OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN SINGAPUR RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Singapur Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
oʻzaro manfaatdorlik asosida ular oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istagida,
investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash va oʻzaro himoyalash har ikki davlatdagi ishbilarmon faollikni ragʻbatlantirish hamda farovonlikni oshirish uchun muhim ahamiyatga ega ekanligiga ishongan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlarida:
1. “Investitsiya” atamasi har bir Ahdlashuvchi Tomonning qonunlari va meʼyoriy hujjatlariga muvofiq ruxsat etilgan istalgan turdagi aktivlarni bildiradi, ammo nafaqat ularni, xususan quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) koʻchar va koʻchmas mulklar, shuningdek ipoteka, garov yoki chegirib qolish huquqi kabi boshqa mulkiy huquqlar;
b) paylar, aksiyalar, obligatsiyalar va kompaniyalarda ishtirok etishning boshqa shakllari;
s) pul talabnomalari yoki qonunga yoxud iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan kontraktga muvofiq har qanday majburiyatlarning bajarilishi xususidagi talabnomalar;
d) intellektual mulkka boʻlgan huquqlar, shu jumladan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar, patentlar, sanoat namunalari, savdo markalari, savdo sirlari, nou-xau va gud vill;
e) qonunchilikka muvofiq, kontraktga yoki vakolatli davlat organining maʼmuriy hujjati asosidagi tabiat resurslarini tadqiq qilish, qayta ishlash, qazib olish yoki ekspluatatsiya qilish uchun konsessiyalar asosida berilgan har qanday biznes konsessiyalar.
2. “Daromadlar” atamasi investitsiyalar natijasida olingan qiymatlarni, xususan, sarmoyalarning oʻsishidan keladigan har qanday foyda, foizlar, daromadlarni, dividendlar, royalti yoki mukofotlarni bildiradi.
3. “Investor” atamasi:
a) istalgan Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonunchiligiga muvofiq oʻz fuqarolik maqomiga ega boʻlgan jismoniy shaxsni anglatadi.
b) Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonunchiligiga muvofiq qoʻshib olingan tashkil etilgan korporatsiya, firma, assotsiatsiya yoki organ hisoblangan kompaniyani bildiradi.
4. “Hudud” atamasi har bir Ahdlashuvchi Tomonning hududini, shuningdek Ahdlashuvchi Tomon xalqaro huquq meʼyorlariga muvofiq oʻz suveren huquqlari va yurisdiksiyasini amalga oshiradigan iqtisodiy zona, dengiz tubi va yer osti hududini anglatadi.
5. “Erkin konvertirlanadigan valyuta” atamasi xalqaro operatsiyalarda toʻlovlar uchun keng qoʻllanadigan, hamda asosiy xalqaro valyuta bozorlarida keng miqyosda almashtiriladigan valyutani bildiradi.
2-modda
Ushbu Bitimni qoʻllash
Ushbu Bitimni qoʻllash
1. Ushbu Bitim bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida shu Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organi tomonidan yozma ravishda maxsus tarzda maqullanib, basharti, shartlar mavjud boʻlsa, ulardan eng qulay hisoblangan shart-sharoitlarda amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan qoʻllanadi.
2. Avvalgi bandning qoidalari istalgan Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida ushbu Bitim kuchga kirgunga qadar yoki kuchga kirgandan soʻng amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan qoʻllanadi. Ushbu Bitimga muvofiq talablar bu Bitim kuchga kirgan sanaga qadar sodir boʻlgan harakat yoki faktga, mavjud boʻlmagan har qanday vaziyatga nisbatan tatbiq etilishi mumkin emas.
3-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida umumiy iqtisodiy siyosatga mos keladigan investitsiyalarni amalga oshirish uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarini ragʻbatlantiradi va qulay shart-sharoitlar yaratadi.
2. 2-moddaga asosan maqullangan investitsiyalar uchun ushbu Bitim asosida adolatli va teng rejim va himoya yaratiladi.
4-modda
Eng qulay rejim
Eng qulay rejim
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon 'investorlarining 2-moddaga muvofiq amalga oshirgan investitsiyalari yoki daromadlari uchun istalgan uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari yoki daromadlari uchun yaratilganidan kam boʻlmagan eng qulay rejim yaratadi.
