Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
STATSIONAR KOMPRESSOR QURILMALARI, HAVO OʻTKAZGICh QUVURLARI VA GAZ QUVURLARINING TUZILIShI HAMDA ULARDAN XAVFSIZ FOYDALANISh QOIDALARINI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2011-yil 14-noyabr, 6-24/11-12053/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilmasini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 19-son, 191-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Statsionar kompressor qurilmalari, havo oʻtkazgich quvurlari va gaz quvurlarining tuzilishi hamda ulardan xavfsiz foydalanish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilib, normativ texnik hujjat sifatida eʼtirof etilgan kundan boshlab kuchga kiritilsin va koʻpaytirilsin.
Inspeksiya boshligʻi B. GULYAMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 3-noyabr,
239-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2011-yil 3-noyabrdagi 239-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Statsionar kompressor qurilmalari, havo oʻtkazgich quvurlari va gaz quvurlarining tuzilishi hamda ulardan xavfsiz foydalanish
qoidalari
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilmasini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 19-son, 191-modda) muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, siqilgan havo va inert gazdan foydalanayotgan xavfli obyektlardagi statsionar kompressor qurilmalari, havo oʻtkazgich quvurlari va gaz quvurlarini ishlatishda sanoat xavfsizligini taʼminlash, halokatlar, ishlab chiqarishda jarohatlanish holatlarini oldini olishga qaratilgan talablarni belgilab beradi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar siqilgan havo va inert gazlardan foydalanayotgan ishlab chiqarishlarda statsionar kompressor qurilmalari, havo oʻtkazgich quvurlari va gaz quvurlarini loyihalash, sozlash, ishlatish, taʼmirlash, qayta jihozlash, texnik qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishda qoʻllaniladi. Ishlab chiqarishlarning spetsifikasi hamda obyektlarda amaldagi maxsus talablar va cheklashlar, kompressor qurilmalar uchun ishlab chiqilayotgan loyihalash, konstruktorlik va ishlatish hujjatlarining tayyorlanishida hisobga olinadi.
2. Mazkur Qoidalar loyihalanayotgan, yangidan tayyorlanayotgan va qayta jihozlanayotgan statsionar porshenli, rotatsion va vintli moytoʻldirilgan va quruq kompressor qurilmalarga, hamda quvvati 14 kW va undan yuqori boʻlgan ishlayotgan statsionar qurilmalarga, bosimi 0,2 (2) dan 40 MRa (400 kgf/cm2) gacha boʻlgan havo va inert gazlarda ishlayotgan havo oʻtkazgich quvurlari va gaz quvurlariga tegishlidir.
3. Mazkur Qoidalar sovutqichli va kislorodli kompressor qurilmalar hamda portlash xavfi boʻlgan, zaharli, radioaktiv gazlar va atsetilen qatori gazlarida ishlayotgan kompressor qurilmalarga tegishli emasdir.
4. Mazkur Qoidalarning talablariga javob bermaydigan, ishlayotgan statsionar kompressor qurilmalari bor boʻlgan tashkilotlarda, ularni xavfsiz ishlatishga qaratilgan qoʻshimcha tadbirlar ishlab chiqiladi. Qoʻshimcha tadbirlar belgilangan tartibda kelishiladi va tasdiqlanadi.
5. Statsionar kompressor qurilmalari, havo oʻtkazgich quvurlari va gaz quvurlarini ishlatish boʻyicha qoʻllanma, ishlab chiqaruvchi zavodlarning texnik hujjatlariga, texnologik reglamentlarga, mazkur Qoidalarga va sanoat xavfsizligi boʻyicha boshqa meʼyoriy hujjatlarning talablariga muvofiq ravishda ishlab chiqiladi.
6. Yangi yoki qayta jihozlanayotgan kompressor qurilmalari, havo oʻtkazgich quvurlari va gaz quvurlarining ishlatishga qabul qilinishi belgilangan tartibda, mazkur Qoidalarning talablari va sanoat xavfsizligi boʻyicha boshqa meʼyoriy hujjatlarning talablariga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
7. Kompressor qurilmaning binosi, uning barcha inshootlari, yogʻ punkti, mashinalar, mexanizmlar, apparatura, nazorat va avtomatika asboblari hamda uskunalarning joylashuvi mazkur Qoidalarning talablari va sanoat xavfsizligi boʻyicha boshqa meʼyoriy hujjatlarning talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
II. Kompressor qurilmalariga nisbatan asosiy talablar
1-§. Umumiy talablar
8. Kompressor qurilmalari xonalarida kompressorlar bilan texnologik va konstruktiv jihatdan bogʻliq boʻlmagan apparatura va uskunalarning joylashtirilishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.
9. Agarda kompressorlar joylashtirilayotgan xonalarga qoʻshni boʻlgan xonada uskunalarning emirilishini keltirib chiqaruvchi va inson organizmiga zararli taʼsir yetkazuvchi, portlash xavfi boʻlgan va kimyoviy xavfli ishlab chiqarishlar boʻlsa, u holda bu xonalarda kompressorlarning joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Ayrim hollarda, unumdorligi 10 m3/min gacha, havo bosimi 0,8 MRa (8 kgf/cm2) gacha boʻlgan kompressor qurilmalar, halokatlar holatlarida ularning yiqilmasligini taʼminlaydigan toʻsinlarning yetarli darajada hisoblangan mustahkamligi hollarida, koʻp qavatli ishlab chiqarish binolarning pastki qavatlarida oʻrnatilishi mumkin. Bu qurilmalar ishlab chiqarish uchastkalaridan mustahkam, yonmaydigan devorlar bilan ajratiladi.
