OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
QOʻRIQLASH-YONGʻIN SIGNALIZATSIYASI VOSITALARINI MONTAJ QILISH, TAʼMIRLASH VA ULARDAN TEXNIK FOYDALANISH ISHLARIDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 31-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2212]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini montaj qilish, taʼmirlash va ulardan texnik foydalanish ishlarida mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2011-yil 14-mart,
15-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2011-yil 14-martdagi 15-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini montaj qilish, taʼmirlash va ulardan texnik foydalanish ishlarida mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini montaj qilish, taʼmirlash va ulardan texnik foydalanish ishlarida mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini montaj qilish, taʼmirlash va ulardan texnik foydalanish ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ish joylarida va qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini montaj qilish, taʼmirlash va ulardan texnik foydalanishda hamda elektr asboblarni ishlatishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
6. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbari yoki bosh muhandisiga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
7. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlariga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
8. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarni oʻqitish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish va ularga yoʻl-yoʻriq berishni tashkil etish
9. Xodimlar oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazilishi va ularga yoʻl-yoʻriq berilishi kerak.
10. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
11. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
3-§. Xavfli va zararli omillar
12. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 boʻyicha xavfli va zararli omillar, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
13. Ish joylaridagi mehnat jarayonining xavfli va zararli omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
14. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda xavfli va zararli omillar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxati
15. Tashkilot oʻta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim. Roʻyxatga balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, yuk koʻtarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar, elektr uskunalarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar va amaldagi tarmoq roʻyxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
16. Xodimlar oʻta xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin, mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishi va ishlarni bajarish usullarini oʻzlashtirib olishi shart.
17. Oʻta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
18. Tashkilot rahbariyati oʻta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga toʻla javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
19. Xodimlarni xavfli va zararli omillardan himoya qilish belgilangan standartlar va meʼyorlar talablariga mos jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
20. Jamoaviy himoya vositalari (ventilyatsiya, aspiratsiya, yerga ulash, mahalliy soʻrgʻichlar va boshqalar) xavfli va zararli omillar xonadagi barcha ishlovchilarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
21. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli omillarni ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda yakka tartibdagi himoya vositalari qoʻllanilishi lozim. Bunday hollarda yakka tartibdagi himoya vositalarisiz kishilarning ishtiroki va ishlar amalga oshirilishi taqiqlanadi.
22. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qoʻllashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlishi lozim.
23. Xodimlar maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlariga muvofiq yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
6-§. Kasbiy tanlov
24. Tashkilotlarda tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
25. Xodimlar tegishli maʼlumotga va ish tajribasiga ega boʻlishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning roʻyxatiga muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar ogʻir ishlarga hamda zararli va xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
7-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
28. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
29. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy koʻrikdan oʻtishini taʼminlashi lozim.
30. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy koʻrik natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda ushbu xodim ishga qoʻyilishi mumkin emas.
31. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
8-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
32. Xonalarni tabiiy va sunʼiy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talabiga mos boʻlishi lozim.
33. Yoritish vositalarida koʻzni qamashtirishdan saqlovchi choralar koʻrilgan boʻlishi kerak.
34. Yoritish uskunalarini oʻrnatishda chiroqlarning turlari, lampalarning quvvati va ularning joylashishi tasdiqlangan loyihaga mos boʻlishi kerak.
35. Avariya yoritishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
36. Yorugʻ tushuvchi oynalarni har yili kamida ikki marta tozalash lozim.
37. Yorugʻlik tushadigan deraza va eshiklarning begona predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) bilan toʻsib qoʻyilishiga ruxsat etilmaydi.
38. Xavflilik darajasi yuqori boʻlgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan koʻp boʻlmagan koʻchma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak.
39. Ish joylarining yoritilganligi nazorat tartibida bir yilda kamida ikki marta oʻlchanishi va oʻlchash natijalari jurnalga kiritilishi lozim.
40. Yoritish vositalarini nazorat qilish va taʼmirlash ishlari shu ishlarni amalga oshirishga masʼul boʻlgan xodimlar tomonidan amalga oshirilishi lozim.
41. Elektr yoritish oʻtkazgichlari poldan 2,5 m dan past boʻlmagan balandlikda boʻlishi kerak.
42. Evakuatsiya yoʻlaklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari boʻlishi lozim.
43. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, oʻlchamlari va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalab turilishi lozim.
9-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
44. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Havoni moʻtadillash, isitish va shamollatish” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
45. Bino va inshootlarning ishlab chiqarish xonalarida havodagi zararli moddalar miqdori SanQvaM 0046-95 “Gigiyenik normativlar. Ish hududi havosida zararli moddalarning ruxsat etilgan eng koʻp miqdorlari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
10-§. Suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga qoʻyiladigan talablar
(10-paragrafning nomi Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
46. Suv bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” talabiga mos kelishi kerak.
(46-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
47. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar boʻlishi kerak. Suv quvurlari yoʻq boʻlganda baklarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
48. Ichimlik suvining harorati 8°S dan 20°S gacha boʻlishi kerak.
III. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini montaj qilish, taʼmirlash va ulardan texnik foydalanish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Elektr qurilmalariga qoʻyiladigan talablar
49. Tashkilotda elektr qurilmalarini va tarmoqlarini montaj qilish va ishlatish vaqtida Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 27-son, 317-modda) hamda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 33-son, 379-modda) va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.