5-modda
Istisnolar
Istisnolar
1. Ushbu moddaning eng qulay rejim yaratishga taalluqli qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan birini quyidagilardan kelib chiquvchi istalgan rejim, imtiyozlar yoki yengilliklarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga nisbatan tatbiq etishga majburlovchi omil sifatida talqin qilinmasligi lozim:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining bugungi kunda aʼzosi boʻlgan yoki kelgusida aʼzosi boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday bojxona uyushmasi, erkin savdo zonasi, erkin savdo toʻgʻrisidagi bitim, umumiy bozor, valyuta uyushmasi yoki shu singari xalqaro bitim; shunday uyushma, zonalar yoki bitimlarni shakllantirish yoki kengaytirishga olib keluvchi bitimlarni qabul qilish;
b) maxsus loyihalar doirasida iqtisodiy, mehnat, sanoat yoki valyuta sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni ragʻbatlantirishga qaratilgan, oʻsha geografik mintaqadagi uchinchi davlat yoki davlatlar bilan har qanday bitim;
2. Ushbu Bitimning 1-bandi 1991-yilgacha Singapur tomonidan tuzilgan har qanday investitsion bitimdagi ekspropriatsiyaga taalluqli boʻlgan istalgan qoidaga nisbatan ham qoʻllanadi.
3. Ushbu Bitim qoidalari istalgan Ahdlashuvchi Tomon hududidagi soliq solish masalalariga nisbatan qoʻllanilmaydi. Bunday masalalar har ikki Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasidagi ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi har qanday bitim va har bir Ahdlashuvchi Tomonning ichki qonunlariga muvofiq tartibga solinishi zarur.
6-modda
Ekspropriatsiya
Ekspropriatsiya
1. Hech qaysi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalariga nisbatan ekspropriatsiya, davlat mulkiga aylantirish choralarini yoki oqibat natijasi davlat mulkiga aylantirish yoki ekspropriatsiya qilish (quyida “ekspropriatsiya” deb yuritiladi)ga teng boʻlgan choralarni qoʻllamasligi lozim, ammo qonunchilikda ruxsat etilgan, huquqiy jihatdan kamsitmaslik asosida, uning qonunlariga muvofiq ravishda, kechiktirmasdan hamda samarali kompensatsiya toʻlovlari tarzida umumiy maqsadlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bundan mustasno. Bunday kompensatsiya har bir Ahdlashuvchi Tomonning qonunlariga muvofiq bevosita ekspropriatsiya vaqtigacha boʻlgan qiymatga teng boʻlishi zarur.
2. Har qanday ekspropriatsiya yoki baholash chorasi manfaatdor investorning talabiga koʻra qonunchilikda koʻzda tutilgan tarzda chora koʻrgan Ahdlashuvchi Tomonning sud yoki boshqa mustaqil organi tomonidan tez orada koʻrib chiqilishi lozim.
3. Basharti, Ahdlashuvchi Tomon hududida amalda boʻlgan qonunlarga muvofiq korporatsiyalashgan yoki tashkil etilgan hamda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari oʻz ulushlariga ega boʻlgan kompaniyaning mulki ekspropriatsiya qilingan hollarda birinchi Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning ulush egalariga yuqorida qayd etilgan kompensatsiya toʻlanishini kafolatlash uchun zarur darajada ushbu moddaning 1-bandi qoidalarini qoʻllaydi.
7-modda
Zararlar uchun kompensatsiya
Zararlar uchun kompensatsiya
Bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi urush yoki boshqa harbiy toʻqnashuvlar, favqulodda holat, isyon, tartibsizlik yoki qoʻzgʻolon kabi boshqa voqealar oqibatida investitsiyalari zarar koʻrgan investorlari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon istalgan uchinchi davlat investorlari uchun restitutsiya, kafolat, kompensatsiya yoki boshqa toʻlovlarni koʻzda tutuvchi rejimdan kam boʻlmagan qulay rejim yaratadi.
8-modda
Toʻlovlarni oʻtkazish
Toʻlovlarni oʻtkazish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining sarmoyalari va har qanday investitsiyalaridan kelgan daromadlarning huquqiy jihatdan kamsitmagan holda erkin ravishda oʻtkazilishini kafolatlaydi. Pul oʻtkazish erkin muomaladagi valyutada hamda asossiz kechiktirishlarsiz amalga oshiriladi. Bunday pul oʻtkazishlar, xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni oʻz ichiga oladi:
a) daromadlar va sarmoyalarning oʻsishi, dividendlar, royalti, foizlar va investitsiyalardan kelgan boshqa daromadlar;
b) investitsiyalarning butunlay yoki qisman tugatilishidan kelgan daromadlar;
s) zayom shartnomalariga muvofiq va investitsiyalar munosabati bilan amalga oshiriladigan toʻluvlar;
d) 1-modda (1) (d)da qayd etilgan masalalarga taalluqli litsenzion mukofotlar;
e) texnikaviy yordam, texnik xizmati koʻrsatish va maʼmuriy mukofotlarga taalluqli boʻlgan toʻlovlar;
f) shartnomaviy loyihalar bilan bogʻliq boʻlgan toʻlovlar;
g) bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi investitsiyalar munosabati bilan olgan ish haqi.
h) 6- va 7-moddalardagi masalalar bilan bogʻliq boʻlgan kompensatsiyalar.