Kompressor qurilmalari maishiy, maʼmuriy binolar, yertoʻlalar, yarim yertoʻlalari binolar va shunga oʻxshash binolar ostida joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Mashina zalidagi oʻtish joylari kompressor va elektrodvigatelni montaj qilish va ularga xizmat koʻrsatish imkoniyatini taʼminlab, eni 1,5 m dan kam boʻlmasligi, uskunalar va binolar devorlari orasidagi masofa (ularning boʻrtib turgan qismlarigacha) — l m dan kam boʻlmasligi lozim.
12. Kompressor qurilmasi xonasi pollarini yonmaydigan, emirilishga chidamli, yuzasi tekis, sirpanmaydigan, moyga chidamli materialdan tayyorlash lozim.
Quvuroʻtkazgichlar GOST 14202-69 “Sanoat korxonalarining quvuroʻtkazgichlari. Belgi boʻyoqlari, ogohlantiruvchi belgilar va markirovka qilish shitlari” talablariga muvofiq boʻyalgan boʻlishi lozim.
13. Kompressor qurilmaning eshik va derazalari tashqari tomonga ochilishi lozim.
14. Kompressor qurilmasi xonasida kompressorlar, yordamchi uskunalar va elektr jihozlarni taʼmirlash uchun maydonchalar boʻlishi lozim. Kompressor qurilmasida taʼmirlash ishlarini bajarish uchun xonalarni tegishli yuk koʻtarish moslamalari va mexanizatsiya vositalari bilan jihozlash lozim.
15. Kompressor qurilmasi xonasida tozalash materiallarini yopiq holda, asboblar, qistirmalar va h.k larni hamda bir haftalik moy zaxirasini saqlash uchun maxsus joylar boʻlishini nazarda tutish lozim.
16. Kompressor qurilmasi xonasini sanoat xavfsizligi boʻyicha meʼyoriy-texnik hujjatlar talablariga muvofiq ventilatsiya bilan jihozlash lozim.
17. Kompressor xonasidagi kanallar va chuqurchalarni pol sathi bilan teng boʻlgan, olinadigan plitalar bilan yopib qoʻyish lozim. Yopilmaydigan kanal, chuqurcha va oʻtish joylarini, balandligi 1 m dan past boʻlmagan, pastki qismiga 10 cm balandlikda yoppasiga metall qoplangan panjaralar bilan toʻsib qoʻyish lozim. Maydonchalarning pollari va zinalarning pogʻonalarini riflangan poʻlatdan tayyorlash lozim.
18. Kompressor qurilmaning barcha kuvuroʻtkazgichlari sanoat xavfsizligi boʻyicha meʼyoriy-texnik hujjatlarning talablariga javob berishlari lozim.
19. Kompressor qurilmaning mashina zalini tezkor aloqa vositalari, shu jumladan, dispetcherlik aloqa vositalari bilan jihozlash lozim.
Mashina zalida birinchi yordam aptechkasi va ichimlik suvi boʻlishini koʻzda tutish lozim.
2-§. Kompressorlarni oʻrnatish
20. Kompressorning ish harakatidan kelib chiqadigan vibratsiya taʼsirini kamaytirish uchun quyidagi shartlarga rioya qilish lozim:
a) qoʻshni fundamentlar orasidagi maydonchalar, fundamentga erkin tarzda tayanadigan, qoʻyiladigan boʻlishi lozim;
b) mashinaga biriktiriladigan quvuroʻtkazgichlar binolarning konstruksiyasiga qattiq mahkamlangan boʻlmasligi lozim, zarur holatda, bunday mahkamlanishlarning qoʻllanishi kerak boʻlganida, tegishli kompensirlovchi moslamalardan foydalanishni koʻzda tutish lozim;
v) kompressorning silindrlarini uskunalar bilan birlashtiradigan quvuroʻtkazgichlar (bufer sigʻimlar, oraliq sovutqichlar) deformatsiyalarning kompensatsiyasini taʼminlashi lozim.
21. Havo tortish patrubkalaridagi siqilishdan keyingi har bir bosqichda, havo harorati ishlab chiqaruvchi zavodning yoʻriqnomalarida koʻrsatilgan maksimal miqdorlardan oshmasligi lozim, texnologik vazifadagi kompressorlar uchun u texnologik reglamentlarda koʻrsatilgan miqdorga muvofiq boʻlishi lozim.
22. Unumdorligi 10 m3/min dan koʻp boʻlgan havo kompressorlarini soʻnggi sovutqichlari va nam yogʻ ajratkichlar bilan jihozlash lozim.
23. Kompressorlar, elektrodvigatellar va boshqa mexanizmlarning harakatlanayotgan va aylanayotgan barcha qismlarining oldini toʻsib qoʻyish lozim.
24. Kompressorni ishga tushirishda elektrodvigatelni boʻsh holatga keltirish uchun, havo yigʻgich yoki gaz yigʻgichgacha boʻlgan havo tortish liniyalarda (teskari klapanlargacha) havo yoki gazni chiqarib yuborish uchun yopiq armaturali individual shoxlarni oʻrnatish yoki boshqa ishonchli harakatlanadigan moslamalarni moʻljallash lozim.