50. Mazkur Qoidalarga asosan elektr xoʻjaligiga masʼul shaxs tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan muhandis-texnik xodimlardan tayinlanishi va ular kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalari uchun IV-malaka guruhiga ega boʻlishi kerak. Bu shaxs tashkilotda elektr xoʻjaligining umumiy holati uchun masʼul hisoblanadi.
51. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini elektr tarmogʻiga ulash tashkilotning elektr xoʻjaligiga masʼul shaxs ishtirokida bajariladi.
52. Elektr xoʻjaligiga masʼul shaxs ishtirokisiz elektr uskunalaridan foydalanish man etiladi.
53. Shtatlar jadvalida elektrik lavozimi mavjud boʻlmagan tashkilotlarda elektr jihozlaridan foydalanish ixtisoslashgan tashkilotlarga shartnoma asosida topshirish yoki boshqa tashkilotlarda ishlovchi elektrotexnik xodimni oʻrindoshlik asosida ishga qabul qilish orqali amalga oshiriladi.
54. Koʻchma qoʻl lampalarini ishlatganda uning kuchlanishi 36 V dan oshmasligi kerak. Oʻta xavfli xonalarda, alohida noqulay sharoitlarda, namlik boʻlgan va tor xonalarda hamda shunga oʻxshash boshqa holatlarda qoʻl lampalaridagi kuchlanish 12 V dan oshmasligi kerak.
55. Barcha elektr uskunalari soz holatda saqlanishi, yaxshi mahkamlangan boʻlishi, chang va iflosliklardan muntazam tozalab turilishi kerak.
56. Qopqoqsiz shtepsel rozetkalari va vilkasiz simlar yordamida qurilmalarni yoqish man etiladi.
57. Tashkilot elektr xoʻjaligida yuqori elektr kuchlanish ostida boʻlgan qurilmalar bilan ishlashda himoya vositalarisiz ishlash qatʼiyan man etiladi.
58. Elektr kuchlanish taʼsirida boʻlgan elektr qurilmalarining izolyatsiya qilinmagan qismlariga xodimlarning tasodifan tegib ketishi xavfini oldini olish maqsadida qurilmalar toʻsiqlar bilan toʻsib qoʻyilishi kerak.
59. Izolyatsiyaning buzilishi oqibatida elektr qurilmaning korpusi kuchlanish ostiga tushib qolishi bilan bogʻliq boʻlgan shikastlanishlardan saqlash uchun elektr qurilmalarning metall qismlari yerga ulangan yoki nollangan boʻlishi shart.
60. Elektr dastgohlar, elektr dvigatellar qoplamalari, metall qismlar yerga ulangan boʻlishi kerak.
2-§. Elektr qurilmalarni nollashda xavfsizlik talablari
61. Elektr tarmoqni nolga ulash (nollash) orqali xodimlar xavfsizligi va elektr qurilmalarning himoyasini taʼminlashi kerak.
62. Elektr qurilmalar metall qismlarini yerga ulash amali maxsus koʻp tolali mis sim yoki poʻlat trosslar yordamida bajariladi.
63. Elektr qurilmalarni nollash tadbirlari quyidagi hollarda bajariladi:
oʻzgaruvchan tokning kuchlanishi 380 V va undan yuqori boʻlgan hollarda — barcha elektr qurilmalarida;
oʻzgaruvchan tokning kuchlanishi 42 V dan 380 V gacha — oʻta xavfli xonalarda.
Oʻzgaruvchan tokning 42 V gacha va oʻzgarmas tokning 110 V kuchlanishgacha boʻlgan nominal qiymatlarida nollash va yerga ulash tadbirlarini oʻtkazish shart emas, xavfli hududda joylashgan va elektr payvandlovchi qurilmalar bundan mustasno.
64. Nollash tadbirlari quyidagilar uchun oʻtkaziladi:
elektr asboblar, elektr yoritqichlarning korpuslari;
maʼlumotlarni uzatish tizimi, qabul-nazorat uskunasi, elektr hisoblash mashinalari, xabarchi qurilmalarning metall korpuslari;
metall elektr shchitlar, metall yenglar va boshqa elektr qurilmalar;
nazorat va oʻlchash qurilmalarining metall korpuslari.
65. Mazkur Qoidalar talablariga javob beradigan nollash amallarini bajarish boʻyicha texnik imkoniyat boʻlmaganda, qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalaridan texnik foydalanish ishlarini izolyatsiyalovchi maydonchalardan turib oʻtkazish mumkin.
66. Izolyatsiyalovchi maydonchalar shunday tuzilganki, nolga ulanmagan qismlar bilan kontakt faqat shu maydonchada amalga oshiriladi.
