O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QURILIShI VA REKONSTRUKSIYA QILINIShI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI DARAJASIDA TASDIQLANIShI LOZIM BO‘LGAN OBYEKTLARNING MANZILLI RO‘YXATLARINI TASDIQLASh BO‘YIChA HUKUMAT KOMISSIYASI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyundagi 493-sonli “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy va fuqaro obyektlarini loyihalash va qurishda tegishli tartib o‘rnatish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 27-dekabrdagi PQ-1666-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim bo‘lgan obyektlarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi bir oy muddatda o‘z idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I. Zokirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 7-fevral,
31-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 7-fevraldagi 31-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim bo‘lgan obyektlarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim bo‘lgan obyektlarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash bo‘yicha Hukumat komissiyasining (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini belgilaydi.
2. Komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
3. Komissiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
4. Komissiya kollegial organ hisoblanadi, uning shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi.
II. Komissiyaning vazifalari
5. Quyidagilar Komissiyaning vazifalari hisoblanadi:
moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, hisob-kitob (smeta) qiymati 2,0 mlrd so‘m va undan ortiq bo‘lgan obyektlar bo‘yicha qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash;
qurish (rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash)ning hisob-kitob (smeta) qiymati oshishiga yo‘l qo‘yilgan obyektlarni har choraklik asosida ko‘rib chiqish, keyinchalik ular bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rish;
respublika ahamiyatiga molik bo‘lgan ijtimoiy, ishlab chiqarish, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish sxemalari va loyihalarini kelishish;
oldin ishlab chiqilgan va tasdiqlangan loyihalar bo‘yicha shaharlar va posyolkalarda (tuman markazlarida)gi qurilishi tugallangan ma’muriy markazlar, turarjoy kichik dahalari hududida qurish uchun obyektlarni joylashtirishni kelishish.
III. Komissiyaning huquqlari
6. Komissiya o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va manfaatdor shaxslardan zarur axborotni belgilangan tartibda so‘rash;
majlislarda o‘z vakolatiga tegishli bo‘lgan masalalar bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari vakillarining, loyiha pudrat tashkilotlari, ekspert organlari rahbarlarining, buyurtmachining vakillarining, shuningdek Komissiya a’zolarining hisobotlarini eshitish;
qurish (rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash)ning oldin tasdiqlangan qiymati o‘zgargan taqdirda tegishli xulosalar mavjud bo‘lgan taqdirda obyektlarning loyiha va qiymat parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar izchil amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish huquqiga ega.
IV. Komissiya faoliyatini tashkil etish
7. Komissiyaga rahbar boshchilik qiladi, uning vakolatiga:
Komissiya majlislari kun tartibini belgilash va uni chaqirish;
Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish;
Komissiyaga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha uning a’zolari ishini muvofiqlashtirish;
Komissiyaning samarali ishlashini ta’minlash yuzasidan boshqa xatti-harakatlarni bajarish.
8. Komissiya majlislari tasdiqlangan ish rejasi va jadvalga muvofiq bir oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Komissiyaning rahbari tomonidan navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin. Komissiya tomonidan zaruriyat bo‘lganda ular faoliyati nazorat qilingan holda ishchi guruhlar tashkil etilishi mumkin.
9. Komissiya majlisini uning rahbari olib boradi. Komissiya rahbari hozir bo‘lmagan taqdirda majlisni uning o‘rinbosari olib boradi. Komissiya majlisi, agar unda Komissiya a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, huquqiy vakolatli bo‘ladi.
10. Komissiya rahbari bilan kelishgan holda xolisona sabablar bo‘yicha majlisda hozir bo‘lmagan Komissiya a’zolarini ularning ovoz berish huquqisiz qatnashadigan vakolatli vakillari almashtirishi mumkin.
11. Komissiya majlisiga davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar vakillari va boshqa manfaatdor shaxslar taklif etiladi.
12. Komissiyaning xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
13. Komissiya har chorakda Vazirlar Mahkamasiga bajarilgan ishlar to‘g‘risida axborot taqdim etadi.
V. Komissiyaning ishchi organi va kotibi
14. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
15. Komissiyaning Ishchi organi:
navbatdagi davrga Komissiyaning ish rejasi loyihasini tayyorlaydi;
Komissiyaning navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi hamda unga vazirliklar, idoralar va yuridik shaxslar birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tijorat banklari, korxonalar va Komissiya a’zolaridan zarur materiallar va ekspert xulosalarini olish huquqi beriladi;
tahliliy materiallar tayyorlanishini va kun tartibi masalalari bo‘yicha Komissiya majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;
axborot va tahliliy materiallarni Komissiyaning ko‘rib chiqishi uchun taqdim etadi;
Komissiyaning qarorlariga muvofiq boshqa materiallarni Komissiyaning ko‘rib chiqishi uchun taqdim etadi.
