi oxirgi boʻlib ovoz beradi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Nomzod boʻyicha ovoz berish vaqtida Komissiya aʼzolaridan boshqa shaxslarning hozir boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Komissiya majlisining bayonnomasi Kotibiyati xodimi tomonidan yuritiladi va raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
37. Qoʻshma majlislar sudyalik vakolatlariga yangi muddatga yoki boshqa sudyalik lavozimlariga koʻrsatilayotgan sudyalarga oid materiallarning tayyorlanishiga qarab oʻtkaziladi.
Qoʻshma majlis Komissiya va Oliy malaka hayʼati yoki Xoʻjalik sudlari sudyalari malaka hayʼatining har birida aʼzolarining koʻpchiligi ishtirok etgan taqdirda vakolatli deb hisoblanadi.
Qoʻshma majlisda qatnashayotgan Komissiya aʼzolari va tegishli malaka hayʼatlarining aʼzolari bittadan ovozga ega boʻladilar.
Qoʻshma majlis qarori majlis ishtirokchilarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Raislik qiluvchi oxirgi boʻlib ovoz beradi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Qoʻshma majlisda ovoz berish vaqtida Komissiya aʼzolaridan va tegishli malaka hayʼatlarining aʼzolaridan boshqa shaxslarning hozir boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qoʻshma majlisning bayonnomasi Komissiya kotibiyati xodimi tomonidan yuritiladi va raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
38. Sudyalik lavozimlariga kadrlar boʻyicha takliflar majlislarda boʻsh sudyalik lavozimiga kamida ikki nafar nomzoddan kam boʻlmagan muqobillik asosida koʻrib chiqiladi.
Sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash sudya kadrlar boʻyicha taqdim etilgan materiallarni oʻrganish va suhbat oʻtkazish, ularning kasb mahorati darajasini, maʼnaviy fazilatlarini (halolligi va pok vijdonligi), qobiliyatini, shuningdek huquq sohasidagi tegishli tayyorgarligi va malakasini aniqlash yoʻli bilan oʻtkaziladi.
Nomzodni tanlashda turli oʻrganish usullaridan foydalanish mumkin –suhbat oʻtkazish, mustaqil ekspertlar tomonidan test sinovidan oʻtkazish, mavzuga oid referatlar tayyorlash, ekspress soʻrovlar va h.k.
39. Komissiya majlislarida:
nomzodning taqdim etilgan sudyalik lavozimiga loyiqligi toʻgʻrisida;
nomzodning taqdim etilgan sudyalik lavozimiga noloyiqligi toʻgʻrisida;
hujjatlarni keyinchalik boʻsh lavozimlarga taqdim etish huquqi bilan qaytarish toʻgʻrisida;
sudyaga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash haqida taqdimnoma kiritish toʻgʻrisida;
sudyalik vakolatlarini toʻxtatish yoki muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinishi mumkin.
40. Majlislar yakuni boʻyicha Komissiyaning qarori xulosa tarzida rasmiylashtiriladi, majlisda qatnashgan Komissiya aʼzolari va tegishli sudyalar malaka hayʼatlari aʼzolari tomonidan imzolanadi. Ovoz berish vaqtida ozchilikni tashkil qilgan aʼzolar xulosani imzolaydilar, ularning alohida fikri majlis bayonnomasiga kiritiladi.
Xulosada majlisning nomi, tarkibi va vaqti, masalasi koʻrib chiqilayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va uni taʼriflovchi boshqa maʼlumotlar, taklifni (materiallarni) kiritgan organning nomi, shuningdek Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror koʻrsatiladi.
41. Nomzod taqdim etilgan sudyalik lavozimiga noloyiqligi toʻgʻrisida xulosa qabul qilingan taqdirda, u kiritish yoki boshqa sudyalik lavozimlariga koʻrsatish uchun bir yildan soʻng murojaat qilishi mumkin, bu haqda xulosaga tegishli yozuv kiritiladi. Bunday holatda sudyalik lavozimiga birinchi marta koʻrsatilgan nomzod chiqariladi.
42. Materiallar toʻliq boʻlmagan hollarda, nomzodning sudyalik lavozimiga loyiqligi masalasini xolisona hal etish maqsadida Komissiya ushbu masalani koʻrib chiqishni keyinga qoldirish huquqiga egadir.
43. Komissiya faoliyatiga doir maʼlumotlar sir saqlanadi va oshkor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Komissiya aʼzolari va Komissiya ijroiya apparati xodimlari, shuningdek, qoʻshma majlislarda ishtirok etgan Oliy malaka hayʼati va Xoʻjalik sudlari sudyalarining malaka hayʼati aʼzolari koʻrsatilgan maʼlumotlarni oshkor etganliklari uchun belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
44. Komissiya oʻz faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Reglament qabul qiladi.
VI. Komissiyaning ijroiya apparati
A. Kotibiyat
45. Kotibiyat Komissiya faoliyatini tashkiliy va moddiy-texnikaviy jihatdan taʼminlash maqsadida tuziladi va oʻz faoliyatida unga hisobot beradi.