67. Har bir yerga ulash tuzilmasi oʻzining pasportiga ega boʻlib, unda yerga ulash sxemasi, asosiy texnik koʻrsatkichlar, taʼmirlov ishlari va oʻzgartirishlar haqida (har 3 yilda bir marta) toʻla maʼlumot boʻlishi kerak.
68. Tabiiy yerga ulash tizimlari sifatida quyidagilar qoʻllaniladi:
yerdagi suv quvurlari va boshqa metall quvurlari (gaz, yonilgʻi, qorishmali quvurlar bundan mustasno);
inshootlarning yerga tegib turuvchi metall qismlari va temir-beton konstruksiyalari;
gidrotexnik qurilmalarning metall shpuntlari, suv zaxiralari;
yerdagi kabellarning qoʻrgʻoshin qobiqlari.
69. Tabiiy yerga ulash tizimi sifatida aluminiy qobiqli kabellarni ishlatish mumkin emas.
70. Sunʼiy yerga ulagichlar sifatida poʻlat sim yoki toʻrtburchak oʻtkazgichlar (polosa) ishlatiladi. Sunʼiy yerga ulagich boʻyalmagan boʻlishi kerak.
71. Yerga ulagichlarning diametri 10 mm dan kam boʻlmagan metall qoziqlardan iborat boʻlishi kerak.
72. Yerga ulash va nollash himoya oʻtkazgichlari sifatida quyidagilar ishlatiladi:
maxsus oʻtkazgichlar;
poydevorlarning qurilmalaridagi armaturalar;
inshootlarning metall konstruksiyalari;
elektr tarmoqlarning poʻlat quvurlari;
kabellarning aluminiy qobiqlari;
ochiq joylarda yotqizilgan suv quvurlari va boshqa metall quvurlari (gaz, yonilgʻi quvurlar bundan mustasno);
metall qutilar va elektr qurilmalarning tagliklari.
73. Asosiy tarmoqdagi yerga ulash oʻtkazgichlari qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini nazorat qilish va boshqarish xonalarida va ustaxonalarda qalinligi 3 mm hamda kesim yuzasi 24 mm2 dan kam boʻlmagan poʻlatdan ishlangan boʻlishi kerak.
74. Nollash himoya oʻtkazgichlarini bir-biriga ulashda payvandlash usulidan foydalanish kerak.
75. Bunda ulanish joylarining zanglashi va oʻtkazish xususiyatini susayishiga qarshi tadbirlar amalga oshirilishi kerak.
76. Nollash himoya oʻtkazgichlarini qurilmalarga ulashda payvandlash yoki boltli ulash usullaridan foydalanish kerak.
77. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarining muntazam demontaj qilinib turiladigan nollash qismlari egiluvchan oʻtkazgichlardan yasalishi kerak.
78. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalari va boshqa elektr qurilmalarda yerga ulagichlar sifatida oddiy biriktiradigan bolt, mix va vintlarni ishlatish mumkin emas.
79. Elektr qurilmalarning temir korpusi bilan yerga ulangan bolt orasidagi qarshilik 2 Om dan koʻp boʻlmasligi kerak.
80. Elektr qurilmaning har bir nollash qismi nollash manbaining alohida tarmogʻiga ulanishi kerak. Nollash qismlarini ketma-ket ulash man etiladi.
81. Inshootlarda kiritilayotgan yerga ulagich oʻtkazgichlarning oʻrnida maʼlum belgilar qoʻyilishi kerak.
82. Nolga ulash himoya oʻtkazgichlar sifatida bir fazali va oʻzgarmas tokli koʻchma elektr qabul qilgichlarga ulangan ishchi simlarini ishlatish man etiladi. Bunda elektr qabul qilgichlarni nollash uchun maxsus tarmoqlangan shchit yoki qutida nolinchi himoya oʻtkazgich yoki nolinchi ishchi simga ulangan uchinchi oʻtkazgich ishlatilishi kerak.
83. Nollash himoya oʻtkazgichlari zanjirida uziladigan saqlagich va tuzilmalar boʻlmasligi kerak.
3-§. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini montaj qilishda xavfsizlik qoidalari
84. Har bir tashkilotda elektr qurilmadan foydalanishga ruxsat etilganligi toʻgʻrisida texnik hujjat boʻlishi kerak. Uning tarkibiga quyidagilar kiradi:
ishlarni qabul qilish dalolatnomalari;
tasdiqlangan loyiha hujjatlari;
elektrotexnik kommunikatsiyalar sxemalari;
xabar beruvchi jihozlar va asboblarning pasportlari;
himoyalash vositalarining hujjatlari.
85. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish ishlari maxsus tasdiqlangan jadval-loyiha boʻyicha olib borilishi kerak. Zaruriyat boʻlgan tashkilot rahbariyati va muhandis-texnik xodimlar tarkibining farmoyishi bilan navbatdan tashqari texnik xizmat koʻrsatish va tuzatish lozim.