25. Kompressorlar, sovutqichlar va nam yogʻ ajratkichlarning korpuslarini yerlashtirish lozim.
3-§. Nazorat-oʻlchov asboblari va apparaturalar
26. Barcha kompressor qurilmalarini quyidagi nazorat-oʻlchov asboblari bilan taʼminlash lozim:
a) har bir siqilish bosqichidan keyin va kompressordan keyingi havo tortish liniyasida oʻrnatilayotgan manometrlar bilan hamda havo yigʻgich va gaz yigʻgichlarda oxirgi bosim bosqichidagi 30 MRa (300 kgf/cm2) siqilishda va undan ham yuqori koʻrsatkich miqdorida ikkita manometr oʻrnatilishi lozim;
b) kompressorning har bir pogʻonasida yoki oraliq va soʻnggi sovutqichlaridan keyin hamda suvni toʻkish joyida oʻrnatiladigan hamda siqilgan havo yoki gazning haroratini koʻrsatuvchi termometr yoki boshqa datchiklar bilan. Haroratni oʻlchash statsionar koʻrsatuvchi bimetallik yoki manometrik, yoki elektr termometrlari bilan amalga oshirilishi lozim. Haroratni doimiy (muntazam) oʻlchash uchun koʻchma simobli termometrlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi;
v) harakat mexanizmini moylash uchun keladigan moyning bosimi va haroratini oʻlchash asboblari bilan.
Bosimlar va haroratlarning belgilangan meʼyorlardan chetga chiqish holatida signalizatsiya bilan taʼminlangan distansion nazorat qilish asboblaridan foydalanish hamda qayd qiluvchi asboblarni qoʻllash tavsiya etiladi.
27. Barcha oʻrnatilgan nazorat-oʻlchov asboblari “Oʻzstandart” agentligining talablariga muvofiq davlat sinovlaridan oʻtib turishi lozim.
28. Havo yigʻgich yoki gaz yigʻgichlarda diametri 150 mm dan kam boʻlmagan, aniqlik klassi 2,5 dan past boʻlmagan manometrlardan foydalanish lozim.
29. Shunday shkalali manometrlardan foydalanish lozimki, qaysiki ish bosimda ularning stryelkasi shkalaning uch boʻlagining oʻrtasida joylashgan boʻlsin. Manometrning tsiferblatida ish bosimiga toʻgʻri keladigan qizil chiziq oʻtkazilishi lozim.
30. Manometrlarni uch yoʻnalishli kran bilan taʼminlash lozim. Bosimning 2,5 MRa (25 kgf/cm2) dan yuqori boʻlgan holatida uch yoʻnalishli kran oʻrniga, ikkinchi manometrni ulash uchun yopiq moslamali alohida shtutserni oʻrnatishga ruxsat etiladi.
31. Manometrlardan quyidagi holatlarda foydalanishga ruxsat etilmaydi:
a) tekshiruvchi soʻnggi marta tekshirishda oʻrnatgan va/yoki qoʻygan plomba yoki tamgʻasi shikastlangan yoki yoʻqligida;
b) manometrni tekshirish muddati oʻtib ketgan boʻlsa;
v) manometrni oʻchirganda uning stryelkasi, shkalaning ushbu manometr uchun mumkin boʻlgan xatoning yarmidan koʻp boʻlgan nol koʻrsatkichiga qaytib kelmaganida;
g) manometr koʻrsatkichlarining toʻgʻriligiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan oynasining sinishi yoki boshqa shikastlanishlar mavjud boʻlsa.
32. Haroratni oʻlchashning har bir nuqtasi alohida termometrga ega boʻlishi lozim. Oʻlchashlar nuqtasi loyiha tomonidan belgilanadi.
33. Har bir kompressorga sovutuvchi suv uzatilishi toʻxtaganda, siqilayotgan havo yoki gazning harorati yoʻl qoʻyiladigan darajadan oshib ketganida, tovushli va yorugʻli signalizatsiyasi ishga tushishini taʼminlovchi avariyaviy himoya tizimi hamda harakatlanish mexanizmini moylovchi moy bosimi yoʻl qoʻyiladigandan pasayib ketganida, avtomatik ravishda kompressorni toʻxtatuvchi himoya tizimi bilan jihozlash lozim.
34. Himoyalash klapanlarini sovutilgan havo yoki gaz uchastkasida, kompressorning har bir siqilish bosqichidan keyin oʻrnatish lozim. Agarda har bir kompressor uchun birgina havoyigʻgich moʻljallangan boʻlsa va havotortish quvuroʻtkazgichida yopish armaturasi yoʻq boʻlsa, himoyalash klapani kompressordan keyin faqatgina havo yoki gazyigʻgichda oʻrnatilishi mumkin.
35. Himoyalash klapanlarining oʻlchami va oʻtkazish imkoniyati shunday tarzda tanlanadiki, bunda ish bosimi 0,3 MRa (3 kgf/cm2) gacha va shuncha boʻlganda, undan 0,05 MRa (0,5 kgf/cm2) dan yuqori boʻlmagan, ish bosimi 0,3 (3) dan 6 MRa (60 kgf/cm2) gacha boʻlganda 15 foizdan koʻp boʻlmagan va ish bosimi 6 MRa (60 kgf/cm2) dan yuqori boʻlganda 10 foizdan koʻp boʻlmagan bosim vujudga kelmasin.