16. Komissiya kotibi:
Komissiyaning navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;
Komissiya majlisiga materiallarni tayyorlash bo‘yicha Ishchi organ ishini tashkil etadi;
kun tartibi masalalari bo‘yicha Komissiya majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;
majlislarni o‘tkazish muddatlari va joyini, shuningdek taklif etiladiganlar kontingentini Komissiya rahbari bilan kelishadi;
majlis o‘tkaziladigan sana, uning vaqti va joyi to‘g‘risida Komissiya a’zolarini va taklif etilganlarni xabardor qiladi;
Komissiya qarorlari bajarilishi monitoringini olib boradi va uning natijalarini Komissiya majlisining ko‘rib chiqishi uchun taqdim etadi;
Komissiya bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Komissiya a’zolariga, manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuboradi.
VI. Komissiya majlisiga materiallarni tayyorlash tartibi
17. Taqdim etilgan materiallar Ishchi organ tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ishchi organ materiallarni Komissiya majlisida ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtiradi, Komissiya majlisi kun tartibini tayyorlaydi va hujjatlar turkumini Komissiya kotibiga taqdim etadi.
18. Komissiya majlisi kun tartibining har bir masalasiga hujjatlar turkumida barcha zarur materiallar va Komissiya qarori loyihasi bo‘lishi kerak.
19. Komissiya kotibi taqdim etilgan materiallar to‘g‘risida Komissiya rahbariga axborot beradi. Komissiya rahbari kun tartibi va taqdim etilgan materiallar ma’qullangan taqdirda Komissiya majlisi o‘tkaziladigan vaqt va sanani, shuningdek Komissiya majlisiga taklif etiladigan shaxslarni belgilaydi.
20. Komissiya kotibi Ishchi organ bilan birgalikda majlis materiallari bayonnoma loyihasi bilan birgalikda Komissiya a’zolariga, zaruriyat bo‘lganda esa majlisga taklif etilgan boshqa shaxslarga tarqatilishini ta’minlaydi.
VII. Komissiya tomonidan qarorlar qabul qilinishi va ularning bajarilishini tashkil etish
21. Komissiyaning qarori Komissiyaning majlisda hozir bo‘lgan a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda Komissiya rahbarining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Komissiyaning har bir a’zosi qabul qilinadigan qarorlar bo‘yicha o‘z fikrini yozma ravishda ifodalash huquqiga ega.
22. Komissiya rahbari qarorlarni tezlikda qabul qilish maqsadida ayrim masalalar bo‘yicha so‘rov yo‘li bilan Komissiya a’zolari bilan kelishilgan Komissiyaning qarorini tasdiqlashi mumkin.
23. Komissiyaning qarorlari Komissiya majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Komissiya majlisining bayonnomasiga Komissiyaning barcha a’zolari tomonidan qayd belgisi qo‘yiladi, kotib tomonidan imzolanadi, Komissiya rahbari tomonidan tasdiqlanadi hamda bir hafta muddatda Komissiya a’zolariga va manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.
24. Komissiya bayonnomasining asl nusxasi va unga materiallar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamentida saqlanadi.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 400-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son)
25. Komissiya qarorlari bajarilishini nazorat qilish Ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
26. Ishchi organ Komissiya qarorlari bajarilishini muntazam ravishda o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zaruriyat bo‘lganda Komissiya rahbariga tegishli takliflar kiritadi.