86. Jihozlar blok koʻrinishida boʻlsa, ularni uzaytiruvchi shlanglar bilan ulash va koʻchma oʻlchov qurilmalarga ulash amallari kuchlanishni uzib qoʻyib yoki 42 V dan oshmagan kuchlanish ostida bajariladi. Uzaytirish shlanglari mixsimon va uyasimon ulagichlar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
87. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalari, qabul-nazorat uskunasi, xabarchi, signal, ovoz beradigan qurilmalarni metall korpuslari (shaxsiy taʼminlov manbasiga ega boʻlgan oʻzgarmas tokining 110 V va oʻzgaruvchan tokining 42 V kuchlanishli qurilmalardan tashqari) yerga ulanishi kerak.
88. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarining havo tarmoqlari mavjud boʻlgan xonalarda abonent himoya vositasi oʻrnatilishi kerak.
89. Iqlim sharoitlari yomon boʻlganda (6 balli kuchli shamol, boʻron, qor, yomgʻir va boshqa hollarda) havo tarmoqlarida va yuqori balandlikda montaj ishlarini bajarish man etiladi.
90. Ushbu iqlim sharoitlarining biri yuzaga kelganda montaj ishlari toʻxtatilishi lozim.
91. Inshootlarning shishadan yasalgan qismlari, oyna, derazalarga qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini montaj qilish vaqtida xalaqit berayotgan jihozlar chetga olib qoʻyilishi kerak.
92. Devor va toʻsiqlarda maxsus tirqishlarni parmalash amallarini bajarishda shu devor va toʻsiq orqasidan oʻtayotgan odamlar ogohlantirilishi kerak.
93. Devorlarni teshishda devor ichidan oʻtkazilgan elektr tarmoq simlarni uzib qoʻymaslik uchun xavfsizlik qoidalariga rioya qilish kerak. Bu amallarni bajarishda shishasi sinmaydigan himoya koʻzoynaklar va qoʻlqoplardan foydalanish kerak.
94. Yertoʻlalardan kollektorlarga olib boruvchi yoʻlaklarning devorlariga toʻsiq (blokirovka) qoʻyganda issiqlik, gaz quvurlari, elektr kabellari va boshqa kommunikatsiyalarga shikast yetkazmaslik tadbirlarini amalga oshirish kerak.
95. Signal chiroqlarni xonalardan tashqarida oʻrnatishda atrof-muhit talablariga mos ravishda yorugʻlik beruvchi armatura ishlatiladi.
96. Montaj qilishda armaturasiz yoritish chiroqlarini qoʻllash man etiladi.
97. Qurilmadagi signal chiroqlarini almashtirish paytida yerga ulangan temir qismlarga qoʻl tekkizish man etiladi.
98. Saqlagichning eruvchan qismlarini almashtirish tadbirlarini elektr xavfsizligi boʻyicha malaka guruhi III dan past boʻlmagan shaxs bajarishi kerak. Eruvchan saqlagich oʻrniga simdan yasalgan nostandart saqlagichlar oʻrnatish man etiladi.
99. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarining ichki jihozlarini montaj qilish, tozalash va taʼmirlashda kuchlanish uzib qoʻyilishi kerak.
100. Oʻchirish-yoqish (qayta ulash) shchitlarida krosslash amallarini bajarishda izolyatsiyalangan asbob-jihozlardan foydalanish kerak.
101. Payvand amalini bajarayotganda prujinalarni qaytarish va tebranish jarayonida paydo boʻladigan qalayni qoqish man etiladi. Ortiqcha qalayni payvandlagichning maxsus tovachasiga olish kerak.
102. Signal qismini kislota yordamida payvandlab boʻlgandan soʻng, payvand joyini soda eritmasi bilan neytrallash va qoʻllarni sovun bilan yuvish kerak.
103. Telefon stansiyalar yoki maxsus xonalarning krosslarida oʻrnatilgan qayta ulagichlarning oldingi va orqa tomonida 0,75 m kenglikdagi dielektrik gilamchalari boʻlishi kerak.
104. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning xavfsizligi uchun krossning oʻtkir uchlariga maxsus moslama kiydirilgan boʻlishi kerak.
105. Hudud chegarasi (perimetral) xabardor qilish vositalarining barcha temir jihozlari (blok, kronshteyn, javon) yerga ulangan boʻlishi kerak.
106. Hudud chegarasi xabardor qilish vositalarining tarmoqlangan qismida ish bajarishdan oldin kuchlanish qoldigʻi yoʻqligini tekshirish lozim.
107. Izolyatorlarni chang, qurum va shu kabilardan qoʻlqoplar yordamida tozalash kerak.
108. Hudud chegarasi xabardor qilish vositalarida ish bajarishda faqat kuchlanishi 42 V gacha boʻlgan elektr asboblardan foydalanish kerak.
109. Alohida hollarda, kuchlanishi 127 va 220 V boʻlgan elektr asboblaridan dielektrik vositalar (qoʻlqoplar, etikchalar, gilamchalar) bilan birga foydalanishga ruxsat etiladi, bunda elektr asboblar qobiqlari yerga ulangan boʻlishi lozim.
110. Devor ustida oʻrnatilgan hudud chegarasi xabardor qilish vositalari bilan ishlashda ikki yoqqa ochiladigan narvondan foydalanish kerak.