36. Prujinali himoyalash klapanlarining taranglovchi gaykalari plombalanadi, richagli himoyalash klapanlarining yuklari esa mahkamlanadi, metall kojuxlar bilan yopiladi va plombalanadi.
37. Havo tortuvchi quvuroʻtkazgichda havo yoki gazyigʻgichga teskari klapanni oʻrnatish lozim.
Muntazam xizmat koʻrsatishni talab qiladigan uskunaning 1,8 m balandlikdan yuqoriroq joylashuvida, unga xizmat koʻrsatishning qulayligi va xavfsizligi uchun moslamani moʻljallash lozim.
4-§. Kompressorlarni moylash
38. Kompressorni moylash va qoʻllanadigan moylar ishlab chiqaruvchi zavodning yoʻriqnomalariga yoki ixtisoslashgan tashkilotning tavsiyalariga mos boʻlishi lozim.
39. Kompressor moyining har bir partiyasi moyning fizik-kimyoviy xususiyatlarini koʻrsatuvchi pasportga ega boʻlishi lozim. Qoʻllashdan oldin, har bir partiyadan olingan moy laboratoriya tahlilidan oʻtadi.
40. Moyni mashina zaliga tashib keltirish, har bir moy turi uchun alohida moʻljallangan maxsus idishlar (qopqoqli chelaklar va bidonlar, va hokazolar)da amalga oshiriladi.
41. Kompressor moyini tashish va saqlashga moʻljallangan idishlardan boshqa maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Idishlarni ozoda tutish va muntazam ravishda qoldiqlardan tozalash lozim.
42. Loyiha bilan belgilangan zarur hollarda kompressor qurilmalar moyni markazlashgan tarzda yuborish moslamalari hamda moyni avariyali toʻkish moslamalari bilan jihozlaydilar.
43. Ishlatilgan moyning qayta foydalanishiga faqatgina uning regeneratsiyasi va laboratoriya tahlili ijobiy natijalaridagi fizik-kimyoviy xususiyatlarining moyning texnik hujjatlariga mosligi hollarida ruxsat etilishi mumkin.
Ishlatilgan moyni kompressor qurilmasi xonasidan tashqarida joylashgan sigʻimga toʻkish lozim.
44. Moyning moylash moslamalariga solinishini filtrli voronkalar orqali bajarish lozim.
45. Moy filtrlarini majburiy moylash tizimida va moy nasosining qabul qilish setkasini jadvalda belgilangan muddatlarda, lekin ikki oyda bir martadan kam boʻlmagan muddatda tozalash lozim.
46. Moy nasosi va lubrikatorni bir yarim oyda bir martadan kam boʻlmagan muddatda tozalash lozim.
5-§. Kompressor qurilmalarini sovutish
47. Kompressor qurilmalarini havo yoki suvni sovutishning ishonchli tizimi bilan jihozlash lozim. Sovutish tizimining ish rejimi ishlatish hujjatlarining talablariga mos boʻlishi lozim.
48. Kompressor qurilmalarining suvni sovutish tizimida oʻsimlik va mexanik qorishmalarining 40 mg/1 dan yuqori miqdorining boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Suvning umumiy qattiqligi 7 mg/1 dan koʻp boʻlmasligi lozim. Agarda zaruriy sifatdagi suv boʻlmasa, kompressor qurilmalari sovutish tizimini suv tozalagichlar bilan jihozlash lozim.
49. Sovutish tizimi ustidan nazorat qilish uchun kompressor va sovutqichdan qizigan suvni olib ketuvchi quvuroʻtkazgichlarda, koʻzga koʻrinadigan joylarda quyidagilarni oʻrnatish lozim:
a) yopiq sovutish tizimi holatida — shishali kuzatuv lyuklari yoki voronkali nazorat joʻmraklari boʻlgan protok relesini;
b) sovutishning ochiq sirkulatsion tizimida — toʻkish voronkalarini.
50. Suvni sovutish tizimi va kompressorning rubashkalaridan toʻkish uchun tegishli toʻkish moslamalarini moʻljallash lozim.
51. Kompressor qurilma xonasidagi quvuroʻtkazgichlar sovutish tizimining taqsimlanishi, asosan, kanallar (tunnellar)da bajariladi. Kanal (tunnel)larning oʻlchamlari, taʼmirlash ishlarining bajarilishi va ularda joylashgan armatura va sovutish tizimining quvuroʻtkazgichlariga xizmat koʻrsatish uchun qulay boʻlishi lozim. Kanal (tunnel)larda drenaj boʻlishi lozim.
6-§. Havoni tortib (soʻrib) olish va tozalash
52. Havoni, havo kompressori orqali tortib (soʻrib) olishni kompressor stansiyasi xonasi tashqarisida yer sathidan 3m dan past boʻlmagan balandlikda amalga oshirish lozim.
Unumdorligi 10 m3/min gacha boʻlgan, mashinasida havo tozalash filtrlari oʻrnatilgan havo kompressorlari uchun havoni kompressor stansiyasi xonasidan soʻrib olishga ruxsat beriladi.
53. Soʻrilayotgan havoni changdan tozalash uchun kompressorning soʻrib oluvchi havooʻtkazgichi unga atmosfera qoldiqlarining tushishidan himoyalangan filtr bilan jihozlanadi.
Filtr moslamasining konstruksiyasi, uning yoniga oʻtish, tozalash va qismlarga ajratish uchun xavfsiz va qulay boʻlishini taʼminlashi lozim.