9-modda
Almashtirish kursi
Almashtirish kursi
Ushbu Bitimning 6 — 8-moddalarida qayd etilgan pul oʻtkazish, erkin almashuvchi valyutada, hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning valyutani tartibga solib boruvchi tartibotlariga muvofiq belgilangan va pul oʻtkazilayotgan sanadagi joriy bozor almashtirish kursi boʻyicha amalga oshirilishi zarur.
10-modda
Qonunlar
Qonunlar
Hech qanday shubhalarga yoʻl qoʻymaslik uchun, ushbu Bitimga muvofiq boʻlgan barcha investitsiyalar, hududida shunday investitsiyalar amalga oshiriladigan Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonunchiligiga muvofiq ravishda tartibga solinadi.
11-modda
Taqiq va cheklovlar
Taqiq va cheklovlar
Ushbu Bitim qoidalari istalgan Ahdlashuvchi Tomonning xavfsizlik, jamoat sogʻligʻini muhofazalash yoki hayvonlar va oʻsimliklar kasalliklarining oldini olish hamda zararkunandalarni bartaraf qilishni jiddiy ravishda himoyalashga qaratilgan har qanday koʻrinishdagi taqiqlar va cheklovlarni qoʻllashdagi huquqlarini yoki boshqa har qanday xatti-harakatlarni hech qanday tarzda cheklamasligi lozim.
12-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
1. Agar Ahdlashuvchi Tomon yoki uning vakolatli organi (quyida “Birinchi Ahdlashuvchi Tomon” deb yuritiladi) shu Ahdlashuvchi Tomonning investoriga investitsiyalar yoki uning bir qismi borasida berilgan kafolat yoki sugʻurta shartnomasi asosida toʻlovlarni amalga oshirsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon Birinchi Ahdlashuvchi Tomonning subrogatsiyaga asosan oʻz investorlarining huquqlarini amalga oshirish va talabnomalarini ifodalash huquqiga ega boʻlishini tan olishi lozim.
2. Topshirilgan huquqlar yoki talabnomalar investorlarning dastlabki huquq va talabnomalaridan ortiq boʻlmasligi zarur.
3. Birinchi Ahdlashuvchi Tomonning oʻz investorlariga amalga oshirgan har qanday toʻlovlari shunday investorlarning 13-moddaga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomonga qarshi talablar qoʻyishiga taʼsir koʻrsatmasligi zarur.
13-modda
Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasidagi nizolar
Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasidagi nizolar
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon investori va boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasida uning hududida amalga oshirilgan investitsiyalar xususida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday nizo imkon qadar doʻstona tarzda muzokaralar yoʻli bilan hal etilishi lozim. Bunday nizoni muzokaralar yoʻli hal etishni istovchi Tomon boshqa tomonga oʻz maqsadini yozma ravishda maʼlum qilishi zarur.
2. Agar nizo ushbu moddaning 1-bandida qayd etilganidek, uni hal etish toʻgʻrisida yozma xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab 6 oy mobaynida hal etilmasa, basharti, tomonlar oʻzga tarzda kelishmagan boʻlsalar, nizo istalgan tomonning talabiga koʻra yarashtirish yoki koʻrib chiqish uchun Vashingtonda 1965-yil 18-martda imzolash uchun ochilgan Davlatlar va boshqa davlatlar fuqarolari oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etuvchi Konvensiyaga muvofiq (ushbu Bitim quyida “Konvensiya” deb yuritiladi) arbitraj tartibotlarini qoʻllash uchun Davlatlar va boshqa davlatlar Fuqarolari oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etuvchi xalqaro Markazga (quyida “Markaz”) topshirilishi lozim. Shu maqsadda, har bir Ahdlashuvchi Tomon Konvensiyaning 25-moddasiga muvofiq soʻzsiz ravishda har qanday nizoni Markazga koʻrib chiqish uchun topshirishga rozilik beradi.
14-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashga taalluqli boʻlgan har qanday nizo imkon qadar muzokaralar yoʻli bilan hal etilishi lozim.