111. Devor ustiga chiqib ishlash man etiladi.
112. Mexanik darvozalarni qoʻriqlashdan xabardor qilish vositalari bilan jihozlashda va taʼmirlashda elektr tarmoq uzilib qoʻyilishi va “Ulanmasin, odamlar ishlamoqda!” degan taqiqlovchi plakatlar osilgan boʻlishi lozim.
113. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini nazorat qilish va boshqarish xonasi va ustaxonasida elektr qurilmalarga xizmat koʻrsatish uchun kerak boʻlgan himoya vositalari toʻplami boʻlishi kerak.
4-§. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalaridan texnik foydalanishda xavfsizlik talablari
114. Tashkilotlarda qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalaridan texnik foydalanayotgan xodim ularni ishlatish tartibini yaxshi bilishi kerak.
115. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalaridan foydalanishda, xodim avval ularni tashqi koʻrikdan oʻtkazib, sozligini tekshirib koʻrishi lozim.
116. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarida nosozliklar aniqlanganda, xodim darhol tashkilot rahbariga axborot berib, signalizatsiya vositalarini elektr tarmogʻidan uzib qoʻyishi va texnik xizmat koʻrsatuvchi xodimni chaqirishi hamda maxsus jurnalga qayd etishi shart.
117. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalaridan texnik foydalanayotgan xodimga asossiz signalizatsiya vositalarini elektr tarmogʻidan uzib qoʻyish, ochish va nosozliklarni oʻz kuchi bilan tuzatish man etiladi.
118. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalari va elektr qurilmalaridan texnik foydalanish amallari texnologik xaritalar va foydalanish boʻyicha yoʻriqnomalar asosida bajarilishi lozim.
119. Oʻta yuqori chastotali radiotoʻlqin xabarchi tuzilmalarning texnik foydalanish bilan bogʻliq ishlarda GOST 12.1.006 talablariga rioya qilish kerak.
120. Xodimlar ish joylarining elektromagnit maydon koʻrsatkichi GOST 12.1.006 talablariga muvofiq 0,1 Vt/m2 dan yuqori boʻlmasligi va kun mobaynidagi nurlanish sohasi 30 MGs dan 300 GGs gacha boʻlishi kerak.
121. Radiotoʻlqinli xabarchi tuzilmalar bilan ishlaganda quyidagilar man etiladi:
1 m dan kam boʻlmagan masofada odam yuziga nurlantiruvchi energiya oqimini yoʻnaltirish;
yuqori chastotali trakt va antennalarni xabarchi tuzilma kuchlanishini uzmasdan taʼmirlash.
122. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalari, nazorat-oʻlchov asboblari va boshqa qurilmalar joylanadigan javonlar ochiladigan eshikchalarga ega boʻlishi va javonlarning balandligi 2 m dan yuqori boʻlmasligi kerak.
123. Ish vaqtida yaroqsiz, shikastlangan jihozlarni, himoya vositalarini qoʻllash man etiladi.
124. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalari tarmogʻi va shleyflari elektr tarmoqdan uzilgandan keyin, taʼmirlashdan oldin ularda kuchlanish qoldigʻi yoʻqligini tekshirish kerak.
5-§. Oʻlchov amallarini bajarishda xavfsizlik talablari
125. Elektr qurilmada oʻlchov amallarini bajarishda vaqtincha koʻchma yerga ulash tuzilmalari izolyatsiyasiz koʻp tolali, kesim yuzasi 2,5 mm2 dan kam boʻlmagan simdan iborat boʻlishi kerak.
126. Oʻlchov asboblarining metall korpuslari yerga ulangan boʻlishi kerak. Xavf boʻlmagan hollarda yerga ulash tadbirlarini bajarish shart emas. Bunda isitish qurilmalari, quvurlar va boshqa metall konstruksiyalar tok oʻtkazmaydigan panjara bilan chegaralangan boʻlishi kerak.
127. Koʻchma qurilmalarni elektr tarmoqqa ulash va uzib qoʻyish amallari kuchlanish toʻla oʻchirib qoʻyilganda bajarilishi lozim.
128. Oʻlchov sxemalarini kuchlanish uzib qoʻyilgan sharoitda yigʻish kerak.
129. Oʻlchov sxemalarini yigʻish paytida kuchlanish uzib qoʻyilgan boʻlishi kerak.
130. Oʻlchov amallarini bajarayotgan xodimlarga oʻlchov paytida ish joyini tashlab ketish man etiladi.
131. Oʻlchovlar faqat bir qoʻl bilan bajarilishi, ikkinchi qoʻl esa boʻsh turishi kerak.
132. Elektr qurilma va transformator oʻramlarini 105 Om dan yuqori boʻlgan holatlarda elektr izolyatsiyasini oʻlchash uskunasi (megommetr) yordamida oʻtkaziladigan oʻlchovlarni maxsus tayyorlangan xodimlar oʻtkazadilar. Oʻlchovlarni ikki kishi oʻtkazib, ulardan birining malaka guruhi III-guruhdan past boʻlmasligi kerak.
133. Elektr qarshiliklarni oʻlchash uskunasi bilan oʻlchovlar oʻtkazishdan oldin elektr qurilma atrofida odamlarning yoʻqligiga ishonch hosil qilish kerak.
