Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA” 2004-YIL 20-IYULDAGI 341-SON QARORIGA OʻZGARTIRISH VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-avgustdagi 489-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy talim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatini tartibga solish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash tugʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi faoliyatini takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq kadrlarni sifatli oʻqitish va tarbiyalashni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 20-iyuldagi 341-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 7-son, 69-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 26-yanvar,
18-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-yanvardagi 18-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 20-iyuldagi 341-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 5-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Belgilab qoʻyilsinki, Jamgʻarma daromadlari xayriya beruvchilar mablagʻlari, xalqaro tashkilotlarning grantlari, shuningdek oliy taʼlim muassasalarining toʻlov-kontrakt shaklida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlarining 5 foizi miqdoridagi ajratmalari hisobiga shakllantiriladi hamda yangi avlod darsliklari va oʻquv qoʻllanmalarini yaratishga, oʻquv binolari va talabalar yashash joylarining moddiy holatini yaxshilashga, shu jumladan ularni joriy va mukammal taʼmirlashni amalga oshirishga, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga, oliy taʼlim muassasalarida ijtimoiy, tarbiyaviy, psixologik va boshqa oʻquv-uslubiy, ilmiy loyihalar hamda tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlariga koʻra oʻtkaziladigan sport-sogʻlomlashtirish va boshqa tadbirlarga sarflanadi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi toʻgʻrisidagi Nizomda (3-ilova):
a) 8-bandga quyidagi mazmundagi yigirma beshinchi va yigirma oltinchi xatboshi qoʻshilsin:
“mutasaddilik qilinadigan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning ilmiy-texnika dasturlarini shakllantiradi va amalga oshiradi;
talabalar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiatlarini aniqlaydi”;
yigirma beshinchi — oʻttiz ikkinchi xatboshi tegishli ravishda yigirma yettinchi—oʻttiz toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) 10-bandning oʻninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“yangi avlod darsliklari va oʻquv qoʻllanmalarini yaratish, oʻquv binolari va talabalar yashash joylarining moddiy holatini yaxshilash, shu jumladan ularni joriy va mukammal taʼmirlashni amalga oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, oliy taʼlim muassasalarida ijtimoiy, tarbiyaviy, psixologik va boshqa oʻquv-uslubiy, ilmiy loyihalar va tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlariga koʻra oʻtkaziladigan sport-sogʻlomlashtirish va boshqa tadbirlarni oʻtkazish maqsadida xayriya beruvchilar mablagʻlari, xalqaro tashkilotlarning grantlari, shuningdek oliy taʼlim muassasalarining toʻlov-kontrakt shaklida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlarining 5 foizi miqdoridagi ajratmalari hisobiga shakllantiriladigan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 4-5-son, 33-modda)