2. Agar nizo bunday tarzda hal etilmasa, u istalgan Ahdlashuvchi Tomonning talabiga koʻra arbitrajga topshirilishi zarur. Arbitraj tribunali (quyida “tribunal” deb ataladi) har ikki Ahdlashuvchi Tomon tayinlaydigan bittadan arbitrdan tarkib topadi, tribunal Raisi hisoblanuvchi uchinchi arbitr esa Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan tayinlanadi.
3. Arbitraj xususida talabnoma olingandan soʻng ikki oy mobaynida har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan arbitr tayinlaydi, hamda bu ikki arbitr tayinlangandan soʻng ikki oy ichida Ahdlashuvchi Tomonlar uchinchi arbitrni tayinlashlari zarur.
4. Agar arbitraj talabnoma olingan kundan boshlab toʻrt oy mobaynida tribunal tarkib topmasa, boshqa kelishuvlar mavjud boʻlmagani holda, istalgan Ahdlashuvchi Tomon arbitr yoki arbitrlarni tayinlash uchun Xalqaro Sud Prezidentini taklif qilishi mumkin. Basharti, Prezident Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, yoki oʻzga sabablar qayd etilgan vazifani bajarishga toʻsqinlik qilsa, zaruriy tayinlovni amalga oshirish uchun vitse-Prezident taklif etiladi. Agar vitse-Prezident Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, yoki u ham qayd etilgan vazifani baʼzi bir sabablarga koʻra bajara olmasa, zaruriy tayinlovni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysisining fuqarosi boʻlmagan, Xalqaro Sudning lavozimi yuqoriroq boʻlgan keyingi aʼzosi taklif etilishi mumkin, va h.k.
5. Tribunal oʻz qarorlarini koʻpchilik ovoz bilan qabul qiladi.
6. Tribunal qarori tugal va majburiy hisoblanadi hamda Ahdlashuvchi Tomonlar uning shartlariga rioya qilishlari zarur.
7. Har bir Ahdlashuvchi Tomon arbitraj jarayonidagi oʻz tribunal aʼzosining xarajatlarini, shuningdek Tribunal Raisi uchun sarflanadigan va oʻzga chiqimlarning yarmini toʻlaydi. Ammo Tribunal xarajatlarni Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uchun koʻproq .miqdorda belgilashi ham mumkin, bunday qaror esa har ikki Ahdlashuvchi Tomon uchun ham majburiy hisoblanadi.
8. Yuqorida qayd etilgan holatlar bilan bir qatorda tribunal oʻz tartib-qoidalarini mustaqil ravishda belgilaydi.
15-modda
Boshqa majburiyatlar
Boshqa majburiyatlar
Agar istalgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi yoki bugungi kunda mavjud boʻlgan yoki keyinchalik Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida ushbu Bitimga qoʻshimcha ravishda belgilanadigan xalqaro majburiyatlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalariga ushbu Bitim taʼminlaydigan rejimdan koʻra qulayroq rejim yaratuvchi holatlar sabab boʻladigan qoidalarni oʻz ichiga olsa, bunday qoidalar oʻzining yanada qulaylik darajasi bilan ushbu Bitimdan ustun hisoblanishi lozim. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga ularning investitsiyalariga nisbatan ushbu Bitimda koʻzda tutilgan majburiyatlarga qoʻshimcha ravishda oʻz qonunlariga muvofiq vujudga keladigan majburiyatlarni, uning investorlari tomonidan rioya qilinishini taʼminlashi zarur.
16-modda
Qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar
Qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar
Ushbu Bitimga kiritiladigan qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar Ahdlashuvchi Tomonlarning yozma ravishdagi kelishuviga binoan, ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanuvchi protokol vositasida amalga oshirilishi lozim.
17-modda
Bitimning kuchga kirishi, muddati va harakatdan toʻxtatilishi
Bitimning kuchga kirishi, muddati va harakatdan toʻxtatilishi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan oʻz ichki yuridik protseduralari bajarilganligi toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilishi zarur. Ushbu Bitim soʻnggi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim oʻn besh yil davomida amalda boʻladi. Soʻngra, u istalgan Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga bu Bitimni bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorini yozma ravishda maʼlum qilgan sanadan boshlab oʻn ikki oy mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
3. Ushbu Bitimning 1 — 15-moddalari qoidalari u bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi yozma xabarnoma sanasigacha amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan ana shu sanadan boshlab oʻn yillik muddat mobaynidagi qoʻshimcha davrda oʻz kuchini saqlab qoladi.
Ushbuni tasdiqlagan holda, lozim tarzda hukumatlar tomonidan vakolatli etib tayinlanib, quyida imzo chekuvchi vakillar ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida, 2003-yil 15-iyulda, ikki nusxada, oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Matnlarni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)