6-§. Balandlikda ishlashda xavfsizlik talablari
134. Tayanchga koʻtarilib ish boshlashdan oldin xodim oʻz maxsus jihozlarini koʻrikdan oʻtkazib, ularda nuqsonlar yoʻqligiga ishonch hosil qilish kerak.
135. Tayanchga koʻtarilib ish boshlashdan oldin uning mustahkamligini tekshirish kerak. Agar tayanchda chaqmoqqa qarshi qurilma mavjud boʻlsa, unda kuchlanish yoʻqligini tekshirish kerak.
136. Tayanchda ishlash vaqtida balandlikda albatta kamar zanjiri va tirnoqlarni tayanchga mahkamlab biriktirish kerak.
137. Tayanchda kamar va tirnoqlarsiz ishlash, shuningdek tayanchga kamar va tirnoqlar yordamida koʻtarilib, lekin ularni mustahkam biriktirmasdan ishlash man etiladi.
138. Bir tayanchga bir vaqtning oʻzida ikki kishi koʻtarilib ishlashi man etiladi.
139. Maxsus oʻlchov asboblari va indikatorlari yordamida simlarda ortiqcha kuchlanish yoʻqligini tekshirish kerak.
140. Ilgakli tayanchda ishlash uchun tayanch burchagining tashqi qismida turish kerak.
141. Asboblarni travers va simlarga qoʻyish hamda osish, shuningdek yuqorida ishlayotgan xodimga jismlar uloqtirish man etiladi. Biror jismni yuqoriga koʻtarish uchun maxsus arqon ishlatilishi kerak.
142. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalari tarmoqlari bilan elektr tarmoqlari kesishsa yoki tok oʻtkazgich qismlarga yaqin joylashsa, qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalariga texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlov va montaj ishlari faqat kuchlanish uzib qoʻyilganda va yerga ulash amallari bajarilganda ruxsat etiladi. Kuchlanishni uzish vaqti toʻgʻrisida tegishli elektr tarmoqlari korxonalariga xabar berishi lozim.
143. Tarmoqda ortiqcha kuchlanish borligini aniqlagan xodim ishni boshlamasdan oldin oʻz boshligʻiga maʼlum qilishi hamda tarmoqda nuqsonni bartaraf etish uchun shu hudud uchun masʼul shaxs chaqirtirilishi kerak. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalariga xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga elektr tarmoqdagi shikastlarni taʼmirlash man etiladi.
144. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalari tarmoqlarida ish olib borayotgan xodim yoki ishlatilayotgan asboblar bilan kuchlanishi 1000 V gacha havo tarmogʻi orasidagi masofa 0,6 m dan kam boʻlmasligi kerak. Agar shu oraliqdan yaqinroq masofalarda ishlashga toʻgʻri kelsa, u holda simlarda kuchlanish uzib qoʻyilib, yerga ulash amallari bajarilishi lozim.
145. Tashkilot xodimlariga tayanch va elektr tarmoqlarga teginish va biror ulash amallarini bajarish man etiladi.
146. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalari va boshqa elektr tarmoqlarini birgalikda oʻtkazish toʻgʻrisidagi masala tegishli elektr tarmoqlari korxonalari bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi lozim.
147. Inshootlarga kirish joylarida elektr tarmoq va qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalari simlari faqat gorizontal holatda va 1,5 m masofada oʻrnatiladi. Simlarni ustma-ust osish yoki kesishish tadbirini bajarish man etiladi.
IV. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini montaj qilish, taʼmirlash va ulardan texnik foydalanishning asbob-uskunalariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Elektr asboblari va koʻchma elektr chiroqlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
148. Elektr asboblari va koʻchma elektr yoritqichlardan foydalanishda ularning kabel va simlari osilgan holatda boʻlishi kerak. Ish paytida bu kabel va simlarni tarang qilish yoki egish man etiladi. Kabel va simlar metall, issiq, hoʻl va yogʻliq sirt va jismlarga tegib turmasligi kerak.
149. Biron-bir elektr asbobi yoki koʻchma elektr yoritqich shikast topsa, darhol barcha ishlar toʻxtatilishi shart.
150. Elektr asbobi bilan ish toʻxtatilgan yoki tanaffus paytida elektr asbobi elektr tarmogʻidan uzib qoʻyilishi kerak.
151. Elektr asboblaridan foydalanuvchi shaxslarga quyidagilar man etiladi:
uning tasarrufidagi elektr asboblarni boshqa shaxslarga vaqtincha berish hamda uni ochish va taʼmirlashga urinish;
elektr asboblari simlarini yoki aylanib turgan kesuvchi asboblarini qoʻl bilan ushlash;
tirab qoʻyiladigan narvonlardan foydalanish;
elektr asboblarni elektr tarmoqqa ulangan holatda nazoratsiz qoldirish.