46. Kotibiyat:
zaxiraga kiritish uchun nomzodlar boʻyicha materiallarni yigʻish, umumlashtirish va tahlil qilish ishlarini amalga oshiradi;
zaxiraga kiritilgan nomzodga oid maʼlumotlarni yagona maʼlumotlar bankiga kiritadi;
sudya kadrlar boʻyicha statistik, shaxsiy hisobni va arxiv ishini yuritadi;
kelib tushgan hujjatlarning toʻliqligi va toʻgʻriligini tekshiradi hamda ularni koʻrib chiqish uchun Komissiyaga topshiradi;
Komissiyani zarur axborot-tahliliy hujjatlar bilan taʼminlaydi;
Komissiya topshirigʻiga binoan, sudyalarning malaka hayʼatlari faoliyatini oʻrganadi;
Komissiyaning boshqa topshiriqlarini bajaradi.
47. Kotibiyat oʻz faoliyatini Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida olib boradi.
48. Kotibiyat Komissiyaning doimiy asosdagi aʼzosi boʻlgan rahbar va rahbar oʻrinbosari, shuningdek toʻrt nafar yetakchi inspektor, arxiv mudiridan iboratdir.
Kotibiyat rahbari va rahbar oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Kotibiyat oliy yuridik maʼlumotli va qoida tariqasida sudlarda yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ish staji uch yildan kam boʻlmagan xodimlardan shakllantiriladi.
B. Sud inspeksiyasi
49. Sud inspeksiyasi sudlarni halol va malakali kadrlar bilan taʼminlash, sudyalarni kasb burchi va sudyalar odob-axloq qoidalariga rioya qilishlarini taʼminlash maqsadida tuziladi.
Sud inspeksiyasi oʻz faoliyatida Komissiyaga hisobot beradi.
50. Sud inspeksiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
sudyalarning qasamyodga rioya etish holatini tahlil qilish;
sudyalar odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olish va ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
sudyalarning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan shikoyatlarni oʻrganish;
sudyalarni ularning kasbiy faoliyatiga aralashishdan, maqomi, shaʼni va qadr-qimmatiga tajovuzlardan himoya qilish;
sudyalik lavozimlariga nomzodlarga taalluqli materiallarni tegishli organlar bilan birgalikda oʻrganish va ular boʻyicha xulosalar berish;
sudyalar korpusi barqarorligini taʼminlashga, sudyalarni lavozimga saylash, tayinlash va ozod etish boʻyicha qonunda belgilangan tartibni amalga oshirishga koʻmaklashish;
qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan sudyalarga nisbatan tegishli choralarni qoʻllash toʻgʻrisida Komissiyaga takliflar kiritish;
Komissiyaning boshqa topshiriqlarini bajarish.
51. Sud inspeksiyasi oʻz faoliyatini Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida olib boradi.
52. Sud inspeksiyasi Komissiyaning doimiy asosdagi aʼzosi boʻlgan rahbar va rahbar oʻrinbosari, shuningdek toʻrt nafar yetakchi inspektor va ish yurituvchidan iboratdir.
Sud inspeksiyasi rahbari va rahbar oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Sud inspeksiyasi oliy yuridik maʼlumotli va qoida tariqasida sudlarda yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ish staji uch yildan kam boʻlmagan xodimlardan shakllantiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Sudyalarni birinchi vakolat muddatiga tanlash va tayinlash sxemasi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Sudyani yangi vakolat muddatiga va boshqa sudyalik lavozimlariga tayinlash sxemasi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 29-dekabrdagi F–3949-son Farmoyishiga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasining
tashkiliy tuzilmasi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 29-dekabrdagi F–3949-son Farmoyishiga
4-ILOVA
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasining
shtatlari
|
Oliy malaka komissiyasi | |
| Komissiya raisi (doimiy asosda) | 1 |
| Komissiya raisining oʻrinbosari (jamoatchilik asosida) | 1 |
| Komissiya aʼzolari (jamoatchilik asosida) | 11 |
| Komissiya aʼzolari (doimiy asosda) | 4 |
| Jami Komissiya aʼzolari | 17 |
|
Ijroiya apparati | |
| I. Komissiya raisi | 1 |
| II. Sud inspeksiyasi | 7 |
| Sud inspeksiyasi rahbari | 1 |
| Sud inspeksiyasi rahbarining oʻrinbosari | 1 |
| Etakchi inspektor | 4 |
| Ish yurituvchi | 1 |
| III. Kotibiyat | 7 |
| Kotibiyat rahbari | 1 |
| Kotibiyat rahbarining oʻrinbosari | 1 |
| Etakchi inspektor | 4 |
| Arxiv mudiri | 1 |
| IV. Buxgalteriya | 1 |
| Bosh hisobchi |
1 |
| V. Xoʻjalik boʻlimi |
5 |
| Binoga joriy xizmat koʻrsatuvchi va taʼmirlovchi ishchi |
1 |
| Hududni tozalovchi ishchi |
1 |
| Qozonxona mutaxassisi |
1 |
| Farrosh |
2 |
| Jami ijroiya apparat boʻyicha |
21 |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 2-son, 18-modda)