Kompressorga havoning soʻrilish jarayonida filtrlash moslamasi deformatsiyalanmasligi va vibratsiyalanmasligi lozim.
54. Filtrlash moslamalari individual yoki bir necha kompressorlar uchun umumiy boʻlishlari mumkin. Keyingi holatda har bir kompressor uchun (taʼmirlash hollarida) uning umumiy soʻrish quvuroʻtkazgichdan ajratib olish imkoniyatini nazarda tutish lozim.
55. Soʻrilayotgan havoning katta miqdordagi changlanishi mumkinligi hollarida, kompressor qurilmalarini, loyihalash hujjatlariga muvofiq, filtrlar va boshqa maxsus uskunalar bilan jihozlash lozim.
7-§. Nam-moy chiqaruvchilar va havo yigʻuvchilar
56. Soʻnggi sovutqichlar bilan taʼminlangan kompressorlarda, sovutqich va havoyigʻgich quvuroʻtkazgichlari orasida nam yogʻ ajratkichlar boʻlishini nazarda tutish lozim. Bir apparatda soʻnggi sovutkichning va nam yogʻ ajratkichning boʻlishi ham mumkin.
57. Chuqur quritilgan havoga ega boʻlish zarurati hollarida, oxirgi sovutqichlardan tashqari, kompressorlar maxsus quritish qurilmalari bilan jihozlanadi. Sovutish qurilmalari yordamida namni muzlatib chiqarish uslubida ishlaydigan quritish qurilmalarini kompressor qurilmasidan ajratilgan xonalarda joylashtirish lozim.
Zaharsiz va portlash xavfi yoʻq boʻlgan xladagentlardan foydalangan holda, namni qattiq sorbentlar orqali soʻrib olish uslubida ishlaydigan quritish qurilmalari kompressor qurilmasining mashina zalida joylashishi mumkin.
58. Kompressor qurilmasidagi siqilgan havo yoki gaz bosimlari pulsatsiyasini tekislash uchun havoyigʻgich yoki gazyigʻgichlar (bufer sigʻimlar)ni nazarda tutish lozim.
59. Havoyigʻgich yoki gazyigʻgichni kompressor qurilmasi binosidan tashqaridagi fundamentda oʻrnatish va oldini toʻsib qoʻyish lozim.
Havoyigʻgichlar orasidagi masofa 1,5 m dan kam boʻlmasligi, havoyigʻgich va bino devori orasidagi masofa esa 1,0 m dan kam boʻlmasligi lozim.
Havoyigʻgichning toʻsigʻi transportda yoki piyoda oʻtish joyidan 2 m dan kam boʻlmagan masofada joylashishi lozim.
60. Asoslangan holatlarda bir havoyigʻgichga, havo tortish liniyasida teskari klapanlarni va yopiq armaturani oʻrnatish bilan bir necha kompresslarning ulanishiga yoʻl qoʻyiladi. Havo tortish liniyalaridagi yopish armaturasi oldida himoyalash klapanlarini oʻrnatish lozim.
61. Havoyigʻgichlarni muntazam koʻrikdan oʻtkazish va taʼmirlash uchun ularning har birini tarmoqdan ajratib olish imkoniyatini nazarda tutish lozim.
62. Nam yogʻ ajratkichlar va havoyigʻgichlarni bosim ostida puflab tozalashda, ulardan chiqadigan moy va suv, ishlab chiqarish xonalari, bino devorlari va atrof hududni ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, maxsus jihozlangan moslamalar (yigʻgichlar)ga oʻtkaziladi.
III. Kompressor qurilmalariga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash
1-§. Xizmat koʻrsatish
63. Ishlatishning konkret sharoitlarini hisobga olgan holda, uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash ishlarini tashkil qilish va oʻtkazish tartibi loyihalash va ishlatish hujjatlari tomonidan belgilanadi.
64. Ishlayotgan kompressorlarni (toʻliq avtomatlashtirilganlaridan tashqari), ularga xizmat koʻrsatishga ruxsat berilgan shaxslar nazoratisiz qoldirish mumkin emas.
65. Kompressor qurilmasi xonasiga begona kishilarning kirishi mumkin emas: tashqarida, kirish eshigi oldida qurilmaga xizmat koʻrsatuvchi personalni chaqirish uchun signalizatsiya oʻrnatiladi, hamda ogohlantiruvchi belgilar va plakatlar osib qoʻyiladi.
66. Kompressor qurilmasi mashina zali xonasida tez alangalanuvchan suyuqliklarning saqlanishi mumkin emas.
67. Har bir kompressorni ishlatish oldidan, qurilma qoʻrib chiqilishi va uning sozligiga ishonch hosil qilish, moylash va sovutish tizimlari tekshirilishi va yoʻriqnomaga muvofiqligini aniqlab, ishga tushiriladi.
68. Har smenada kompressor silindri va salniklarini moylashga sarflanadigan moy miqdorini nazorat qilish lozim. Moylashning har bir nuqtasiga ketadigan moy miqdori zavod yoʻriqnomasida koʻrsatilganidan oshmasligi lozim.