152. Elektr asbobi oʻz inventar raqamiga ega boʻlib, quruq, isitiladigan xonalarda javonlarda saqlanishi kerak.
153. Elektr asboblari va koʻchma yoritqichlar bilan ish boshlashdan oldin quyidagilarni bajarish kerak:
detallarning toʻliqligi va ishonchli mustahkamlanganligini tekshirish;
kabel va uning himoya trubkasi hamda shtepsel vilkasini tashqi koʻrikdan oʻtkazib, ishga yaroqliligini tekshirish;
elektr asboblarning sopi, qopqogʻi va izolyatsiya detallar qobigʻining butligini tekshirish;
himoya gʻiloflarining mavjudligi va ularning ishga yaroqliligini tekshirish;
qayta ulagichning aniq ishlashini tekshirish.
154. Nuqsonlar topilgan asbob-uskunalarni ishlatish man etiladi.
155. Xavfli binolarda kuchlanishi 42 V boʻlgan koʻchma elektr chiroqlardan foydalanish lozim. Oʻta xavfli binolarda kuchlanishi 12 V boʻlgan koʻchma elektr chiroqlar qoʻllaniladi. 42 V kuchlanishli elektr chiroqlar manbai sifatida pasaytiruvchi transformator, generator va akkumulyator batareyalari ishlatiladi. Avtotransformatorlarni qoʻllash man etiladi.
156. 42 V kuchlanishli tarmoqlarning shtepsel rozetkalari 127 va 220 V kuchlanishli shtepsel rozetkalaridan farq qilishi kerak.
157. Qoplamalarda qisqa tutashuv yoʻqligini va izolyatsiya qarshiligini, yerga ulash qismlarida uzilish yoʻqligini tekshirish amallari oyiga 1-marta 500 V kuchlanishda sinalib, megommetr yordamida izolyatsiyasi oʻlchanib, maxsus jurnalda qayd etilishi kerak.
158. Oʻramlar izolyatsiyasining va boshqa elektr asboblar elektr zanjirlarining metall qoplamalari va tashqi metall detallariga nisbatan qarshiligi 0,5 MOm dan kam boʻlmasligi kerak.
2-§. Qoʻl asboblariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
159. Qoʻl asboblarining yogʻoch dastalariga yaxshi ishlov berilgan va mustahkam boʻlishi kerak.
160. Asbobning ishchi qismida darz ketgan yoki siniq joylari boʻlmasligi kerak.
161. Zarb bilan ishlaydigan qoʻl asboblari quyidagi talablarga javob berishi kerak:
ishchi qismlari shikastlanmagan boʻlishi;
qoʻl ushlab turadigan joylarda oʻtkir qirralar boʻlmasligi;
zarb beradigan qismi silliq, yumaloq boʻlib, qirilgan yoki boʻlaklangan boʻlmasligi;
bolgʻacha va katta bolgʻalarning dastalari metall ponalardan iborat boʻlishi;
asbob dastalarining uzunligi 15 sm dan kam boʻlmasligi;
katta bolgʻani dastaga kiritish pastki qismdan amalga oshirilishi;
chilangar iskanjalari ishlov berilayotgan jismni qattiq siqishi.
162. Gayka kalitlarini gayka oʻlchamlariga qarab tanlash va ularning sirti shikastlanmagan boʻlishi kerak.
163. Gayka kalitining oʻlchami gayka oʻlchamiga toʻgʻri kelmaganda uni ishlatish man etiladi.
164. Metallni tarashlash uchun qoʻllanadigan asbob bilan ishlayotganda himoya koʻzoynaklari va qoʻlqoplardan foydalanish kerak.
165. Devor va toʻsiqlarda maxsus tirqishlarni parmalash amallarini bajarishda shu devor va toʻsiq orqasidan oʻtayotgan odamlar ogohlantirilishi kerak.
166. Qoʻl asbobi shikastini topish va taʼmirlashni oʻtkazish maqsadida oyiga bir marta koʻrikdan oʻtkazilishi lozim.
167. Izolyatsiyalangan dastali asboblar kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalarda asosiy himoya vositalari sifatida ishlatiladi.
168. Izolyatsiya butun dastani qoplagan boʻlib, uning uzunligi 100 mm dan kam boʻlmasligi kerak. Otvyortka (buragich) sterjenining izolyatsiyasi otvyortka tigʻidan 10 mm masofa uzoqlikda boʻlishi kerak. Izolyatsiyalovchi dastalardan birortasida nuqson boʻlmasligi kerak.
V. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalariga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash ishlarini bajarishda xavfsizlik talablari
1-§. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalariga texnik xizmat koʻrsatishda qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
169. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalariga texnik xizmat koʻrsatish ishlarini tashkillashtirish uchun xodimlar soni masʼul shaxs tomonidan belgilanadi.
170. Bir oʻzi xizmat koʻrsatuvchi xodimning elektr xavfsizligi boʻyicha malaka guruhi III-guruhdan past boʻlmasligi kerak.
171. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalariga texnik xizmat koʻrsatuvchi shaxs aynan shu vositalariga biriktirilgan xodim yoki maxsus buyruq bilan tayinlangan boshqa xodim boʻlishi mumkin.
172. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalariga bir oʻzi xizmat koʻrsatuvchi xodim qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini montaj qilish, taʼmirlash va ulardan texnik foydalanish ishlari uchun masʼul shaxs tomonidan belgilanadi va tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
173. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini nazorat qilish va boshqarish xonasidagi elektr qurilmalarining eshiklari doimo yopiq boʻlishi kerak.
174. Har bir eshik qulfining ikki toʻplamdan kaliti boʻlishi va ulardan bittasi zaxirada boʻlishi kerak.
175. Kalitlar qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini nazorat qilish va boshqaruv navbatchisida saqlanishi va har kuni ish tugashi bilan unga topshirilishi zarur.
176. Taqsimlagich qurilmalar, shchitlar, shina simlarini koʻrikdan oʻtkazayotgan paytda tok oʻtkazgich qismlarini ushlash, artish, tozalash, tuzatish, ogohlantiruvchi plakat va toʻsiqlarni olib qoʻyish man etiladi.
177. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalariga xizmat koʻrsatuvchi xodim oʻchirib-yoqish qurilmalari, pultlarni koʻrikdan oʻtkazish maqsadida ularning eshiklarini ochish huquqiga ega.
178. Saqlagich (predoxranitel)larni oʻrnatish yoki olish uchun elektr qurilma tarmoqdan uzib qoʻyilishi shart.
179. Tarmoqdan uzib qoʻyish mumkin boʻlmagan hollarda saqlagichlarni kuchlanish ostida almashtirish, faqat maxsus qisqichli omburlar, himoya koʻzoynaklari va dielektrik qoʻlqoplar yordamida ruxsat etiladi.
180. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarida kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan yopiq turdagi saqlagichlarni almashtirish uchun dielektrik qoʻlqoplarni ishlatish lozim.
181. Ish yakuni boʻyicha quyidagi xavfsizlik talablariga amal qilish lozim:
elektr va qoʻl asboblarini elektr tarmogʻidan oʻchirish;
ish joyini tozalash va tartibga keltirish;
qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini ish holatiga keltirib, tekshirib koʻrish;
amalga oshirilgan tadbirlar natijalarini maxsus jurnalda qayd etib, tashkilot rahbariga axborot berish.
2-§. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini taʼmirlash ishlarini bajarishda qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
182. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini taʼmirlovchi usta-xodimlarning ish stollari linoleum (plastik) yoki boshqa silliq sirt bilan qoplangan boʻlishi kerak. Bunda shisha oynalarni qoʻllash man etiladi. Ish stoli ustida qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarining biror qismlari shikast yetmasligi uchun rezina tagcharmli gilamchalarni qoʻllash kerak.
183. Ish stollari ustida kuchlanishga ulab qoʻyilgan ulagichlar, klemma-qisqichlar va boshqa elektromontaj qismlarni ochiq qoldirish man etiladi.
184. Ustaxonadagi har bir ish joyida rezina gilamchalar boʻlishi kerak.
185. Taʼmirlash joylari yorituvchi chiroqlar va harakatchan noshaffof reflektorlarga ega boʻlishi kerak.
186. Metall qoplamali va harakatchan kronshteynli chiroqlar yerga ulangan tuzilmalarga yaqin boʻlsa, ular yerga ulangan yoki 42 V dan yuqori boʻlmagan kuchlanish ostida boʻlishlari kerak.
187. Taʼmirlanayotgan jihozlar va oʻlchov-nazorat qurilmalarining metall qismlari yerga ulangan boʻlishi kerak.
188. Asboblarni tozalash uchun etil benzinini ishlatish man etiladi.
189. Qurilmaning sxema qismlarini payvandlash amallarini faqat oʻchirilgan qurilma ustida bajarish mumkin.
190. Kontaktlarni tozalash, rele oʻrnatish yoki almashtirish amallari faqat kuchlanish manbai uzilgandan keyin bajarilishi kerak.
191. Elektron qurilmalarni taʼmirlov va yigʻuv amallarini bajarayotganda ularning elektrolit kondensatorlariga ortiqcha kuchlanish berish man etiladi.
192. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarining qismlarini, datchiklarni, qabul-nazorat uskunasi, ulagichlarni almashtirish yoki taʼmirlash faqat kuchlanish uzib qoʻyilganda bajariladi.
193. Videokuzatuv qurilmalarida taʼmirlov amallarini kamida 2 kishi bajarishi kerak, ulardan birining elektr xavfsizligi boʻyicha malaka guruhi III-guruhdan past boʻlmasligi kerak.
VI. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Oldingi tahrirga qarang.
194. Qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalarini montaj qilish, taʼmirlash va ulardan texnik foydalanish ishlarini bajarishda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunchilik hujjatlari hamda mazkur Qoidalarga rioya qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
(194-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Oldingi tahrirga qarang.
195. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(195-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VII. Yakuniy qoida
196. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi va “Oʻzstandart” agentligi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2011-yil 10-mart
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XOʻJAYEV
2011-yil 10-mart
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2011-yil 10-mart
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2011-yil 10-mart
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2011-yil 10-mart
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2011-yil 10-mart
“Oʻzstandart” agentligi Bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2011-yil 10-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 12-13-son, 129-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)