VIII. Hukumat komissiyasi tomonidan qurilishlarning manzilli ro‘yxatlarini ko‘rib chiqish va tasdiqlash tartibi
27. Manzilli ro‘yxatlarga kiritish uchun taklif etiladigan qurish va rekonstruksiya qilishning hisoblangan qiymati 2 mlrd so‘m va undan ortiq bo‘lgan obyektlar bo‘yicha qarorlarni kiritish, ko‘rib chiqish va tayyorlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi loyihalar tashabbuskorlari bo‘lgan buyurtmachilar, xususiy investorlar (yuridik va jismoniy shaxslar)ning takliflari asosida 10 ish kuni mobaynida tarmoqlarni rivojlantirish ustuvorliklariga va mintaqalarni rivojlantirishning maqsadli dasturlariga muvofiq qurish va rekonstruksiya qilish qiymati 2 mlrd so‘mni va undan ortiqni tashkil etadigan qurilishlarning dastlabki manzilli ro‘yxatini shakllantiradi. Ular bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining tegishli qarorlari mavjud bo‘lgan obyektlar bo‘yicha materiallar Komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmaydi;
Moliya vazirligi bilan kelishgan holda, Respublika va mintaqaviy investitsiya dasturiga kiritilgan xorijiy investitsiyalar jalb etilgan holda amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha esa, — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan kelishgan holda 5 kun muddatda manzilli ro‘yxat loyihasiga kiritish uchun obyektlar uzil-kesil tanlab olinadi;
manzilli ro‘yxatning kelishilgan loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan 5 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqish uchun Ishchi organga kiritiladi.
28. Ishchi organ 7 ish kuni mobaynida materiallarni ko‘rib chiqadi hamda manzilli ro‘yxatlar loyihalarini va majlis qarorini tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi.
29. Komissiya 10 ish kuni mobaynida Ishchi organ tomonidan taqdim etilgan hujjatlar turkumini ko‘rib chiqadi, ular bo‘yicha tegishli qaror qabul qiladi. Qaror qonun hujjatlarida belgilangan tartibda navbatdagi yilga O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi manzilli qismini shakllantirish uchun (xususiy investorlar bundan mustasno) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga beriladi.
30. Ular bo‘yicha ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari mavjud bo‘lgan qurilish obyektlariga doir materiallar Komissiyaning ko‘rib chiqishi uchun qabul qilinadi
31. Komissiyaning ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan materiallar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
manzilli ro‘yxatlarga kiritish taklif etilayotgan qurish va rekonstruksiya qilish obyektlari shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarida, mufassal rejalashtirish loyihalarida va ular asosida ishlab chiqilgan qurish loyihalarida qabul qilingan yechimlarga muvofiq bo‘lishi kerak;
obyektni qurish va rekonstruksiya qilish qiymatining hisob-kitobi resurslar qiymatining birlamchi parametrlari xolisona baholanishiga va boshqa qiymat ko‘rsatkichlari asoslanishiga asoslanishi kerak;
qurish va rekonstruksiya qilish obyektlarini loyihalashtirish bosqichida transport va muhandislik kommunikatsiyalarining mavjud sxemalari, ishlab chiqarish, maishiy va ijtimoiy infratuzilma hisobga olinishi kerak.
32. Qurilish obyektlarini O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi manzilli qismiga kiritish bo‘yicha majlis qarori loyihasida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
loyiha hujjatlariga muvofiq kapital qurish va rekonstruksiya qilish obyektining nomi;
qurish turi (yangi qurilish, rekonstruksiya qilish);
moliyalashtirish manbai;
buyurtmachi, tashabbus ko‘rsatuvchi, yakka tartibda imorat soluvchining nomi;
ishga tushirilish kerak bo‘lgan kapital qurish va rekonstruksiya qilish obyektining quvvati (quvvatning o‘sishi);
kapital qurish va rekonstruksiya qilish obyektini foydalanishga topshirish muddati.
33. Obyektlar qurilishini o‘z mablag‘lari va qarz mablag‘lar hisobiga mablag‘ bilan ta’minlaydigan xususiy investorlar (yakka tartibda imorat soluvchilar) uchun Komissiya tomonidan materiallarni ko‘rib chiqish birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar va loyiha-smeta hujjatlari to‘liq hajmda hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
34. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi o‘n kun muddatda xususiy buyurtmachilar (yuridik va jismoniy shaxslar) qurilishlarining manzilli ro‘yxatini shakllantiradi, tayyorlangan materiallarni keyinchalik Komissiyaning ko‘rib chiqishi va tasdiqlashga kiritish uchun Ishchi organga beradi.
Qurilishlarning manzilli ro‘yxatlarini Hukumat komissiyasining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun kiritish sxemasi ushbu Nizomga ilovada keltirilgan.
Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim bo‘lgan obyektlarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Qurilishlarning manzilli ro‘yxatlarini Hukumat komissiyasining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi
SXEMASI
Izoh. Hisob-kitob (smeta) qiymati 2,0 mlrd so‘m va undan ortiq bo‘lgan obyektlarni, ularni moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli ro‘yxatlarini ko‘rib chiqish va tasdiqlashning umumiy muddati 37 ish kunidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 6-son, 61-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son)