69. Kompressor qurilmalarida moylash yogʻi sarflanishining har smenadagi yozuv hisobini olib borish lozim.
70. Umumsanoat vazifasidagi kompressor qurilmaning, 1,2 MRa (12 kgf/cm2) gacha bosimda ishlayotgan himoyalash klapanlarini, ularni bosim ostida majburiy ochilishi yoʻli bilan har sutkada tekshirib borish lozim. 1,2 MRa (12 kgf/cm2) dan yuqori boʻlgan bosimda ishlayotgan himoyalash klapanlarini tekshirish muddatlari texnologik reglament va ishlatish hujjatlari tomonidan belgilanadi. Yopilishidan keyin klapanlar oʻz germetikligini saqlashi lozim.
71. Avtomatik puflab tozalashning yoʻqligida, agarda zavod yoʻriqnomasida puflab tozalashning yanada qisqaroq davri koʻrsatilgan boʻlmasa, namyogʻajratkichlarni (oraliq va soʻnggisini) qoʻlda puflab tozalashni smenada ikki marta oʻtkazish lozim.
Soʻnggi sovutkich va namyogʻajratkichning borligida, kompressor qurilmasiga kiruvchi havoyigʻgich yoki gazyigʻgichlarni smenada bir martadan kam boʻlmagan muddatda va ularning yoʻqligida smenada ikki martadan kam boʻlmagan muddatda puflab tozalash lozim.
72. Kompressor quyidagi holatlarda darhol toʻxtatilishi lozim:
a) ishlab chiqaruvchi zavodning yoʻriqnomasida maxsus nazarda tutilgan hollarda;
b) agarda manometrlar kompressorning har qanday pogʻonasida hamda havo tortish liniyasida mumkin boʻlganidan yuqori bosimni koʻrsatayotgan boʻlsa;
v) agarda harakat mexanizmini moylash tizimi manometri pastki chegaradan quyiroq bosimni koʻrsatayotgan boʻlsa;
g) sovutadigan suvning kelishi toʻsatdan toʻxtab qolishida yoki sovutish tizimining boshqa halokatli nosozligida;
d) agarda kompressor yoki dvigatelda taqillagan ovoz, zarblar eshitilsa yoki ularning halokatga olib kelishi mumkin boʻlgan nosozliklari aniqlangan boʻlsa;
e) agarda siqilgan havoning harorati ishlab chiqaruvchi zavodning pasportida koʻrsatilgan mumkin boʻlgan chegara miqdori meʼyoridan yuqori boʻlsa;
j) yongʻinda;
z) kompressordan yoki elektrodvigateldan tutun yoki dudning hidi paydo boʻlsa;
i) kompressor, elektrodvigatel va uning boshqa uzellari vibratsiyasining sezilarli darajada oshishida.
73. Kompressor qurilmasi ishlayotgan vaqtda quyidagilarni nazorat qilish lozim.
a) har bir siqilish pogʻonasidan keyin siqilgan gazning bosimi va haroratini;
b) sovutqichlardan keyin siqilgan gazning haroratini;
v) kompressor va sovutqichlarga sovutadigan suvning uzluksiz kelishini;
g) sovutish tizimiga kelayotgan va undan chiqib ketayotgan sovutadigan suvning nuqtalardagi haroratini;
d) moylash tizimidagi moyning bosimi va haroratini;
e) stator tokining miqdorini, sinxron elektrli uzatmada esa — elektrodvigatel rotori tokini;
j) lubrikatorlar harakatining toʻgʻriligini va ulardagi moy sathini. Yoʻriqnoma tomonidan belgilangan vaqt oraligʻidagi asboblarning koʻrsatkichlarini, lekin, ular har ikki soatdan kam boʻlmagan vaqtdan kompressor ishlashini qayd qilish jurnalida belgilab borilishi lozim.
Jurnalda kompressorning ishga tushish va toʻxtash vaqtini, toʻxtash sababini, aniqlangan nosozliklarni, himoyalash klapanlari va manometrlarning muntazam tekshirib borilishi natijalarini, kondensat va moyning namyogʻajratkichlardan, havoyigʻgichlardan va boshqa sigʻimlardan toʻkilishining oʻtkazilishini, xamda moy va havo filtrlarining rejadan tashqari tozalanishlarini yozib borish lozim.
74. Havo tozalash filtrlarini kompressor qurilmasini ishlatish boʻyicha yoʻriqnomada nazarda tutilgan muddatlarda tekshirib borish lozim.
75. Kompressor qurilmasi uskunalarining muntazam ravishda tashqi koʻrikdan oʻtkazib turish, uning tashqi yuzalari chang va ifloslikdan tozalanishi lozim. Moy va suvning oqib ketishi, ayniqsa, moyning fundamentga tushishiga yoʻl qoʻymaslik lozim. Oqib ketishlarning sabablari aniqlangach, ular zudlik bilan bartaraf qilinishi lozim.
Artish materiallari sifatida faqat ip matoli yoki kanop matoli lattalardan foydalanish mumkin.
76. Bosim ostida turgan uskunalar va quvuroʻtkazgichlarni taʼmirlash va tozalash mumkin emas.
2-§. Rejali-ogohlantiruvchi taʼmirlash
77. Kompressor qurilmasini taʼmirlashning barcha turlari rejali-ogohlantiruvchi taʼmirlash jadvaliga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
78. Havo vissin filtrlarini 1000 h ishlagandan keyin, lekin ikki oyda bir martadan kam boʻlmagan muddatda, toʻplanib qolgan changdan sinchiklab tozalash va quritilgandan keyin vissin yoki shunga oʻxshash yogʻlar bilan moylash lozim. Filtrni yuvishni dizel yoqilgʻisi yoki issiq ishqorning kuchsiz eritmasida, keyin uni yana suvda puxta yuvib olish bilan oʻtkazish lozim.
Quruq havo filtrlarini ishlab chiqaruvchi zavodning yoʻriqnomasiga muvofiq tozalash lozim.
Vissin filtri yacheykalarini tozalash va moylashni oʻtkazishni navbat bilan, va shu vaqt oraligʻida oʻtkazish tavsiya etiladi-ki, bunda har bir yacheykani tozalashga ketgan toʻlik davr 1000 h dan oshmasin.
79. Havo kompressorining kuyindi yoʻqligiga tekshirilishi 1000 h ishlaganidan keyin, undan kam boʻlmagan muddatda tekshiriladi. Juda koʻp kuyindi hosil boʻlishi holatida, sababini aniqlab, uni bartaraf etish, barcha klapan korobkalarini esa kuyindidan sinchiklab tozalash lozim.
80. Havoyigʻgichlar, namyogʻajratkichlar, oraliq va oxirdagi sovutqichlar va barcha pogʻonadagi havo tortish quvuroʻtkazgichlarni yoʻriqnoma boʻyicha yogʻ qoldiqlaridan kompressorning 5000 h ishlaganidan keyin, bir martadan kam boʻlmagan holatda va metall emirilishini keltirib chiqarmaydigan uslubda tozalanishi lozim.
Havooʻtkazgichlar va apparatlarni tozalashni sulfanolning 3 foizli eritmasida oʻtkazish tavsiya etiladi. Tozalashdan keyin 30 min (undan kam emas) siqilgan havo vositasida puflanadi.
Siqish sohalari moylanmaydigan kompressor stansiyalari, yoki siqilgan havoni tomchi turidagi moydan maxsus tozalash nazarda tutilgan qurilmalarda hamda havoyigʻgich va havooʻtkazgichlarda havo harorati 50° S dan oshmasa, havoyigʻgich va havooʻtkazgichlarni koʻrikdan oʻtkazish va tozalash yilda bir martadan kam boʻlmagan muddatda oʻtkaziladi.
Havoyigʻgichlar, namyogʻajratkichlar va boshqa uskunalarni tozalash uchun yonuvchan va tez alangalanuvchan suyuqliklardan foydalanish mumkin emas.
81. Namyogʻajratkichlar, havogazyigʻgichlar yoki boshqa apparatlarni ichki koʻzdan kechirish, tozalash yoki taʼmirlashda, ularni tegishli tarmoqdan dumli tiqinlar vositasida ajratib olib, u yerda qolgan gaz yoki havodan toʻliq boʻshatib, 10 min (undan kam boʻlmagan) vaqt davomida toza havo vositasida puflash lozim.
Ishlayotgan xodimning apparatning ichida boʻlganida, uning barcha lyuklarini ochish va apparatni uzluksiz shamollatib turish lozim.
Apparat ichida ishlash uchun xodimni maxsus kiyim (kombinezon) va himoyalangan koʻzoynak bilan taʼminlash lozim. Apparatni ichki koʻzdan kechirish, tozalash yoki taʼmirlash ishlari ikkidan kam boʻlmagan xodim tomonidan oʻtkazilishi lozim, bunda biri tashqarida turib, albatta, ichkarida ishlayotganning holatini kuzatib turishi lozim.
82. Kompressor stansiyasi xonasida ochiq olovdan foydalanish mumkin emas. Kompressor stansiyasi xonasida ochiq olov va elektrpayvandlashni qoʻllab oʻtkaziladigan sozlash va taʼmirlash ishlari, bu ishlarni oʻtkazish boʻyicha meʼyoriy-texnik hujjatlarning talablariga muvofiq olib boriladi.
3-§. Texnik hujjatlar
83. Har bir kompressor qurilma yoki bir turdagi kompressor qurilmalar guruhi quyidagi texnik hujjatlar bilan taʼminlanadi:
a) kompressor qurilmaga boʻlgan pasport (formulyar) bilan;
b) quvuroʻtkazgichlar (siqilgan havo yoki gaz, suv, moy) sxemalari bilan, zulfinlar, ventillar, namyogʻajratkichlar, oraliq va soʻnggi sovutqichlar, havoyigʻgichlar, nazorat-oʻlchov asboblari hamda elektrokabellar, avtomatika sxemalari va h.k. koʻrsatilgan holda. Sxemalar koʻzga tashlanadigan joyga osib qoʻyiladi;
v) kompressor qurilmaga xavfsiz xizmat koʻrsatish boʻyicha yoʻriqnoma (qoʻllanma) bilan;
g) kompressor qurilma taʼmirlanishi hisobi jurnali (formulyari) bilan, bunga payvandlangan choklarni tekshirish natijalari ham kiritib borilishi lozim;
d) kompressor moyining pasportlari va uning laboratoriya tahlilining natijalari bilan;
e) bosim ostida ishlayotgan barcha idishlarning pasportlari bilan;
j) kompressor qurilmasini taʼmirlash jadvali bilan;
z) xizmat koʻrsatuvchi xodimning bilimlarini tekshirish jurnali bilan.
IV. Havo oʻtkazgich quvurlari va gaz quvurlari. Umumiy talablar
84. Quvuroʻtkazgichlar birikmalari uchun prokladka materiali sifatida namlik, moy hamda quvuroʻtkazgichdagi gazning haroratidan kamida 50° S ga yuqori boʻlgan haroratning taʼsiriga chidamli boʻlgan materiallardan qoʻllash lozim.
85. Tashqi havo tortish havogazoʻtkazgich quvurlarning tuzilishida ularning ichki sathi muzlashi imkoniyatining oldini olish lozim.
86. Quvuroʻtkazgichning deformatsiyasi va uning birikmalari zichligining buzilishini oldini oluvchi erkin haroratli kengayish imkoniyatini hamda u bilan biriktirilgan uskunalarga qaratilgan qoʻshimcha zoʻriqishning paydo boʻlishini nazarda tutish lozim.
87. Issiqlik tarqatuvchi apparatlar yonidan oʻtkazilgan kuvuroʻtkazgichlarni issiqlik izolatsiyasi bilan qoplash lozim.
88. Quvuroʻtkazgichlarni elektr kabel, elektr oʻtkazgichlar va boshqa elektr uskunalardan 0,5 m dan kam boʻlmagan masofada oʻtkazish lozim.
89. Havo oʻtkazgichlar quvurlar va gaz quvurlarni chiziqli suvajratkichlar tomon 0,005 ogʻish bilan yotqizish lozim. Kondensat yoki moy yigʻilib qolish ehtimoli boʻlgan zona va uchastkalarning vujudga kelishining oldini olish chorasini koʻrish lozim.
90. Quvuroʻtkazgichlarning suv va moy toʻplanish imkoniyati boʻlgan ayrim uchastkalarida, xizmat koʻrsatilishi qulay boʻlgan avtomatik yoki qoʻlbola ravishda havo puflab tozalashga moʻljallangan chiziqli suvajratkichlarni oʻrnatish lozim.
Havo oʻtkazgich quvurlarda toʻplanib qoladigan moy va suvni ketkizish uchun xizmat qiladigan hamma moslamalar muntazam ravishda tekshirib borilishi lozim.
91. Havo oʻtkazgich quvurlarda, moy choʻkindilarining toʻplanishiga va oʻz-oʻzidan yonib ketish ehtimolini keltirib chiqaradigan otvod va shtutserlarning boʻlishi mumkin emas.
92. Quvuroʻtkazgichlarda oʻrnatilayotgan armaturaning yoniga, qulay va xavfsiz xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun oʻtish oson boʻlishi lozim.
93. Yuzasining harorati +45° S dan yuqori boʻlgan hamda ish joylari va asosiy oʻtish joylarida joylashtirilayotgan apparat va quvuroʻtkazgichlar issiqlik izolatsiyasiga ega boʻlishlari lozim. Kompressor silindrlari devorlari izolatsiya qilinmaydi.
94. Ventil, zulfin, klapanlar toʻliq sozlangan boʻlib, havo yoki gazning kelishini tez va ishonchli toʻxtatish imkoniyatini taʼminlashi lozim.
Armaturani raqamlash va unga aniq koʻrinadigan hamda maxoviklar aylanish yoʻnalishini koʻrsatadigan stryelkalarni, shuningdek “ochiq” va “yopiq”ni belgilaydigan stryelkalarni tushirish lozim.
95. Uskunalarni texnik rasmiylashtirish va texnik diagnostika qilishni meʼyoriy-texnik hujjatlarga muvofiq oʻtkazish lozim.
96. Quvuroʻtkazgichlarning gidravlik sinovida sinash bosimini 5 min davomida tutib turilishi lozim, undan keyin bosim ish bosimgacha pasaytiriladi. Ish bosimda quvuroʻtkazgich koʻzdan kechiriladi va payvandlangan choklar tekshiriladi.
Agarda sinov vaqtida manometr boʻyicha bosimning pasayishi sodir boʻlmasa, hamda payvandlangan choklar, quvurlar, korpuslar, armatura va h.k.da yoriqlar, tomchilash va terlash belgilari aniqlanmagan boʻlsa — sinash natijalari qoniqarli hisoblanadi.
Oʻtilmaydigan kanallarda yotqizilgan va bosimi 10 MRa (100 kgf/cm2) dan yuqori boʻlgan quvuroʻtkazgichlar sinovdan meʼyoriy-texnik hujjatlar talablariga muvofiq oʻtkaziladi.
Tashqi havoning salbiy haroratida gidravlik sinovlar issiq suvda, sinovdan soʻng uni zudlik bilan toʻkib tashlash sharti bilan oʻtkaziladi.
97. Quvuroʻtkazgichni taʼmirlash vaqtida uning taʼmirlanayotgan qismi ikki tomondan tarmoqdan ajratilishi va toʻplanib qolgan moy choʻkindilaridan tozalanishi lozim.
Taʼmirlash va tozalashdan keyin quvuroʻtkazgichda qandaydir boshqa yot buyumlar qolmaganligiga ishonch hosil qilish lozim.
V. Yakuniy qoidalar
98. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Oʻztransgaz” Aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash agentligi va “Oʻzdavenergonazorat” DI bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
2011-yil 27-oktabr
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NORBOYEVA
2011-yil 27-oktabr
“Oʻztransgaz” AK bosh direktori T. JOʻRAYEV
2011-yil 27-oktabr
“Oʻzstandart” agentligi bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2011-yil 27-oktabr
“Oʻzdavenergonazorat” DI boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2011-yil 27-oktabr